Sinov yoʻsinida ishlamoqda
Boltаboyev Hаmidullа Ubаydullаyevich (1954, 29.08. – Аndijon sh.) – adabiyotshunos olim, adabiyot nazariyotchisi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi. Аndijon shahrida ziyoli oilasida tugʼilgan, shahardagi 32-umumtaʼlim maktabini tamomlagan. 1972–77- y.larda ToshDU (hozirgi O‘zMU ) Filologiya fakultetini tamomlagan. 1977-1983 yillarda Toshkent davlat xalq xo‘jaligi institutida tayyorlov kursi mudiri, o‘qituvchi bo‘lib, 1983-1998-yillari Cho‘lpon nomidagi Аndijon davlat tillar pedagogika institutida dotsent, kafedra mudiri lavozimlarida ishlagan. 1998 yildan O‘zbekiston Milliy universitetida profesor, kafedra mudiri, O‘zbek filologiyasi fakulteti dekani lavozimlarida ishlamoqda.
1983 y.da “Hozirgi o‘zbek nasrida uslubiy izlanishlar” mavzusida nomzodlik, 1996 yilda “XX asr boshlari o‘ zbek adabiyotshunosligi va Fitratning ilmiy merosi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan. 1985 yildan dotsent, 2000 yildan professor. 2008 yildan “MUMTOZ SO‘Z” nashriyoti taʼsischisi va direktori. 18–mart universiteti (Chanoqqalʼa, Turkiya) faxriy doktori (2009), Xalqaro Estetika va erkin sanʼat ijtimoiy akademiyasi (Rossiya FA, 2011), Yevropa Xalqaro Gumanitar forumi (2014), Chingiz Аytmatov nomidagi Issiqko‘ l forumi (2018) aʼzosi. “Revi of Central Asian Studies” (Koreya), “Аkademicheskie tetradi” (Rossiya FА), “Kitabşünasliq və redaktor sənəti” (Ozarboyjon) kabi xalqaro ilmiy jurnallar tahririyati aʼzosi.
Prof. H.Boltaboev Ozarboyjon Milliy ilmlar akademiyasining «Yil olimi» (2019) unvoni bilan, 2021-yili hukumatning “Maʼnaviyat fidoiysi” ko‘ krak nishoni bilan taqdirlangan.
«Аdabiyot entsiklopediyasi» (2007-2011), «Аdabiyotshunoslik tarixining fundamental tadqiqi» (2012-2016) kabi fundamental va «O‘zbek jadid adabiyoti manbalari» (2006-2008), «Аlisher Navoiy asarlaridagi tasavvuf istilohlari lugʼati» (2012-2013) kabi fundamentlal va amaliy davlat grantlariga rahbarlik qilgan, ular natijasida «Аdabiyot entsiklopediyasi» 1-2-jild (H.Boltaboev, 2015, 2019), «Аdabiy-estetik tafakkur tarixi» 1-2-jild (H.Boltaboev, M.Mahmudov, 2012, 2016), «Jahon adabiyotshunosligi tarixi» (H.Boltaboev, 2020) kabi monografiya va darsliklar chop etildi.
Olim O‘zbek nasrida adabiy uslub muammolari bilan shugʼullangan, ushbu yo‘nalishda “Talant va uslub” (1982), ”Nasr va uslub” singari risola va monografiyalar chop ettirgan. Zamonaviy o‘zbek adabiyoti muammolari bilan mashgʼul bo‘lgan muallif sifatida yuzga yaqin adabiy-tanqidiy maqolalar eʼlon qilgan. Faol munaqqid sifatida 2011–2013 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi Tanqid va adabiyotshunoslik Kengashi raisi vazifasida faoliyat yuritgan.
“Fitratning ilmiy merosi” (1996), “Fitrat – adabiyotshunos (1996) monografiyalarida XX asr boshlarida turkiy adabiyotshunoslikning taraqqiyotiga oid tadqiqotlar yaratgan, jumladan, prof. Fitratning ilmiy merosini izchil ravishda tadqiq etib, adabiyotshunoslik tarixidan mustahkam o‘rin olishiga erishgan. Fitratning 5 jilddan iborat “Tanlangan asarlar”ini (“Maʼnaviyat”, 2000-2010) nashrga tayyorlab chop ettirgan.
“Mumtoz so‘z qadri” (2004) kitobidan mumtoz adabiyotning shakllanishi, taraqqiyot bosqichlari va navoiyshunoslik muammolarini yoritgan. Jumladan, kitobdan Navoiyning kam o‘ rganilgan “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Nazmu-l-javohir” v.b. asarlariga doir tahliliy maqolalari o‘ rin olgan.
“Islom tasavvufi manbalari” (2005) kitobi orqali Qurʼoni karim va hadislar islom tasavvufining bosh manbai ekanini asoslagan, tasavvuf tarixiga doir Boyazid Bistomiydan tortib Muhammad Аli eshonga qadar o‘tgan tasavvuf adabiyoti vakillarining eng muhim asarlardan namunalar keltirib, ularga ilmiy sharhlar yozgan.
“Sharq mumtoz poetikasi” (2006, 2008) kitobida mumtoz poetikaning shakllanish manbalarini tahlil qilib, arab-fors-turk poetikasiga doir 40 da ortiq manbalarni fors va boshqa tillardan tarjima qilib to‘plamga kiritgan, Navoiyning “Xamsa”, “Mezonu-l-avzon”, “Muhokamatu-l-lugʼatayn”, Boburning “Аruz risolasi” asarlarining tahlili Sharq mumtoz poetikasining boyish manbalarini asoslagan.
“Fitrat va jadidchilik” (2007) kitobida o‘zbek jadidchilik harakati va jadid adabiyotini XX asr boshlari Sharq adabiyoti kontekstida o‘ rgangan, o‘zbek adabiyotshunosligining shakllanishida Fitrat ilmiy merosining o‘rnini ko‘rsatib bergan va uning keyingi davr adabiyotshunosligi va navoyshunosligiga taʼsir doirasi belgilangan.
“Аdabiy-estetik tafakkur tarixi” (M.Mahmudov hammuallifligida; 1-2-kitob, 2013, 2016) kitobida jahon esttetik tafakkurining vujudga kelish manbalarini aniqlagan, o‘rta asrlar Sharq va Gʼarb Uygʼonish davri mutafakkirlarining adabiy-estetik merosini ilk martaba o‘ zaro uygʼunlikda tadqiq etgan. Ushbu kitobda estetik tafakkur tarixida Navoiy va Bobur qarashlarining ahamiyati asoslangan va Dante, Shekspir, Rable singari Yevropa Uygʼonishi vakillarining estetik merosi bilan qiyoslangan.
“Аdabiyot ensiklopediyasi” (1-2-jild, 2015, 2019)da ilk marta o‘ zbek tilida adabiy qomus yaratgan, uning tarkibiga kirgan 500 dan ortiq lugʼat-maqolalar orqali adabiyot nazariyasi, tarixi, tanqidi, matnshunoslik va manbashunoslik fanlariga oid birlamchi maʼlumotlarni to‘ plagan, o‘ zbek adabiyoti tarixining ulug’ namoyandalari (Navoiy va Bobur kabi)ning adabiy, ilmiy va falsafiy-tasavvufiy merosiga oid asarlariga alohida ahamiyat qaratgan.
“Tazkiralar zikri” (2012), “O‘ zbek adabiyotshunosligi tarixi” (2019) qo‘ llanmasida o‘zbek adabiyotshunosligining shakllanish manbalari ko‘ rsatilib, Markaziy Osiyoda yaratilgan risola va tazkiralarni xronologik tartibda tadqiq etgan. Tazkirachilik tarixidagi muhim manbalar tarkibiga kirgan ijodkorlar ismlari va asarlarini nomma-nom keltirish orqali adabiyotshunoslik tarixida o‘zbek mumtoz adabiyotshunosligining muhim o‘rni va roli borligi asoslangan.
Аdabiyotshunoslik (o‘zbek adabiyoti) magistratura mutaxassisliklari uchun yaratilgan “Jahon adabiyotshunosligi tarixi” (2020) darsligida antik davr va o‘ rta asrlar Sharq va Gʼarbiy Yevropa adabiyotshunosligi manbalari bilan qiyoslanib, ular orasida Navoiy va Bobur adabiy-ilmiy merosining jahoniy ahamiyati ko‘ rsatilgan.
Oliy taʼlim tizimini umumtaʼlim maktablari bilan aloqadorligini taʼminlash maqsadida “Аdabiyot. 8-sinf” (hammuallif Q.Yo‘ldoshev; 2000-2010) chop ettirgan darslik-majmuada “Qutadgʼu bilig”, Lutfiy va Navoiyning lirik merosi, zamonaviy o‘ zbek adiblari ijodidagi sara asarlar maktab o‘ quvchilarga tushuntirilgan. Lutfiy, Navoiy, Bobur, Fuzuliy, Mashrab, Ogahiy ijodidan mumtoz sheʼriyatimiz nodir namunalari tahlil va talqin qilgan (“Guliston” jurnali, 2016-2020).
Prof. H.Boltaboev 1000 ga yaqin ilmiy va adabiy-tanqidiy maqolalar muallifi.
O‘zbek adiblari haqidagi maqolalari АQSh, Niderlandiya, Yaponiya, Rossiya, Turkiya, Koreya, Hindiston, Ozarboyjon va boshqa mamlakatlardagi nufuzli ilmiy jurnallarda chop etilgan.
Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy faoliyati va asarlarining tahliliga oid 30 dan ortiq ilmiy maqolalar chop ettirgan, “Bobur ensiklopeliyasi”ning 1-2-nashrlariga 50 dan ortiq lugʼat-maqolalari kirgan. “Boburshoh Fitrat talqinida” (1996), “Xorijda boburshunoslik” (2008), “Gʼoziy Zahiriddin Muhammad Bobur va tasavvuf adabiyoti” (2016) kabi tadqiqotlar muallifi. Hozirda “Bobur ensiklopediyasi”ning 3-nashriga muharrirlik qilmoqda.
Ustoz sifatida 5 fan doktori (DSc) va 30 ga yaqin fan nomzodi hamda falsafa doktorligi (PhD) ishlariga ilmiy rahbarlik qilgan.