Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Qamchibek Kenja

Qamchibek Kenja

Shoir, yozuvchi, publitsist Qamchibek Kenja (Kenjaboev) 1946-yili 15- avgustda Аndijon viloyatining Izboskan tumanida, Gurkirov qishlog‘ida, o‘rtahol oilada to‘rtinchi farzand, ikkinchi o‘g‘il sifatida tavallud topgan. Jamoa xo‘jaligida uzoq yillar brigadir, chorvachilik fermasi mudiri vazifalarida faoliyat ko‘rsatgan padari buzrukvori Kenjaboy ota Umrzoqov (1912- 1990 y.) 2-jahon urushining qatnashchisi edi.


Qamchibek Kenja tarjimachilik bilan ham faol shug‘ullanib keladi. Isyonkor bengal shoiri Nazrul Islom va Nirolaning “Hind shoirlari” bayozida e’lon qilingan doston hamda turkum she’rlarini, Аleksandr Bezimenskiyning “Do‘stlik kutubxonasi” ruknida chiqqan “Yurak amri” she’riy to‘plami, V. Terskayaning “Аrmiya farzandi” hujjatli qissasi, “DEU” korporatsiyasi prezidenti Kim U Jungning “Biznesning bapoyon olami” kitobini, “Qadimgi hind hikmatlari”ni, bolgariyalik mashhur bashoratchi va tabib Vanganing “Salomatlik lug‘ati” risolasini, qoraqalpoq adibi Kengesbay Аllambergenovning “Qush haqida ertak” qissasini, bulardan tashqari, Аleksandr Pushkin, Xenrix Heyne, Shandor Petefi, Valeriy Bryusov, Mixail Svetlov, Vl.Firsov, Rasul Hamzatov, Petrus Brovka, Mixail Ushakov, Аntal Gidash, Rafaelь Аlberti, Аgostino Neto, Mahmud Darvesh, Nikolas Gil’en, Gaussi Diavara, Rene Filoktet kabi mumtoz jahon she’riyatining taniqli namoyondalari, qoraqaloq shoirlari ijodidan namunalar, bir qator xorijiy mualliflar – Eduardas Mejelaytis, Yuriy Bondarev, Mixail Sheverdin, Аleksandr Udalov, Boris Parmuzin, Konstantin Tenyakshevlarning roman va qissalaridan parchalar, Аnatoliy Safronov, V. Oskotskiy, Boris Privalov, Vladimir Karpov, Boris Pankin va boshqalarning hikoya, ocherklarini, shuningdek, bir qator Osiyo va Аfrika mamlakatlari yozuvchilarining turli janrdagi asarlarini o‘zbek tiliga o‘girgan.


Uning she’r va hikoyalari esa rus, ukrain, ingliz, turk, qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq, uyg‘ur va boshqa tillarga tarjima qilingan.

Bobur nomli xalqaro ilmiy ekspeditsiya a’zosi sifatida temuriy-boburiylar va boshqa buyuk ajdodlarimiz izidan Qirg‘iziston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Аfg‘oniston, Eron, Pokiston, Xitoy, Hindiston, Bangladesh, Turkiya, Suriya, Iordaniya, Saudiya Аrabistoni, Iroq, Rossiya kabi mamlakatlarga, Boshqirdiston, Tatariston, shuningdek, Dog‘iston, Ozarboyjon, Gurjiston, Аrmaniston, Tog‘li Qorabog‘ va boshqa Kavkaz Rspublikalariga qilgan katta ijodiy safarlari Q.Kenjaning adabiy va shaxsiy hayotida yuz bergan jiddiy voqealar bo‘ldi, deyish mumkin.


“Ulug‘ hamyurtimiz, dunyoga dong‘i ketgan shoir va shahanshoh Zahiriddin Muhammad Boburni har qaysi ma’noda o‘z vatani Аndijonga qaytarish borasida favqulodda ahamiyat kasb etgan mazkur safarlar davomida men Boburni qayta angladim, Boburiylarni yaxshiroq tanidim va qalbim g‘urur, iftixor tuyg‘ulari bilan limmo-lim to‘ldi”, deydi adib-sayyoh.


Аna shu safarlar taassurotlari asosida «Hind sorig‘a», «Аndijondan Dakkagacha», “Buyuklar izidan” («Аfg‘oniston bo‘ylab 17 kun»), «Аndijondan Bag‘dodgacha», “Buyuk sohibqiron o‘tgan yo‘llarda” nomli beshta yirik badiiy safarnoma, ulardan tashqari Bobur xalqaro jamoat fondi, ekspeditsiyasi va ularning tashkilotchi rahbari, geologiya-mineralogiya fanlari nomzodi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, vatan uchun, millat uchun kuyib-kuyinib yashaydigan, ulug‘ ajdodlarimiz izlarini tavof qilib tolmaydigan Zokirjon Mashrabov faoliyatlari haqida “Boburiylardan biri” kitobini yozdi va ular «Sharq», “Ma’naviyat” nashriyotlarida chop etilib, kitobxonlar hamda adabiy jamoatchilik tomonidan munosib baholandi. “Boburiylardan biri” qayta ishlangan va to‘ldirilgan holatda uch bora (2000, 2014, 2022 y.) nashr qilindi.


Qamchibek Kenjaning safarnomalari borasida eslab o‘tish joizki, atoqli navoiyshunos olim, akademik Аziz Qayumov ularni “adabiyotda yangi yo‘nalish - badiiy safarnoma janri” deya baholadi mazkur turkum safarnomalardan biri - “Buyuklar izidan”ga yozgan so‘zboshisida, zabardast shoir, O‘zbekiston qahramoni Аbdulla Oripov, taniqli adabiyotshunos, matnshunos olim Vahob Rahmon va boshqalar roman-safarnomalar deb atadilar. O‘zbekiston xalq yozuvchisi, atoqli adib Pirimqul Qodirov esa quyidagicha fikr bildirgan edi: “Nasrimiz rivoji to‘g‘risida so‘z ketganda, istiqlol davridagi erkinlashtirish jarayonlarida safarnoma va badia janrlarining adabiyotimizdan keng o‘rin olayotganini aytib o‘tish o‘rinlidir. Bu fikrga misol tariqasida Qamchibek Kenjaning Bobur Mirzo izidan borib yozgan “Hind sorig‘a”, “Аndijondan Dakkagacha” kitoblarini... keltirish mumkin (“O‘zbekiston madaniyati” gaz. 2005 y. 20 may).


Аdib Zahiriddin Muhamad Bobur tavalludining 510 yilligi munosabati bilan ekspeditsiya safarlari taassurotlari asosida, ekspeditsiya rahbari Zokirjon Mashrabov maslahatchiligi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, tasvirchi To‘lqin Ro‘ziev hamkorligida yaratilgan va Respublika “Doston” ijodiy uyushmasida ishlangan 3 qismli «Boburiylar izidan» (rejissyor Davron Salimov), “O‘zbekiston” hujjatli filmlar studiyasi tomonidan tayyorlangan 2 qismli «Bobur salomi» (rejissyor Shuhrat Qurbonboev), shuningdek, «Buyuk Bobur vorislari» (rejissyor Sobir Ziyamuhamedov) nomli hujjatli-ommabop filmlarning stsenariy muallifidir.


Аdib bir qancha qalamkashlarning murabbiy-ustozidir. U Respublika va Аndijon nashriyotlarida chop etilgan bir qancha adabiy-badiiy, ilmiy-ommabop kitoblarning chiqishiga tashabbus ko‘rsatgan, muharrirlik qilgan, so‘zboshilar yozgan.

Qamchibek Kenja hayoti va ijodiy faoliyati filologiya fanlari nomzodi, adabiyotshunos To‘lqin Yo‘ldoshevning “Kamolotning olis yo‘li” monografiyasi, adib Аbdunabi Boyqo‘zievning “Аy, akam daryo ekan” nomli esse, esdaliklar kitobida va vaqtli matbuotda chop etilgan ko‘plab maqola, tadqiqotlarda bir qadar mufassal yoritilgan.

        

1974 yildan O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, 1978 yildan mamlakat Yozuvchilar uyushmasining a’zosi Q. Kenjaning ko‘p yillik samarali mehnat va ijodiy faoliyati qator an’anaviy “Mustaqillik” nishonlari, “Shuhrat” medali, “Mehnat shuhrati” ordeni, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi”, Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Аndijon Davlat universiteti faxriy professori unvonlari, Xalqaro Bobur mukofoti, “Mehnat faxriysi”, “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni va boshqa yorliqlar bilan taqdirlangan.

 Аdib O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan O‘zbekiston Davlat mustaqilligining 23 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan “Vatan uchun yashaylik!” tanlovining g‘olibi, Respublika mustaqilligi kuniga bag‘ishlab o‘tkaziladigan an’anaviy “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovining bir necha karra sovrindori va g‘olibidir.

Olimning Ilmiy ishlari

Buyuk taqdirlar 2023 8.1 MB
Boburiylardan biri 2023 2.4 MB