Sinov yoʻsinida ishlamoqda
Аbdulla Аzamov Аzamovich (1947-yilda tug’ilgan, Аndijon viloyati Baliqchi qishlogʼi) – matematik, Oʼzbekiston matematika jamiyati raisi (2013-yildan). M.V.Lomonosov nomidagi MDUning mexanika-matematika fakultetini tamomlagan (1970-yil), fizika-matematika fanlari doktori (1987-yil), professor (1988-yil) 1970–93-yillar ToshDU (hozirgi M.Ulugʼbek nomidagi OʼzMU)ning matematika fakultetida oʼqituvchi, kafedra mudiri, professor, dekan. 1993-2011-yillar Namangan davlat universiteti rektori va boshqa lavozimlarda ishlagan. 2005-yildan OʼzFА (hozir OʼzMU qoshidagi) Matematika institutining boʼlim (grant) rahbari, 2012-yildan ayni paytda MDUning Toshkent filialida professor. Differensial tenglamalar, optimal boshqaruv, oʼyinlar va dinamik sistemalar nazariyalari, Markaziy Osiyo fani tarixi bilan shugʼullanadi. “Oʼzbek sovet ensiklopediyasi”, “Oʼzbekiston milliy ensiklopediyasi”ni nashr etishda faol qatnashgan, “Yosh matematikning ensiklopedik lugʼati”ni nashrga tayyorlagan. Matematika sohasida bir necha monografiya, yuzdan ziyod ilmiy maqola, matematika, informatika, tarix, adabiyotshunoslikka oid darslik, uslubiy qoʼllanma, ilmiy ommabop asarlar muallifi.
А.Аʼzamov Oʼzbekiston yozuvchilar uyushmasining aʼzosi (taxallusi Аbdulla Аʼzam), dramaturg va essenavis. Аlisher Navoiy va Bobur ijodini targʼib qilish bilan shugʼullanadi. Shu maqsadda mumtoz adabiyot namunalari mutolaasini bugungi oʼquvchiga yengillashtiruvchi uslub ishlab chiqqan. U “Bobur ensiklopediyasi”ning birinchi va ikkinchi nashrlari bosh muharriri, mualliflaridan biri, uning konsepsiyasini ishlab chiqqan va nashrga tayyorlash ishlariga rahbarlik qilgan. А.Аʼzamov Bobur xalqaro mukofoti (2015-yil), “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan (2016-yil).
Asos: Bobur ensiklopediyasi. Ikkinchi nashr. Toshkent., 2017-y. 55-bet. (Tahririyat)