Sinov yoʻsinida ishlamoqda
Sale Mixail Aleksandrovich (1899-1961) - sharqshunos. Sankt-Peterburg shahrida tugilgan va shu yerdagi un-tining sharq fak-tida o‘qigan. “Ming bir kecha’ni rus tiliga tarjima qilib shuhrat qozongan. 1939 yilda M.A.Sale Toshkentga ko‘chib kelgan va umrining oxirigacha shu yerda yashab faoliyat olib borgan. U 1940-1943 yillarda Toshkentda Davlat xalq kutubxonasining sharq qo‘lyozmalari bo‘limida ilmiy xodim bo‘lib ishlagan, so‘ng faoliyatini O‘zbekiston Fanlar akademiyasining yangi tashkil etilgan Sharqshunoslik instit-utida davom ettirgan.
M.A.Sale arabshunos sifatida Beruniy va Ibn Sino asarlarini tarjima qilishda qatnashgan. Mumtoz o‘zbek adabiyoti namunalarini aslidan rus tiliga tarjima qilishga katta hissa qo‘shgan (Gulxaniyning “Zarbulmasal” kitobi, Oybekning “Navoiy” romani va b.). Uning 1945 yilda yoqlangan nomzodlik dissyertatsiyasi Alisher Navoiyning “Holoti Sayyid Hasan Ardasher” va “Holoti Paxdavon Muhammad” asarlariga bagishlangan.
“Boburnoma”ning rus tiliga tarjimasi M.A.Salening sharqshunoslikka qo‘shgan yirik hissasidir. Ko‘rsatkich va zarur izohlar bilan ta’minlangan tarjima ilk bor 1948 yilda Toshkentda chop etildi. 1993 yilda (S.Azimjonova so‘zboshisi bilan) va 2008 yilda (S.Hasanov so‘zboshisi bilan) qayta nashr qilingan. Bu tarjima asarning qozoq va boshqa ba’zi tillarga tarjimasi uchun asos bo‘lib xizmat qilgan.
Asos: Bobur ensiklopediyasi. Uchinchi nashr. Toshkent., 2023 y. 618-bet. (A.Irisov)