Sinov yoʻsinida ishlamoqda
Teshaboyeva Ziyodaxon Qodirovna 1969-yil 21-fevralda Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanidagi Rapqon qishlog‘ining xizmatchi oilasida tug‘ilgan, millati o‘zbek. Rapqon qishlog‘idagi Furqat nomli № 26-o‘rta maktabni 1986-yili bitirib, shu yili Toshkent davlat chet tillar pedagogika institutining ingliz tili fakultetiga qabul qilingan va uni 1991-yil muvaffaqiyatli tamomlagan. Yo‘nalishi bo‘yicha ingliz tili va milliy maktabda rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi.
Teshaboyeva Ziyodaxon Qodirovna 1991-yildan 1994-yilgacha Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi №-10 o‘rta maktabdan birinchi pedagogik faoliyatini ingliz tili o‘qituvchisi sifatida boshlagan. 1993-yil Amerikaning «Tinchlik Korpusi» ko‘ngillilariga Samarqand shahrida o‘zbek tilidan dars bergan. 1994-yil Toshkent davlat chet tillar pedagogika institutining ingliz tili fakultetining leksikologiya kafedrasi o‘qituvchisi bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan.
1998-2001-yillar Nizomiy nomidagi TDPU (Toshkent davlat pedagogika universiteti) Gumanitar fakultetlarda chet tillar kafedrasi o‘qituvchisi bo‘lib faoliyat olib borgan.
2002-2004-yillarda Yaponiya mamlakatining Niigata prefekturasida oilasi bilan yashab, “Rainbow Language House” til o‘qitish markazi va Niigata bolalar bog‘chasida ingliz tili muallimasi bo‘lib malakasini oshirgan.
2005-2008yillar Nizomiy nomidagi TDPU Ingliz tili nazariyasi va metodikasi kafedrasi o‘qituvchisi lavozimida ishlagan.
2008-2018-yillar O‘zDJTU (O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti) Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi katta o‘qituvchisi lavozimida ishlagan.
2017-yil «Boburnoma»ning inglizcha tarjimalaridagi frazeologik birliklarning milliy-madaniy xususiyatlari» mavzusidagi PhD dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
2019-2021-yillar O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti doktoranturasida tahsil olgan va «Boburnoma»ning inglizcha tarjimalaridagi frazeologik birliklarning kognitiv va leksikografik tadqiqi» mavzusidagi DSc dissertatsiyasini muddatidan avval himoya qilgan. Badiiy adabiyotlar tarjimasi, Ilmiy-texnikaviy matnlar tarjimasi, Tarjimonlik mutaxassislikka kirish, Tarjima nazariyasi, Mamlakatshunoslik fanlaridan ma’ruza, badiiy tarjima, amaliy tarjima, yozma tarjima kabi fanlardan dars beradi. Ushbu tadqiqotlarga oid 60 dan ortiq maqola va tezislari chop etilgan.
Ziyodaxon Teshaboyeva «Boburnoma»dagi frazeologik birliklar va paremiyalarning inglizcha tarjimalari lug‘ati», («Tafakkur»: Toshkent. – 2016. ISBN: 978-9943-24), «Boburnoma»dagi frazeologik birliklar inglizcha tarjimalarining qiyosiy tahlili (ISBN: 978-9943-11-776-1. «Fan va texnologiya»: Toshkent. – 2018.) va «Boburnoma»ning lisoniy jozibasi ingliz tarjimonlari talqinida» (ISBN 978-9943-7804-4-6 “Nodirabegim” nashriyoti: Toshkent – 2021) kabi monografiyalari, «Ilmiy-texnik tarjima» o‘quv metodik qo‘llanmasi muallifi.
Ziyodaxon Teshaboyeva Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektorining 2023-yil 28-yanvardagi 0114-son buyrug‘iga asosan «ALISHER NAVOIY» medali bilan mukofatlangan.
Hozirgi kunda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri.
Ziyodaxon Teshaboyeva har yili Xalqaro Bobur fondi tomonidan tashkil etiladigan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar va teleradiokompaniyalarda o‘z ma’ruzasi bilan qatnashib keladi.