Sinov yoʻsinida ishlamoqda
Xosiyat Nаzаrovа (1916–Toshkent–2008) – tilshunos olima. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi TDPU)ning o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini tugatgan (1941-yil). 1943-yil nomzodlik, 1980-yil «“Boburnoma”ning til xususiyatlari» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Umrining oxirigacha TDPUning “Umumiy tilshunoslik” kafedrasida faoliyat ko‘rsatgan.
1956-yil X.Nazarova Bobur qadamjolari bo‘ylab safarga chiqib, Аfg‘oniston va Hindistonda bo‘lib qaytgan va safar taassurotlari bo‘yicha maqolalar, Bobur maqbarasining suratlarini e’lon qilgan, “Boburning hayoti, faoliyati, ijodiy merosi” (1958-yil) o‘quv qo‘llanmasini nashr etgan. 70-yillardan Bobur asarlarining leksik va sintaktik xususiyatlarini o‘rganishga kirishib, “Bobur va o‘zbek adabiy tili” (1979-yil), “Bobur asarlarining qisqacha lug‘ati” (1973-yil), «“Boburnoma” tilining sintaktik qurilishi haqida» (1974-yil), “15-asr oxiri–16-asrning boshlaridagi o‘zbek tili sintaktik tuzilishining o‘ziga xos xususiyatlari” (1980-yil) singari maqola va risolalar yozgan.
Asos: Bobur ensiklopediyasi. Ikkinchi nashr. Toshkent., 2017-y. 352-bet. (Hamidjon Homidiy)