Sinov yoʻsinida ishlamoqda
O‘z-o‘zini boshqaruvchi nodavlat notijorat jamoat tashkiloti. Tashabbuskor guruh qarori bilan 1992-yil Andijon shahrida ta'sis etilgan. Faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi», «Jamoat fondlari to‘g‘risidagi» qonunlari, xalqaro huquq normalari va o‘z Ustavi asosida olib boradi.
Fond dastlab «Bobur nomidagi xalqaro jamg‘arma» deb atalgan. Fond rayosatining 2008-yil 16-dekabrdagi 1-sonli qarori bilan «Bobur nomidagi jamoat fondi», 2011-yil 28-oktabrdagi 15-sonli qarori bilan nomi «Bobur nomli xalqaro jamoat fondi» deb o‘zgartirilgan. Andijon shahri, Toshkentko‘chasi, 32-uyda joylashgan. Ulug‘ hamyurtimiz, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti, faoliyati, ijodining haqiqiy muxlisi Zokirjon Mashrabovning sa'yi harakati, jasorati, vatanparvarligi natijasida Andijonda 1992-yili Bobur nomidagi jamg‘armaga asos solindi.
Maqsadi: Buyuk ajdodlarimiz - Zahiriddin Muhammad Bobur, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mavlono Lutfiy, Boborahim Mashrab, Gulbadanbegim, Zebuniso va boshqa o‘nlab o‘z hayoti va ijodi bilan Sharq xalqlari madaniyatini rivojlantirgan allomalar, shoir va mutafakkirlarning boy ilmiy-adabiy meroslarini o‘rganish, ular qoldirgan noyob kitob va qo‘lyozma asarlarni xorijiy davlatlardan Vatanimizga olib kelib ilmiy iste'molga kiritish,ularning O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida dafn etilgan joylarini aniqlash va obodonlashtirish, xalqlar do‘stligini mustahkamlashga xizmat qildirish.
O‘tgan 30 yildan ziyod davr ichida Fond va ilmiy ekspeditsiya to‘rt yo‘nalishda nihoyatda samarali faoliyat yuritdi:
Mana shu benihoya ulkan ishlarning hayotda haqiqiy aks etishi natijasida bugun dunyo Bobur fondini tanidi, uning xalqaro degan maqomi o‘zini oqladi, O‘zbekiston o‘zining buyuk farzandi Zahiriddin Muhammad Boburni yangidan kashf etdi. Ijodkorlar tili bilan aytganda, Bobur o‘z vataniga ruhan qaytdi. Boburshunoslik ilmi rivojlandi, yangi-yangi ma'naviy manbalarga ega bo‘lindi. Fondning 30 yillik faoliyati qanchalar zalvorli bo‘lganini yaqqol his qilishimiz mumkin.
Ekspeditsiyaning birinchi safari 1992 yil may oyida amalga oshirilgan bo‘lib, shu kungacha 50 dan ortiq xorijiy davlatlarga 40 ga yaqin xalqaro safarlar uyushtirildi. Afrika qit'asidan Hindi-Xitoy yarim oroli, Yevropa-Amerika davlatlarigacha salkam 420 ming kilometrdan ortiq masofa avtomashinada bosib o‘tildi.
Bu ilmiy safarlarning natijasida Vatanimizda tug‘ilib, keyinchalik taqdir taqozosi bilan xorijda yashagan jahon ilmi va adabiyotining tamal toshini qo‘ygan ulug‘ ajdodlarimiz Abu Ali ibn Sino, al-Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, mavlono Lutfiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Forobiy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Ali Qushchi, Kamoliddin Behzod, Boborahim Mashrab va boshqa ko‘plab buyuk zotlarning so‘nggi manzillari ziyorat qilindi va ularning holati o‘rganildi. Natijada Afg‘on yurtida qarovsiz qolib, deyarli xarobaga aylangan mavlono Lutfiy, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod kabi buyuklarimiz qabr-maqbaralari sharqona loyihalar asosida, bugungi kun talabi darajasida obodonlashtirilib, ziyoratgohlarga aylantirildi.
Shuningdek, Abu Rayhon Beruniyning G‘aznadagi, Al Forobiyning Damashqdagi, Muhammad Haydar Mirzoning Kashmir viloyatidagi, Ali Qushchining Istanbul shahridagi, Boborahim Mashrabning Ishkamishdagi qabrlarini ham obod etish loyihalari rejalashtirilmoqda.
O‘tgan davrda ilmiy ekspeditsiyamiz tomonidan olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida 1000 dan ziyod noyob kitob va nodir qo‘lyozma asarlari olib kelinib, fond qoshidagi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida mujassamlashtirildi va ilmiy iste'molga kiritilmoqda. Safarlar davomida “Boburnoma”ning Hindistondagi “Salarjang” muzeyida saqlanayotgan Haydarobod nusxasidan ko‘chirma, Mashhad shahrining Imom Rizo majmuasidagi Ar-Rizo kutubxonasida Bobur Mirzo tomonidan ixtiro qilingan Xatti Boburiyda bitilgan “Qur'oni Karim” va Tehron shahridagi Bobur mirzo “Kulliyot”idan nusxa olishga musharraf bo‘lindi. Ayni paytda muzeyda “Boburnoma”ning 30 dan ziyod tillardagi tarjimalari ham mavjud.
Ular asosida 60 dan ziyod kitoblar rus, ingliz, nemis, uyg‘ur, urdu, va hind tillaridan tarjima qilinib, o‘zbekistonlik o‘quvchilar hukmiga havola etildi, ilmiy iste'molga kiritildi. Ular, Harold Lembning “Bobur-yo‘lbars”, Muhammad Haydar Mirzoning “Tarixi Rashidiy”, Rumer Godenning “Gulbadan”, Vilyam Rashbrukning “O‘n oltinchi asr bunyodkori”, Xondamirning “Buyuklik xislati”, “Habib us-siyar”, Frits Vyurtlening “Bobur-yo‘lbars” (“Andijon shahzodasi”), Samyuel Berkning “Akbar – boburiylarning eng buyugi”, Iroj Aminiyning “Ko‘hinur – Boburning olmosi”, Ismatulloh Mo‘'jiziyning “Tavorixi musiqiyun” asarlari, shuningdek, “Boburnoma”ning zamonaviy o‘zbek tiliga tabdili, “Boburnoma miniatyuralari”, “Bori elga yaxshilik qilg‘il”, “Shamollarga uchgan nidolar”, “Ta'rixlarda temuriylar siymosi”, “Boburiylardan biri” kitoblari va boshqa chop etilgan asarlar shular jumlasidandir.
O‘zbek boburshunoslarining keyingi yillardagi izlanishlari natijasida yuzaga kelgan “Bobur va Yuliy Sezar”, “Bobur haqida o‘ylar”, “Asrlarni bo‘ylagan Bobur”, “Boburiynoma”, “Buyuklar izidan”, “Andijondan Dakkagacha”, “Andijondan Bag‘dodgacha”, “Xorijda boburshunoslik”, “Boburnoma” uchun qisqacha izohli lug‘at”, “Markaziy Osiyo va Hindiston tarixida boburiylar davri”, “So‘zga aylangan qilich”, “Buyuk sohibqiron izidan”, “Ta'rixlarda temuriylar siymosi”, “Risolai Boburiyya” va boshqa ko‘plab asarlar fond homiyligida nashr qilindi.
Uyushtirilgan ilmiy safarlar natijasida 30 ga yaqin videofilmlar tayyorlanib, respublika va mahalliy televideniyelar orqali namoyish qilindi. O‘zbekiston Respublikasi “Jamoat fondlari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, Bobur nomli xalqaro jamoat fondining yuridik maqomga ega bo‘lmagan Qirg‘iziston, Tojikiston, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya, Hindiston, Yaponiya, Germaniya, Shvetsiya, Misr, Daniya, Kanada, Qrim Muxtor Respublikasi, Amerika, Polsha, Dog’iston va boshqa xorijiy davlatlarda bo‘limlari mavjud bo‘lib, ular bilan ilmiy-madaniy aloqalar olib borilmoqda. Ilmiy-ma'naviy ishlarning amalga oshishida fondning xorijiy davlatlardagi bo‘limlarining xizmati beqiyosdir. Ularning ko‘magida fond tasarrufidagi “Bobur va jahon madaniyati” kitob muzeyi yangi manbalar bilan boyimoqda.
Fond tashkil etilgandan buyon birgina “Boburnoma”ning o‘zi o’n marta qaytadan nashr ettirildi. Bugungi yoshlarga tushunarli bo‘lsin degan niyatda “Boburnoma”ning kirill va lotin alifbolarida tabdili yaratildi.
Boburning xolavachchasi Muhammad Haydar Mirzoning “Tarixi Rashidiy” asari dunyo tarixchiligi va adabiyotshunosligida ikkinchi “Boburnoma” hisoblanadi. Ana shu yirik memuar asar fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, chop etildi.
Rossiya Fanlar Akademiyasining Turkologiya instituti bilan Bobur nomli xalqaro jamoat fondining ilmiy hamkorligida 2016-yili salmog‘i ensiklopediyadan kam bo‘lmagan “Захириддин Мухаммад Бабур. Бабуриды.Библиография” kitobi nashrdan chiqarilgan edi. Bugunga kelib, Bobur Mirzoning tarixiy va ijodiy merosini ilmiy nuqtai nazardan tahlil etish, tizimga solish, izohlar bilan ta'minlash va targ‘ib etish maqsadida “Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar. Entsiklopedik, ilmiy va ilmiy-ommabop materiallar to‘plami” nomli 4 jilddan iborat ushbu nodir asar Rossiya Fanlar Akademiyasining Turkologiya instituti professor olimasi Anna Dibo boshchiligida 2019-yili birinchi (A-B-V qismlari) jildi nashrdan chiqdi. 2023- yili esa Bobur nomli xalqaro jamoat fondi homiyligida arabshunos Shokirxon Rustamxo‘jayev tomonidan nashrga tayyorlangan ana shu ensiklopedik ilmiy va ommabop materiallar to‘plami yaxlit bir ko‘rinishda 5 ta jildda chop etilishi rejalashtirilgan.
Barchangizga ma'lumki, mamlakatimizda ilk bor jahon tarixidagi buyuk siymolardan biri, o‘zbek xalqining buyuk farzandi Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsiga bag‘ishlangan “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi” ikki marotaba nashr qilinib, jahon sharqshunos olimlari va ziyolilari tomonidan ulkan ilmiy yutuq va olamshumul voqea sifatida qabul qilindi. 64 bosma taboqli bu ulkan ensiklopediyani yaratishda o‘zbek boburshunos olimlari qatorida Yaponiya, Hindiston, Turkiya, Afg‘oniston va Yevropadan ham olimlar faol ishtirok etishdi. Alohida ta'kidlash mumkinki, O‘zbekistonda shu kunga qadar hali birorta ulug‘ insonga bag‘ishlangan ensiklopediya yaratilmagan. Taniqli akademik olim Abdulla A'zam bosh muharrirligidagi “Bobur ensiklopediyasi”ning birinchi nashri 2014-yili, ikkinchi nashri esa 2017-yili dunyo yuzini ko‘rdi.
Hozirda “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi”ning uchinchi to‘ldirilgan nashrini hamda ingliz va rus tillaridagi nusxalarini nashrdan chiqarish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Shu o‘rinda ensiklopediyaning ingliz tilidagi nashriga filologiya fanlari doktori, professor Shuhrat Sirojiddinov, o‘zbek tilidagi to‘ldirilgan yangi 3-nashriga filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Boltaboyev, uning rus tilidagi variantiga filologiya fanlari nomzodi Vahob Rahmonov mas'ul muharrirlik qilmoqdalar.
Zahiriddin Muhammad Boburning bizgacha yetib kelgan jami asarlari to‘plami yaxlit holda hali biror marta chop etilmagan edi. Ilk tajriba sifatida Bobur fondi tashabbusi va homiyligida yangi nashr hazrati Bobur mirzoning olti jildlik “Kulliyot”ini to‘liq chop etishga muvaffaq bo‘lindi.
Kulliyotning chop etilishida Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasi safarlari davomida qo‘lga kiritilib, “Bobur va jahon madaniyati” muzeyi eskponatlari qatoridan o‘rin olgan noyob manbalar: yaponiyalik olim, professor, Eyji Manoning “Boburnoma”ning Haydarobod nusxasi asosida tayyorlangan tanqidiy matni, olima, professor Shafiqa Yorqin nashr ettirgan Devon nusxasiga asoslanib, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Vahob Rahmon hamda shoir, adib, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Mirzo Kenjabek tahrirlari ostida nashr etildi. Bu nashr xalqimizning ma'naviy-ma'rifiy hayotida ulkan voqea, ma'naviy jasoratdir.
O‘tgan yillar davomida har yili fevral oyida Andijonda muntazam ravishda xalqaro miqyosdagi ilmiy anjumanlar o‘tkazish an'anaga aylandi. Bu o‘z navbatida, dunyo boburshunoslarini Bobur Mirzo tug‘ilgan yurtga yanada yaqinlashtirish barobarida, keng jamoatchilikni ham olib borilayotgan izlanishlar, qo‘lga kiritilgan yutuqlar bilan doimiy tanishtirib borishga xizmat qilmoqda.
Bu keng qamrovli faoliyatlar natijasida O‘zbekiston dunyo boburshunosligining markaziga aylandi, desak mubolag‘a emas. Bu e'tirof Bobur Mirzoning 530 yilligi munosabati bilan Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferentsiyada dunyoning taniqli boburshunoslari yaponiyalik Eyji Mano, germaniyalik Klaus Shoning, misrlik Magda Maxluf, turkiyalik Bilol Yujel, pokistonlik Foiza Zahro Mirza, hindistonlik Mansura Haydar tomonidan bir ovozdan ma'qullandi.
Fondning xalqaro degan nufuziga yarashadigan yana bir an'anasini alohida faxr va g‘urur bilan ta'kidlab o‘tish zarur. Yuqorida aytib o‘tgan ulug‘vor ishlarga Zokirjon Mashrabov o‘zi bosh-qosh bo‘lish bilan birga Bobur va boburiylar ma'naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etish, xalqlar o‘rtasida do‘stlik va qardoshlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiladigan, yuksak saviyada bajarilgan ilmiy tadqiqotlar, adabiyot, san'at va me'morchilik sohasidagi asarlar uchun Bobur xalqaro mukofoti ta'sis etish tashabbuskori hamdir. Bugungacha ushbu nufuzli mukofotga 30 dan ziyod xorijlik va mamlakatimizdagi olimlar hamda ijodkorlar, jumladan, taniqli olimlar Sabohat Azimjonova, G‘aybullo Salomov, Eyji Mano, Shafiqa Yorqin, Aziz Qayumov, Qamar Rais, Magida Maxluf, Viller Tekston, sevimli adiblarimiz Pirimqul Qodirov, Xayriddin Sultonov, shoirlar Sirojiddin Sayyid, To‘lan Nizom va boshqa zabardast ijodkorlar sazovor bo‘lganlar.
Bobur nomli xalqaro jamoat fondining faoliyat keng qamrovlidir. Shu ma'noda Andijon shahrining yoshini aniqlash bo‘yicha ham O‘zbekiston FA Arxeologiya instituti bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
Taniqli tarixchi olim Boqijon Matboboyev bilan birgalikda Andijonning milliy davlatchiligimizga bevosita daxldor bo‘lgan ko‘plab tarixiy yodgorliklari o‘rganilib, yangi manbalar qo‘lga kiritildi. Va buning natijasida fond tasarrufidagi ikkinchi moziygoh – “Andijon shaharsozlik madaniyati tarixi” muzeyi tashkil qilindi. Muzeyda Bobur nomli xalqaro jamoat fondi va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Arxeologiya instituti bilan hamkorlikda Andijon shahrining yoshini aniqlash borasida olib borilgan ilmiy-tadqiqot va arxeologik qazishmalar natijasida topilgan asori-atiqalar mavjud. Ushbu topilmalar Andijon shahrining 2500 yillik shaharsozlik madaniyati tarixiga ega ekanligiga asos bo‘la oladi.
Shu asosda fond homiyligida Zokirjon Mashrabov va Boqijon Matboboyev hammuallifligida “Древний и средневековый Aндижан” va “Andijon tarixi”, “Farg‘ona vodiysi tarixiga chizgilar” kitoblari nashrdan chiqdi. Bog‘i Bobur... Andijonning eng fayzli go‘shasi. Yillar davomida 300 gektar maydondan iborat, adirlik hududda joylashgan suvsiz joyni so‘lim boqqa aylantirish oson bo‘lmadi. Ammo Zokirjon aka boshliq bog‘ xodimlari buning uddasidan chiqdi, deb bugun baralla aytish mumkin. Bobur bog‘i Andijonning tashrif qog‘oziga aylangan, desa aslo mubolag‘a emas... Shu bois ham O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yig‘ilish bayoni qarori bilan Andijon viloyatidan faqatgina Bobur bog‘i xalqaro turizm marshrutiga kiritilgan.
2017-yili Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boqqa shaxsan tashrif buyurib, uni jahon andozalariga mos, respublika maqomidagi eng namunali maskanga aylantirish yuzasidan vazifalarni belgilab berdi. Va qisqa muddat ichida bog‘da katta miqyosda qayta ta'mirlash ishlari olib borildi.
Ayni paytda Bobur bog‘ida yangi tashkil qilingan ko‘ngilochar joylar, 40 turga yaqin zamonaviy attraktsionlar, bolalar maydonlari, muzqaymoq kafelari, restoran va oshxonalar mehmonlarga sifatli xizmat qilib kelmoqda.
Bog‘ hududining katta qismi adirliklardan iborat ekanligi bois bu maydonlarda suvsizlikka chidamli mevali va manzarali daraxtlarni ko‘paytirish maqsadida fond qoshida “Pista, zaytun, kovrak va boshqa subtropik o‘simliklarni yetishtirish ilmiy markazi” tashkil qilingan bo‘lib, markaz xodimlari tomonidan xorijdan olib kelingan noyob dekorativ daraxt va gul ko‘chatlarini mahalliy iqlimga moslashtirish yo‘lida ilmiy izlanishlar olib borilmoqdalar.
Izlanishlar natijasida suvsizlikka chidamli pista, bodom, zaytun, kovrak, za'faron, yong‘oq kabi mevali daraxtlar va o‘simliklar ko‘paytirilib, pistazor, zaytunzor, kovrakzor va yong‘oqzorlar barpo qilindi. 2018-yildan boshlab, farmatsevtika sohasida keng qo‘llanilib kelinayotgan, eksportbop mahsulot hisoblangan kovrak o‘simligini yetishtirish borasida bog‘ning 10 gektar maydonida tajribaviy ishlar olib borilgan bo‘lib, bu ishlarning samarasi o‘laroq, hozirda 100 gektar maydonga kovrak o‘simligi ekilib, kovrak o‘simligi singari tibbiyot sohasida keng qo‘llaniladigan, shifobaxsh hisoblangan za'faron o‘simligini ham yetishtirish yo‘lga qo‘yildi.
Bu sohada amaliy ishlar boshlanib, Bobur bog‘ining eng yuqori adirlik qismiga Turkiya davlatidan keltirilgan za'faron urug‘lari ekilib, o‘n gektarga yaqin maydonda parvarish qilinmoqda.
Bobur nomli xalqaro jamoat fondining ishlari davom etmoqda, chunki kelajakda qilinishi kerak bo‘lgan ulkan ishlar bisyor:
“Boburnoma”ning 18 yillik voqealari aks etgan sahifalari yo‘qolgan bo‘lib, ularning taqdiri hozirga qadar ma'lum emas. Shuningdek, Boburning “Harb ishi”, “Musiqa sirlari”, “Qofiya” asarlari, Gulbadanbegimning “Humoyunnoma” asarining bir qismi topilmagan. Bu nodir ma'naviy boyliklarni izlab topib, xalqimizga, ilmiy jamoatchilikka yetkazish birinchi galdagi vazifalardan hisoblanadi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-mayda qabul qilingan “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Ana shu tarixiy hujjatga asosan bugungi kunda ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy-ijodiy meros namunalarining nusxalarini Vatanimizga olib kelish imkoniyatlari kengaymoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2023- yilning 25-yanvarida “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu qaror mamlakatimizda buyuk bobomizning ilmiy-ma'naviy merosini teran o‘rganish va ommalashtirish, boburshunoslik fanini rivojlantirish bilan bog‘liq katta ishlar bevosita davlat rahbari tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganining namunasidir. Qarorga muvofiq ishlab chiqilib, Bosh Vazir tomonidan tasdiqlangan Dasturda “Bobur” kitob-albomi, Bobur asarlari lug‘ati, Bobur devonining mukammal nashrini, 2023-yil 1-avgustiga qadar mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan o‘zbek, rus, ingliz tillarda faoliyat yuritadigan xalqaro ilmiy boburshunoslik elektron platformasi va uning mobil ilovasini, Boburnoma” asarining zamonaviy o‘zbek va qoraqalpoq tillariga tabdilini yaratish, shuningdek ilmiy va ijodiy yo‘nalishlarda yangi asarlarning yozilishiga omil bo‘ladigan qator vaziflaar borki, ularning ijrosi natijasida Bobur Mirzoning hayoti, faoliyati va ijodini o‘rganish, u haqda ko‘proq bilish imkoniyati yana ham kengayadi. Dastlabki ishlar esa boshlandi. “Bobur ensiklopediyasi”ning to‘ldirilgan uchinchi nashri ustida ishlar olib borilmoqda. 2023-yil oxiriga qadar mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan o‘zbek, rus, ingliz tillarda faoliyat yuritadigan xalqaro ilmiy boburshunoslik elektron platformasi va uning mobil ilovasining loyihasi ishlab chiqildi, tez fursat ichida mutaxassislar guruhi ilk ma'lumotlarni taqdim etishni boshlaydi. Bu ezgu ishlarning barchasida Bobur xalqrao jamoat fondi hamkor, tashabbuskordir. Muxtasar aytganda, ulug‘ yurtdoshimiz, serqirra alloma Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsiyati, faoliyati, ijodi bir ummonki, uni qancha o‘rganilsa shuncha ozligi ayon bo‘lmoqda.
Chunki bu buyuk ajdodlarimizning qadami yetgan yoki yetmagan joylarga ularning bebaho ilmiy kashfiyotlari, adabiy-badiiy, dunyoviy va diniy asarlari yetib borgan. Ularni izlab topish, vatanga aslini yoki hech bo‘lmaganda nusxalarini qaytarish Fondning ezgu maqsadlaridandir.
Buyuk Britaniya
Manzil: Manchester shahri
Tashkil topgan yil: 2001
Rahbar: A. Navozxon
Yaponiya
Manzil: Kioto shahri
Tashkil topgan yil: 2001
Rahbar: Ramzan Muhammad
Xitoy Xalq Respublikasi
Manzil: Pekin shahri
Tashkil topgan yil: 2002
Rahbar: Van Chenmin
Qozog‘iston Respublikasi
Manzil: Olmaota shahri
Tashkil topgan yil: 2009
Rahbar: I. Jemeney
Turkiya
Manzil: Istanbul shahri
Tashkil topgan yil: 2012
Rahbar: M. Tekjan
Vengriya Respublikasi
Manzil: Budapesht shahri
Tashkil topgan yil: 2015
Rahbar: B. Peri
Shvetsiya
Manzil: Stokgolm shahri
Tashkil topgan yil: 2014
Rahbar: A. Juzjoniy
Afg‘oniston
Manzil: Mozori Sharif shahri
Tashkil topgan yil: 2014
Rahbar: Abdulla Ruin
Ozarbayjon
Manzil: Baku shahri
Tashkil topgan yil: 2017
Rahbar: A. Binnetova
Hindiston
Manzil: Dehli shahri
Tashkil topgan yil: 2019
Rahbar: S. N. Abbas
Qirg‘iziston Respublikasi
Manzil: O‘sh shahri
Tashkil topgan yil: 2021
Rahbar: Begijon Ahmedov
Eron Islom Respublikasi
Manzil: Tehron shahri
Tashkil topgan yil: 2021
Rahbar: M. R. Nosiriy
Pokiston Islom Respublikasi
Manzil: Islomobod shahri
Tashkil topgan yil: 2001
Rahbar: Ramzan Muhammad
Daniya
Manzil: Kopengagen shahri
Tashkil topgan yil: 2001
Rahbar: Bismilloh Tordiy
Qrim Muxtor Respublikasi
Manzil:
Tashkil topgan yil: 2022
Rahbar: Zera Bekirova
Tojikiston Respublikasi
Manzil: Xo‘jand shahri
Tashkil topgan yil: 2022
Rahbar: Baxtiyor Fayzullayev
Kanada
Manzil:
Tashkil topgan yil: 2022
Rahbar: D. K. Fozilova
AQSH
Manzil: Michigan shtati
Tashkil topgan yil: 2023
Rahbar: Temur Xo‘ja o‘g‘li
Geolog olim, geologiya-mineralogiya fanlari nomzodi (1960 y.), boburshunos va jamoat arbobi, Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi asoschisi va raisi, Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasini tashkil etish tashabbuskori, ekspeditsiya safarlarining rahbari va homiysi.
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1994-y.), «El-yurt hurmati» ordeni (1998-y.), «Mehnat shuhrati» (2004-y.) ordeni, Bobur xalqaro mukofoti (2008-y.). Beruniy mukofoti (2016-y.) bilan taqdirlangan, Afg‘oniston Islom Respublikasi ta’sis etgan «Alisher Navoiy» ordeni (2016-y.), O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30-yilligi munosabati bilan «Fidokorona xizmatlari uchun» (2021-y.) ordeniga sazovor bo‘lgan.
Fond raisining birinchi o‘rinbosari, “Zaytun, pista va boshqa subtropik o‘simliklar yetishtirish ilmiy markazi” direktori
Fond raisining o‘rinbosari
Bosh hisobchi
Fondning kotibiyat mudiri, “Bobur va jahon madaniyati”, “Andijon shaharsozlik madaniyati tarixi” muzeylari rahbari