Sinov yoʻsinida ishlamoqda
Bo‘riev Omonullo (1944 y.t., Tojikiston, Hisor vodiysi, Qorasuv q.) – geograf-sharqshunos. O‘zMU ning geografiya fakultetida o‘qigan (1961-1970 yy.; 1963-67- yy. harbiy dengiz flotida xizmat qilgan). 1970 – 79-yy. “O‘zbek sovet ensiklopediyasi” tahririyatida ishlagan. 1979 y.dan O‘zFА Sharqshunoslik institutida ilmiy, yetakchi ilmiy xodim. 1988 yilda fan nomzodligi va 2019 yilda “Temuriylar davri yozma manbalarida Markaziy Osiyo tarixiy geografiyasi” mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi. Temuriylar davri yozma merosini o‘rganish, Sharq qo‘lyozmalarini tavsiflash, forsiy manbalarni o‘zbek va rus tillariga tarjima qilish, Markaziy Osiyo tarixiy geografiyasi, tarixiy toponimiya, fan tarixi, O‘zbekiston xalqlari madaniyati tarixi, O‘rta Osiyoning xalqaro munosabatlari tarixi kabi yo‘nalishlarda ilmiy izlanishlar olib borib, 30 ga yaqin kitob va risolalar, 500 dan ortiq ilmiy maqolalar chop qilgan. “Bobur ensiklopediyasi”ni nashrga tayyorlashda faol ishtirok etgan. “Boburnoma”dagi toponimlar izohli lug‘ati”nomli kitobi chop etilgan (T., “Navro‘z”. 2015, 140 s.). “Zahiriddin Muhammad Bobur davlati” xaritasini tuzdi ( Tuzuvchilar: O.Bo‘riev, А.Sharipov. – T., 2022) va unga ixtirochilik patenti olindi.
Ko‘pgina xalqaro ilmiy anjumanlarda ma’ruzalar bilan qatnashgan. Ilmiy-pedagogik faoliyat ham olib boradi: 3 nafar ilmiy daraja olgan oliy malakali mutaxassis (fan nomzodlari) va 21 nafar magistr tayyorlagan.