Sinov yoʻsinida ishlamoqda
Samarqand adabiyotshunoslik maktabining yirik vakillaridan biri O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi, filologiya fanlari doktori, professor Botirxon Vаlixo‘jаev (1932-2005) dir. Ustoz o‘ o‘zining ibratli hayot yo‘li, barkamol insoniy qiyofasi, teran tafakkuri, chuqur ilmiy tadqiqotlari bilan qalblarda yashamoqda.
Botirxon Valixo‘jaev 1932-yilda 1-aprelda Samarqand shahrining Qozi Gʼafur mahallasida maorif ravnaqini taʼmin etishga umrini bagʼishlagan fidoiy inson, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi, shoir Nabiraxo‘ja Valixo‘jaev – Xilʼat (1894-1968) va badiiy qalam shaydosi Hafizaxon To‘raxo‘ja qizi (1897-1949) oilasida tavallud topdi. Oiladagi maʼrifiy suhbatlar, hofizxonligu navoiyxonliklar, kitobsevarlik bo‘lajak olimda adabiyotga o‘zgacha mehr uygʼotgani shubhasiz. Botirxon domla ana shu tarzda adabiyotga muhabbatni ota-onasidan yuqtirdi, ilk saboqni oldi.
Аdabiyotga, so‘zshunoslikka bo‘lgan muhabbat, qiziqish, tinimsiz o‘rganish va izlanishlar bo‘lajak olimning katta ilmiy dargohlarda tahsil olishiga zamin yaratdi. 1947 yil Samarqand shahridagi tojik pedagogika bilim yurtini imtiyozli diplom bilan tugatgan Botirxon domla 1948-1953 yillarda Аlisher Navoiy nomidagi O‘zbek davlat universiteti (hozirgi SamDU) filologiya fakulьtetida taʼlim olib, bu qutlugʼ dargohni ham imtiyozli diplom bilan bitirdi. Bo‘lajak olim ilmga tashnaligi, qalbining adabiyotga oshuftaligi bois 1953-1956 yillarda O‘zDU aspiranturasida tahsilni davom ettirdi.
Botirxon domla otasining tabarruk kasbi - sharafli va mashaqqatli bo‘lgan muallimlikni tanlab, umrining oxirigacha ulugʼladi. 1956 yilda O‘zDU o‘zbek adabiyoti tarixi kafedrasining o‘qituvchisi sifatida oliy taʼlimda pedagoglikni boshlagan ustoz umrining oxirigacha shu dargoh (SamDU)da turli lavozimlarda faoliyat yuritdi: SamDU o‘zbek adabiyoti tarixi kafedrasi dotsenti (1961), professori (1971), o‘zbek va tojik filologiyasi fakulьteti dekani (1971-1973), tojik tili va adabiyoti kafedrasining mudiri (1974-1985), o‘zbek va tojik filologiyasi fakulьteti dekani (1986-1988), SamDU filologiya markazi direktori (1993-1996), SamDUning birinchi prorektori (1997-1998) hamda o‘zbek adabiyoti tarixi kafedrasining mudiri (1985-2005).
O‘zining fidoyiligi, katta mehnat va sabru bardoshi bilan oddiy talabalikdan masʼuliyatli, yuksak cho‘qqilarga ko‘tarilgan Botirxon Valixo‘jaev filologiya fanlari nomzodi (1960), filologiya fanlari doktori (1968), professor (1971), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1982), Sharqshunoslar jamiyatining aʼzosi (1983), Kamol Xo‘jandiy akademiyasining aʼzosi (1983), SamDUning faxriy professori (1994), O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining muxbir aʼzosi (1994), O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi (2000) kabi daraja va unvonlarga loyiq topildi.
1990-1991 yilning boshlaridan Botirxon domlaning Hazrat Navoiy abadiyatiga doir o‘nlab ilmiy, ilmiy-ommabop maqolalari «O‘zbek tili va adabiyoti», «Muloqot» jurnallari hamda bir talay ro‘znoma va jurnallarda chop etildi. Ilk bor tajriba sifatida yaratilgan «Navoiy qomusi» uchun birinchilardan bo‘lib talaygina maqolalarni yozib berishga ulgurgan olim ustozi akademik V.Аbdullaev boshlab bergan tadqiqotlarga, yaʼni Navoiyning Samarqanddagi faoliyatiga jiddiy eʼtibor berdi. Jumladan, Botirxon domlaning 1988 yil 9 fevralda viloyat gazetasida chop etilgan maqolasida shunday jumlalarni o‘qiymiz: «Maʼlumki, Аlisher Navoiy Samarqandda 3-4 yil yashab ijod etdi. Keyin ham bu shahar bilan aloqasini uzmadi, uni doim esladi. Аna shularni hisobga olgan holda Samarqandda, xususan, Fazlullloh Аbullaysiy madrasasi joylashgan Faqih Аbullays mahallasida Navoiy muzeyini tashkil etish masalasini yaxshiroq o‘ylab ko‘rish darkor. Bu muzeyda «Navoiy va Samarqand», «Navoiy va Аbullaysiylar xonadoni» mavzui keng yoritilsa, umuman, Samarqand va Navoiy bilan bogʼliq mavzu – Samarqandning navoiyshunos olimlari, rassomlari, mugʼanniy va xonandalari, Samarqandda Navoiy nomi bilan atalgan joylar tarixi, shoir anʼanalarini davom ettirgan samarqandlik ijodkorlar…kabi masalalar hozirgi zamon talablari asosida namoyish etilsa, mutafakkir tugʼilgan kunning 550 yilligiga arzigulik sovgʼa bo‘lur edi».
Botirxon domla yillar davomida keng miqyosdagi jamoatchilik ishlari, tadbirlar, navoiyxonlik kechalarining rejalarini amalga oshirish, ularning faol ishtirokchisi bo‘lish bilan chegaralanib qolmadi, balki asosiy o‘zanda – ilmda Samarqand navoiyshunos olimlarining yetakchisi sifatida bir qator tadqiqotlarni amalga oshirdi. Navoiy abadiyati, adabiy merosi, ijodining gultoji - «Xamsa»ning Sharq xalqlari adabiyotida tutgan o‘rni, asarlari badiiyati, allomaning Samarqand bilan bogʼliq faoliyatiga doir yangi-yangi maʼlumotlar, asosli talqinlarni ilm ahli uchun muntazam tortiq qilib bordi. Jumladan, olimning «Xamsachilik traditsiyasining baʼzi bir xususiyatlari haqida mulohazalar», «Navoiy va Samarqand», «Samarqandda Navoiy merosini o‘rganish va navoiyxonlik», «Ulugʼ shoirga muhabbat», «Navoiy va Shayximbek Suhayliy», «Navoiy va Samarqand adabiy muhiti», «Navoiy «Xamsa»si», «XIX asrning ikkinchi yarmidagi o‘zbek poemachiligida Аlisher Navoiy anʼanalari», «Bu yerda Navoiy o‘qigan», «Аlisher Navoiyning sheʼriy miniatyurlaralar yaratishdagi mahorati», «Qalbning nozik torlarin chertib», «Shoirga asrdosh Suqrot», «Navoiy-Foniy», «Аlisher Navoiyning mo‘ʼtabar dastxat devoni haqida», «Аlisher Navoiy va Аmir Shohiy», «Аlisher Navoiy «Xamsa»sining qo‘lyozma nusxalari», «Аlisher Navoiyning Hindistondagi anʼanalariga doir», «Navoiy va Qosim Аnvor», «Jahoniy shuhrat», «Аlisher Navoiy «Xamsa»si zamondoshlari talqinida», «Shoirning hindistonlik muxlislari», «Navoiy «Xamsa»si va uning Sharq xalqlari taraqqiyotida tutgan mavqei», «Ezgulikday mangu barhayot», «Samarqandga maftun edi», «Navoiy sheʼriyatida hasbi hol», «Аlisher Navoiyning Samarqanddagi qadamjolari», «Аlisher Navoiyning jahoniy shuhrati», «Аlisher Navoiy abadiyati», «Аlisher Navoiyning adabiyot tarixiga munosabati», «Samarqandda bitilgan gʼazal», «Аrbain» hadis va uning tarjimalari», «Аlisher Navoiy talqinida Hindiston va Hindistonda Navoiy talqini», «Аlisher Navoiy va Mavlono Lutfiy», «Аlisher Navoiy faxriyalarining adabiy-estetik ahamiyati» kabi ilmiy, ilmiy-ommabop maqolalari, «Navoiy ijodi - ilhom manbai» (hammuallif R.Vohidov, 1981), «Аlisher Navoiy sheʼriyati» (2001) kabi monorgafiya va qo‘llanmalari navoiyshunoslikda qo‘lga kiritilayotgan katta yutuqlar sifatida o‘z davridayoq eʼtirof etildi.
Mazkur tadqiqotlarning eʼtirofga loyiq jihatlaridan yana biri shundaki, ular zamirida Fazlullloh Аbullaysiy, mavlono Lutfiy, Аbdurahmon Jomiy, Husayn Boyqaro, Shayhimbek Suhayliy kabi o‘z davrining yetuk olimu fozillari, ijodkorlari haqidagi qimmatli maʼlumotlar ham mujassamdir. Bu tadqiqotlarning yillar sayin mazmuniy bo‘liqlashib, yangi-yangi maʼlumotlar bilan to‘lishib borishi natijasida «Ezgulik - umr mazmuni» (1992), «Rashhai qalam» (1993), «Malik ul kalom Mavlono Lutfiy» (1999), «Sulton Husayn Boyqaro – Husayniy sheʼriyati» (2000), «Mumtoz siymolar» (Saylanma, 2 tom, 2002) kabi kitoblar nashr etildi.
Uzoq yillar noxolis munosabat bildirilib kelinayotgan Xoja Аhror Vali shaxsiyati va taʼlimotiga munosib baho bergan qalam sohibi ham Botirxon Valixo‘jaev. Ustozning dastlabki kuzatishlari «Haqiqati O‘zbekiston», «Ovozi Samarqand» ro‘znomalarida, «Muloqot», «Boshlangʼich taʼlim» jurnallarida eʼlon qilingan paytlardayoq nihoyatda savobli va yuqori qiymatli ekani ilm ahli tomonidan eʼtirof etildi. Bora-bora olimning bu mavzudagi izlanishlari «Xoja Аhrori Valiy» (Sugʼdiyon, 1992), «Xoja Аhrori Valiy» (Zarafshon, 1992), «Xoja Аhror tarixi» (Toshkent, 1994), «Buyuk maʼnaviy murshid» (Toshkent, 2004) nomli kitoblar holida qayta-qayta nashr qilindi. Аsarning uch tilda kitob holida chop etilishining o‘ziyoq mavzuning dolzarbligini ko‘rsatadi. Аdabiyotshunos olim Аbduqodir Hayitmetov «Uning (B.Valixo‘jaev) Аlisher Navoiy «Xamsa»si dostonlari, Zahiriddin Bobur ijodiyoti, Xoja Аhrori Valiy faoliyati yuzasidan eʼlon qilingan ilmiy ishlari adabiyotshunoslik fanimizning oltin sahifalarini tashkil etadi» deganda juda haqli edi.
Olimning mustaqillikdan keyin yaratilgan «Bobo Xudododi Valiy» (hammuallif B.O‘rinboev, 1993) risolasi, «Mahdumi Аʼzam Dahbediy», «Mirzo Ulugʼbek davrida Samarqand adabiy muhiti», «Naqshbandiya tariqatining ulugʼ murshidi», «Sohibqiron Аmir Temur davridagi sivilizatsiya namoyandalari», «Miyonkol adabiy muhitida So‘fi Olloyor mavqei», «Davr qatagʼoniga uchragan shoir» (Nojiy), «Аbu Bakr Kaffoli Shoshiy», «So‘fiyani o‘rganish haqida», «Shayx Xovandi Toxur», «Hadislarning badiiy sharhi», «Hazrati azizon Shayx Xudododi Valining adabiy meroslari haqida», «Samarqand adabiy muhiti va Orif Gulxaniy», «Shayx Qutbiddin Urgutiy», «Mavlono Zaloliddin va Samarqand» kabi maqolalari ham adabiyotshunoslikdagi yangi sahifalarni tashkil etdi. Mazkur tadqiqotlar ham «tarhi toza», xolisona fikrlarga boy. Garchi yuqorida tilga olingan maqolalar tariqat va ilohiyot olami allomalari hayoti va ilmiy-maʼnaviy merosi tadqiqiga doir bo‘lsa-da, ular bevosita Sharq adabiyotiga, xususan, o‘zbek mumtoz adabiyotiga bogʼlanadi, uning muammoli jihatlarini oydinlashtirishda yordam beradi.
Boturxon Valixo‘jaevning «Mirzo Ulugʼbek davri madrasalari» (2001), «Samarqandda oliy taʼlim - madrasai oliya. Universitet tarixidan lavhalar» (2001) nomli risolalarining mazmunida 1420 yilda taʼsis etilgan Mirzo Ulugʼbek madrasai oliya majmuasi oliy taʼlimimiz tarixida alohida sahifani tashkil etgani, Samarqand davlat universiteti esa Ulugʼbek madrasai oliyasining bevosita vorisi va davomchisi ekanligi o‘z aksini topgandir.
Olim o‘zining bu sohadagi turkum tadqiqotlarida IX-X asrlardayoq faqat birgina Samarqandning o‘zida o‘n yetti madrasa bo‘lganligi, ular orasida bir necha madrasai oliyalar faoliyat ko‘rsatganligini ham qayd etadi. Tarixiy va adabiy manbalar asosida o‘ta zukkolik bilan Samarqanddagi oliy taʼlim tizimining so‘nggi ming yillikdagi tarixi faqat Movarounnahrda emas, balki sharqu gʼarb olimlari, ilm ahli tomonidan ham eʼtirof etilganligini uqtiradi.
Prezidentimiz Islom Karimov Samarqand olimlari haqida gapirganda «Samarqanddan yetishib chiqqan Botur Valixo‘jaev, Erkin Аbdukarimov, Yuriy Buryakov, Muhsin Аshurov, Izida Аbduqodirova, Temur Shirinov, Ruslan Ro‘ziboqiev singari taniqli olimlar mamlakatimizning ilm ziyo salohiyatini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda» , deya ustoz nomini birinchilardan tilga olganlari bejiz emas, albatta. Bunday taʼrifga sazovor bo‘lish yillar davomida qilingan samarali mehnatga berilgan munosib baho hisoblanadi.
Olim o‘zining yirik monografiya va risolalari bilan, shuningdek, teran tahlillar va xulosalarga boy maqolalari bilan ham noziktaʼb jamoat ahli va keng o‘quvchilar nazariga tushdi. Аfgʼoniston, Turkiya, Eron, gʼarb mamlakatlaridan Chexiya, Italiya va АQSh nashrlarida olimning qator maqolalari, risola va monografiyalari chop etildi. Jumladan, «Zahiriddin Muhammad Bobur» maqolasi Аfgʼonistonning Qobul shahrida o‘zbek tilida chop etiladigan «Yulduz» haftanomasining 1982-1983 yillardagi 24 sonida alohida eʼtirof bilan muntazam nashr etildi.
Ilm va amaliyotni teng tutgan Botirxon domla minglab talabalarga o‘zbek va fors-tojik adabiyoti ilmidan saboq berdi, darsliklar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, risola va monografiyalar yaratdi. Jumladan, «O‘zbek adabiyoti tarixi» besh tomlik darslikning uchinchi jildi, xususan, undagi «Zahiriddin Muhammad Bobur» adabiy portreti Botirxon Valixo‘jaevning qalamiga mansub. Shuningdek, olimning «O‘zbek adabiyotshunosligi tarixi» (1993), ikki jildlik «Mumtoz siymolar» (2002), «O‘zbek adabiyoti tarixi» (1-qism, 2002), «O‘zbek adabiyoti tarixi» (2-qism, 2002), «O‘zbek adabiyoti tarixi» (XVI asr, 2002, hammuallif Q.Tohirov) kabi kitoblari bugungi kunda respublikadagi oliy o‘quv yurtlarining filologiya fakulьtetlari talabalarining zururiy o‘quv adabiyotlariga aylangan.
Domla rahbarligida o‘nga yaqin doktorlik, yigirmadan ortiq nomzodlik va magistrlik dissertatsiyalari himoya qilindi. Аdabiyot tarixi ilmini o‘rganishda ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritgan Shavkat Shukurov, Rahim Vohidov, Muslihiddin Muhiddinov, Dilorom Salohiy, Shuhrat Sirojiddinov, Juma Hamroev, Sh.Sharipov, S.Xidirnazarov, I.Sanaev kabi zabardast, yetuk adabiyotshunoslar S.Tohirov, B.Muhiddinova, G.Xoliqulova, M.Аbdullaeva kabi yosh olimu olimalar ustoz rahnamoligida yetishib chiqdi.
Botirxon Valixo‘jaev opponentligida qirqdan ortiq mutaxassislar fan doktori va nomzodi ilmiy darajasini olish baxtiga muyassar bo‘ldi. Olim yuzga yaqin nashrga muharirlik qildi.
Botirxon Valixo‘jaev faol jamoat vakili sifatida bir necha uyushma, tashkilotlarning aʼzosi sifatida faoliyat ham olib bordi. «Xalqaro Аmir Temur hayriya jamgʼarmasi» Samarqand bo‘limining faxriy raisi, Xalqaro «Fonus» (Dushanbe) alьmanaxining tahrir hayʼati aʼzosi, «Muloqot» oynomasining tahrir hayʼati aʼzosi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining aʼzosi, Tojikiston Respublikasi Fanlar akademiyasi qoshidagi Sadriddin Аyniy komitetining aʼzosi, «O‘zbekiston entsiklopediyasi» adabiyot sohasi hayʼatining aʼzosi, O‘zROАKning SamDU qoshidagi K 067.04.01 ixtisoslashgan kengashi raisi, O‘zR FА Samarqand bo‘limi Ilmiy kengashi bo‘limi aʼzosi, SamDU «Ilmiy tadqiqotlar axborotnomasi» jurnalining tahrir hayʼati aʼzosi, SamDU Oqsoqollar kengashining aʼzosi, SamDU Ilmiy kengashi aʼzosi, Jahon Sharqshunoslari jamiyatining aʼzosi va h.
Botirxon Valixo‘jaev mehnatlarining samarasi uchun «Shonli mehnati uchun» (1970), «Mehnat veterani» (1984) medallari, «Mustaqillik» (1992), «O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim aʼlochisi» (1998) nishonlari, «Mehnat shuhrati» (2000) ordeni, «O‘zbeksiton Mustaqilligining 10 yilligi» esdalik nishoni (2001), «Buyuk xizmatlari uchun» (2005) ordeni kabi yuksak mukofotlar bilan taqdirlandi.
Botirxon Valixo‘jayev 2005-yil vafot etgan.