Sinov yoʻsinida ishlamoqda
EYJI MANO (1939 y., Aychi prefekturasi, Yaponiya) - tarixchi olim, sharqshunos. Kioto universitetining adabiyot fakulteti (1957-61-yy.) va aspiranturasini (1961-66-yy.) tamomlagan. Asosiy tadqiqotlari Markaziy Osiyo tarixi bilan bog‘liq bo‘lgani sababli xitoy, turk, arab, fors, mo‘g‘ul, sanskrit va boshqa tillarni o‘rgangan.
1968 y. Osaka universitetining Osiyo tarixi kafedrasida ishlagan, 1969-71-yy. AQSHning Harvard un-tida san’at va fanlar (Arts and Sciences) fakultetining aspiranti. Kioto un-ti Osiyo tarixi bo‘limi dotsenti (1972 y.dan) va prof. (1986 y.dan) bo‘lgan.
Olim Yaponiyada Temuriylar tarixi bo‘yicha ilk tadqiqotlarni boshlab bergan. 1986 y. «Markaziy Osiyoning XIV-XV asrlar tarixi» mavzusida doktorlik ishini himoya qilgan. "Boburnoma”ning Haydarobod va Qozon nusxalari asosida Farg‘ona, 1984 yilda Kobul qismini yapon tilida nashr ettirgan.
Eyji Mano "Boburnoma”ning jahon kutubxonalarida saqlanayotgan ma’lum nusxalaridan foydalanib, 1995 yil asarning tanqidiy matnini, 1996 yil “Boburnoma”ga ko‘rsatkichlar, 1998 y. "Boburnoma” ning yapon tiliga tarjimasini, 2001 y. «Bobur va uning davri» monografiyasini nashr etdi. 2006 y. “Boburnoma” tanqidiy matnini qayta nashrini amalga oshirdi. «Amir Temur va uning jahon tarixidagi o‘rni» (Toshkent, 1996 y.), «Bobur va Boburiylarning jahon madaniyati tarixidagi o‘rni» (Andijon, 2008 i), «Muhammad Haydar Mirzo va “Tarixi Rashidin" asarining jahon madaniyati tarixida tutgan o‘rni» (Andijon, 2011 y.), “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” (Samarqand, 2014 y.) xalqaro anjumanlarida ma’ruza bilan ishtirok etgan. Eyji Mano Bobur xalqaro mukofoti (1998 y.), Yaponiya akademiyasi mukofotlarining (Japan Academy Prize 2005 y.) sovrindori.
Olim 2014 yil Yaponiya Akademiyasi a’zoligiga saylangan.