Sinov yoʻsinida ishlamoqda
Andijon farzandi, tarixshunos olim Sayfiddin hoji Jalilov 1927-yilda Andijon shahrida tugʻilgan.
Toʻliqsiz oʻrta maktabni tugatgach, 1943-yildan mehnat faoliyatini Andijon aviatsiya zavodida boshlagan. 1947-yili Andijon davlat oʻqituvchilar institutini, 1952-yili Oʻrta Osiyo davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning sharqshunoslik fakultetini bitirib aspiranturada oʻqidi.
S.Jalilov 1957-yili Andijon davlat pedagogika instituti (hozirgi universitet) da oddiy oʻqituvchilikdan ish boshladi va 2016-yilgacha ushbu dargohda faoliyat koʻrsatdi. Orada, 1959-yili Fanlar Akademiyasining Tarix institutiga ishga taklif qilinib, 1966-yilgacha shu institutda ilmiyxodim boʻlib ishladi.
1964-yili akademik Yahyo Gʻulomov rahbarligida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1966-yili Andijon davlat pedagogika institutiga qaytib mehnat faoliyatini davom ettirdi.
Sayfiddin Jalilovni tarixchi olim sifatida shakllantirgan ilmiy-tadqiqot ishlari yoʻnalishini uch sohaga ajratish mumkin.
Birinchi yoʻnalish – Fargʻona vodiysida sugʻorma dehqonchilik madaniyati va irrigatsiyasi tarixi. Bu yoʻnalish boʻyicha Sayfiddin aka ustozi akademik Yahyo Gʻulomov rahbarligida bir qator arxeologik ilmiy ekspyeditsiyalarda qatnashdi va vodiyning sugʻorma dehkonchilik tarixini batafsil oʻrgandi. Uning bu yoʻnalish boʻyicha olib borgan ilmiy izlanishlari yakuni “Fargʻona vodiysining sugʻorish tarixidan” nomli monografiyasida oʻz aksini topgan.
Ikkinchi yoʻnalish - oʻlkashunoslik tarixi. Bu jabhada ham olim koʻp ishlar qilib ulgurdi: jonajon Andijon shahri tarixi bilan shugʻullandi va bu hakda maxsus kitob - oʻlkashunoslik ocherkini yaratdi xamda yuzlab ilmiy-ommabop maqolalar eʼlon qildi. Viloyatimiz qishloqlari tarixiga alohida eʼtibor berib, yillar mobaynida ularning paydo boʻlishi va toponimikasini chuqur oʻrgandi.
Uchinchi yoʻnalishi – boburshunoslik. S.Jalilovning Boburga atalgan dastlabki ilmiy-ommabop maqolasi 1958-yilda chop etilgan boʻlsa, shundan boshlab Zahiriddin Muhammad Bobur va uning ilmiy-ijodiy merosi Sayfiddin Jalilov hayolini qamrab olgan. Buyuk inson haqida bir necha oʻnlab ilmiy, ilmiy-ommabop maqolalar, “Bobur va Andijon” (1993), Boburning Fargʻona davlati” (1995), “Bobur va Yuliy Sezar” (2001) nomli uchta yirik kitob chop ettirdi.
Sayfiddin Jalilov Bobur nomidagi xalqaro jamgʻarma tomonidan sharq mamlakatlari boʻylab uyushtirilgan ilmiy ekspeditsiya ishlarida faol qatnashib, Bobur qadamjolari: Afgʻoniston, Eron, Pokiston, Hindiston mamlakatlarida boʻlib qaytdi. Bu haqda bir qator maqolalar va alohida kitob chop etdirdi. Saudiya Arabistonida ham bir necha marta ilmiy safarda boʻldi. Ushbu safar natijalariga asoslanib muxojirat tarixi yaratildi va “Buxoriylar tarixi” nomli kitob chop etildi.
Sayfiddin Jalilov 1991-yili YUNESKO tomonidan uyushtirilgan "Buyuk ipak yoʻli – xalqaro muloqotlar yoʻli" mavzusidagi xalqaro ilmiy ekspeditsiyaga taklif qilinib, 23 davlat vakillari bilan birga butun Oʻrta Osiy va Xitoyning sharqiy qismida boʻldi. Ekspeditsiya qadami tekkan joylardagi arxeologik, tarixiy va madaniy yodgorliklar va ularni asrash masalalari haqida matbuotda turkum maqolalar eʼlon qildi.
Sayfiddin Jalilov 2001-yili Amerika Qoʻshma Shtatlariga maʼruza oʻqish uchun taklif qilindi. Ushbu mamlakatning Ohayo va Indiana universitetlarida Oʻzbekistonimiz mustaqilligi hamda Fargʻona vodiysi yerlarining suv bilan taʼminlanishi mavzularida maʼruzalar oʻqib qaytdi. Bu faoliyati bilan Andijonimizning shaʼni-shuhratini yoyishga ham sababchi boʻldi.
Domla Sayfiddin Jalilov viloyatimiz miqyosida muttasil ravishda jamoatchilik ishlari ham olib borgan. Bobur nomli xalqaro jamgʻarma tashkil etilganidan buyon (1992-yil) umrining oxirigacha jamgʻarma rayosatining hayʼat aʼzosi boʻlgan. 1998-yili tashkil qilingan respublika tarixchilari jamiyati Andijon viloyati boʻlimining raisi sifatidagi faoliyati ham tahsinga sazovor. Shuningdek, Sayfiddin Jalilov viloyat va shahar toponimik komissiyalarining aʼzosi sifatida ham faoliyat koʻrsatib kelgan.
Bobur nomidagi Andijon davlat universitetiing faxriy professori, koʻzga koʻringan olim Sayfiddin Jalilovning xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. U mustaqil Oʻzbekistonimizning “Shuhrat” medali (1994), “Mehnat shuhrati” ordeni (1998) hamda mustaqillikning 10 yilligiga bagʻishlangan koʻkrak nishoni, shuningdek, ikki marta viloyat hokimining Faxriy yorligʻi va qimmatbaho sovgʻasi bilan mukofotlangan.