Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Ibrohimov Ansoriddin Po‘latovich

Ibrohimov Ansoriddin Po‘latovich

Ibrohimov Ansoriddin Po‘latovich

(1952-2011 Toshkent)

 

Taniqli sharqshunos, hindshunos, boburshunos olim Ibrohimov Ansoriddin Po‘latovich Toshkent davlat universitetini (hozirgi O‘zbekiston milliy universiteti) (1974) tamomlab, ikki yil davomida Hindistonning “Lakhnau” universitetida hindiy tili bo‘yicha malaka oshirib qaytdi va poytaxtdagi 144-o‘rta maktabda o‘qituvchilik qildi.

1977-1981 va 1989-1990 yillarda turli nufuzli nashriyotlarda muharrirlik qilib, o‘zbek, urdu, hind tillariga oid turkum nashrlarni chop ettirishga katta hissa qo‘shdi.

1981-1983-yillarda Hindistonda “Bhilay metallurgiya kombinati”da bosh tarjimon vazifasida ishladi. Shuningdek, Ansoriddin Ibrohimov mustaqillik yillarida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish maqsadida 1993-1994-yillar davomida Pokiston xizmat safarida bo‘lib, Boburiylar saltanatining turli davrlarda poytaxti bo‘lgan Lahor shahrida ilk bora “O‘zbek tili” kurslarini tashkil etib, darslarga bevosita o‘zi rahbarlik qildi.

Ansoriddin Ibrohimovning vatandoshimiz Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va ijodi, uning shoh asari “Boburnoma”ga bag‘ishlangan “Boburiylar merosi” (1993 y.), “Boburnoma buyuk asar”(2000 y.) kabi kitoblari nashrdan chiqdi. Toshkent davlat sharqshunoslik institutida olib borgan faoliyati davomida, 2001-yil “Boburnoma”dagi hindcha so‘zlar tadqiqi” mavzuidagi nomzodlik, 2008-yil “Bobur asarlari leksikasining lingvostatistik, semantik va genetik tadqiqi” (“Devon”, “Mubayyin”, “Aruz”) mavzuida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Ansoriddin Ibrohimov chet elda o‘tkaziladigan хalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarda o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etib kelgan. U kishining 4 ta monografiyasi, “Urdu tili leksikologiyasi” (2005) kabi o‘quv qo‘llanmalari, 100 dan ortiq ilmiy-maqolalari o‘zbek, rus, urdu va hindiy tillarida chop etildi. Jumladan, turli yillarda “Jahon adabiyoti”, “Guliston”, “Tafakkur”, “Moziydan sado”, “O‘zbekiston matbuoti”, “Sharqshunoslik”, “Sharq mash’ali”, “Yoshlik”, “Axbare-urdu” (Pokiston), “Aziya i Afrika segodnya” (Rossiya) jurnallarida, “Toshkent oqshomi”, “Ma’rifat”, “Pravda Vostoka”, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetalarida boburshunoslik, Bobur asarlarining Pokiston, Hindiston, AQSh va Yaponiyada o‘rganilishi, “Boburnoma”dagi urducha va hindcha so‘zlarning qo‘llanilishi” kabi maqolalarida ushbu tillarning go‘zalligi, ularning qiyosiy tahlili beriladi. Boburiylar davridagi adabiyotlarda Hind diyoridagi qadimiy joy nomlarining qo‘llanilishi haqida juda salmoqli ilmiy tahlillar o‘z ifodasini topgan.

1996-2011-yillar mobaynida Toshkent davlat sharqshunoslik institutining “Janubiy Osiyo tillari” kafedrasida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent, professor, kafedra mudiri lavozimlarida ishladi. Urdu va hindiy tillarini o‘rganish, Bobur merosini o‘rganish bilan shug‘ullanayotgan o‘ndan ortiq ilmiy tadqiqotchilarga bevosita rahbarlik qildi. Ansoriddin Ibrohimov lug‘atshunoslik ishlarini ham olib borgan. Urdu va o‘zbek tilidagi mushtarak so‘zlarni o‘rganib, “Urducha-o‘zbekcha mushtarak so‘zlar lug‘ati”ni tuzdi. Ushbu lug‘at Pokiston (Islomobod) va O‘zbekistonda qayta-qayta nashr etildi.

Olim bu kabi yutuqlardan tashqari tarjimonlik sohasida ham barakali ijod qilgan, ko‘plab hind va pokistonlik yozuvchilarning hikoya va ijod namunalarini katta mahorat bilan tarjima qildi. Jumladan, “Otash nafaslar” (1994) hikoyalar to‘plami, Bhisham Sahniyning “Darichalar” (1983) povest va qissalari, Krishan Chandarning “Xotiramdagi chinorlar” (1986), “Qo‘lim yo‘qoldi” (1990), “Dadar ko‘prigidagi bolalar” (1999), Premchandning “Shatranj ishqibozlari” (1990), “Xito‘padesha yoki ibratli hikoyatlar” (1997, 2008) qissa va hikoyalarini, hind yozuvchilari asarlaridan iborat “Hind adabiyoti XX asar ko‘zgusida / Chiroq yonar tun bo‘yi” (2008) hikoyalar to‘plamlarini hammualliflikda chop ettirishi o‘quvchilarga juda manzur bo‘ldi.

Shuningdek, taniqli o‘zbek yozuvchisi Erkin Vohidovning “Oltin devor” asarini ham urdu tiliga sermazmun mohiyatini saqlagan holda tarjima qildi va ushbu pyesa 1996-yilda Pokistonning Lahor shahrida sahnalashtirilib, keng omma e’tiboriga havola etildi. 2011-yilda esa Buyuk Britaniyaning Kembrij universitetida tashkil etilgan o‘zbek tili kurslarida professional ta’lim bergani e’tiborga molik.

Zahiriddin Muhammad Bobur hayotiga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar “Boburiylar merosi”, “Boburnoma - buyuk asar” kitoblari hamda buyuk ajdodimizning ilmiy va ijodiy faoliyatini mamlakatimiz va chet ellarda targ‘ibu tashviq qilish borasidagi munosib xizmatlari uchun taniqli olim va tarjimon, filologiya fanlari doktori, professor Ansoriddin Ibrohimov 2022-yil “Bobur xalqaro mukofoti” bilan taqdirlandi.

Jahon madaniyatida o‘chmas iz qoldirgan buyuk ijodkorlarning merosini xalqimizga yetkazdirishdek vazifaga, shuningdek, O‘zbekistonda hindshunoslik, boburshunoslik sohasi rivojiga zalvorli hissa qo‘shgan yirik sharqshunos, hindshunos va boburshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Ansoriddin Ibrohimovning xotirasi va xayrli ishlari qalbimizda abadiy qoladi.

 


Olimning Ilmiy ishlari