Sinov yoʻsinida ishlamoqda
Mening ko‘nglumki, gulning g‘unchasidek tah-batah qondur,
Agar yuz ming bahor o‘lsa ochilmog‘i ne imkondur?
Agar ul qoshi yosiz bog‘ gashtin orzu qilsam,
Ko‘zumga o‘qdurur sarvu ko‘ngulga g‘uncha paykondur.
Bahoru bog‘ sayrin ne qilaykim, dilsitonimning
Yuzi – gul, zulfi – sunbul, qomati – sarvi xiromondur.
Visoli lazzatidin ruh topmog‘liq erur dushvor,
Firoqi shiddatida yo‘qsa jon bermaklik osondur.
Boshidin evrulur armoni birla o‘ldum, ey Bobur,
Mening na’shimni bori ul pari ko‘yidin aylondur.