Sinov yoʻsinida ishlamoqda
SALOHIY Dilorom Isomiddin qizi (1959, O‘zbekiston Respublikasi Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on shahri) – adabiyotshunos va manba’shunos olima, filologiya fanlari doktori (2001), professor (2017), TURON FA akademigi (2017), O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan Yoshlar murabbiysi (2019).
Ilmiy tadqiqotlari o‘zbek adabiyotshunosligi, matnshunoslik va manbashunoslik, komparativistika sohalarida amalga oshirilgan. “Navoiy nasrida tasavvuf” (1995), “Alisher Navoiy she’riyatida turkona uslub masalalari” (2001), “Badoe’ ul-bidoya” malohati” (2003), “Navoiyning she’riy uslubi masalalari” (2004), “Hurriyat harorati” (2007), “Mutafakkir va mumtoz she’riyat” 1-2-jildlar (2017), “Tasavvuf – insoniylik ilmi” (2017), “Velikiy mislitel’ i poeziya” (2018), “Boburning buyuk e’tiqodi” (2019), “Shayx Nizomiy ma’rifati” (2023), “Istiqlol davri navoiyshunosligi: Navoiyning she’riy uslubi masalalari”, 30 tomlik, 17-tom (2023) kabi o‘ndan ortiq monografiya va risolalar, “Navoiy nazmiyoti” (2013), “Tasavvuf va mumtoz she’riyat” (2018), “Navoiyshunoslik” (2022), “Mutaxassislikka oid maxsus adabiyot tahlili (arab tili)” (2023) nomli o‘quv qo‘llanmalar muallifi. 200 ga yaqin ilmiy va ma’rifiy mavzulardagi maqolalar muallifidir.
Yaponiya, Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon, va Hindiston davlatlari jurnallarida maqolalari e’lon qilingan.
Salohiy D.I. 2021-2023 yillar davomida Yaponiya (Tokio), Ozarbayjon (Baku), Afg‘oniston (Hirot), Rossiya (Moskva), Turkiya (Anqara) davlatlarida o‘tkazilgan ilmiy anjumanlarda ma’ruzalar bilan ishtirok etgan.
Olima “Shayx Nizomiy ma’rifati” nomli o‘zbek, ozarbayjon va ingliz tillarida nashrdan chiqqan kitobi uchun 2023 yil 7-iyun kuni Turkiy davlatlat madaniyati birligi tashkiloti – TURKSOY ULUSLARARASI TASHKILATINING “NIZOMIY GANJAVIY” medali bilan taqdirlandi.
U bugungi kunda buyuk sharq mutafakkirlari, yirik shoirlar hamda davlat arboblarii Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosi sohasidagi tadqiqotlari bilan turkiy xalqlarning buyuk madaniyatini targ‘ib qilish va ommalashtirish sohasiga munosib hissasini qo‘shib kelmoqda.