Sinov yoʻsinida ishlamoqda
Hamid Sulaymonov Sulaymonovich (Hamid Sulaymon; 1910–Toshkent–1979) – adabiyotshunos va matnshunos, O‘zbekiston Fan arbobi (1964-yil), falsafa fanlari doktori (1961-yil), professor (1971-yil), Beruniy nomidagi davlat mukofoti laureati (1979-yil) Moskva kinematografiya institutini tugatgan (1932-yil). Toshkent pedagogika instituti (hozirgi TDPU) o‘qituvchisi, kafedra mudiri, ToshDU (hozirgi O‘zMU) dotsenti (1935–1950-yillar). 1950-yilda qatag‘on qilingan, 1956-yil oqlanib chiqqan. O‘zbekiston FA Til va adabiyot instituti sektor mudiri (1962–1967-yillar), Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi (1967-yil) va qo‘lyozmalar institutining tashkil etilgan vaqt (1978–1979-yillar) dan boshlab direktori lavozimida ishlagan. Asosiy ilmiy ishlari Navoiy lirikasining tekstologik tadqiqiga bag‘ishlangan, «Xazoyinul-maoniy»ning ilmiy-tanqidiy matnini tuzgan va nashr ettirgan (1958–1960-yillar), «Devoni Foniy» (1967-yil) va Hofiz Xorazmiyning devoni (1974-yil) qo‘lyozmalarini topgan.
H.Sulaymonov “Aruz” risolasining Parij nusxasini ilk bor O‘zbekistonga keltirib, uni nashr etishga rahbarlik qilgan. “Boburnoma”ga ishlangan miniatyuralar al’bomini so‘zboshi va izohlar bilan uch tilda (o‘zbek, rus, ingliz) chop ettirgan (“Boburnoma”ga ishlangan rasmlar. T., “Fan”, 1970).
Asos: Bobur ensiklopediyasi. Ikkinchi nashr. Toshkent., 2017-y. 414-bet. (O.Jo‘raboyev)