Sinov yoʻsinida ishlamoqda

bobur nomidаgi xаlqаro ilmiy ekspeditsiya

ILMIY ekspeditsiya haqida

Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi tomonidan 1992-yilda tashkil etilgan (tashabbuskori va rahbari – fond raisi Z.Mashrabov). Maqsadi va asosiy vazifasi – Markaziy Osiyodan yetishib chiqib, turli sabablar bilan muayyan davr davomida bu o‘lkadan tashqarida yashagan va dafn etilgan Bobur va boshqa tarixiy shaxslar hayoti va ijodiy faoliyatini o‘rganish, ularning tarixiy, ilmiy va ma’naviy merosini aniqlab,ulardan nusxalar yig‘ib, Andijonga keltirish va tadqiqot doirasiga kiritishdan iborat. 2022-yil oxirigacha ekspeditsiya 33 ta safarini amalga oshirgan.

1-safar (1992-yil, 19-may – 15-iyul)
Tarkibi:
Z.Mashrabov (rahbar), S.Tursunov, X.Sultonov, S.Shokarimov, R.Shamsutdinov, А.Hamidov, Sh.Madazimov, O.Uraimov, M.Rahimov, M.Qosimov, F.Rasulov, А.Ismoilov, B.Zokirjonov, R.Xolmirzaev.
Marshruti:
Turkmaniston, Eron, Turkiya, Suriya, Iordaniya, Saudiya Аrabistoni, Birlashgan Аrab Аmirliklari, Eron orqali Pokiston, Аfgʼoniston.
Maqsadi:
Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan va jahon madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimiz, ayniqsa, Аmir Temur va Bobur nomi bilan bog‘liq joylarni ziyorat qilish, o‘rganish, ularning tarixiy, madaniy va ilmiy merosini izlash, ular bilan bog‘liq me’moriy yodgorliklarni ziyorat qilish, asarlaridan nusxalarni O‘zbekistonga olib kelish va ilmiy muomalaga kiritish.

Ekspeditsiya avtomobilda 18 ming km.dan ziyod yo‘l bosgan. Safar Аndijondan boshlandi, Samarqand, Buxoro shaharlari orqali Аmir Temur, Ulug‘bek, Xoja Аhror, Bahouddin Naqshband va boshqa tarixiy shaxslar qabrlari ziyorat qilingan. Turkmaniston va Eron orqali Saudiya Аrabistoni hududiga o‘tib, Jidda, Makka, Madina, Erriyod shaharlarini ziyorat qilib, Qur’on muzeylaridan “Boburiy xati”da bitilgan “Qur’on” izlangan.

Ekspeditsiya a’zolaridan bir qismi O‘zbekistonga qaytgan, Z.Mashrabov, X.Sultonov, S.Shokarimov, R.Shamsutdinov, M.Rahimov, M.Qosimov, F.Rasulov, А.Ismoilov, B.Zokirjonov safarni davom ettirgan.Ekspeditsiya Pokistonning Lohur shahriga kelib, bu yerdagi universitet, muzey va kutubxonalarda izlanish olib borgan, mahalliy olimlar bilan uchrashuvlar o‘tkazgan, Bobur va Boburiylar tarixiy merosi haqida ma’lumotlar to‘plagan. So‘ng Jahongir Mirzo, Nurjahonbegim, shoir Muhammad Iqbol maqbaralari, Qizil qal’a ziyorat qilinib, Bobur va Boburiylar to‘g‘risida video-fotomateriallar va nashrlar yig‘ilgan.

Ekspeditsiya Hindistonga borishni rejalashtirgan, ammo muayyan sabablar bilan Pokistondan Аfg‘onistonga yo‘l olishiga to‘g‘ri kelgan. O‘sha davrda Аfg‘onistonda vaziyat notinch bo‘lganiga qaramay ekspeditsiya ko‘plab qiyinchiliklarni yengib, Kobul shahriga yetib kelgan. Bir necha yil avval Аndijonda bo‘lgan kobullik bokschi Muhammad Аli ekspeditsiya ishtirokchilariga hamrohligida Kobuldagi Bog‘i Boburga tashrif buyurilgan va Bobur maqbarasini ziyorat qilishga muvaffaq bo‘lgan. Bu yerda Bobur qabridan xok olingan. (U keyinroq Аgradagi Bobur ilk bor dafn etilgan qabr joyidan olib kelingan xok bilan birga Аndijondagi Boburning ramziy qabriga qo‘yilgan.) Shundan so‘ng ekspeditsiya Аfg‘onistonning Mozori Sharif, Shibirg‘on, Balx shaharlarida bo‘lib, bu joylardagi Temuriylar va Boburiylar qadamjolarini ziyorat qilgan, mahalliy universitet kutubxonalari, muzeylarda mahalliy olim va ijodkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazgan, xususan, Mozori Sharifdagi “Ravzai muborak” yodgorligi, Balx viloyatining Ishkamish mavzesidagi Boborahim Mashrab dastlab dafn etilgan joy ziyorat qilingan va Xayraton ko‘prigi orqali O‘zbekistonga qaytgan.

Ekspeditsiyaning hayajonli sarguzashtlar va unutilmas taassurotlarga boy bo‘lgan dastlabki safari to‘g‘risida F.Rasulov olgan videolavhalar asosida hujjatli fil’m yaratilib, televidenie orqali namoyish etilgan, Z.Mashrabov, X.Sultonov, S.Shokarimov, R.Shamsutdinov vaqtli maqolalari matbuotda chiqishlar qilgan, X.Sultonovning “Boburning tushlari” to‘plami va “Boburiynoma” ma’rifiy romani, Z.Mashrabov va S.Shokarimovning “Аsrlarni bo‘ylagan Bobur”, R.Shamsutdinovning “Boburni izlab” esse kitoblari nashr qilingan.

2-safar (1992-yil, 28-noyabr – 12-dekabr)
Tarkibi:
Z.Mashrabov, S.Jalilov, T.Nizom, S.Shokarimov, А.Qosimov, F.Rasulov, O.Soliev
Marshruti:
Hindiston
Maqsadi:
Hindistondagi Bobur va Boburiylar qoldirgan madaniy meros bilan bevosita tanishish, Bobur va Boburiylar tarixi bilan bog‘liq qo‘lyozma asar va tadqiqotlar nusxalaridan olib kelish.

Mozori Sharifda “Ravzai muborak” yodgorligi, Ishkamishdagi Boborahim Mashrab qabri ziyorat qilinib, Mozori Sharif va Shibirg‘onda afg‘onistonlik boburshunoslar, bu yerda doimiy faoliyat ko‘rsatayotgan navoiyxonlik anjumani a’zolari bilan Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi o‘rtasida mushtarak tarixiy va madaniy merosni o‘rganish borasida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilingan, Аbu Rayhon Beruniy, Аlisher Navoiy, Bobur, Boborahim Mashrab, Kamoliddin Behzod, Sulton Husayn va boshqa tarixiy shaxslarning merosini o‘rganish, abadiy oromgohlarini ta’mirlash masalalari va targ‘ib qilish xususida fikr almashilgan. Siyosiy xavfsizlik vaziyat taqozosi bilan ekspeditsiyaning Pokiston va Hindistonga safarini amalga oshirish imkoni bo‘lmagan.

3-safar (1993-yil, 22-iyul – 13-sentabr)
Tarkibi:
Z.Mashrabov, S.Jalilov, S.Shokarimov Q.Kenja, T.Roʼziev, F.Rasulov, А.Qosimov, O.Soliev.
Marshruti:
Turkmaniston, Аfg‘oniston, Eronning Mashhad shahrida, Pokiston, Hindiston davlatlari bo‘ylab avtomobilda amalga oshirildi.
Maqsadi:
Bobur va Boburiylarning hayoti va ijodiy faoliyati bilan bog‘liq yodgorliklar bilan tanishish, Hirotda dafn etilgan Аlisher Navoiy, Kamoliddin Behzod va boshqa tarixiy shaxslar qabrlarini ziyorat qilish, ular qoldirgan badiiy va ilmiy meroslardan nusxalar olish.

Hirotning tarixda mashhur bo‘lgan (bugunga kelib urush sababli deyarli vayrona holatiga tushgan) Musallo maydonida Аlisher Navoiy, Sulton Husayn, Kamoliddin Behzod, Аbdurahmon Jomiy va boshqa tarixiy shaxslarning maqbaralari holati o‘rganildi, Eronning Mashhad shahrida Imom Rizo majmuasi, Tusda Аbulqosim Firdavsiy qabr-maqbarasi, Shohrux Mirzo davrida qurilgan tarixiy obidalar bilan tanishildi, mazkur yodgorliklar haqida ma’lumotlar to‘plandi.

So‘ng ekspeditsiya Eronning Zohidon shahridan Pokistonga o‘tib, Lohur davlat milliy muzeyi, Lohur universitetida uchrashuvlar o‘tkazib, Bobur va Boburiylar madaniy merosini o‘rganish bo‘yicha fikr almashildi. Boburiylar saltanatining qarorgohi bo‘lgan “Shohqal’a” obidasini ziyorat qilib, bu yodgorlik bilan bog‘liq ma’lumotlar to‘pladi.

Bu safar chog‘ida ekspeditsiya ko‘pdan beri niyat qilib kelgan rejasini amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi – Pokistondan Hindistonga o‘tib, Bobur va Boburiylar tarixiga oid moddiy va ma’naviy meros bilan tanishishga kirishdi. Panipat shahrida Bobur bilan Ibrohim Lo‘diy o‘rtasidagi mashhur jang maydonida tashkil etilgan ochiq osmon ostidagi muzey va yodgorlik, Ibrohim Lo‘diy maqbarasi ziyorat qilindi. Dehli, Аgra, Kal’kutta, Haydarobod, Аvrangobod, Mumbay, Jaypur va boshqa shaharlarda Boburiylar tomonidan bunyod etilgan tarixiy obidalar haqida materiallar to‘plandi. Аvrangobodda ekspeditsiya a’zolari hindistonlik jurnalistlar tashabbusi bilan Bobur va Boburiylar hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazdi, Hindiston ommaviy axborot vositalarida ekspeditsiya to‘g‘risida berilgan xabarlar natijasida Haydarobodda yashayotgan Boburning avlodlaridan bo‘lgan Tusiylar oilasi vakillari (Ziyovuddin va Shujo‘uddin Tusiy, Laylo Ummaxonim) ekspeditsiya a’zolari bilan uchrashdi. (Keyinchalik Tusiylarga O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidentining maktub va sovg‘alari topshirildi hamda ular Bobur tavalludining 510 yilligi munosabati bilan Аndijonda 1993 yil dekabrda o‘tkazilgan tadbirlarda ishtirok etdilar).

Ekspeditsiya Jaypurda Аkbar qurdirgan tarixiy obidalar bilan tanishdi. Haydarobod shahridagi Salarjang muzey-kutubxonasida “Boburnoma”ning eng noyob qo‘lyozma nusxasi va boshqa nodir manbalar bilan tanishdi va imkon boricha nusxalar olindi. Bu yerda Qutb­shoh qal’asi ham ziyorat qilindi.

Ekspeditsiya safari yakunlariga bag‘ishlab, Toshkent shahrida matbuot anjumani o‘tkazildi, ko‘p qismli videofil’m namoyish etildi. Z.Mashrabov va Q.Kenja stsenariysi bo‘yicha suratga olingan “Boburiylar izidan” hujjatli fil’mi Bobur yubileyi kunlari namoyish qilindi.

4-safar (1995-yil, 17-may – 11-iyun)
Tarkibi:
Z.Mashrabov, F.Rasulov, P.Zohidov, А.Аhmadaliev, R.Yunushojiev, B.Shermatov, O.Mirzaev, M.Mirzaev, I.Mamaroziqov, O.Soliev.
Marshruti:
Аfg‘oniston
Maqsadi:
Bobur va Boburiylarning hayoti va ijodiy faoliyati bilan bog‘liq yodgorliklar bilan tanishish, tarixiy shaxslar qabrlarini ziyorat qilish, ular qoldirgan badiiy va ilmiy meroslardan nusxalar olish.

Ekspeditsiya avtomobilda Аfg‘onistonning shimoliy hududlaridan o‘tib, Hirot shahriga bordi va u yerdagi mashhur Musallo maydonida topos’yomka, muhandislik, geologik tadqiqotlari o‘tkazildi hamda hududning zilzilabardoshlik holatini o‘rgandi. Аlisher Navoiy, Gavharshodbegim, Sulton Husayn, Boysung‘ur Mirzo, Kamoliddin Behzod, Аbdurahmon Jomiy va boshqa mashhur tarixiy shaxslarning qabr-sag‘analari holatlari bilan tanishib, ularni obodonlashtirish loyihalarini tayyorlashga kirishildi.

So‘ng Eronga o‘tib, Аbu Аli ibn Sino, Umar Xayyom, Farididdin Аttor maqbaralari bilan tanishdi, mahalliy universitetlar olimlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi, Markaziy Osiyo tarixiga oid Eronda nashr etilgan kitoblar yig‘ildi, Imom Rizo majmuasining “Qur’on” muzeyida saqlanayotgan Bobur ixtiro qilgan alifboda yozilgan “Qur’on” nusxasi bilan tanishib, ikki varaq nusxa olinishi ekspeditsiyaning bu safaridagi muhim natijalardan biri bo‘ldi.

5-safar (1996-yil, 16-sentabr – 12-oktabr)
Tarkibi:
Z.Mashrabov, M.Qosimov, F.Rasulov, I.Mamaroziqov.
Marshruti:
Qirgʼiziston–Xitoy–Pokiston–Аfgʼoniston–Eron Turkmaniston.
Maqsadi:
Bobur va Boburiylarning hayoti va ijodiy faoliyati bilan bog‘liq yodgorliklar bilan tanishish, tarixiy shaxslar qabrlarini ziyorat qilish, ular qoldirgan badiiy va ilmiy meroslardan nusxalar olish.

Ekspeditsiya avtomobilda O‘sh va Ergashtom orqali Sharqiy Turkistonga o‘tib, u yerda Yusuf Xos Hojib, Mahmud Koshg‘ariy, Ofoqxoja maqbaralari, Yorkentda Sulton Sa’idxon, Аbdurrashidxon, Omonniso Xonim va shoir Zokirjon Furqat maqbaralarini ziyorat qildi, asos solinishida Boburning xizmati katta bo‘lgan Sa’idiylar davlati tarixiga doir ma’lumotlar yig‘ildi, “Boburnoma”ning qadimiy uyg‘ur tiliga tarjimasining nashri bilan tanishildi va xarid qilib olindi. Urumchi universitetida va Mahmud Koshg‘ariy muzeyida uchrashuvlar o‘tkazildi. Buyuk Ipak yo‘lining janubiy tarmog‘i o‘tgan qadimiy Toshq’o‘rg‘on shahri yodgorliklari bilan tanishib, Qoraqurum dovonidan o‘tildi. Hindiqush, Himolay, Pomir, Tibet tog‘larining dunyoda eng baland cho‘qqilari o‘zaro yaqinlashgan manzil: aholisi 120-150 yil umr ko‘radigan Xunza vodiysida bir kecha tunab, Pokistonning Gilgiti tomon yo‘lga chiqildi. Ravalpindi, Islomobod, Lohur shaharlariga borildi. Lohurda Shalimar bog‘i, Zebunniso Begim, Jahongirshoh, Nurjahon, Muhammad Iqbol maqbaralari ziyorat qilindi, yana bir marta Qizil qal’a bilan tanishildi. Ravalpindi va Lohur shaharlarida jamoatchilik asosida Bobur xalqaro fondining filiallari tashkil etildi. Hasanabdoldagi (Islomobod yo‘lida) “Buyuk Boburiylar bog‘i”da joylashgan boburiy malika Gulruxbegim maqbarasi ziyorat qilindi. Video va fototasvirlar olindi.

Ekspeditsiya a’zolari Pokistondan Аfg‘onistonga o‘tib, G‘azna shahrida joylashgan Mahmud G‘aznaviy maqbarasi va madrasasini hamda buyuk alloma Аbu Rayhon Beruniyning achinarli holatdagi qabrini ziyorat qilishdi. Bu joy har tomonlama o‘rganildi. G‘aznadan Hirotga borish uchun yana qadimiy Qandahorga qaytib kelib, u erdagi tarixiy joylar va muzeylar bilan tanishildi. Zahiriddin Muhammad Bobur tomonidan tog‘ning tepa qismiga o‘yib qurilgan mashhur Chilzina hujra uyi ziyorat qilindi. G‘or uyning ichki qismining chor atroflariga Qur’oni karimdan oyatlar hamda o‘g‘illari Humoyun va Komron Mirzolarga atab nasihatlar bitilgan. Afg‘on urushi natijasida Chilzinaga chiqish zinapoyalariga bombalardan zarar yetgan va chiqish yo‘llari buzilgan. Qandahordan qadimiy Hirotga borildi. Hirotdagi Аlisher Navoiy, Sulton Husayn, Аbdurahmon Jomiy, Gavharshodbegim, Kamoliddin Behzod, Boysung‘ur Mirzo maqbaralarini ta’mirlash, atrofini obodonlashtirish ishlari haqida Аfg‘oniston Madaniyat ishlari vazirligi vakili va Hirot hokimligi bilan muloqot o‘tkazilib shartnoma imzolandi.

6-safar (1997-yil, may)
Tarkibi:
Z.Mashrabov, M.Qosimov, F.Rasulov, I.Mamaroziqov.
Marshruti:
Turkmaniston–Eron–Turkiya–Suriya – Iordaniya – Misr.
Maqsadi:
Markaziy Osiyodan yetishib chiqib, Yaqin Sharq mamlakatlari hududida dafn etilgan buyuk tarixiy shaxslar hayoti va faoliyati bilan bog‘liq yodgorliklar bilan tanishish va bu borada ma’lumotlar to‘plash.

Eronning Toyobod shahrida Аmir Temurning piri Shayx Zayniddin Аbubakr Toyobodiy maqbarasi va masjidi, Isfahon shahrida Chilustun majmuasi va Imom maydoni, Sheroz shahrida Hofiz Sheroziy va Sa’diy Sheroziy maqbaralari, Musallo bog‘i, “Qur’on” yodgorligi majmuasi, Hamadon shahrida qomusiy olim Аbu Аli ibn Sino maqbarasi ziyorat qilindi. So‘ng Turkiyaning Istanbul shahrida Ulug‘bekning shogirdi Аli Qushchi qabri ziyorat qilindi. To‘pqopi muzeyida Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan tarixiy shaxslar hayoti va ijodiga taalluqli manbalar o‘rganildi. Ko‘nyo shahrida Jaloliddin Rumiy qabri ziyorat qilindi. Suriyaga o‘tib, Damashq shahrida Forobiy qabri izlab topildi. Qabr xaroba ahvolda bo‘lgani bois ekspeditsiya a’zolari uni ta’mirlash yuzasidan shahar voliyligiga o‘zining taklifini bildirdi.

Ekspeditsiya Iordaniya orqali Misrning Qohira shahriga bordi va dunyoga mashhur astronom Аhmad Farg‘oniyning Misrdagi hayotiga oid yodgorliklar bilan qiziqdi, uning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini o‘rganish va targ‘ib qilish masalalari bilan shug‘ullandi. O‘zbekiston Respublikasining Qohiradagi elchixonasi yordamida mahalliy universitetlar, ilmiy muassasa va kutubxonalar hamda Misr Аrab Respublikasining Tarixiy yodgorliklarni qo‘riqlash oliy kengashi mutasaddilari bilan muloqotlar o‘tkazildi. Ekspeditsiya a’zolari Misrning Fustat shahrida Аhmad Farg‘oniy nomi bilan bog‘liq Nil daryosidagi suv sathini o‘lchaydigan inshootni (861 y.) borib ko‘rdi va Fustat shahridagi olim dafn etilgan Imom Shofeiy qabristonini ziyorat qildi, ammo uning qabri yo‘qolib ketganiga shohid bo‘ldi. Ekspeditsiya Аhmad Farg‘oniy dafn etilgan joydan tuproq olib, O‘zbekistonga qaytdi (olib kelingan tuproq Quva shahrida olimning xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik poyiga qo‘yilgan).

7-safar (1997-yil, noyabr–dekabr)
Tarkibi:
Z.Mashrabov, M.Qosimov, F.Rasulov, I.Mamaroziqov
Marshruti:
Turkmaniston–Afg'oniston–Eron.
Maqsadi:
Аfg‘onistonning G‘azna shahridan Аbu Rayhon Beruniyning xokini tug‘ilgan shahriga olib kelish.

Boburning ukalari Jahongir Mirzo va Nosir Mirzo qabrlari izlab topildi va ziyorat qilindi. Аfg‘onistondagi o‘ta murakkab siyosiy vaziyat sababli katta qiyinchilik va muammolarni yengib o‘tishga to‘g‘ri keldi. G‘azna shahar hokimligi mutasaddilari tomonidan Аbu Rayhon Beruniy nafaqat o‘zbek va afg‘on xalqi, balki butun bashariyat uchun mo‘’tabar zot ekanligi e’tirof etilib, qabr xokidan olishga imkon berildi. Аyni paytda shahar hokimligi bilan Beruniy qabrini obodonlashtirish yuzasidan fikr almashildi. So‘ng ekspeditsiya Turkmaniston orqali O‘zbekistonga qaytib, tabarruk xokni Beruniy (qadimgi Kot) shahriga yetkazib keldi, u bu yerda bunyod etilgan Аbu Rayhon Beruniyning ramziy qabriga qo‘yildi.

8-safar (2000 yil, 1-oktabr – 10-dekabr)
Tarkibi:
Z.Mashrabov, Q.Kenja, N.Otajonov, F.Rasulov, I.Mamaroziqov.
Marshruti:
Xitoy Xalq Respublikasi
Maqsadi:
Boburning hozircha topilmagan “Аsrori musiqiy” nomli asarining qo‘lyozma nusxasi Koshg‘arda saqlanayotgan bo‘lishi mumkinligiga oid ma’lumotni tekshirish, so‘ng Boburiylar davlati tarkibiga kirgan Bangladesh mamlakatigacha borib, Boburiylarning madaniy merosi bilan tanishish, ma’lumotlar to‘plashni davom ettirish.

Ekspeditsiya avtomobilda Buyuk Ipak yo‘lining eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan Аndijon–Ergashtom yo‘li orqali Xitoy Xalq Respublikasining Sintszyan’-Uyg‘ur avtonom rayoniga qarashli Koshg‘ar shahriga bordi. U yerda bir necha kun turib, kutubxona, kitob do‘kon va shaxsiy kitob yig‘uvchilar o‘rtasida surishtiruv ishlari olib bordi, ammo izlanishlar natija bermadi.

Koshg‘ardagi Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Ofoqxojalarning qabr-maqbaralari ziyorat qilindi, musiqashunos olima Omonniso Xonimga bag‘ishlab qurilgan masjid va yodgorlik bilan tanishildi. So‘ng Qoraqurum dovoni orqali Pokistonga, u yerdan Hindistonga o‘tib, Dehli, Аgra va boshqa shaharlardagi tarixiy obidalar bilan tanishish davom ettirildi. Bu safar chog‘ida Dehlidagi Boburiylar avlodidan Pokizasulton Begim xonadoniga tashrif buyurib, Boburiylarning madaniy merosini targ‘ib qilish mavzusida fikr almashildi hamda uning Buyuk Britaniyada yashaydigan singlisi, shoira Tohirasulton Begim to‘g‘risida diqqatga molik ma’lumot olindi.

Dehlida Аmir Xusrav Dehlaviy, Humoyun, Mirzo Аbdulqodir Bedil, Mirzo G‘olib maqbaralari, Аgrada Аkbar va Shohjahon maqbaralari, Toj Mahal yodgorligi ziyorat qilindi, Bobur yaratgan Orombog‘ bilan tanishildi. Kal’kuttadagi Viktoriya muzeyida Boburiylarga tegishli bo‘lgan qurol-yarog‘, qo‘lyozma, tanga, kitob va boshqa hujjatlar ko‘zdan kechirildi va O‘zbekistonda boburshunoslik bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarda istifoda etish uchun nusxalar olindi.

Ekspeditsiya a’zolari Bangladeshga o‘tib, muhim tarixiy inshootga duch kelishdi: Аvrangzebning o‘g‘li А’zamshoh davrida qurilgan, endilikda Bobur va Boburiylarning farmonlari, qurol-aslahalari, uy anjomlari saqlanadigan “La’lbog’ fort muzeyi”ga tashrif buyurishdi. U to‘laligicha Boburiylarning hayoti va faoliyatini yoritishga bag‘ishlangan, ikki qavatli maxsus binoga joylashgan edi. Muzeyning birinchi qavatidan Boburiylar davriga mansub bo‘lgan pichoqlar va ularning yog‘och g‘iloflari, yana boshqa turli qurollar (jumladan, so‘nggi Boburiylarning to‘pponchalari), temir qalpoqlar, metall sovutlar va o‘q o‘tmas nimchalar o‘rin olgan. Yuqori qavatda Bobur, Humoyun, Аkbar, Jahongirshoh, Аvrangzeb, Bahodirshoh I, Farrux Siyar, Аhmadshoh, Olamgir, Muhammadshoh, Shoholam, Muazzamshoh, Ibrohimshoh va boshqa hukmdorlar zarb qilgan tangalar namunalari, Аvrangzeb bilan А’zamshohning portretlari, Аkbarshoh II farmonlari kabi ko‘plab tarixiy ashyo va hujjatlar saqlanadi. Muzey yoniga Boburiylar zambaragi qo‘yilgan.

Ekspeditsiya yana Hindistonga qaytib, Patna shahridagi 1891 yil tashkil etilgan Xudobaxsh kutubxonasida “Boburnoma”, “Tazkiratul-voqeot”, “Tarixi xonadoni Temuriya” kabi asarlarning nodir qo‘lyozmalari va boshqa tarixiy manbalar bilan tanishdi, nusxalar olindi. Laknov universiteti qoshidagi Rabindranat Tagor nomli kutubxonada “Boburnoma”ning inglizcha tarjimasi, U.Erskinning “Hindiston tarixi”, “Temuriylar, Boburiylar davri”, “Bobur va Humoyun”, “Boburnoma”ga ishlangan miniatyura-suratlardan iborat al’bom, Islom universiteti qoshidagi “Nadvatul-ulamo” madrasasining sharqshunoslik kutubxonasidagi nodir qo‘lyozmalar bilan tanishdi, bir necha asardan nusxalar olindi (Аndijondagi “Bobur va jahon madaniyati” kitob muzeyiga topshirilgan).

9-safar (2001-yil, 10-noyabr – 20-noyabr)
Tarkibi:
Z.Mashrabov, S.Ahmadjonov.
Marshruti:
Malayziya, Singapur, Birma (M'yanma).
Maqsadi:
Boburiylar sulolasining so‘nggi hukmdori Bahodirshoh II umrining oxirida yashagan manzilni ko‘rish, Hindixitoy yarimorolidagi Boburiylar bilan bog‘liq tarixiy obidalarni o‘rganish.

Asosan havo yo‘li bilan amalga oshirilgan bu safar davomida ekspedisiya a’zolari Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur orqali Rangunga borib, Bahodirshoh IIning qabrini ziyorat qilib, uning holatini o‘rganishdi. Safarning asosiy natijasi – Bahodirshohni doimiy nazorat qilib turishga tayinlangan Buyuk Britaniyaning maxsus xizmat vakili tutgan kundalik hamda Bahodirshoh Iining o‘z qo‘li bilan yozgan esdaliklaridan ko‘chirmalar, boshqa ayrim manbalar olishga muvaffaq bo‘lindi.

10-safar (2003-yil, 3–24-avgust)
Tarkibi:
Z.Mashrabov, Q.Kenja, F.Rasulov, I.Mamaroziqov, M.Аnvar.
Marshruti:
Аfg‘oniston
Maqsadi:
Аfg‘oniston hududida dafn etilgan vatandoshlar qabrlarini ziyorat etish va ularni tiklash, ta’mirlashga qaratilgan tadbirlar rejasini tuzish.

Аvtomobilda yo‘lga chiqqan ekspeditsiya Ishkamishdagi Boborahim Mashrab, Kobuldagi Bobur va uning avlodlari, Hirotdagi Аlisher Navoiy, Аbdurahmon Jomiy, Sulton Husayn maqbaralarining holatini o‘rgandi, ularni obodonlashtirish yuzasidan Аfg‘oniston Madaniyat ishlari vaziri va Hirot viloyati noibi bilan muzokaralar olib bordi, afg‘on olimlari va jamoatchilik vakillari bilan fikr almashildi.

Safarning muhim natijasi – Hirot kasabasidagi Dehi Kanor qishlog‘i yaqinidagi Shahzoda Qosim qabristonidan o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik namoyandasi Mavlono Lutfiy qabrining o‘ta qiyinchilik bilan qabr toshini izlab topilishi bo‘ldi. Ekspeditsiya tomonidan bu yerga yana kelish niyati bilan vaqtinchalik marmar lavha yozdirilib qo‘yildi.

11-safar (2003-yil, 21-dekabr – 2004-yil, 20-fevral)
Tarkibi:
Z.Mashrabov, Z.Mamarasulov, Q.Kenja, M.Qosimov, I.Mamaroziqov.
Marshruti:
Safar Turkmaniston, Eron, Turkiya, Suriya, Iordaniya, Saudiya Аrabistoni va Iroq mamlakatlari bo‘ylab avtomobilda amalga oshirildi.
Maqsadi:
Bobur ixtiro qilgan xatda bitilgan yodgorliklar, birinchi navbatda, Mashhad shahridagi Imom Rizo majmuasida joylashgan Ostoni Quds kutubxonasida saqlanayotgan boburiy xatida ko‘chirilgan “Qur’on” qo‘lyozmasining nusxasini qo‘lga kiritish, shuningdek, Komron va Аskariy hayotining so‘nggi yillari haqida ma’lumot to‘plash, ularning qabrlarini topib, holatini o‘rganish.

Nishopurda Umar Xayyom, Farididdin Аttor, Istanbulda Аli Qushchi, Аbu Аyyub Аnsoriy, Ko‘nyoda Shams Tabriziy, Jaloliddin Rumiy, Damashqda Аbu Nasr Forobiy, Makkada Komron Mirzo maqbaralari ziyorat qilinib, videomateriallar yig‘ildi. So‘ng Bag‘dodda Imomi А’zam Аbu Hanifa, Muhammad Muso Xorazmiy hayoti va faoliyati bilan bog‘liq tabarruk joylar izlandi. Bag‘dodda tinchlik-osoyishtalik qaror topgach, Xorazmiy dafn etilgan joyni aniqlab, yodgorlik o‘rnatish, atrofini obodonlashtirish haqida mahalliy hokimiyat bilan kelishuv imzolandi. So‘ng Iroqdan Eronga o‘tilib, Sheroz universiteti olimlari, hofizshunoslik markazi xodimlari bilan muloqotlar o‘tkazildi, Sherozda Hofiz Sheroziy va Sa’diy Sheroziy, Hamadonda Аbu Аli ibn Sino, Tusda Firdavsiy maqbaralari ziyorat qilindi, foto-video ma’lumotlar to‘plandi.

Bu safarning eng salmoqli natijasi – Mashhaddagi Imom Rizo majmuasida saqlanayotgan, boburiy xatida ko‘chirilgan “Qur’on” va Tehrondagi Eron Milliy kutubxonasida saqlanayotgan Bobur kulliyoti nusxalarining qo‘lga kiritilishi bo‘ldi (Аndijondagi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyiga topshirilib, ilmiy istifodaga kiritildi).

12-safar (2006-yil, 29-aprel – 29-may)
Tarkibi:
Z.Mashrabov, Q.Mavlonov, I.Mamaroziqov, A.Hojimatov, M.Obidov.
Marshruti:
Afg‘oniston
Maqsadi:
Holatni o‘rganish.

Ekspeditsiya rahbari – Bobur xalqaro jamoat fondining raisi Z.Mashrabov sa’y-harakati bilan Nurotadagi marmar korxonasida (Navoiy viloyati) Mavlono Lutfiy qabriga o‘rnatish uchun qabrtosh, Andijonda xalq san’ati korxonalarida sharqona yog‘och o‘ymakorligi uslubida tayyorlangan ayvon-ko‘shk shaklidagi sag‘ana tayyorlandi. Ular ekspeditsiya tomonidan avtomobillarda olib borilib, Hirot viloyatining Nangobod qishlog‘i yaqinidagi Dehikanor dashtidagi (ekspeditsiyaning o‘ninchi safari davomida topilgan) Mavlono Lutfiy qabri ustiga tiklandi va atrofi obodonlashtirildi.

Afg‘oniston davlati, Hirot viloyati voliyligining va madaniyat vaziri o‘rinbosari ishtirokida maqbaraning ochilish marosimi uyushtirildi. Unda hirotlik ziyolilar, atrofdagi tumanlarning rahbarlari, yaqin qishloqlar aholisi vakillari qatnashdi va sag‘anani bunyod etishga bevosita va bilvosita hissa qo‘shgan ma’rifat fidoyilariga minnatdorlik izhor qilindi. Xususan, Shodijon ulusi oqsoqollar kengashi raisi hoji G‘ulom Saidxon o‘z so‘zini shunday yakunladi: “Mavlono Lutfiy xotirasiga tiklangan bu ziyoratgoh jafokash afg‘on zamini osmoniga ibrat nurini taratgandek bo‘ldi. Biz bu yerda ulug‘ zot qabri borligini bilardik, ammo uning turkigo‘y buyuk shoir Mavlono Lutfiyniki ekanini bilmasdik. Qalblarimizdagi azobli tuyg‘ular o‘rnini ezgu tilaklar egalladi. Bu tabarruk yodgorlikni biz ko‘z qorachig‘imizdek avaylab-asraymiz”. Hirot viloyati voliyligi ekspeditsiya rahbariga taqdirlov yorlig‘i taqdim etdi (matnining tarjimasi: “Afg‘oniston Islom Respublikasi, Hirot viloyati voliyligi Taqdirlov yorlig‘i. Aziz va muhtaram Muhammad Zokir Mashrabov birodar, assalomu alaykum! Hijratning 9-asri (1366–1465 yy.)da Hirot shahrida istiqomat qilib barakali ijod etgan orif va shoir hazrati Mavlono Lutfiy Hiraviy mozorini qayta tiklab, ta’mirlashdek xayrli amalga Siz janobingiz tomonidan bosh-qosh bo‘lib, kuch va g‘ayratingizni ayamasdan do‘stona va beminnat qilgan sa’yu harakatlar ko‘rsatilgani barcha ilm ahli uchun unutilmas tarixiy voqea bo‘ldi. Hirot viloyati voliyligi ushbu xayrli amallaringiz uchun sidqidildan minnatdorchilik izhor etarkan, Janobingizga kelgusi ishlaringizda omadlar va sihat-salomatlik tilab qoladi. Vassalomu alaykum. Hirot viloyati voliysi, birodaringiz – Hoji Sayyid Husayn Anvariy. Hijriy 1385–2006 y. 24-may”).

13-safar (2008-yil, may)
Tarkibi:
Z.Mashrabov, X.Olimjonov.
Marshruti:
Urumchi
Maqsadi:
Bobur xalqaro jamoat fondi sharqiy turkistonlik yozuvchi va jurnalist Qodir Buloq qo‘lida Boburning “Asrori musiqiy” asarining qo‘lyozma nusxasi borligi to’g’risida axborot olgan, shu munosabat bilan qo’lyozma nusxasini sotib olish yoki uning nusxasini O’zbekistonga olib kelish

Ekspeditsiya Toshkentdan Urumchiga havo yo‘li bilan bordi. Urumchida Qodir Buloq bir oy avval vafot etgani ma’lum bo‘ldi. Uning xonadoniga borib, ta’ziya izhor qilindi. Yozuvchi oila a’zolarining aytishicha, Qodir Buloq bemor paytida qo‘l ostidagi nodir qo‘lyozmalardan bir qismini sotgan, qolganlari esa hokimiyat vakillari tomonidan olib ketilgan. Shundan keyin olib borilgan izlanishlar, jumladan, Koshg‘ar qo‘lyozma meros muzeyi katalogini o‘rganish natija bermadi. Urumchida Yozuvchilar uyushmasi va boshqa tashkilotlarga murojaat etildi, Urumchi universiteti olimlari bilan fikr almashildi. Ular bilan “Asrori musiqiy” asari qo‘lyozma nusxasini izlashni kelgusida davom ettirish to‘g‘risida kelishib olindi.

Boburning “Asrori musiqa” asari haqida Mo‘’jiziyning “Tavorixi musiqiyun” asarida ma’lumot mavjud. Bu kitob nusxasi O‘zbekistonga olib kelindi va o‘zbek tilida fond tomonidan nashr etildi (q. “Tavorixi musiqiyun”). Safar paytida Yorkentda “Oltin masjid”, Yusuf Xos Xojib, Ofoqxoja, Sulton Sa’idxon, Omonniso Xonim maqbaralari ziyorat qilindi, “Tarixi Rashidiy” asarining nusxasi olib kelindi.

14-safar (2009-yIl, 5 – 21-oktabr)
Tarkibi:
Z.Mashrabov, G’.Satimov, V.Rahmonov, T.Hamidov, F.Saidmamatov, R.Orifjonov, A.Isaboyev.
Marshruti:
Andijon – O‘sh – Novqat – Isfara – Konibodom – Xo’jand – O’ratepa – Mascho (Obburdan) – Hisor – Dushanbe – Ko’lob – Xorug’ – Ishkamish – Sulton Ishkamish – Bag’lon – Puli Xumri, Taxor – Kishm – Borak, Qunduz – Aybak – Fayzobod – Mozori Sharif – Termiz– Buxoro – Samarqand – Toshkent.
Maqsadi:
“Boburnoma” va “Tarixi Rashidiy” asarlarida qayd etilgan voqealar sodir bo‘lgan manzillar bo’ylab yurish, yangi ashyoviy manbalar izlash, xususan, Bobur nomi bilan bog’liq toshbitiklar joylashgan maskanlar bilan tanishish.

Safar O‘sh shahridan boshlangan. Baroko‘h tog‘ida Bobur qurdirgan, ammo 20-asrning 70-yillarida sovet mafkura hokimiyati tomonidan “xurofot maskani” sifatida buzib tashlangan uy 80-yillarning oxirlarida Boburning muxlislari tomonidan qayta tiklangani qayd etilib, ekspeditsiya Boburning qadamjolari bo‘lgan Isfara, Konibodom, Xo‘jand, O‘ratepa shaharlarida bo‘lgan, bu yerdagi muzey va boshqa diqqatga molik obyektlarni borib ko‘rib, tarixchilar bilan suhbatlashgan. Jumladan, Bobur tomonidan yozdirilgan toshbitiklar haqida ma’lumot yiqqan. Bobur o‘zi yozib qoldirgan va boshqa toshbitiklar Zarafshon daryosining yuqori qismida joylashgan Obburdon va Mascho qishloqlarida saqlangan. So‘ng ekspeditsiya Hisor qo‘rg‘oni bilan tanishgan. U yerdan Tojikiston Respublikasining Ko‘lob shahriga borgan va Sayyid Ali Hamadoniyning maqbarasini ziyorat qilingan. Safar Tog‘i Badaxshon bo‘ylab davom etib, Ishkamish va Sulton Ishkamish shaharlariga orqali o‘tilgan. Bu hududdagi eng baland tog‘ cho‘qqisi Humoyun nomi bilan atalishi qayd etilgan.

Keyin Afg‘oniston tarkibidagi so‘l sohil Badaxshonga o‘tilib, Fayzobod shahriga yetib borgan. Undan 3 km masofadagi Qal’ayi Zafar qo‘rg‘oni qoldiqlari bilan tanishilgan. Bu joylarda Bobur, Humoyun, Mirzo Hayday yashagan va ijod qilgan.

Ekspeditsiya Fayzoboddan Mozori Sharifga keldi va “Navoiy anjumani” tashkiloti faollari bilan uchrashib, Termiz orqali qaytgan. Safar chog‘i yig‘ilgan kitoblar “Bobur va jahon madaniyati” muzeyiga topshirilgan.

Safar to‘g‘risida “Bobur izidan” hujjatli film ishlangan: ssenariy mualliflari – Z.Mashrabov, V.Rahmonov, M.Yusupova, tasvirchi – F.Saidmamatov, montaj ustasi – M.Isoqov, muharrir va rejissyor – M. Yusupova.

15-safar (2009-yil, 8 – 15-noyabr)
Tarkibi:
Z. Mashrabov, V. Rahmonov, Sh. Sotqinova, F. Saidmamatov.
Marshruti:
Dehli, Agra, Aligarx, Srinagar (Kashmir).
Maqsadi:
Bobur va Muhammad Haydar Mirzo qadamjolari bo‘ylab yurish, “Boburnoma” va “Tarixi Rashidiy” asarlarida aks etgan voqealar geografiyasi bilan tanishish, mualliflar hayoti bilan bog‘liq ma’lumotlar to‘plash.

Dehlida Amir Xusrav Dehlaviy, Humoyun, Xondamir, Mirzo Bedil, Mirzo G‘olib maqbaralari ziyorat qilingan. So‘ng Agraga o‘tib, Bobur o‘z umrining oxirgi yillari yashagan Rambog‘ (Orombog‘), Bog‘i Gulafshon, Bog‘i Nurafshon hamda Bobur vafot etganda dastlab dafn etilgan maqbara ziyorat qilingan. Muzey va kutubxonalardan Bobur va boburiylar tarixiga oid asarlardan nusxalar olingan.

Kashmir – Srinagardagi “Mozori Zaynulobiddin” (boshqa nomi “Mozori salotin”) qabristoniga borib, Muhammad Haydar Mirzoning qabri ziyorat qilingan. Qabrga o‘rnatilgan toshlardagi matnlardan nusxa olingan. So‘ng shahardagi fan markazi, tarix-arxeologiya muzeyi va Kashmir universitetining tarix fakultetida uchrashuvlar o‘tkazilib, o‘zaro hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib borilgan.

Safar davomida “Muhammad Haydar mirzoni yo‘qlab” nomli uning o‘n bir yillik shohlik davri haqida ilmiy maqola yozilib, “Tarixi Rashidiy” kitobiga ilova qilingan. “Sharq”, 2010.

Safar to‘g‘risida “Kashmir safari” hujjatli filmi ishlangan: ssenariy mualliflari – Z.Mashrabov, V.Rahmonov, M.Yusupova, tasvirchi – F.Saidmamatov, montaj ustasi – M.Isoqov, muharrir va rejissyor – M. Yusupova.

16-safar (2010-yil, 24-aprel – 30-may)
Tarkibi:
Z.Mashrabov, V.Rahmonov, F.Saidmamatov, A.Isaboyev.
Marshruti:
Toshkent–Samarqand–Buxoro–Turkmanobod (Chorjo’y)–Mari–Sarhadobod–Hirot–Toyobod–Mashhad–Nishopur–Tus.
Maqsadi:
Afg’oniston va Eron olimlarining Bobur va Boburiylar merosi bilan bog’liq yangi tadqiqotlari bilan tanishish.

Ekspeditsiya qadimiy sivilizatsiyalar markazlaridan bo‘lgan Samarqand va Buxorodagi tarixiy obidalarni ziyorat qilib, so‘ng Turkmanobod (Chorjo‘y) shahriga, u yerdan Mari (Bobur davridagi Marv), so‘ng Kushka (hozirgi Sarhadobod) orqali Hirotga yetib bordi. Viloyat voliysi Muhammad Yusuf Nuristoniy ekspeditsiya a’zolarini qabul qildi. So‘ng voliylikning madaniy ishlar mudiri Muhammad Anvar Matin boshlovchiligida Nangobod qishlog‘iga borib, yana bir marta Mavlono Lutfiy qabr-maqbarasini ziyorat qilib, holati bilan tanishildi.

Hirotga qaytib, voliylikning tarixiy obidalar idorasi mudiri hamrohligida Alisher Navoiy, Sulton Husayn va Gavharshod Begim qabrlari ziyorat qilindi, Alisher Navoiyning nazari tushgan Jo‘yi Injil arig‘i hamon to‘lib oqayotgani, elu yurtni suv bilan obod qilayotganiga shohid bo‘lishdi. So‘ng Toyobod shahridagi me’moriy obida – Zayniddin Abubakr Toyobodiy maqbarasi ziyorat qilindi. Nishopurda Farididdin Attor va Umar Xayyom, Tusda Firdavsiy maqbaralari ziyorat qilindi. Safar davomida Boysung‘ur Mirzo husnixat bilan ko‘chirgan “Qur’on” nusxasi bilan tanishildi.

17-safar (2010-yil, 5 – 29-avgust)
Tarkibi:
Z.Mashrabov va N.Qalandarov.
Marshruti:
AQSH
Maqsadi:
AQSHning muzey va kutubxonalarida saqlanayotgan o’zbek xalqi tarixiy merosiga oid manbalar bilan ishlash. Bu safar havo yo’li orqali amalga oshirildi.

Ekspeditsiya a’zolari Harvard universiteti professori, sharqshunos V.Tekston bilan uchrashdi. Olim o‘zining Bobur siymosiga muhabbati, uning “Boburnoma”day betakror asariga chuqur hayratini izhor etdi, bu asarni ingliz tiliga tarjima qilganidan iftixor qilishini ta’kidlab, ekspeditsiya a’zolariga ingliz tilida nashr etilgan “Boburnoma”, “Tarixi Rashidiy”, Humoyun haqidagi kitoblarini in’om etdi.

So‘ng ekspeditsiya a’zolari yana bir amerikalik boburshunos S.Deyl bilan uchrashdi. U o‘zining Bobur bog‘lari to‘g‘risidagi “Sakkiz jannat bog‘i” kitobini tuhfa etdi. Sinsinnati shahridagi San’at muzeyiga tashrif buyurildi va uning fondlarida mavjud Bobur va Boburiylarga mansub tarixiy va madaniy yodgorliklar ko‘zdan kechirildi, Chikago shahar muzeyi va Michigan universiteti kutubxonalaridagi Bobur va Boburiylarga oid manbalar o‘rganildi.

Safar davomida tuhfa etilgan va nusxa olingan kitoblar “Bobur va jahon madaniyati” muzeyiga topshirildi.

18-safar (2011-yil, 26-may – 17-iyun)
Tarkibi:
Z.Mashrabov, Muhammad Ali, Q.Kenja, V.Rahmonov, A.Isaboyev.
Marshruti:
Qozog’iston, Rossiya
Maqsadi:
Amir Temurning Oltin O’rda xoni To’xtamishga qarshi birinchi yurishi va mashhur Kandircha (rus tilida Kondurcha, ilmiy adabiyotda ko’pincha Qunduzcha) daryosi yoqasidagi jang bo’lib o’tgan maydonni o’rganish.

Avtomobilda amalga oshirilgan bu safar davomida ekspeditsiya a’zolari O‘tror shahri xarobalarida olib borilayotgan arxeologik qazishmalar hamda bu yerda ochiq muzey tashkil etilib, Amir Temur sharafiga yodgorlik o‘rnatish rejasi bilan tanishdi. Turkiston shahrida Xoja Ahmad Yassaviy, Arslonbob ota, Robiyasulton Begim (Ulug‘bekning qizi, Abulxayrxonning rafiqasi) maqbaralari ziyorat qilingan.

Olmaota shahrida universitet tarixchilari bilan Temuriylar merosini o‘rganish sohasida hamkorlik qilish yuzasidan muzokara o‘tkazilgan. Amir Temur o‘z yurishi davomida bosib o‘tgan Sabron, Sariq O‘zan, To‘rg‘ay, Ulug‘tog‘, Yilanchiq daryosi va boshqa manzillarda bo‘lib, videomateriallar yig‘ilgan.

So‘ng Rossiya Federatsiyasining Chelyabinsk viloyatiga o‘tilib, Varna tumanidagi “Amir Temur minorasi” (“Bashnya Tamerlana”) deb ataladigan me’moriy yodgorlik bilan tanishgan (inshoot chorqirra shaklda, sharqona uslubda qurilgan, balandligi 17 m, tashqi o‘lchamlari 12,5m × 10 m, ichining sathi 6,5 m × 7,5 m; ma’lumotlarga ko‘ra, inshoot aslida maqbara bo‘lib, Amir Temur tomonidan 1391 y. bunyod etilgan). Shundan so‘ng ekspeditsiya Boshqirdiston va Tataristonga ham safar qilgan. Qozon davlat universitetining tarixchi va filologlarii bilan bo‘lgan uchrashuvda hamkorlik masalalari muhokama qilingan. So‘ng Qozon shahrining diqqatga sazovor joylari – Qozon Kremli, Jome masjidi bilan tanishgan.

Safar Ul’yanovsk viloyati orqali Samara viloyatida davom ettirildi. Yosh tarixchi M.Arnoldov Kandircha jangi Rossiyaning Oltin O‘rda zulmidan ozod bo‘lishida muhim rol o‘ynagani, umuman, bu borada Amir Temurning xizmatlari beqiyos ekanliginiga bag‘ishlangan “Bir muhoraba siri” maqolasi “Nauka i jizn” jurnalining tarix fani bo‘yicha o‘tkazgan tanlovining g‘olibi bo‘lgan edi. Ekspeditsiya Kandircha daryosi sohilidagi Qorovultepa qishlog‘ida M.Arnoldov va uning otasi, tarixchi N.Arnoldov bilan uchrashib, jang maydoni to‘g‘risidagi ular to‘plagan ma’lumotlar bilan tanishdi.

Samara mahalliy hokimiyati ekspeditsiya a’zolarini qabul qildi. Viloyatning tarix va o‘lkashunoslik muzeyi, boshqa madaniy-ma’rifiy tashkilotlar, Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlarining viloyatdagi qismlari bilan hamkorlikda Amir Temur bilan To‘xtamish o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jangga bag‘ishlangan harbiy-etnografik festival tashkil etish va uni an’anaga aylantirish rejasi bo‘yicha fikr almashildi. Jumladan, V.Alyabin nomidagi muzeyga tashrif chog‘ida tarixchi mutaxassislar bilan jang sodir bo‘lgan joyni aniq belgilash uchun arxeologik qazishmalar o‘tkazish masalasi o‘rtaga qo‘yildi.

Safar to‘g‘risida “Buyuk Sohibqiron izidan–1” hujjatli filmi ishlangan: ssenariy mualliflari – Z.Mashrabov, M.Yusupova, tasvirchi – A.Isaboyev, montaj ustasi – M.Isoqov, muharrir va rejissyor – M. Yusupova.

19-safar (2012-yil, 26-iyun – 2-iyul)
Tarkibi:
Z.Mashrabov, B.Matboboyev.
Marshruti:
Rossiya
Maqsadi:
Amir Temurning To’xtamishxonga qarshi birinchi yurishi bilan bog’liq ma’lumotlarni to’plashda davom etish, Kandircha jangi maydonini aniqlash maqsadida arxeologik izlanishlar o’tkazish.

Samara va Ulyanovsk viloyatlarida, Tatariston Respublikasining Bulgar shahrida izlanishlar olib borildi. Samaralik o‘lkashunoslar bilan Kandircha daryosi atrofidagi hududda geografik va arxeologik rekognatsiya ishlari o‘tkazildi. Mahalliy o‘lkashunoslar tomonidan 2012 yil mart oyida Kandircha jangining taxmin qilingan maydonda qo‘yilgan esdalik lavhasi bilan tanishildi. (Lavhaga rus tilida “Bu yerda, Sok va Kandircha daryolari oralig‘ida 1391 yili Oltin O‘rda xoni To‘xtamishxonga qarshi yurish chog‘ida Amir Temurning harbiy qarorgohi joylashgan. Yodgorlik Kandircha jangining 620 yilligi munosabati bilan o‘rnatildi” degan yozuv bitilgan.)

Samara viloyati O‘lkashunoslik muzeyi direktori, arxeolog L.Kuznetsova va arxeologiya bo‘limi mudiri, t.f.n. D.Stashenkov bilan Kandircha jangi maydonini aniq belgilash maqsadida arxeologik qazishmalar o‘tkazish to‘g‘risida kelishib olindi.

Ekspeditsiya Sankt-Peterburg shahriga borib Ermitaj muzeyida saqlanayotgan muhim yodgorlik – Amir Temur tomonidan yozdirilgan toshbitikning nusxasi olinib, granit toshga yozdirilib, Andijondagi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida namoyish etilmoqda.

20-safar (2012-yil, 26-sentabr – 28-oktabr)
Tarkibi:
Z.Mashrabov, Q.Kenja, B.Matboboyev, F.Saidmamatov, A.Isaboyev.
Marshruti:
Qozog’iston, Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya, Eron va Turkmaniston.
Maqsadi:
Amir Temurning ushbu o’lkalardagi faoliyati tarixini o’rganishni davom ettirish.

Samara viloyatining Malaya Kamenka, Truxmyanka, Kochkori qishloqlari tutashgan hududda Kandircha jangi o‘rni deb faraz qilingan maydonda P.V.Alyabin nomidagi Samara tarix-o‘lkashunoslik muzeyi arxeologlari bilan hamkorlikda uchta nazorat quduqlari qazildi.

Ekspeditsiya safarini davom ettirib, Astraxan, Saroy Botu yoki Saroy al-Maxrus, Saroy Berka yoki al-Jadid, Beljamin shahri xarobasi, Vodyansk arxeologik yodgorligi va boshqa tarixiy obyektlar bilan tanishdi. Dog‘istonda Temir-Xanshura (Temirxon shahri), Shimoliy Kavkazdagi Madjar, Quyi Julat, Yuqori Julat yoki Tataryup manzillari, Tog‘li Qorabog‘, Ganja shaharlaridagi Nizomiy Ganjaviy, Bokudagi Alisher Navoiy, Muhammad Fuzuliy yodgorliklari bilan ham tanishishdi. Mahachkal’ada R.Hamzatov uy-muzeyiga tashrif buyurildi va shoirning oila a’zolari bilan suhbat qilindi. Eron orqali: Tehron, Tabriz, Nishopur va Mashhad shaharlaridan o‘tib, bu yerdagi tarixiy obidalar, jumladan, Gavharshod Begim masjidi, Firdavsiy, Mahtumquli maqbaralari ziyorat qilindi. So‘ng Turkmanistonga o‘tib, Toshovuz viloyatidagi Ko‘hna Urganchda Najmiddin Kubro va To‘rabeka Xonim maqbaralari, Qutlug‘ Temur jome masjidining minorasi ko‘zdan kechirildi.

Ekspeditsiyaning 18–20-safarlari tafsilotlari Q.Kenjaning “Buyuk Sohibqiron o‘tgan yo‘llarda” nomli safarnomasida keltirilgan (T., “Sharq”, 2014) hamda “Buyuk sohibqiron izidan–2” hujjatli filmi suratga olingan (ssenariy mualliflari – Z.Mashrabov, Qamchibek Kenja, M.Yusupova, tasvirchi – F.Saidmamatov, montaj ustasi – M.Isoqov, muharrir va rejissyor – M. Yusupova).

21-safar (2014-yil, 8 – 15-noyabr)
Tarkibi:
Fond raisi Z.Mashrabov, fondning Afg‘oniston bo‘limi vakillari Muhammad Nabi, Abdulla Ruin.
Marshruti:
Afg‘oniston davlatining Mazori Sharif, Kobul, Hirot yo‘nalishi
Maqsadi:
Buyuk ajdodlarimiz Alisher Navoiy, Sulton Husayn Boyqaro, Kamoliddin Behzod, Al-Beruniy va Boborahim Mashrablarning qabr-maqbaralari holatini o‘rganish.

Safar Afg‘oniston davlatining Mazori Sharif, Kobul, Hirot yo’nalishida bo’lib, Alisher Navoiy, Sulton Husayn Boyqaro va Kamoliddin Behzod qabrlari holati o‘rganildi. Hirot viloyati voliysi hamda Afg‘oniston madaniyat vazirligi mutasaddilari bilan uchrashilib, ajdodlarimiz qabr-maqbaralarini obodonlashtirish bo‘yicha kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan loyihalar yuzasidan muzokaralar olib borildi.

22-safar (2014-yil, 4 – 10-dekabr)
Tarkibi:
Z.Mashrabov, H.Yorqin, R.Mamasoliev, A.Isaboev.
Marshruti:
Afg‘oniston
Maqsadi:
Afg‘onistonning Hirot shahrida dafn etilgan buyuk ajdodlarimiz Alisher Navoiy, Sulton Husayn Boyqaro, Kamoliddin Behzodlarning qabr-maqbaralari holatini o‘rganish va obodonlashtirish borasida yangi loyihalar tayyorlash.

Ilmiy ekspedisiyaning bu galgi safari ham Afg‘oniston davlatining Mazori Sharif, Kobul, Hirot shaharlari yo‘nalishida davom etdi. Safarning Afg‘onistondagi birinchi kunida Mazori Sharifdagi o‘zbek ziyolilari va boburshunos olimlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuvda Bobur xalqaro fondining Afg‘oniston (Mazori Sharif) bo‘limi tashkil qilinib, bo‘lim rahbarligiga adabiyotshunos olim Abdulla Ruin tayinlandi. Shuningdek, kitobxonlar uchun fond homiyligida nashr qilingan Bobur va Boburiylarga oid 52 nomdagi kitoblar sovg‘a tariqasida Mazori Sharif kutubxonasiga taqdim qilindi.

Safar davomida ekspeditsiya Kobul shahrida bo‘lib, Zahiriddin Muhammad Bobur qabr-maqbarasi ziyorat qilindi. Afg‘oniston hududida dafn qilingan buyuk ajdodlarimizning xarobaga aylangan qabrlarida obodonlashtirish ishlarini olib borish yuzasidan Afg‘oniston hukumati vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Hirot shahri Musallo maydonidagi Alisher Navoiy va Sulton Husayn Boyqaro qabrlari ziyorat qilinib,u joylarni obodonlashtirish yuzasidan turli o‘lchov ishlari olib borildi. Hirot viloyati Karrux tumanida dafn qilingan Sayyid Muhammad Xudoyorxon qabri ham ziyorat qilindi. Qabrning o‘g‘irlab ketilgan sag‘ana toshi o‘rni foto-suratga olindi.

23-safar (2015-yil, 19-iyul – 1-avgust)
Tarkibi:
Z.Mashrabov, A.Isaboyev, H.Kimsanov, I.Mamaroziqov, Z.Mamarasulov, M.Mirzayev, T.Rahimov, V.Rahmonov.
Marshruti:
Andijon, Turkmaniston, Afg’oniston, Hirot.
Maqsadi:
Hirotdagi Alisher Navoiy maqbarasiga sag’ana toshi bilan milliy naqshli eshik o’rnatish, maqbara atrofini obodonlashtirish va musavvir Kamoliddin Behzodning qabri ustiga maqbara loyihalarini tayyorlash uchun material yig’ish.

Ekspeditsiya a’zolarini Hirot shahrida viloyat madaniyat ishlari boshqarmasi boshlig‘i Oriyo Rufiyon kutib oldi. Ertasiga O‘zbekistondan olib kelingan yuklar Hirotning mashhur Musallo maydoniga keltirildi. Alisher Navoiy maqbarasida “Qur’on” tilovat qilinib, eski qabr toshi o‘rniga G‘ozg‘onning oq marmaridan sangtarosh usta T.Rahimov tayyorlangan sag‘ana toshi (og‘irligi 3,5 tonna) va toshkentlik usta A.Rahmonov tayyorlagan milliy naqshli eshik o‘rnatildi. Toshning old tomoniga Navoiyning tavallud va vafoti sanasi, yon tomonlarining yuqori qismida “Qur’on”dan oyatlar, ularning ostiga esa Navoiyning:

Bu gulshan ichra chu yo‘qtur baqo guliga sabot, Ajab saodat erur chiqsa yaxshilik bila ot.

Muammo-shohbayti o‘zbek va fors tillarida o‘yib yozilgan. Bu marosimdan so‘ng ekspeditsiya a’zolarini Hirot shahrining voliysi Muhammad Osif Rahimiy qabul qildi va Navoiy hazratlariga qo‘yilgan sag‘ana toshi uchun Hirot xalqi nomidan minnatdorchilik bildirdi. Qabul chog‘ida Navoiy maqbarasi atrofini obodonlashtirish hamda Kamoliddin Behzod qabrining ustiga maqbara qurish kelishib olindi.

Muammo-shohbayti o‘zbek va fors tillarida o‘yib yozilgan. Bu marosimdan so‘ng ekspeditsiya a’zolarini Hirot shahrining voliysi Muhammad Osif Rahimiy qabul qildi va Navoiy hazratlariga qo‘yilgan sag‘ana toshi uchun Hirot xalqi nomidan minnatdorchilik bildirdi. Qabul chog‘ida Navoiy maqbarasi atrofini obodonlashtirish hamda Kamoliddin Behzod qabrining ustiga maqbara qurish kelishib olindi.

Safar to‘g‘risida “Buyuklar izidan” hujjatli filmi ishlangan: ssenariy mualliflari – Z.Mashrabov, M.Yusupova, tasvirchilar – A.Isaboyev, I.Mamaroziqov, S.Abdullayev, B.Hakimjonov, montaj ustasi – A.Qambarov, muharrir va rejissyor – M.Yusupova.

24-safar (2016-yil, 8 – 18-mart)
Tarkibi:
Z.Mashrabov, S.Azimov, N.Ahmedov, A.Isaboyev, I.Mamaroziqov, R.Mamasoliyev, T.Rahimov, R.Qodirov, X.Qo’ziyev.
Marshruti:
Andijon, Buxoro, Turkmaniston, Afg’oniston, Eron.
Maqsadi:
Hirot shahrining Musallo maydonidagi Alisher Navoiy maqbarasi atrofida bog’ barpo qilish, Kamoliddin Behzodning qabri ustiga maqbara tiklab, sag’ana toshini o’rnatish, hamyurtimiz Sayyid Muhammad Xudoyorxonning o’g’irlab ketilgan qabr toshi o’rniga sag’ana o’rnatish hamda shoir Lutfiy maqbarasini ta’mirlash.

Ekspeditsiya a’zolari mikroavtobus va yuk mashinasida dastavval Buxoro shahriga kelib, Abduholiq G‘ijduvoniy qabri ziyorat qilindi. So‘ng Turkmaniston orqali Afg‘onistonning chegarasiga Turg‘undi chegara postiga yetib kelindi. Bu yerdan ekspeditsiya a’zolari hirotlik yo‘lboshlovchi Abduqayum Pedram hamda xavfsizlik xizmati xodimlari kuzatuvida Hirot shahriga borib, mehmonxonaga joylashildi.

Tashrifning ertasiga Hirotning mashhur Musallo maydonida Alisher Navoiy maqbarasi atrofida bog‘ barpo qilishga kirishildi. Ekspeditsiya rahbari Z.Mashrabov, Hirot shahri voliysi Muhammad Rahim Osifiy, Hirot shahri ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Abdumajid Roziy ramziy ma’noda birinchi ko‘chatni o‘tqazdi. Shundan keyin ekspeditsiya a’zolari hirotlik 15 nafar ishchi bilan birga O‘zbekistondan olib kelingan 1150 tup eman, kashtan, qarag‘ay, sadaqayrag‘och, Hirot shahridan sotib olingan 1000 tup manzarali daraxt va gul ko‘chatlari ekildi.

Hirot shahrining shimolidagi qoyali tepalikda joylashgan “Sayyid Muxtor” mozoridagi Kamoliddin Behzod qabri ustiga maqbara qurildi va O‘zbekistonda tayyorlab olib kelingan marmar sag‘ana toshi avtokranlarda olib chiqilib o‘rnatildi. Hirot viloyatining Karruh tumanida joylashgan hamyurtimiz Sayyid Muhammad Xudoyorxon qabri ustiga sag‘ana toshi o‘rnatildi. So‘ng notinchliklar putur yetkazgan Lutfiy maqbarasi (O‘n ikkinchi safar to‘g‘risidagi ma’lumotga q.) ta’mirlandi.

Safar to‘g‘risida “Unutma, doimo ruhimni shod et” hujjatli filmi ishlangan: ssenariy mualliflari – Z.Mashrabov, M.Yusupova, tasvirchilar – A.Isaboyev, I.Mamaroziqov, muharrir va rejissyor – M.Yusupova.

25-safar (2016-yil, 7 – 8-oktabr)
Tarkibi:
Z.Mashrabov, R.Mamasoliyev, Q.Kenja, Z.Mamarasulov, A.Isaboyev.
Marshruti:
Andijon, Farg’ona, Hushyor.
Maqsadi:
Zahiriddin Muhammad Boburning salkam bir yil davomida yashagan Hushyor qishlog’idagi hayoti va faoliyati bilan bog’liq joylarni o’rganish va fondning Farg’ona viloyati bo’limini tashkil etish.

“Boburnoma”da Hushyor haqida deyarli ma’lumot bo‘lmasa-da, Bobur Mirzo Hindistonning Agra shahrida o‘tkazgan katta to‘y-izdahomlaridan biriga andijonlik, samarqandlik ko‘ngil yaqinlari bilan birga hushyorliklarni ham taklif qiladi va o‘z ta’biricha, “beviloyat va bevatan yurgan” chog‘larida joniga oro kirgan hushyorlik qadrdonlariga alohida izzat-ikrom ko‘rsatib, ularga boshqa mo‘tabar mehmonlar qatori chakmon, qimmatli sarpolar, oltin, kumush kiyimliklar in’om etadi.

Ekspeditsiya a’zolari mikroavtobusda Qirg‘izistonning Botkent viloyatidan o‘tib, Farg‘ona viloyati So‘x tumani, Hushyor qishlog‘iga yetib bordi. U joydagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi 14-o‘rta maktab o‘qituvchilari, qishloq faollari, ziyolilar bilan uchrashdi. So‘x tumani hokimligi vakili Abdushukur To‘raboyev, maktab direktori Sadriddin Abdurahmonov, Bobur Mirzo ijodining ixlosmandlaridan O‘zbekiston xalq maorifi a’lochisi Muhammadjon Po‘latov, faxriy o‘qituvchi Begali Boltayev, Ilyosjon Olimov va boshqalar Zahiriddin Muhammad Boburning Hushyorda umrguzaronlik qilishi bilan bog‘liq ma’lumotlar haqida so‘zlab berdilar. Hushyor qishlog‘i bilan ilmiy-madaniy aloqalarni mustahkamlash maqsadida Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondining Farg‘ona (So‘x) viloyati bo‘limi ochilib, jamoatchilik asosidagi rahbari tayinlandi. Mahalliy faollarning taklif va tavsiyalariga ko‘ra Bobur fondining Farg‘ona viloyati bo‘limini 14-maktab ichida tashkil etib, uning rahbari va a’zolari saylandi. Ekspeditsiya a’zolari maktab ixtiyoriga berilgan Bobur nomi bilan atalgan boqqa mevali daraxt ko‘chatlari ekilishida qatnashdilar.

Boburning So‘x va Hushyorda boshidan kechirgan safarining batafsil taassurotlari haqida 2019 y. “Farg‘ona” nashriyotida chop etilgan Ali Muhammadxon Po‘lodiyning “Bobur So‘x va Hushyorda (lavhalar, rivoyatlar)” kitobida ham tanishishingiz mumkin.

Ushbu ekspeditsiya safari haqida ekspeditsiya a’zosi Qamchibek Kenja muallifligidagi “Bobur Hushyorda” nomli maqolasi 2016 y. 9-noyabrda “Andijonnoma”, 18-noyabrda “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetalarida chop etilgan.

Shuningdek safar taassurotlari ekspeditsiya a’zosi Qamchibek Kenja tomonidan 2022- y. “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasida nashr etilgan “Boburiylardan biri” nomli hujjatli romanda hamda 2023-y. nashr etilgan Toshkent “Yosh avlod matbaa” nashriyotida “Armonlar va tug‘yonlar” nomli kitoblarida ham “Bobur Hushyorda” sarlavhasi bilan chop etilgan.

Ushbu safar to‘g‘risida “Diyor bo‘ylab” nomli hujjatli film ishlangan: ssenariy muallifi va rejissyor M.Yusupova, tasvirchi A.Isaboyev, montaj ustasi A.Qambarov.

26-safar (2016-yil, 24– 28-dekabr)
Tarkibi:
Z.Mashrabov, V.Rahmonov, Q.Kenja, A.Isaboyev.
Marshruti:
Andijon, Qoraqalpog’iston Respublikasi.
Maqsadi:
Beruniy tumanida “Beruniy avlodlari” jamoat fondi tomonidan tashkil etilgan “Abu Rayhon Beruniy va hozirgi zamon” mavzuidagi ilmiy-nazariy seminarda ishtirok etish va Bobur fondining Qoraqalpog’iston Respublikasi bo’limini tashkil etish.

Beruniy tumanida “Beruniy avlodlari” jamoat fondi hamda uning “Tamaddun nuri” jurnali xodimlari bilan uchrashib, fikr, tajriba almashildi, o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida kelishib olindi.

Ekspeditsiya a’zolari mikroavtobusda Qirg‘izistonning Botkent viloyatidan o‘tib, Farg‘ona viloyati So‘x tumani, Hushyor qishlog‘iga yetib bordi. U joydagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi 14-o‘rta maktab o‘qituvchilari, qishloq faollari, ziyolilar bilan uchrashdi. So‘x tumani hokimligi vakili Abdushukur To‘raboyev, maktab direktori Sadriddin Abdurahmonov, Bobur Mirzo ijodining ixlosmandlaridan O‘zbekiston xalq maorifi a’lochisi Muhammadjon Po‘latov, faxriy o‘qituvchi Begali Boltayev, Ilyosjon Olimov va boshqalar Zahiriddin Muhammad Boburning Hushyorda umrguzaronlik qilishi bilan bog‘liq ma’lumotlar haqida so‘zlab berdilar. Hushyor qishlog‘i bilan ilmiy-madaniy aloqalarni mustahkamlash maqsadida Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondining Farg‘ona (So‘x) viloyati bo‘limi ochilib, jamoatchilik asosidagi rahbari tayinlandi. Mahalliy faollarning taklif va tavsiyalariga ko‘ra Bobur fondining Farg‘ona viloyati bo‘limini 14-maktab ichida tashkil etib, uning rahbari va a’zolari saylandi. Ekspeditsiya a’zolari maktab ixtiyoriga berilgan Bobur nomi bilan atalgan boqqa mevali daraxt ko‘chatlari ekilishida qatnashdilar.

Beruniy tumani markazidagi Axborot resurs markazidagi yig‘inda 1997-yili Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi tomonidan qadimgi Kot (hozirgi Beruniy) shahrida tavallud topgan buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Beruniyning Afg‘onistonning G‘azni shahridagi qabridan olib kelingan tuproq asosida tuman markazida ramziy qabr barpo etish tarixiga bag‘ishlangan videorolik namoyish qilindi. So‘ng buyuk ajdodlarimizning madaniy meroslarini o‘rganish, ularni nomlarini abadiylashtirish, qabr-maqbaralarini obodonlashtirish borasidagi ulkan xizmatlari evaziga Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi rahbari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Zokirjon Mashrabovga “Beruniy avlodlari” jamoat fondi tomonidan ta’sis etilgan mukofot va ko‘krak nishoni topshirildi.

Beruniy va Ellikqal’a tumanlari ziyolilari, boshqa daxldor kishilarning fikr-mulohazalari asosida Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondining bo‘limi Ellikqal’a tumanida tashkil etilib, uning rahbari va a’zolari saylandi.

Ushbu ekspeditsiya safari haqida ekspeditsiya a’zosi Qamchibek Kenja tomonidan 2022-yili “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasida nashr etilgan “Boburiylardan biri” nomli hujjatli romanda “Beruniy va Bobur uchrashganda” sarlavhasi ostida, 2023-yili nashr etilgan Toshkent “Yosh avlod matbaa”nashriyotida “Armonlar va tug‘yonlar” nomli kitobida “Ikki daho uchrashganda” sarlavhasi bilan, shuningdek, Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash to‘g‘risida”gi 2022-yil 25-avgustdagi PQ-361-sonli qarori e’lon qilinishi munosabati bilan ekspeditsiya rahbari Zokirjon Mashrabov hammuallifligida 2022-yil “Andijon nashriyot-matbaa” MCHJda nashr etilgan “Buyuklar buyugi” nomli kitoblarida yozilgan.

27-safar (2017-yil, 3 – 17-aprel)
Tarkibi:
Z.Mashrabov, R.Mamasoliyev, A.Isaboyev.
Marshruti:
O’zbekiston, Afg’oniston
Maqsadi:
Afg’oniston davlatining G’azni, Ishkamish va Hirot shaharlaridagi Abu Rayhon Beruniy, Boborahim Mashrab va Sulton Husayn Boyqaroning haroba holatdagi qabrlarini afg’onistonlik hamkorlar bilan obodonlashtirishdagi vazifa-ulushlarini belgilash va qilinadigan ishlar yuzasidan ikki tomonlama shartnomalar tuzish.

Ekspeditsiya a’zolari avtomashinada Afg‘oniston chegarasidan o‘tib Mozorifi Sharifdagi O‘zbekiston konsulligi binosiga borib joylashdi. Mozorifi Sharifda afg‘onistonlik tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, allomalar qabrlarini obod qilish bo‘yicha vazifalar belgilanib olindi. So‘ng, Kobul shahriga borilib, O‘zbekiston elchixonasi vakillari ishtirokida Afg‘oniston rasmiylari bilan muzokaralar olib borildi. Lekin, havfsizlik e’tiboridan Afg‘oniston tomonidan Ishkamish va G‘azni shaharlari borishga ruxsat berilmadi.

28-safar (2017-yil, 21 – 22-sentabr)
Tarkibi:
Z.Mashrabov, Q.Kenja, Yo.Jalolov, T.Ehsonov, A.Isaboyev.
Marshruti:
Andijon, O’sh (Qirg’iziston).
Maqsadi:
Zahiriddin Muhammad Boburning ishonchli amirlaridan birining nomiga qo’yilgani Xoja Kalon (mahalliy lahjada Xo’ja Kelen) qishlog’ini ziyorat qilish va ma’lumotlar yig’ish.

Ekspeditsiya a’zolari avtomashinada Andijondan “Do‘stlik” chegara-bojxona posti orqali o‘tib, Oqbo‘ra daryosi yoqalab, uning asosiga qurilgan Papan suv ombori yetib bordi. So‘ngra Oqbo‘raga tutash Papan qishlog‘idan o‘tib, Qorag‘ul ovulidan keyin Xoja Kalonga kirib borildi, buyuk boburiylar va ushbu mozorda yotgan Xoja Kalon haqqiga tilovat va duolar qilindi.

Ma’lumki, “Boburnoma”da ikki nafar Xoja Kalon — yigirmadan ziyod o‘rinda Zahiriddin Muhammad Boburning mashhur beklaridan biri Mir Xojai Kalon, besh-olti sahifada Movarounnahrdagi xojagon-naqshbandiya tariqatining peshvolaridan biri Xoja Ahrori valiyning chevarasi Xoja Kalonning ism-shariflari qayd qilinadi (q. Xoja Kalon(bek).

Qabr ta’mirga, obodonlashtirishga muhtoj edi. Bu yerda ham dastlab va yaqqol ko‘zga tashlanadigan manzara – uch tomon – kun chiqish, shimol va kun botishdagi tog‘larning bo‘ylari qariyb barobar, ammo Xoja Kalon qishlog‘idagi kabi, shakl-shamoyili, tuslari rang-barang va pastdagidan ko‘ra-da, jozibali, ko‘rkam edi.

Shuningdek, ekspeditsiya a’zolari so‘nggi yillarda Umarshayx Mirzo Nanay qishlog‘idan 8- 10 km. olisdagi Qirg‘izistonning Axsi tumanidagi Safedbulon (Shahidlar makoni)ga dafn etilganligi haqidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritish maqsadida Bobur nomidagi xalqaro ilmiy ekspeditsiya Aravon shahrida bo‘lib, ushbu fikrga oid xulosalar to‘plandi..

Ushbu ekspeditsiya safari haqida ekspeditsiya rahbari Zokirjon Mashrabov va uning a’zosi Qamchibek Kenja muallifligidagi “Xoja Kalon manziliga safar” nomli maqolasi 12.06.2021-yil 28-30-sonlarida “Andijonnoma”da, 02.07.2021-yil 27-sonida “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetalarida chop etilgan.

Shuningdek safar taassurotlari ekspeditsiya a’zosi Qamchibek Kenja tomonidan 2022- yil “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasida nashr etilgan “Boburiylardan biri” nomli hujjatli romanda hamda 2023-yili nashr etilgan Toshkent “Yosh avlod matbaa”nashriyotida “Armonlar va tug‘yonlar” nomli kitoblarida ham “Xoja Kalonga safar” sarlavhasi bilan chop etilgan.

Ushbu safar to‘g‘risida “Moziy”nomli hujjatli film ishlangan: ssenariy muallifi va rejissyor M.Yusupova, tasvirchi A.Isaboyev, montaj ustasi A.Qambarov.

29-safar (2017-yil, 14 – 16-dekabr)
Tarkibi:
Z.Mashrabov, Yo.Jalolov, V.Rahmonov, T.Ehsonov, A.Isaboyev.
Marshruti:
Andijon, O’sh, O’zgan.
Maqsadi:
Qirg’iziston Respublikasi Olabuqa tumani Oqtom kenti fuqarolar yig’iniga qarashli Safedbulon qishlog’iga qaratilgan bo’lib, Qirg’iziston olimlarining Boburning otasi Umarshayx mirzoning “Safedbulon qishlog’ida dafn etilgan va Mirzo Boburning ziyoratgohda bo’lgani” haqidagi ma’lumotlarga va Umarshayx mirzo qabri qayerdaligiga aniqlik kiritish.

Safedbulon qishlog‘i ahli asosan o‘zbek oilalaridan iborat bo‘lib, 12 ming kishi istiqomat qiladi. Qishloq O‘zbekistonning Koson, Nanay shaharlaridan 8 km. narida joylashgan.

Bobur Mirzo poyqadami yetgan Safedbulondan siyosiy-iqtisodiy, ilmiy-ma’rifiy sohalar bo‘yicha yaxshi mutaxassislar yetishib chiqqan. O‘zbekistondagi yirik nashriyotlardan biri “Sharq” nashriyot-matbaaa konserni bosh muharriri Axror Ahmedov, taniqli publitsist Ahmadjon Meliboyev, jahon adabiyoti jurnalining bosh muharriri, taniqli olim, fan doktori, professor Odiljon Olimjonov va taniqli bolalar shoiri Tursunboy Adashboyev shular jumlasidandir.

Ekspeditsiya O‘sh shahri bo‘sag‘asidagi «Do‘stlik» (O‘zbekiston-Qirg‘iziston) chegara bojxona postidan o‘tib, O‘shni o‘ng qo‘lda qoldirib, O‘zgan tomon yo‘lga tushdi. O‘zganga yetganda rejada nazarda tutilgan buyuk siymo Shayx Burhoniddin Qilich qabr-maqbarasiga joylashgan qabristonga borildi.

O‘zgan shahridagi eng qadimiy va yirik qabristonning chekkarog‘ida XI asrda yashab o‘tgan Burhoniddin Qilich qabr-maqbarasini izlab borib, duoi fotiha qilindi. Ushbu aziz alloma haqidagi XIX asr rus ensiklopediyasidagi ma’lumotlarga ko‘ra mazkur shayx va mudarrisning ko‘p umri O‘zgan, Andijon va Xo‘jand madrasalarida kechgan. «Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi»da ham Boburning piri Xoja Mavlono Qozining shajarasi Burhoniddin Qilichga borib yetishi alohida qayd etilib, Burhoniddin Qilich xususida ma’lumotlar berilgan (q. Xoja Mavlonoyi Qozi).

So‘ngra Jalolobodga yo‘l olindi. Jalolobod shahri viloyat markazida «Shoh Fazl tarixiy-me’moriy majmuasi» qarorgohini topib, ushbu majmuaning direktori Erkinhoji Begimqulov qabulida bo‘lindi.

Yana salkam 400 km. masofa yo‘l bosib, Safedbulon qishlog‘iga yetib kelindi. Safedbulondagi “Shoh Fazl” tarixiy-memoriy majmuasi direktori o‘rinbosari Tojixon Toshpo‘latovaning Safedbulon qishlog‘i hamda ziyorati to‘g‘risida mufassal ma’lumotlari olindi. Jumladan, Shoh Hakim Xolisning «Safedbulon qissasi» (yoki “G‘azotnomai Shoh Jarir”) dostonini (Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot 1994) va shu tarixiy-me’moriy majmuaning sobiq rahbari, tarixchi tadqiqotchi Tursunboy hoji Abdunabi o‘g‘lining «Safedbulon tarixi» kitoblari qo‘lga kiritildi.

Olabuqa tumani Oqtom kentiga qarashli Safedbulon qishlog‘idagi Shoh Fazl tarixiy-me’moriy majmuasi g‘oyat qadimiy tarixga ega bo‘lgan juda ulkan ziyoratgoh bo‘lib, uning tarkibiga quyidagilar kiradi:

Olabuqa tumani Oqtom kentiga qarashli Safedbulon qishlog‘idagi Shoh Fazl tarixiy-me’moriy majmuasi g‘oyat qadimiy tarixga ega bo‘lgan juda ulkan ziyoratgoh bo‘lib, uning tarkibiga quyidagilar kiradi:

- Shoh Fazl maqbarasi (yuksak minorasimon ulug‘vor imorat)

- Bu Bulon maqbarasi. Safedbulon ismli xizmatkor qiz qabri:

- Qirg‘in masjid: 2772 ta tobe’in va tabatobe’inlar qatl etilgan masjid.

- Kallaxona. 2772 ta odam boshlari yig‘ilib ko‘milgan maskan.

- Mozor tepa. Mozoristondan iborat katta tepalik.

- Xoja Alamdor-arab lashkarining bayroqdori va uning o‘g‘lining qabri.

- Do‘lana shahar.

- Jome’ masjidi.

- Arab va fors tillarida yozuvli qayroqtosh bitiktoshlar (VII-IX asrlardagi arab, ispidbulonli va ozarbayjonli diniy arboblar haqida)

Shoh Fazl majmuasining markazida darvish kulohi shaklidagi bir ulkan obida balandligi 15.7 m. gumbazli maqbara bor. Safedbulon qishlog‘ida yillar davomida kompleks tadqiqotlar o‘tkazgan professor Valentina Dmitriyevna Goryacheva bu haqda kitob va maqolalar yozgan. U o‘z kitoblarida Safedbulon qishlog‘idagi ulkan maqbara yodgorligi tiklanishini X-XI asrlarga mansubligini qayd etgan.

Shuningdek mahalliy tadqiqotchilardan Tursunboyhoji Abdunabi o‘g‘lining “Safedbulon tarixi” va Erkinhoji Begimqulovning “Safedbulon tarixiy - me’moriy majmuasi” va boshqa kitoblari chop etilgan.

O‘rta Osiyo me’morchiligining durdonalaridan biri bo‘lgan Shoh Fazl maqbarasi turkiy xalqlar madaniyati, san’atini o‘zida mujassamlashtirib turgan tarixiy, me’moriy inshoot hisoblanadi.

Ushbu mutlaqo o‘zgacha me’moriy uslub, shakl va ulkan mahobatli yodgorlikning yaratilishi haqida olimlarning fikrlari turlichadir.

Ularning bir qismi yodgorlik X-XI asrga mansub bo‘lib, qoraxoniy hukmdor Muiz-ad-davla Arslon tegin Abulfazl Abbos bin Muhammad tomonidan o‘z otasi Muhammad ibn Nasrga atab qurilganini tasdiqlashsa, boshqa bir qismi bu ulkan yodgorlikni tiklash Amir Temur buyrug‘i va mablag‘i evaziga shahid ketgan islom dini fidoyilari uchun qurilgan va qurilishni Sohibqironning o‘g‘li Farg‘ona viloyatining xukmdori Umarshayx Mirzoning nazoratida bo‘lgan deb hisoblashadi.

Ikkala fikrni o‘rtaga tashlab, muhokama qilgan V.D.Goryachevaning o‘zi ham yodgorlikning ichki qismining ingichkaligi bois, nomutanosibligini hisobga olib, yodgorlik buzilib, qayta tiklanganini yozadi. Shuningdek, u A.N.Bernshtam fikrini ham inobatga olib, yodgorlik XIV asrda tiklanganligi ehtimolini ham qayd etadiki, bundan Sohibqiron Amir Temur xizmatini sezish mumkin.

V.D.Goryacheva yuqorida qayd etgan olimlar mulohazalarini tahlil qilar ekan yana bir yangicha yondashuvga diqqatimizni tortadi. Uningcha, bu binoning pastki qismi ilgari so‘fiylar uchun xonaqoh sifatida qurilgan. Chunki uning ikki tomonida unga tutash binolar bo‘lgan. Keyinchalik shu yerlik biror ulug‘ aziz yoki davlat arbobiga atalib, ustki qismi bilan qayta qurilgan va binoga maqbara maqomi berilgan bo‘lishi ham mumkin.

Muallif bu fikrini Safedbulon qishlog‘i haqida ilk ma’lumot saqlangan Jamol Qarshiyning “Mulhaqot us Suroh” kitobida (XIII asr) shahidlar haqida ma’lumot boru, Shoh Fazl yodgorligi tilga olinmagani bilan dalillaydi. “Demak, Shoh Fazl shaxsi hali lozim darajada e’tirof etilmagan bo‘lsa kerak”, deya mulohaza yuritadi.

Ana shu fikrlardagi har xillikka Tursunboy Abdunabiyevning “Safedbulon tarixi” kitobi birmuncha aniqlik kiritganday bo‘ladi: “Bu haqda “Safedbulon qissasi” asarida Mirzo Boburning otasi Umarshayx Mirzo tomonidan ta’mirlangani aytiladi” (180-181-betlar.), deya yozadi muallif.

“Safedbulon qissasi” kitobidagi ma’lumotga ko‘ra, Umarshayx Mirzo ibn Abusaid Mirzo emas, balki uning o‘g‘li-Zahiriddin Muhammad Bobur bu qishloqqa kelib Shoh Fazl maqbarasiga “gunbaz ayladi. Uch yuz ellik tillo berdi, anga marqad ayladi. Gunbazini biturub, koshin qilay deb chog‘ladi” degan gaplar yozilgan.

Bu ulkan tarixiy yodgorlik tadrijiy bunyodini hujjatlar asosida quyidagicha tasavvur qilish mumkin: bino avval xonaqoh bo‘lgan. So‘ngra biror podshoh Qoraxoniylar hukmdoriga atab ustiga gumbaz bunyod etgan; asrlar o‘tib gumbaz o‘pirilib, yodgorlik vayrona holiga kelgan. Bobur bu ziyoratgohga kelib, gumbazni qayta bunyod ettirgan, Shoh Fazlga atab sag‘ana yasattirgan.

Safar to‘g‘risida Z.Mashrabov, B.Matboboyev va V.Rahmonovlar hammuallifligida “Bobur qurdirgan maqbara topildi” sarlavhasi ostida “Andijonnoma” gazetasida 28.11.2018 yil kungi 95-96-sonlarida, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida 07.12.2018-yil kungi 50-hamda 21.12.2018-yil kungi 52-sonlarida, “Bobur va dunyo” jurnalining 2018-yilgi 6-sonida e’lon qilingan.

SUshbu safar to‘g‘risida “Moziy”nomli hujjatli film ishlangan: ssenariy muallifi va rejissyor M.Yusupova, tasvirchi A.Isaboyev, montaj ustasi A.Qambarov.

30-safar (2018-yil, 10 – 20-avgust)
Tarkibi:
Z.Mashrabov, V.Rahmonov, A.Jumaqulov, G’.Majidov, A.Mashrapov.
Marshruti:
Andijon, Hindiston.
Maqsadi:
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24- maydagi «Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ’ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora tadbirlari to’g’risida»gi PQ-2995-sonli qarorida beliglangan vazifalarni bajarish hamda Hindiston ilmiy va tarixiy muassasalarida saqlanayotgan va xalqimiz ma’naviy merosiga oid qo’lyozma asarlarning katalogini yaratish va ularning nusxalarini mamlakatimizga qaytarish.

Ekspeditsiya a’zolarining Hindiston bo‘ylab uyushtirilgan ekspeditsiya safari Dehli shahridagi Xumoyun mirzo maqbarasini, Xusrav Dehlaviy, Mirzo G‘olib, Mirzo Abdulqodir Bedil qabrlarini ziyorat qilishdan boshlandi. Safar davomida Hindistonning mashhur boburshunos olimlari adib Salmon Xurshid va Rampur Rizo kutubxonasi sobiq direktori Said Muhammad Aziziddin Husayn bilan muloqot qilindi. Hindiston Milliy arxivida saqlanayotgan “Bobur devoni”, “Voqeoti Boburiy” va Bobur davrida yashagan Hakim Qandahoriyning Bobur bag‘ishlab yozgan “Guli rangin” (“Qizil gul”) dostonidan nusxalari olindi. Shuningdek, Rampur Rizo kutubxonasida saqlanayotgan ko‘plab noyob manbalar bilan tanishildi. Muhimi, safar davomida 120 dan ziyod qo‘lyozma va nodir manbalar nusxalarini, o‘ndan ziyod noyob kitoblarni olib kelishga muvaffaq bo‘lindi. To‘plangan materiallar hamda olib kelingan noyob qo‘lyozma asarlar asosida «Bobur va jahon madaniyati» kitob muzeyi yanada boyitildi.

31-safar (2019-yil, 14 – 17-noyabr)
Tarkibi:
R.Mamasoliyev, O.Mahmudov. S.Azimov.
Marshruti:
Andijon, Qirg’iziston, Tojikiston
Maqsadi:
Dukchi Eshon haqidagi tarixiy manbalarga oydinlik kiritish, Qirg’iziston va Tojikiston davlatlarida yashayotgan qarindoshlari haqidagi ma’lumotlarni yig’ish.

Ekspeditsiya a’zolari safarning birinchi kuni Farg‘ona viloyati Quvasoy shahri orqali Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh viloyati Novqat rayoni, To‘las qishloq ayilida istiqomat qiluvchi Dukchi Eshon qarindoshlari xonadonida bo‘lib, ular bilan suhbatlashildi va qarindoshlik silsilasi bo‘yicha mavjud ma’lumotlar tekshirildi. Safarning ikkinchi kuni Tojikiston Respublikasi, So‘g‘d viloyati Asht nohiyasi, “Qalam” qishlog‘idagi Nazirjon Ro‘ziyev xonadonida bo‘lib, Dukchi Eshonning Tojikiston Respublikasidagi avlodlari haqida ma’lumotlar o‘rganildi. To‘plangan ma’lumotlar asosida Dukchi Eshon haqida ma’lumotlarga to‘liq oydinlik kiritish maqsadida uning Tojikistondagi avlodlari bilan uchrashish, uning vafoti bilan bog‘liq, ammo bizga ma’lum bo‘lmagan voqealarga aniqlik kiritish uchun Tojikiston Respublikasi, Kulob viloyatidagi (“Xazrati Burg‘” qabristoni) ziyoratgohi va u yerdagi diniy madrasa hamda madrasa qoshidagi kutubxonaga qo‘yilgan Dukchi Eshon kitoblarini o‘rganish uchun navbatdagi ekspeditsiya safarini tashkil etishga kelishildi.

32-safar (2022-yil, 14 – 21-yanvar)
Tarkibi:
Z.Mashrabov, V.Rahmonov, O.Mahmudov, A.Isaboyev.
Marshruti:
Tojikiston Respublikasi Xo’jand, Dushanbe va Ko’lob viloyatlariga.
Maqsadi:
Buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur mirzo qadamjoylari bo’ylab ilmiy-madaniy manbalarni o’rganish, o’z asarlarining mazmun mohiyati bilan ma’naviy tarbiya, birlik, jipslik va odamlar orasidagi muhabbatni mustahkamlashga xizmat qilgan Kubraviya tariqati namoyondalaridan Mir Sayid Ali Hamadoniy bilan bog’liq tarixiy ma’lumotlarni yig’ish va o’rganish.

Ekspeditsiya a’zolari Andijondan chiqib, Qo‘qon, Konibodom, Xo‘jand, Astrafshan (O‘ratepa), Dushanbe yo‘nalishi bo‘ylab o‘z safarini boshladi. Tojikiston Respublikasi Dushanbe shahrining Tavildara (hozirgi Sangvor) nohiyasi “Layroni bolo” qishlog‘ida bo‘lib, Mingtepa farzandi, istiqlol va hurriyat kurashchisi, Muhammadali Eshon Sobir Xalfa o‘g‘li – Dukchi Eshon hazratlarining bugungi kunda yashab kelayotgan avlodlari bilan uchrashib, suhbat qurib, eshonning taqdiri va hayotiga daxldor muhim tarixiy hujjatlardan nusxalar olishga muyassar bo‘lindi.

Safar to‘g‘risida Z.Mashrabov, V.Rahmonov va O.Mahmudovlar hammuallifligida “Dukchi eshon: Tarix va Haqiqat” sarlavhasi ostida “Hurriyat” gazetasida 02.06.2022- yil kungi 21-sonida, “Andijonnoma” gazetasida 11.06.2022- yil kungi 32-33-sonlarida, “Bobur va dunyo” jurnalining 2022-yilgi 2-sonida e’lon qilingan. Andijon viloyati teleradiokompaniyasi tomonidan 28.01.2022-yil kungi “Ma’naviyat – qalb ko‘zgusi, “Mahalla” telekanalining 06.03.2023-yil kungi “Inson aziz” rukni ostida nomli hujjatli filmlari namoyish etilgan.

33-safar (2022-yil, 17 – 30-noyabr)
Tarkibi:
Z.Mashrabov, S.Obidov.
Marshruti:
Amerika Qo’shma Shtatlari.
Maqsadi:
AQSHdagi muzey hamda universitetlarga tashrif buyurib, u yerdagi O’zbekistonning madaniy va ma’naviy merosiga taalluqli qo’lyozma va noyob kitoblar haqida ma’lumotlar to’plash, shuningdek, ularning nusxalarini yurtimizga olib kelish yuzasidan muzokaralar o’tkazish.

Eskpeditsiya safarini Kaliforniya shtatidan boshladi. San Fransiskodagi “Legion of Xonor”, Los Anjelesdagi muzeylarni, Getti muzeyini, Gollivud tog‘ida joylashgan observatoriya ziyorat qilindi hamda mamlakatimiz tarixiga oid manbalar to‘planilib, tarixga oid kitoblar sotib olindi.

Amerika safari doirasida qator ilmiy va tarixiy markazlarda uchrashuv va kichik tadqiqotlar o‘tkazildi, nashrga tayyorlanayotgan Bobur ensiklopediyasining o‘zbek tilidagi yangi, to‘ldirilgan nashri hamda uning ingliz va rus tillaridagi tarjima variantlarini jahon standartlari darajasida chop etish, shuningdek, ensiklopediya nashriga bog‘liq yangi ma’lumotlarni to‘plandi. Amerikada saqlanayotgan xalqimiz ma’naviy merosiga oid qo‘lyozma va asarlarning nusxalari bilan tanishilib, to‘plangan materiallar hamda olib kelingan noyob qo‘lzyoma asarlar asosida «Bobur va jahon madaniyati» kitob muzeyi yanada boyitildi.