Sinov yoʻsinida ishlamoqda
Ul bordiki, ishrat orzu qilg‘aysen,
Ishrat tilamaklikta g‘ulu qilg‘aysen.
Chun ayshu farog‘ mumkin ermas zinhor,
Bobur, g‘amu mehnat bila xo‘ qilg‘aysen.
***
Аhbobg‘a har xatki, savod etgaysen,
Bizni dag‘i ul bitikda yod etgaysen.
Maqsudki, qosidi agar kelsa bu yon
Bir noma bila ko‘ngulni shod etgaysen.
***
Hijronda sog‘inib, meni shod etgaysen,
Men xastani muxlis e’tiqod etgaysen.
Bu xatni aning uchun bitidim munda,
Ko‘rgach bu xatimni meni yod etgaysen.
***
Necha manga javr muttasil qilg‘aysen?
Mehring yo‘qu necha munfail qilg‘aysen?
Javringni ko‘rub, mehringni ko‘rmay kettim,
Gar ko‘rsamu ko‘rmasam bihil qilg‘aysen.
***
Rahmingni ko‘ngul tilar, ango qilg‘aysen,
Zaxmingni ko‘ngulga bexato qilg‘aysen.
Til ikki alif ko‘ksuma, na’l o‘rtadakim,
Ko‘nglum tilarin haqin ado qilg‘aysen.