Sinov yoʻsinida ishlamoqda
Pirimqul Qodirov (1928, Xo‘jand Istravshan tumani–2010, Toshkent) – yozuvchi, adabiyotshunos, falsafa fanlari nomzodi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1988-yil). O‘rta Osiyo davlat universitetining sharqshunoslik fakultetini tugatgan (1951-yil). SSSR Yozuvchilar uyushmasida o‘zbek adabiyoti bo‘yicha maslahatchi (1954–1963-yillar, Moskva shahri), O‘zbekiston FА Til va adabiyot iniverditetida katta ilmiy xodim (1963–83-yillar), O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofotlari qo‘mitasi raisi (1989–1994-yillar).
Ijodini 1951-yil hikoyanavislikdan boshlagan, o‘ndan ziyod roman va qissalar muallifi, asarlari o‘nlab xorijiy tillar, jumladan, hind va urdu tillariga tarjima qilingan, ular asosida bir necha badiiy fil’m va ko‘p seriyali videofil’mlar suratga olingan, jumladan, “Bobur” teleseriali, “Bobur” spektakli qo‘yilgan.
“Til va dil” (1972-yil), “Xalq tili va realistik proza” (1973-yil), “Qalb ko‘zlari” (2002-yil), “Til va el” (2005-yil) ilmiy-publitsistik risolalarini chop ettirgan.
20-asrning 70-yillarida sovet mafkurasi tomonidan o‘zbek milliy tarixi mavzusida ijod qilish tazyiq ostida bo‘lishiga qaramay, adib Аbdulla Qodiriy, Oybek, Shayxzoda, Mirkarim Osim an’analarini davom ettirib “Yulduzli tunlar” romanini yozdi (1979-yil) Аsar jahon tarixida ulkan o‘rin tutgan, buyuk shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Boburning badiiy siymosini yaratish, uning murakkab va mashaqqatli, ayni paytda hayratomuz hayot yo‘lini haqqoniy tasvirlashga bag‘ishlangan. Keyinchalik uning davomi – “Аvlodlar dovoni” romanini nashr etdi (1989-yil). Unda Boburiylar saltanati Humoyun va Аkbar davrida ravnaq topishi bosh mavzu qilib olingan. Har ikkala asar ham keng kitobxonlar tarafidan katta qiziqish bilan kutib olinganiga qaramasdan, KPSS mafkurachilari tomonidan keskin tanqid qilinib, muallif o‘tmishni ideallashtirishda ayblangan. P.Qodirov o‘zbek filologiyasi sohasida bir qator tadqiqotlar muallifidir.
P.Qodirov 1991–2000-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Parlamenti a’zosi bo‘lgan. U O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1981-yil), “Buyuk xizmatlari uchun” (2008-yil) ordeni va medallar bilan mukofotlangan. “Yulduzli tunlar”, “Аvlodlar dovoni” dilogiyasi uchun Bobur xalqaro mukofoti bilan taqdirlangan (1998 -yil). 2017-yilda P.Qodirovga (vafotidan so‘ng) O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti berildi.
Asos: Bobur ensiklopediyasi. Ikkinchi nashr. Toshkent., 2017-y. 558-bet. (A.A’zamov)