Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Ul ahd ila paymon qani, ey yor, ne bo‘ldi? ...

Ul ahd ila paymon qani, ey yor, ne bo‘ldi?

Ul lutf ila ehson qani, ey yor, ne bo‘ldi?

 

Kettim meni hayron eshigingdin, demading hech:

Ul telbai hayron qani, ey yor, ne bo‘ldi?

 

Yuz ko‘rsatibon el ichida lutf etar erding,

Ul lutfi namoyon qani, ey yor, ne bo‘ldi?

 

Sening sari bordi ko‘ngul, istab topa olmon,

Sening sari borg‘on qani, ey yor, ne bo‘ldi?

 

Jonimg‘a davo so‘zung edi, so‘zlamading, oh,

Jon dardig‘a darmon qani, ey yor, ne bo‘ldi?

 

Mundoqmu edi ahdki, Boburni unuttung,

Ul ahd ila paymon qani, ey yor, ne bo‘ldi?

Ul ahd ila paymon qani, ey yor, ne bo‘ldi? ...