Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Porso Shamsiyev

Porso Shamsiyev

Porso Shamsiyev (1897.10.2, Buxoro — 1972.21.3, Toshkent) — navoiyshunos va matnshunos olim. Filologiya fanlari doktori (1970), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1972). Buxoro madrasalarida tahsil ko‘rgan. 30y.larga qadar Madrasa, maktab va maorif yo‘nalishidagi muassasalarda xizmat qilgan. O‘zbekiston Davlat nashriyoti (1931 — 36) va O‘quvpedagogika nashriyoti (1936—40) da muharrir, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi nashriyotida muharrir (1941—45), Til va adabiyot institutida katta ilmiy xodim (1945—72). "Adabiyotdan ish kitobi", "Adabiyot darsligi", "O‘zbek tili darsligi", "O‘qish kitobi" (1 va 2 kitoblar) muallifi. Navoiyning "Muhokamat ul-lug‘atayn", "Majolis un-nafois", "Mahbub ul-qulub" va boshqa asarlarining ilmiy-tanqidiy matnini nashrga tayyorlagan hamda shoir asarlarining 15 jildligini nashr etishda faol qatnashgan. "Xamsa"ning ilmiy-tanqidiy matnini yaratib, mazkur matn yuzasidan amalga oshirilgan tekstologik tadqiqotlarini doktorlik dissertatsiyasi sifatida himoya etgan. Porso Shamsiyev, bundan tashqari, Xondamirning "Makorim ul-axloq" asarini fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilgan, Boburning "Boburnoma" (S.Mirzayev bilan hamkorlikda) asarining ilmiy nashrini yaratgan, 5 kitobdan iborat "O‘zbek adabiyoti" majmuasini tuzish, tahrir etish va izoxlar yozishda ishtirok etgan. Porso Shamsiyev Britaniya muzeyida saqlanayotgan va Abdujamilga nisbat berilgan "Tuhfat ul-salotin" asari mikrofilmini o‘rganib, uning Navoiy g‘azallaridan olingan va Abdujamil xattot tomonidan ko‘chirilgan shohbaytlar ekanini va mavzu bo‘yicha 45 faslga bo‘linganini aniqlagan. Porso Shamsiyev G‘afur G‘ulomning 4 jildli "Tanlangan asarlar"i va 2 jildli "Adabiy-tanqidiy maqolalar"ini ham nashrga tayyorlagan. Porso Shamsiyev shuningdek, S.Ibrohimov bilan hamkorlikda "O‘zbek klassik adabiyoti lug‘ati" (1953) va "Navoiy asarlarining lug‘ati" (1972)ni tuzgan. Toshkent ko‘chalaridan biriga Porso Shamsiyev nomi berilgan.


__________________________________________________________________



1897-yil 10-fevralda Buxoro shahrining sobiq Xo‘ja Porso mahallasida tug‘ildi. U o‘zbek ziyolilarining birinchi avlodiga mansubdir. Otalari - Shamsiddin qori-mudarris. Porsoxon Shamsiyev besh yoshida otadan yetim qoldi. Onalari – Orifaxon mehnatkash ona ko‘z nurini to‘kib, qo‘l hunari bilan shug‘ullanar o‘z bolasini qanday qilib bo‘lsa ham o‘qitishga intilardi.


Porsoxon Shamsiyev eski maktabda va Buxoro madrasalarida o‘qiydi. “Buxoroda revolyutsiya bo‘lganida madrasaning yosh talabalaridan edik”, - deb eslagandi P. Sh. – “Hamma ish yangidan va yangiga barpo etila boshladi. Biz ham o‘z hissamizga tushgan ishni bajarishga kirishib ketdik.”


“Qarshi shahriga yubordilar, yangi hokimiyatni mustahkamlash yo‘lida qo‘ldan kelgan vazifasini astoydil bajarishga harakat qildik...”


1924-yildan 1931-yilgacha P. Shamsiyev xalq maorifi sohasida ish olib boradi. 1925-yildan P. Shamsiyev Toshkentda xalq maorifi tizimida ishlab boshlaydi. U savodsizlikni tugatish kurslari tashkil etishda, mehnatkash ommani bu kurslarga jalb qilishda ancha aktivlik ko‘rsatadi.


1931-yildan 1940-yilgacha P. Shamsiyev O‘zbekiston Davlat nashriyotida, o‘quv pedagogika Davlat nashriyotida redaktor va bo‘lim mudiri vazifalarida ishlaydi. Bu davr ichida P. Shamsiyev redaktorlikdan tashqari bir qancha darslik va xrestomatiyalar muallifi sifatida ham tanildi.


O‘sha yillari bosilib chiqqan:

1.  “Til darsligi” (o‘smirlar uchun);

2.  “Adabiyot xrestomatiyasi” (VI-VII sinflar uchun);

3.  “Birinchi o‘qish kitobi” (savodsizlar maktablari uchun);

4.  “O‘zbek tili darsligi” (kattalar uchun);

5.  “Adabiyot xrestomatiyasi” (VII sinf uchun. Professor Sa’diy bilan birgalikda);

6.  “O‘zbek adabiyoti tarixi xrestomatiyasi” (oliy o‘quv yurtlari uchun. Oybek bilan birgalikda); bir qancha darslik va xrestomatiyalarning muallifi Porsoxon Shamsiyev.


O‘zbek klassik adabiyotini puxta bilgan bu olim 1940 yilda Alisher Navoiy yubileyini o‘tkazuvchi hukumat qo‘mitasiga ilmiy konsultantlik vazifasiga taklif qilinadi. Bu yerda P. Shamsiyev o‘zbek adabiyotini, ayniqsa Alisher Navoiy ijodini o‘rganish yuzasidan katta ilmiy ishlar olib bordi, buyuk shoir va mutafakkirning:


1.  “Muhokamat ul-lug‘atayn”;

2.  “Mahbub ul-qulub”;

3.  “Majolis un-nafois”;

4.  “Sab’ai sayyor”;

5.  “Saddi Iskandariy”

kabi Navoiy asarlarining nashr etilishi, keng kitobxonlar ommasiga yetib borishida samarali mehnat qildi.


Ilmiy tanqidiy matn ustida ishlashni ham P. Shamsiyev 1940-yillarda boshlagan edi. Bu sohada unga Ulug‘ Vatan urushi davrida Toshkentda yashab, ijod qilgan (Е.Э. Бертельс) Y. E. Bertel’s, (А.Н. Кононов) A. N. Kononov, (А.С. Тверитиновалар) A. S. Tveritinovalar bilan bo‘lgan yaqin muloqotlar ijobiy ta’sir ko‘rsatgan edi.


Porsoxon Shamsiyev 1948-yilda (1941-yilda fashistlar tomonidan qamal qilingan Leningradda Navoiy o‘qishlari bo‘lib o‘tdi. Yevropada А. Navoiy “She’riyat davlatining sultoni” deb nomlangan) urush tufayli kechikib nishonlangan А. Navoiy yubileyini o‘tkazishda eng faol mehnat qilganlarning oldingi safida edi. 1952-yilda P. Shamsiyev А. Navoiy “Sab’ai sayyor” dostonining ilmiy-tanqidiy matnini tayyorlab uni nomzodlik dissertatsiyasi sifatida himoya qiladi.


P. Shamsiyev 1959-yilda Moskvada bo‘lib o‘tgan o‘zbek adabiyoti va san’ati o‘n kunligiga tayyorgarlik davrida nodir qo‘lyozma nusxalar asosida Navoiyning “Xamsa” asarini nashr ettirdi. Shuningdek, G‘afur G‘ulom asarlari ko‘p tomligini tayyorlashga o‘z hissasini qo‘shdi.


P. Shamsiyev “Xamsa” tarkibidagi dostonlar yuzasidan olib borgan tekstologik ishlari tufayli 1960 yilda “Xamsa”ning to‘liq matnini nashr etishga muvaffaq bo‘ldi. Bu nashr ham matnning to‘laligi, savdoliligi jihatidan ancha puxta tayyorlangan. Keyinchalik nashr matni Navoiy 15 tomligiga kirgan “Xamsa” dostonlari uchun ham asos bo‘ldi.


Matnshunos olim Navoiyning ulkan “Xamsa”si tarkibidagi dostonlar ustida olib borgan ko‘p yillik mehnatini yakunlab, 1970 yilda “Alisher Navoiy “Xamsa”sining ilmiy-tanqidiy matni va uni tayyorlash prinsiplari” degan mavzuda doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.


Porsoxon Shamsiyev 525 yillik yubileyi munosabati bilan chop etilgan asarlarning 15 tomligi uchun:

1.  “Muhokamat ul-lug‘atayin”;

2.  “Mahbub ul-lug‘atayin”;

3.  “Munshaot”;

4.  “Vaqfiya”;

5.  “Hamsat ul-mutahayirin”;

6.  “Holoti Sayid Xasan Ardasher”;

7.  “Holoti Pahlavon Muhammad”;

8.  “Tarixi muluki Ajam”;

9.  “Mezon ul-avzon”;

10. “Arbain”;

11. “Nazm ul javohir”

kabi asarlari va Xamsasa”ning hamma dostonlarini tayyorlab bergan edi – “O‘zbek klassik adabiyoti asarlari uchun qisqacha lug‘at. “Navoiy asarlari lug‘ati” (Sobirjon Ibrohimov bilan birga) kabi asarlarning yaratilishi ham ustozning Navoiy asarlari yuzasidan olib borgan ko‘p yillik tekstologik tadqiqotlari bilan bog‘likdir.


Porsoxon Shamsiyevning matnshunoslikdagi faoliyati faqat А. Navoiy asarlari bilan chegaralanib qolmaydi. Ustoz olti tomlik “O‘zbek adabiyoti” (xrestomatiya o‘rnida, Toshkent 1958-1968) va besh tomlik “O‘zbek poeziyasi antologiyasi” (Toshkent 1961-1962)ning nashrlarida ham faol qatnashdi.


Ayniqsa, P. Shamsiyev (sharqshunos S. Mirzayev bilan birgalikda) Boburning “Boburnoma” asarining to‘liq nashrini amalga oshirgani matnshunoslikdagi katta voqea bo‘lgan edi. Nishotiy asarlarini nashr etishdagi xizmatlarini qayd etish maqsadga muvofiqdir.


Ustozning klassik adabiyotimizda tarjima, adabiy ta’sir va adabiy aloqalarga doir ishlari ham adabiyotimiz tarixini o‘rganishda qo‘l keladi. P. Shamsiyevning Xondamirning “Makorim ul-ahloq” asarini forschadan o‘zbek tiliga tarjima qilib nashr etishi, Jomiy va Navoiyning ijodiy, ijtimoiy va o‘zaro munosabatlariga oid lavhalarni jamlagan “Jomiy a Navoiy” to‘plamini tuzgani shular jumlasidandir. Ayniqsa, olimning “Tuhfat us-salotin” asarini aniqlashi g‘oyat diqqatga sazovordir. P. Shamsiyev mazkur asar Alisher Navoiy she’riyatidan saralab olingan baytlar majmuasi ekanligini isbotlab bergan.


Matnshunosning klassik adabiyot sirlarini, fors, arab tillarini puxta bilgani lug‘atshunoslikda amalga oshirgan ishlaridan ham ko‘rinadi. 1952-yili S. Ibrohimov bilan birgalikda “O‘zbek klassik adabiyoti lug‘ati” asari o‘zbek klassik adabiyotini o‘qish-o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etdi. Keyinchalik esa olim tomonidan Navoiy asarlariga tuzilgan lug‘at o‘tmish adabiyotimiz tarixini o‘rganishda kundalik qo‘llanmalardan biriga aylandi.


Tekstologiya fanining bugungi kundagi ahamiyati, dolzarbligi shundaki, usiz sovet adabiyoti namoyandalari asarlarini o‘rganib bo‘lmaydi. Chunonchi, G‘afur G‘ulomning to‘rt tomlik tanlangan va adabiy maqolalaridan iborat to‘plami Porsoxon Shamsiyevning tekstologik kuzatuvlari asosida nashr etilgani buning yaqqol dalilidir.


Ustozning ilmiy maqolalari, taqrizlari ham uning yirik tadqiqotchilarga xos yuksak ilmiy iqtidoridan dalolat beradi (Tamila G‘afurjonova P. Shamsiyev – kamtarin olim).


Porsoxon Shamsiyev haqida muntazam ravishda maqolalar berib borilgani tahsinga sazovordir. Bu maqolalar hozirgi kunda ibratli go‘zal xotiralarga aylanib qoldi (S. G‘aniyeva). P. Shamsiyev yosh olimlarning maslahatchisi, kamtar inson va aktiv jamoatchidir (“Keksa olim” Sh. Yusupov, fevral 1957, 60-yillik yubiley).


Porsoxon Shamsiyev 1972 yilning 22 martida vafot etdi. Mehnatsevarlik P. Shamsiyevga xos xususiyat edi. Yarim asr mobaynida ming bosma toboqdan ortiq asarlar bevosita P. Shamsiyevning ishtiroki, yoxud tahriri ostida nashr etilishining o‘ziyoq, uning haqiqiy inson, ulkan mehnatsevar olim ekanligidan dalolat beradi (“Adabiy merosimiz fidoyisi” maqolasi).


Porsoxon Shamsiyev Respublikamizda matnshunoslik ilmining ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan, zabardast tadqiqotchi va zahmatkash olim. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Posoxon Shamsiyevning ilmiy merosi, uning odamiylik fazilatlari haqida har qancha g‘urur va iftixor bilan gapirsak arziydi. Yaxshidan bog‘ qoladi, deydi xalqimiz. Hayotda Porsoxon Shamsiyevdan qutlug‘ iz qoldi. Uning oqila rafiqasi Bahrixon aya bilan uzoq yillar umrguzaronlik qilib tarbiyalagan ajoyib farzandlari: Muhammadiyaxon, Subhiyaxon, Nushiyaxon, Husniyaxon, Ma’muraxon va Fayziddin (nabirasini asrab oldi, Shamsiyev familiyasini berdi, uylantirdi, nabirasiga Saadi-forsiy shoir ismini berdi).


Mukofotlar va unvonlar:

1.  “O‘zbekiston SSRda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi" unvoni. Partiya va hukumatimiz (Respublikamiz).

2.  “O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining faxriy yorliklari” bilan taqdirlandi o‘zining xizmatlari uchun.

3.  “Xalq maorifi a’lochisi” unvonlari bilan mukofotlandi.

4.  Yunusobod tumanining Sobir Muxamedov (sobiq Zolotaryova 26) ko‘chasidagi 26-uyda o‘rnatilgan yodgorlik lavhasida Porsoxon Shamsiyevning nomi abadiylashtirilgan.

5.  Porsoxon Shamsiyevning nomi Bektemir tumanidagi eng yaxshi ko‘chalarga berildi.

6.  1952-yilda Porsoxon Shamsiyev filologiya fanlari nomzodi degan ilmiy darajani olish uchun muvaffaqiyat bilan dissertatsiya yoqladi. Olim o‘zining ilmiy ishida ulug‘ o‘zbek shoiri Alisher Navoiyning “Sab’ai sayyor” dostonining tanqidiy matnini tayyorlash vazifasini ilmiy asosda to‘g‘ri hal qilib berdi.

7.  1970-yilda “Alisher Navoiy “Xamsa”sining ilmiy-tanqidiy matni va uni tayyorlash prinsiplari” degan mavzuda doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.



********************************



VASFIY


“SUBHIYA”


Muhtaram ustoz mavlono Porsoxon Shamsiyevning farzandi-dilbandi Subhiyaxon porloq xotirasiga:


Maqdamingdan tong yuzini ko‘rdi dunyo, Subhiya

Xonadonning tongi sendan bo‘ldi paydo – Subhiya.


Muhtaram ota yugurdi doyaga tong chog‘ida,

Tong nuridan bo‘ldi qalbi xo‘b musaffo, Subhiya.

 

Bu tabiiydurki, tong otsa quyoshdandur nishon,

Yuz ochib kelding shu dam xurshid siymo Subhiya.


Xonadonga nur keldi, fayz keldi sen bilan,

Xonadon ko‘z nuri bo‘lding bemuxobo, Subhiya.


Qalblarni sen yorutding nurdek qiriq yetti yil,

Dil murodi sen bilan erdi muhayyo, Subhiya.


Orzu karvonlaring manzilga yetmasdan burun

Umr qaroqchisi banogah etdi yag‘mo, Subhiya.


Motamingdan olti farzandingning ashki shash qator,

Ota ona ko‘z yoshi ham misli daryo, Subhiya.


Umr yo‘ldoshing-Nuriddin bo‘ldi nuridan judo,

Oila nuri edi sendan Huvaydo, Subhiya.


Marsiyahon bo‘ldi senga Toshkandu Begobod,

Bu shaharlar ichra barcha piyru barno, Subhiya.


Tong yanglig‘ pok qalbu, pok vijdon, pok yuz-

Sen eding zeroki, sen farzandi Porso Subhiya.


Pok qalbu, pok vijdon, pok yuz o‘lmaydi hech,

Shul sababdan barhayotdurursan hamono, Subhiya.


Xonadonu, el aro pokiza noming tong kabi

Doimo mangu yashar, bor toki dunyo, Subhiya.


Barcha avlodingga Vasfiy baxtu iqbol istabon,

Esdalik she’rini yozdi senga, zebo Subhiya.


Toshkent, 1971-yil, 20 iyun


P.S. Ikkinchi farzandlari Subhiya 1-iyun 1971-yilda vafot etdi. Otalari Porsoxon to‘qqiz oy va 22 ikki kundan so‘ng 22-mart 1972-yilda vafot etdi.

Olimning Ilmiy ishlari

Guhar cho‘msa daryog‘a... 2008 6.8 MB
Boburnoma 1989 6.5 MB
Boburnoma 1960 11.6 MB