Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Abdumajid Abduraimovich Madraimov

Abdumajid Abduraimovich Madraimov

Abdumajid Abduraimovich Madraimov - manbashunos, san’at-shunos, tarjimon, san’tshunoslik fanlari nomzodi, dotsent, tarixchi, tarix fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyi, O‘zbekiston davlat san’at muzeyi katta ilmiy xodimi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti pedagogi, Xalqaro Bobur jamoat fondi kengashi va “Bobur va dunyo” jurnali hay’ati a’zosidir.


Abdumajid Abduraimovich Madraimov 1946-yil 5-aprelda Andijon viloyati Andijon shahrida olti farzandi bor oilada yettinchi bo‘lib, to‘rtinchi o‘g‘il sifatida tavallud topgan. Otasi Abdurahim aka 1900-yilda Andijonning Damariq degan hududda tug‘ilgan, Muhammad Rahimning katta o‘g‘li bo‘lgan. Otasining yana ikki ukasi Ubaydulla va Abdulla, singilsi Hidoyatxon bor edi. Ubaydalla ikkinchi jahon urushiga ketib qaytib kelmagan. Onasi Bibisora opa Xolmatboyning yagona qizi bo‘lib, Qo‘shtegirmon ko‘chasida dunyoga kelgan edi. Onasinining nomi Salimaxon bo‘lgan. Bibisoraning besh aka va ukalari, Abduqayum qori, Ortiq Mirzo, Muhammad Siddiq, Ubaydulla, Rahimtoy, Orziqul bo‘lgan. Bittasi Ubaydulla aka navqiron paytida Qirg‘iziston hududida sovuqdan qotib qolib, halok bo‘lgan.


Abdumajid Abdurahim aka va Busora opaning oiladagi oltinchi farzandi, to‘rtinchi o‘g‘il edi. Katta farzand Hamroxon opa (1928-1949), ikkinchi farzand, birinchi o‘g‘il Abdumutalib, kimyo fanlari nomzodi (1931-2002), uchinchi farzand, ikkinchi o‘g‘il Abdulahad (1934-yilda tug‘.), ikkinchi opa, to‘rtinchi farzand Shamsiyaxon (1937- 201...), uchinchi opa, beshinchi farzand Sayyoraxon (1939-yilda tug‘.), uchinchi o‘g‘il, oltinchi farzand Abduqahhor (1942-yilda tug‘.) va sakkizinchi farzand, beshinchi o‘g‘il Abdumalik (1949-yili tug‘). Uning uch opasi va uch akasi bor edi. Uch yoshga kirganda oilada ukasi Abdumalik dunyoga keldi, ammo biroz vaqt o‘tgach, katta farzand Hamroxon opasi vafot etdi.


Abdumajid 1953-yili Andijon shahridagi 8 o‘rta maktabga o‘qishga borib, unda sakkizinchi sinfni tugatib, 1961-yili shahar markazidagi 30 maktabga 9 sinfga o‘tdi. 1964 yilda 30- o‘rta maktabni oltin medal bilan tugatgan. U 1970-yilda Toshkent Davlat Universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy Universiteti)ning Sharq fakulteti, hind bo‘limini imtiyozli diplom bilan bitirgan. Talabalik davrida, ya’ni 1968-1969 yillardaHindistonning Lakhnau universitetida o‘quv amaliyotini o‘tagan.1970-1977-yillari O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyida ishlagan. U dastlab aspirant, kichik ilmiy xodim lavozimida faoliyat olib borgan. Ish bilan birgalikda 1976-1977-yillari professor Hamid Sulaymon rahbarligida tashkil etilgan O‘zbekistonga aloqador yozma manba va yodgorliklarni o‘rganish maqsadida Hindistonga uyushtirilgan O‘zR FA ilmiy arxeografik ekspeditsiyada faol ishtirok etgan.


Abdumajid Madraimov 1978-2003-yillarida O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim, laboratoriya mudiri, katta ilmiy xodim lavozimida ish olib borgan. U 2003-2010-yillari O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Kamoliddin Behzod nomli memorial bog‘-muzey muassasa direktori lavozimida ishlagan.1979-yili “Tarixiy asarlarga ishlangan XVI asr oxiri- XVII asr boshlari hind miniatyuralari”(“Boburnoma” rasmlari) mavzuida nomzodlik, 2003-yili “XV- XVI asrlar Markaziy Osiyo kitobat tarixi manbalari” (“Alisher Navoiy asarlari qo‘lyozmalari”) mavzuida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib, tarix fanlari doktori ilmiy darajasini olishga muvaffaq bo‘ldi. 2010-yil professorlik ilmiy unvonini oldi.


1990-yili Sankt-Peterburgda Rossiya FA Sharqshunoslik institutiSankt-Peterburg bo‘limi (hozirdaSharq qo‘lyozmalari instituti) da yirik arabshunos A. B. Xolidov rahbarligida malaka oshirgan, 2006-yili Turkiyaning Istambul shahridagi muzey va kutubxonalari bilan tanishdi.


Shuningdek, A.A.Madraimov Ozarbayjonda (Boku-1983y.,1988y.)YUNESKO tashkil etgan xalqaro simpoziumda, arxeografiya bo‘yicha Rossiyada (Qozon-1988y.) va Ozarbayjon (Boku-1984y.) da bo‘lib o‘tgan ilmiy konferensiyada, Rossiya (Moskva-1989y.)da ta’mirchilar xalqaro konferensiyasida, Hindistonda( Dehli-2014y.), “Buyuk ipak yo‘li shaharlari” (Qozog‘iston, Turkiston, 2018 y.)o‘zining ma’ruzalari bilan ishtirok etgan. U 2010-yil 15-dekabridan 2016-yil apreligacha O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Bosh ilmiy kotibi lavozimda faoliyat yuritdi.2016-yil may oyida O‘zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyiga katta ilmiy xodim bo‘lib ishga kirdi va dekabr oyidan 2022-yilning 15-apreligacha bo‘lim mudiri lavozimida ishlab keldi. Hozir muzeyning katta ilmiy xodim lavozimida ishlab kelmoqda.


Abdumajid Madraimovning dastlabki risolasi “O‘zbek sovet rassomlari ijodida milliy an’analari”deb nomlangan bo‘lib,1981-yilda chop etilgan. 1983-yili “Rasmlarda Bobir hayoti”, 2000yili O. Usmonov bilanhammualliflikda“Kamoliddin Behzod”, 2001yili ”Manbashunoslikdan ma’ruzalar majmuasi”, G. S. Fuzailova bilan hammualliflikda 2006yili “Tarixiy manbashunoslik” o‘quv qo‘llanmasi, 2007yili kirill yozuvida ”Manbashunoslik” darsligi “Fan” nashriyotida, 2008-yil esa shu asar lotin yozuvidaO‘zbekiston faylasuflar milliy jamiyati nashriyotida chop etildi. 


2015-yili 1973-1990-yillarda yozilgan risola, maqola, taqriz va axborotlarni jamlagan “Temuriy va Boburiylar davri madaniyati, kitobat va rangtasvir san’ati tarixiga chizgilar” nomli kitob, 2019-yilda “Temuriy va Boburiylar davri miniatyura san’ati rivoji”, 2021 “Alisher Navoiy badiiy asarlarining XV-XVI asrlardagi qo‘lyozmalari” va 2022-yili “Temuriy va Boburiy san’ati” (Z. Mashrapov bilan hammualliflikda) nomli monografiyalari nashr etildi.


1989yil nashr etilgan“Sharq miniatyura maktablari” nomli kitob uning to‘plovchiligida va muallifligida nashr etildi. YUNESKO shafe’ligida chop etilganuch jildlik “Sharq miniatyuralari” nomli ingliz tilidagi” Oriental Miniatures: Volume I: the 14th -17th centuries”(2001),“Oriental Miniatures: Volume II: the 18th-19th centuries”(2003), “Oriental Miniatures: Volume III: the 19th -20th centuries”(2004) kataloglarning tuzuvchilaridan biri, noshiri, 2-3 jild kirish maqolasining muallifi va ingliz tilidagi matnning ilmiy muharriridir.


Abdumajid Madraimov”Kamoliddin Behzodning sharq madaniyati tarixida tutgan o‘rni”(2005 y.) to‘plamining mas’ul muharriri,Husayn Voiz Koshifiyning noyob “Ahloqi Muhsiniy” asarining 1501 yilgi qo‘lyozma faksimilesi va o‘zbekcha tarjimasini (2010), Farididdin Attorning“Tazkirat ul-avliyo” asarining o‘zbekcha tarjimasini nashrga tayyorlagan (2012 y.). Husayn Voiz Koshifiyning “Ahloqi Muhsiniy” asarining o‘zbekcha tarjimasi yana 2011 va 2019-yillari shu muallifning boshqa bir “Futuvvati sultoniy” asari tarjimasi bilan, Farididdin Attorning“Tazkirat ul-avliyo”asari tarjimasini 2013 va 2018-yillari qayta nashr ettirdi.


Olim “Sharq qo‘lyozmalari shoh asarlari” nomli ko‘rgazma katalogi (2007) tuzuvchilaridan biridir. J. Rahimovning “Adolatva qudrat timsoli” (Amir Temur) kitobi (“O‘qituvchi”, 2017)da tahrir hay’ati a’zosi, mas’ul muharrir va so‘z boshi muallifi hamda O. Bo‘riyevning “Farg‘ona vodiysining Temuriylar manbalaridagi tavsifi” risolasi (2018 y.)uchun ham mas’ul muharrir va so‘z boshi muallifidir. 


 “Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari instituti to‘plami”, 2017-yil o‘zbek, rus va ingliz tillarida nashr etilgan 7 jildlik “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumalbom-katalogining, u yana 2020-yili qayta nashr etildi, Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”si miniatyuralari”(1533-yil, Britaniya kutubxonasi kolleksiyalaridan”), 2018-yil o‘zbek, rus va ingliz tillarida chiqqan“100 eng nodir qo‘lyozma”turkumidagi albom-katalogining tuzuvchilaridan biri sifatida ishtirok etgan.


Abu Homid G‘azzoliyning “Kimyoi saodat” asarini Hindol Madraimov va Askariy Madraimov bilan birgalikda 2019 yilifors tilidan tarjima qilib, izohlar bilan nashr qildirdi.


U chop etgan 700 dan ortiq ilmiy va ommabop maqolalarining bir qismi “Boburnoma” asari forscha tarjimasi qo‘lyozmalari, unga ishlangan miniatyuralar, Alisher Navoiy asarlarining mo‘tabar qo‘lyozmalari, Kamoliddin Behzod va Boburiylar davri hind miniatyuralarini o‘rganishga bag‘ishlangan.


U yana 2010-yil V.Rahmonov va Ya.Egamova tarjimasidagi Mirzo Muhammad Haydarning “Tarixi Rashidiy” nashrining taqrizchisi, 2014-yil ”Istiqlol nuri” nashriyotida chiqqan N.V.Gilmanovaning “Kompozitsiya v izobrazitelnom iskusstve. Jivopis. Risunok. Skulptur. Arxitektura” o‘quv qo‘llanmasining taqrizchisi va ilmiy muharriri,2013-yil “Nafis” nashriyotida nashr qilingan S.Kasimova-ning “Ijodiy parvoz” (2015 y.), O. Mirzayevning “Qalbim jilolari” (2016 y.) albom-kataloglari tuzuvchisi va maqolalarmuallifi,”Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi” (2014 y.)da tahrir hay’ati a’zosi va 42 maqola hamda 12 rasmning izohlar muallifidir.Qayta ishlangan ikkinchi nashrida (2017) ham tahrir hay’ati a’zosi, 37 maqola va12 ta rasmning izohlari muallifi hamda 7-ilovada keltirilgan 448 ta “Boburnoma rasmlari” ro‘yxatining tuzuvchisi; “Abdumalik Madraimovning “Amir Temur va Temuriylar davridagi cholg‘ular” (2022) nomli monografiya ilmiy muharriridir.


Professor yuksak malakali olimlarni tayyorlashga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Uning ilmiy rahbarligida Sh. Musoyev va H. Aminov nomzodlik, N. Gilmanova arxitektura bo‘yicha falsafa doktori (RhD)ilmiy darajasi uchun tayyorlagan dissertatsiyalarini yoqlaganlar. Bundan tashqari, u san’atshunoslik fanlari doktori A. Egamberdiyev, tarix fanlari doktori O. Bo‘riyev, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktorlari (PhD) M. Muhammedova, L. Begimqulova, H. B. Abriyevlarning, san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) A. Rahmatullayeva, B. Xojimetovlarning dissertatsiyalari himoyasida rasmiy opponent, B. Usmonovning doktorlik dissertatsiyasi, M. Rahmonqulova, H. Jo‘rayev, T. Muhammedovning tarix fani bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalarining seminari muhokamasida taqrizchi sifatida ishtirok etgan. O‘zbekiston davlatsan’at muzeyi huzuridagi san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori PhD ilmiy darajasini beruvchi PhD.08/09.07.2020 San.118.01. raqamli ilmiy kengash raisi o‘rinbosari va seminar raisi sifatida faoliyat olib bormoqda.


Pedagog sifatida 1999-2015-yillari Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika uneversiteti tarix fakultetida, O‘zMU Falsafa fakultetining “Ma’naviyat asoslari va dinshunoslik” kafedralarida bakalavr va magistrlarga ta’lim bergan, malakaviy bitiruv ishlari, magistrlik dissertatsiyalariga ilmiy rahbar bo‘lgan. Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida professor sifatida bakalavr va magistrlarga ta’lim berib, dissertatsiya ishlarining ilmiy rahbari sifatida faoliyat olib bormoqda.


Abdumajid Madraimov 2023-yildan “Bobur va dunyo” jurnali tahrir hay’ati a’zosi va Xalqaro Bobur nomidagi jamoat fondi kengashi a’zosidir.


Ommaviy axborot vositalari, O‘zbekiston televideniyesining, xususan, “O‘zbekiston tarixi” va “Madaniyat va ma’rifat” kanallaridagi 2016, 2020 va 2022, 2023-yillaridagi ma’rifiy ko‘rsatuvlarda faol ishtirok etib kelmoqda, 2019-yil dekabridan o‘zining “Professor Abdumajid Madraimov” nomli You Tubeda shaxsiy kanaliga ega.


A. Madraimov 2018-yili Qozog‘istonning “Hazrat Sulton (Xoja Ahmad Yassaviy) muzey majmuasining 40-yilligi munosabati bilan ta’sis etilgan medal sohibi, 2019-yili “1 toifali Mehnat faxriysi”ko‘krak nishoni sohibi, 2021-yili O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi bo‘ldi.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022- yil 8-noyabrdagi farmoniga binoan ta’sis etilgan “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30-yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlangan.

Olimning Ilmiy ishlari