Sinov yoʻsinida ishlamoqda
Sultonov Xayriddin Madriddinovich 1956-yil 19-yanvarda Toshkent viloyatining Qibray tumanida tug‘ilgan. 1973-yili Parkent tumanidagi 42-o‘rta maktabni tugatgan. Oliy ma’lumotli, 1978-yilda Toshkent davlatuniversitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 1978-yili “Guliston” jurnalida boshlagan. 1980–1982-yillarda G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti muharriri, 1981 – 1985-yillarda “Yoshlik” jurnalining bo‘lim muharriri, mas’ul kotibi, kata muharriri, 1985 – 1993-yillarda G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti bosh muharriri o‘rinbosari, bosh muharriri vazifalarida ishlagan.
1993-yildan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida Prezident Matbuot xizmatining yetakchi konsultanti, bosh konsultanti, Axborot-tahrir xizmatining bosh konsultanti, mazkur xizmat rahbari, Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha Davlat maslahatchisi, Ommaviy axborot vositalari, madaniyat, san’at va ijodiy tashkilotlarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi lavozimlarida samarali faoliyat ko‘rsatgan.
2018-yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi– Spichrayteri lavozimida xizmat qilib kelmoqda.
O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi.
“Quyosh barchaga barobar” (1980), “Bir oqshom ertagi” (1983), “Onamning yurti” (1987), “Umr esa o‘tmoqda” (1988), “Yo‘qchilik va to‘qchilik” (2002), “Uch yuz oltmish to‘rt kun” (2019), “Haqiqat jamoli” (2019), “Ko‘ngul ozodadur” (2019), “Odamlardan tinglab hikoya” (2020), “Navoiy – 30” (2021) kitoblari nashr etilgan.
Muallifning rus tilida “Триста шестдесять четыре дня”, turk tilida “Annemin yurdu”, ozarbayjon tilida “Millətçiliyin cəzası”, qirg‘iz tilida “Жокчулук жана токчулук” kitoblari chop etilgan. Shuningdek, ayrim hikoyalari ingliz, arab, koreys, tojik, qozoq va boshqa tillarga tarjima qilingan.
Antuande Sent-Ekzyuperi, Yuriy Nagibin, Vasiliy Shukshin, Valentin Rasputin, Andris Yakuban, Sotim Ulug‘zoda kabi adiblarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
U “Changak” (1989), “Tushlarimda ko‘rib yig‘layman” (1990), “Moziydan bir sahifa” (1991), “Mehrobdan chayon” (1998), “Yolg‘iz yodgorim” (1998), “Ulug‘ amir va donna Maria” (2019) kinosenariylarining muallifidir.
Muallifning Zahiriddin Muhammad Bobur hayotiga bag‘ishlangan qator nasriy asarlari kitobxonlar e’tiborini qozongan. Xususan, “Yo‘lbarsning tug‘ilishi”, “Oy botgan pallada”, “Panoh”, “Tavba”, “Saodatsohili”, “Boburning tushlari”, “Boburiynoma” kabi asarlari adabiyot ixlosmandlari tomonidan qizg‘in kutib olingan.
Adib ayni vaqtda boburshunoslik mavzuidagi “Mardona kitob”, “Zodagoniy iftixor”, “Boburiylardan biri”, “Sakkiz ustuvor tamoyil” kabi o‘nlab publisistik maqolalar, Ansoriddin Ibrohimov, Bahodir Ermatov, Hulkar Ne’matova singari olimlarning ilmiy tadqiqotlariga yozilgan taqrizlar muallifi hamdir.
Xayriddin Sulton 1992-yili O‘zbekiston Respublikasi Faxriy yorlig‘i, 1996-yili “Shuhrat” medali, 2003-yili “Mehnat shuhrati” ordeni, 2006-yili “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni, 2016-yili “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.