Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona viloyati podshohi Umarshayx Mirzoning oilasida dunyoga keldi. Unga o‘sha davrdagi naqshbandiya tariqatining ulug‘ shayxi Xoja Ubaydulloh Ahrorning o‘zi Zahiriddin Muhammad deb nom qo‘ygan edi. Barvasta va harakatchanligi uchun chaqaloqni Bobur yoki Boburjon deb atay boshlaganlar. Keyincha bu nom uning ismi va taxallusiga aylandi.Bobur Mirzoning otasi Umarshayx Mirzo Temuriyzoda Sulton Abusa’id Mirzoning (1424-1469) uchinchi o‘g‘li edi. Bobur Mirzoning onasi Qutlug‘ Nigor Xonimning otasi Toshkent va Mo‘g‘uliston xoni Yunusxon bo‘lib, kelib chiqishi, shajarasi Chingizxonning ikkinchi o‘g‘li Chig‘atoyxonga borib taqaladi.

Bobur Mirzo hijriy hisobda 12 yoshida 1494 yili otasi Umarshayx Mirzoning Axsidagi halokatidan so‘ng Farg‘ona viloyati podshohi deb e’lon qilindi, o‘sha davr tamoyiliga ko‘ra xutbada uning nomi o‘qilgan. U ikki marta buyuk Amir Temur saltanati poytaxti bo‘lgan Samarqand shahrini 15 va 17 yoshida keskin jangu jadaldan so‘ng egalladi, ammo vaziyat juda og‘ir bo‘lgani sababli uni qo‘lida ushlab qola olmadi. O‘z vatanidagi toju taxt uchun kurashlarda tajribali raqib Muhammad Shayboniyxondan yengilib, bir yilcha Badaxshon tog‘i etaklarida jon saqlab, 1504 yili yonida qolgan sadoqatli ikki yuzdan ortik-uch yuzga yaqin odamlari bilan Kobul tomonga yo‘lga chiqdi. Yo‘lda unga avval Termiz va Chag‘aniyonning amaldagi hokimi Boqi Chag‘aniyoniy, keyin Hisordagi amir Xusravshohning navkarlari kelib qo‘shilib, Kobul viloyati, G‘azni shahar va yon atrofidagi hududlarni egalladi.

Kobul viloyatida Bobur Mirzo o‘zini 1508 yildan boshlab podshoh deb atashlarini buyurdi. Bu joyda 1504 yildan 1525 yilgacha yashab, viloyatni imkon darajasida obodonlashtirdi, Temuriylarning Xurosondagi davlati poytaxti Hirot shahri va u yerdagi podshoh Sulton Husayn Mirzo va Alisher Navoiyning bunyodkorlik-obodonchilik ishlari bilan yigirma kun davomida tanishdi, o‘sha davr madaniyat, she’riyat namoyondalari va davlat arboblari bilan uchrashdi.

Zahiriddin Muhammad Bobur hayotining eng zavqli onlari Kobul shahri, viloyati bilan bog‘liq bo‘lib, aksariyat farzandlari shu shaharda dunyoga keldilar, ijodining gullagan davri ham shu yillarga to‘g‘ri keladi.

1525 yili Zahiriddin Muhammad Bobur Hindiston tomon beshinchi yurishini boshlab, 1526 yil aprelida Dehli yaqinidagi Panipat maydonida avval Sulton Ibrohim Ludiy va 1527 yili Kanva shahridagi jangda tajribali rojput rojasi Rana Sangani lashkarlari son jihatidan ustun bo‘lishiga qaramay, sarkardalik mahoratini ishga solib, mag‘lub etadi va Shimoliy Hindistonda Buyuk Boburiylar saltanatiga asos soladi. Ushbu tarixiy g‘alabalardan so‘ng uni “As-Sultonul-a’zam va Xoqonul-mukarram Zahiriddin Muhammad Bobur bahodur podshoh” deb atay boshlaydilar va tangalar zarb etadilar. U asos solgan saltanat 1858 yilgacha davom etgan bo‘lsa-da, oltita podshohni Zahiriddin Muhammad Bobur, Nasiriddin Muhammad Humoyun, Jaloluddin Muhammad Akbar, Nuriddin Muhammad Jahongir, Shahobuddin Muhammad Shohijahon, Muhyiddin Muhammad Avrangzebni tarixchilar buyuk Boburiylar deb ataydilar.

Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zi egallangan Kobul viloyati va Shimoliy Hindiston mamlakatida keng ko‘lamda obodonchilik ishlarini boshlab yuborgan edi. U 1530 yili podshohlikni katta o‘g‘li Humoyun Mirzoga topshirishni tayinlab, qirq yetti yoshida vafot etadi. Uni o‘zi bunyod etgan Orombog‘ga dafn etadilar. Keyincha jasadini 1540 yili Kobuldagi Bog‘i Boburga keltirib ko‘madilar.

Son-sanoqsiz jangu jadallarga qaramay, yosh Bobur Mirzo ona yurtida siyosiy vaziyatga qaramay, buyuk shoir va olim bo‘lishga intildi. Undan boy meros, ikki she’riy devon, “xatti Boburiy” alifbosi, “Vaqoyi’” –“Boburnoma” tarixiy epopeyasi, “Turkiy aruz” yoki “Aruz risolasi”, fiqhga oid “Mubayyin” she’riy asari, Xoja Ubaydulloh Ahrorning nasriy “Volidiya” asarining she’riy tarjimasi bizgacha yetib keldi. Yana uning musiqa va harb ishiga oid risolalar yaratgani manbalarda qayd etiladi. Shuningdek unga nisbat berilgan arifmetikaga oid asar qo‘lyozmasi o‘z tadqiqotchilarini kutib turipti.

Yaqin vaqtlargacha, O‘zbekistonda Zahiriddin Muhammad Bobur asosan ajoyib she’rlar muallifi, yirik shoir va mashhur “Boburnoma” asari muallifi deyilar edi, xolos. So‘ngra 1971 yili “Aruz risolasi” avval Toshkentda zamonaviy tabdil va faksimile, keyin Moskvada risola matni faksimilesi nashr etildi. Bobur Mirzoning she’riy iste’dodi va adabiyotshunoslik dahosi kashf qilinishi boshlandi.

1905 yili Zahiriddin Muhamad Boburning “Mubayyin” asari toshbosma usulda nashr qilingan bo‘lsa-da, u kitob qisman o‘rganilgan edi, xolos. Professor Hamidulla Hasanov Bobur Mirzoning geografik merosini o‘rganishga bag‘ishlangan ixcham risolasini ikki marta 1960, 1966 yillari nashr ettirgan edi.

1960 yili prof. S. I. Tyulyayev Moskva shahridagi Sharq san’ati muzeyida saqlanayotgan varoqlardagi “Boburnoma” rasmlarini albom sifatida e’lon qildi. 1969 yili esa prof. Hamid Sulaymon Britaniya muzeyida saqlanayotgan noyob qo‘yozmaning zarvaraq va 95 sahifadagi rasmlarni “Boyuburnoma” rasmlari“ nomli albom sifatida nashr ettirdi. Undagi ayrim rasmlar terma albom (32) va to‘liq albom sifatida to‘rt marta katta tirajda, 2008 yili esa prof. S. Hasanov uni ayrim o‘zgarish va to‘ldirishlar bilan qayta nashr ettirdi.

Akademik S. Azimjonova Bobur hayoti va ijodiga oid uchta kitob, “XV asr ikkinchi yarmidagi Farg‘ona tarixiga doir” (“K istorii Fergani vtoroy polovini XV v., -Tashkent, Fan, 1957, 94 s.),“Boburning Hind devoni” (“Indiyskiy divan Babura”, -Tashkent, Fan, 85+40 bet) va “Kobul va Hindistondagi Bobur davlati” (“Gosudarstvo Bobura v Kabule i Indii”, - Moskva, Nauka, 176 s.)va ko‘plab maqolalar muallifidir . Uning nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari ham Zahiriddin Muhammad Boburning davlatchilik faoliyatiga taalluqlidir .

O‘zbekiston davlat mustaqilligiga erishgandan so‘ng, xalqaro Bobur jamoat fondi tashkil etilgach, Boburshunoslik tadqiqotlari va uning asarlari nashrlari amalga oshirildi, bu sohaga oid ko‘plab kitoblar o‘zbek tiliga tarjima qilib nashr etildi, xalqaro ilmiy anjumanlar tashkil etildi. “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi”ning ikki nashri, 2014 va 2017 yillari amalga oshirildi. “Bobur va Boburiylar bibliografiyasi” (2014) va “Zaxiriddin Muxammad Babur. Baburidi. Bibliografiya” (Moskva, 2016) va “Zaxiriddin Muxammad Babur. Baburidi. Sobraniye ensiklopedicheskix, nauchnix i nauchno-populyarnix materialov. 1 (A-B-V)(-Moskva, 2019)” hamda “Zahiruddin Muhammad Bobur. Kulliyot. 6 jildlik. 2021-2022) nashr etildi.

Uchinchi buyuk Boburiy Jaloluddin Muhammad Akbar (1543, Amarkot, 1556-1605, Agra) hukmronlik davrida uning tashabbusi bilan fors tiliga Abdurahimxon tarjima qilgan “Voqioti Boburiy”- “Boburnoma”ning fors tilidagi tarjimasi mo‘tabar qo‘lyozmalarini ziynatlash uchun XVI asr oxiri - XVII asr boshlarida yuzdan ortiq eng mohir saroy rassomlari tomonidan besh yuzdan ortiq nafis mo‘jaz rasmlar yaratilganini eslatish zarur. Bu rasmlarni asar mazmuni bilan qiyosiy o‘rganish ham Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va rassomlar ijodi, mahorat sirlarini tushunishga imkon yaratadi. Bunda professorlar S. I. Tyulyayev, Hamid Sulaymon, M. S. Randhava va boshqalar tadqiqotlariga asoslandik.

Ushbu monografiyada “Voqioti Boburiy”ning ikki rasmli qo‘lyozmasi, Britaniya muzeyi va Dehlidagi milliy muzey, Moskvadagi Sharq xalqlari san’at muzeyi, AQSHning Baltimor shahri Valter muzeyidagi va qisman boshqa muzeylardagi rasmlardan imkon darajasida foydalandik.

Zahiriddin Muhammad Boburning ona tomonidan jiyani Mirzo Muhammad Haydar uning she’riy salohiyati to‘g‘risida quyidagilarni yozgan edi: “(Bobur Podshoh) turli fazilatlar, maqtovga loyiq sifatlarga ega podshoh edi. Barcha sifatlar ichida shojoat va muravvatpeshaligi ustun kelardi. Turkiy (mumtoz o‘zbek) she’riyatida Mir Alisherdan keyin hech kim unchalik ko‘p yozmagan. U turkiyda ajoyib totli devon tartib bergan. “Mubayyin” nomli she’riy asar yaratgan – juda foydali kitob bo‘lib, odamlar uni fiqh dasturamali sifatida qabul qilishgan. U “Turkiy aruz”(risolasini)ni yozganki, bunday asar – turkiy aruzni ungacha hech kim (mukammmal qilib) bitmagan . Hazrat eshon (Xoja Ubaydulloh)ning “Risolai volidiya” asarini nazmiy tarjima qilgan.


Uning “Vaqoyi’” (“Boburnoma”) nomidagi turkiy tildagi tarixiy asari borki, juda aniq, tushunarli, shirali, sof jonli tilda bitilgan!”

Shayboniylar davrida “Muzakkiri as'hob” nomli tazkira yozgan o‘z davri yetuk shoiri va adabiyotshunosi bo‘lgan Hasanxoja Nisoriy Zahiriddin Muhammad Bobur to‘g‘risida shunday yozgan: “Temuriy (muallif Chig‘atoiy deb atagan) sultonlarning eng sarasi va zo‘r shijoatlisi edi. Shamshir zarbi bilan Movarrounnahr mamlakatlariga ega bo‘lib, uni saqlab qolishda ko‘p say’-harakatlar va jonini ayamasdan jaddu jahdlar ko‘rsatdi...Bobur podshohning fazilatlari bisyor va kamolatlari beshumordir. Aruz bo‘yicha yozgan risolasi bir dengizdurkim, ichi to‘la javohiru durdona, fiqh masalalarini dag‘ibir risolada mubayyan qilgankim, yozg‘uvchisi donishmandligidan bir nishona: - turkiy va forsiyda yaxshi she’rlari bor...Bu matla’ podshohning oliy maqolotlaridandur:


“Xarobotiyu rindu mayparastam,

Ba olam harchi mego‘yad hastam,

To ba zulfi siyahash dil bastam,

Az pareshoniy olam rastam.


(Mazmuni: Xarobotiyu rindu mayparastman, olamda nimasan desalar o‘shaman. Qora zulfiga dil bog‘langach, olam baxti qaroligidan qutulganman!).

Va bu g‘azalni ham bag‘oyat yaxshi aytgan. G‘azal:


Neko‘ray tubini qaddi xush xiroming borida,

Ne qilay sunbulni zulfi mushkfoming borida.


Ey ko‘ngul, gar g‘ayr so‘zi zahri qotildir, ne g‘am,

Lablaridin sharbati yuhyil-izoming borida.


Oshiqingni davlati vasling bila qil muhtaram,

Husn ahli ichra mundoq ehtiroming borida.


Bobur ul gul kuyida bulbul kibi topting maqom,

Bir navoye’ rost qil, mundoq maqoming borida.


Va bu matla’si g‘oyatda dilpazir va ajoyibu benazir chiqqan. Matla’:


O‘lum uyqusidin bo‘ldum jahon fikridin osuda,

Meni istasangiz, ey do‘stlar, topg‘aysiz uyquda.


Va bu bayti ko‘p sudmand va va’zda aytish uchun dilpisanddir.

Bayt:


Nekim taqdir bo‘lsa ul bo‘lur, tahqiq bilgaysen,

Erur jangu jadal, ranju-riyozat barcha buhuda” .


Ushbu muallif Bobur Mirzoning naqshbandiya tariqatiga ixlosi borligini shunday qayd etgan: “Podshohning naqshbandiya oliy xonadoniga irodat nisbati bor edi... Barcha darvishlarga lutf eshigini ochib, niyozmandlik yumushini bajo keltirar edi. Hazrat Maxdumiy mullo Xojagiy Kosoniyga bir bo‘lak oltin quymasini niyoz tariqasida yuborib, yonida o‘zining ushbu qita’sini ham shohid qilgan edi:

Dar havoyi nafsi gumroh umr zoye kardayem,

Peshi ahlulloh az atvori xud sharmanddayem.

Yak nazar afkan ba so‘imo, ki az rohi vafo,

Xojagayro mondayem, xojagayro banddayem.


Mazmuni: Adashgan nafsimiz havasi yo‘lida, umrni zoye qildik, din ahli oldida bu qilmishlarimizdan uyatlimiz. Biz tomonga hech bo‘lmaganda bir nazar sol, vafodorlik ila xojaga bog‘langanmiz, xojaga bandamiz. (Nisoriy Hasanxoja, 53.)


Professor Hamid Sulaymon to‘g‘ri ta’kidlagandek, “Shubha yo‘qki, u (Zahiriddin Muhammad Bobur) dastlabki ma’lumotni Andijonda, asosan o‘z ona tilisi bo‘lgan o‘zbek tilida olgan.

Mirzo Boburning ijtimoiy-falsafiy qarashlari, uning estetik ta’bi va ilmiy qiziquvchanligi Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Lutfiy va boshqa Sharq klassiklari genial asarlari ta’sirida shakllandi”(Boburnoma, 7.)


Zahiriddin Muhammad Boburning yoshligida shoir bo‘lib shakllanishiga oid ayrim ma’lumotlar “Vaqoyi’”-“Boburnoma” asarida mavjud. U yoshi katta Temuriylar to‘g‘risida ma’lumot berar ekan, ularning she’riyatga bergan e’tiborini yoritishga harakat qilgan. O‘z otasi Umarshayx Mirzo (1456-1494)to‘g‘risida yozadi: “Ravon savodi bor edi. “Xamsatayn” va masnaviy kitoblarini va tarixlarni o‘qub erdi. Aksar “Shohnoma” o‘qur edi, vale she’rg‘a parvo qilmas edi” (Boburnoma, 37).

Ikkinchi amakisi Sulton Mahmud Mirzoni (1453-1495) she’riy iste’dodini salbiy baholaydi: “Tab’i nazmi bor edi, devon tartib qilib edi, vale she’ri bisyor sust va bemaza edi. Andoq she’r aytqondin aytmog‘on yaxshiroqdur” (Boburnoma, 48.).

Shu amakisining o‘g‘li Boysung‘ur Mirzoning (1470-1499) she’riy qobiliyati va ijodini ijobiy baholab, uning yaxshi sifatlarini shunday bayon etadi: “Xushtab’ va fazilatliq podshohzoda edi... Nasta’liq xatini xeyli xo‘b bitir edi. Naqqoshliqda ham iligi yomon emas edi. She’rni tavre aytur edi. “Odiliy” taxallus qilur edi. She’riy devon tartib qilg‘uncha bo‘lmaydur edi. Bu matda’ aningdurkim:

Soyavor az notavoni jo-bajo meo‘ftam,

Gar nagiram ro‘y devore zi po meo‘ftam.

Mazmuni: Kuchsizlikda soyada u yer-bu yerga tushaman, agar devorni ushlamasam, yiqilaman.

Samarqandda Boysurg‘ur Mirzoning g‘azallari oncha shoyi’durkim, kam uy bo‘lg‘ay erdikim, Mirzoning ash’ori ul uyda bo‘lmag‘ay edi” .

Bobur Mirzoning hayotidagi eng muhim siyosiy voqea uning 15 yoshligida hijriy to‘qquz yuz uchinchi (1497-1498) yili Samarqandni egallashi edi (Boburnoma ,58) Samarqand tarixini bayon etar ekan, shaharda “Temurbekning va Ulug‘bek Mirzoning imoroti va bog‘oti Samarqand mahallotida ko‘ptur”, deb ularni birma-bir tavsiflaydi. Podshohlik qilgan shaxslar ichida Ulug‘bek Mirzoni o‘z o‘g‘li Abdullatif “Bu besh kunlik o‘tar dunyo uchun andoq donishmand va qari otasini shahid qildi”, deb afsus bilan eslaydi (Boburnoma , 62).

Bobur Mirzo o‘zining “Aruz risolasi” kitobida esa Temuriylar davri yirik qasidanavisi“Xoja Ismat Buxoriyning Ulubek Mirzoning otig‘a bir purkor qasida tugatibtur, matla’i budur:


Zihi du chashmat ba xuni mardum kushoda tiru kashida xanjar,

Ruxi chu mohat sabohi davlat, xati siyohat shabi muanbar.

Shibhi Sulaymon chashmi Ulug‘bek, imomi barhaq, valiyi mutlaq.

Ba tan tahamtan ba yad muayyad, ba dil mujohid, ba gir g‘azanfar.

Sipehr bog‘in nujumi vardi, chu qildi ul nav’kim Xavarnaq.

Nuridin ul sham’ ichra soldi nur ming safou ravnaq” (Kulliyot, 52), -deb buyuk olimga o‘z hurmatini izhor qiladi.

Bobur Mirzo Samarqandni ikkinchi marta egallaganida Alisher Navoiy tirik bo‘lib, uning “bir navbat kitobati ham kelib edi. Men ham kitobat yiborib edim, orqasida turkiy bayt aytib, bitib yiborib edim”, - deb eslaydi(Boburnoma , 81).

Shoir Kamoliddin Binoiy to‘g‘risida quyidagi ma’lumotlarni keltiradi: “Muhammad Shayboniyxon Samarqandni olg‘onda, Mullo Binoiyni mulozim qilib edi... Samarqand fathidin necha kun so‘ngra Samarqandga keldi...Doim qasida va g‘azal o‘tkarur edi. Navoda bir amal mening otimg‘a bog‘lab o‘tkardi. O‘shul asnoda bir ruboiy aytib o‘tkardi.

Ruboiy:

Ne g‘alla maro k-az o‘ tavonam no‘shid,

Ne muhmali g‘alla to tavonam po‘shid.

Onroki na xo‘rdanastu ne po‘shidan,

Dar ilmu hunar kujo tavonam ko‘shid.

(Mazmuni: Ne yegulik g‘allam bor va na kiyinishga asragan kiyimim bor! Yoydigani, kiyadigani bo‘lmagan kishi ilm va hunarga qanday uruna olsin?).

Ul fursatlarda birar, ikkirar bayt aytur erdim. Vale g‘azal tugatmaydur erdim. Birgina turkiy ruboiy aytub yibordim.

Ruboiy:


Ishlar bori ko‘nglungdagidek bo‘lg‘usidur,

In’omu vazifa boru buyrulg‘usidur.

Ul g‘allau muhmalki deb erding, berdim,

Muhmalg‘a bo‘yu g‘alladin uy to‘lg‘usidur.


Mullo Binoiy bu ruboiyning so‘ng‘g‘i misraining qofiyasini radif qilib, o‘zga qofiya bila bir ruboiy aytib o‘tkardi.


Mirzomki, shohi bahru bar bo‘lg‘usidur,

Olamda hunar birla sar bo‘lg‘usidur.

Bir muhmal uchun muncha inoyat bo‘ldi,

Musta’mal agar desam, nelar bo‘lg‘usidur.


Ul fursatta Xoja Abulbaraka Firoqiy Shahrisabzdin Samarqandga kelib edi. Dedikim, o‘shul radif va qofiyada aytmoq kerak edi. Bu ruboiyni Xoja Abulbaraka aytdi:

Ruboiy:


Bu javrki qildi davr so‘rulg‘usidur,

Sultoni karam bu uzrni qo‘lg‘usidur.

To‘kulgan agarchi to‘lmas, ey soqiy,

To‘kulgonimiz bu davrda to‘lg‘usidur”

Keltirilgan lavha shundan dalolat beradiki, o‘n to‘qqiz yoshida Bobur Mirzo o‘zini shoir sifatida ruboiy yozishga jur’at qilgan. “Vaqoyi” asari boshida Alisher Navoiy, keyincha Muhammad Solih va Kamoliddin Binoiy nomlarinihurmat bilan eslatadi. Shuningdek, kitobda Sulton Husayn Mirzo (1438-1506) davri va o‘sha davrda yashagan ijod ahli –shoirlar to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlarni keltirgan.

Hijriy 907 /1501-1502 yillari davomida Mascho qishlog‘i pasti, Obburdon yaqiniPalg‘ar nomli joydagi “chashma yoqasidag‘i toshida qazib, uch baytni sabt ettim:


Shunidamki, Jamshidi farruxsirisht,

Ba sarchashmaye bar sange navisht:


“Barin chashma chun mon base dam zadand,

Biraftand to chashm barham zadand.


Giriftem olam ba mardiyu zo‘r,

Va lekin naburdayem bo xud ba go‘r!

Mazmuni: Eshitdimki, qutlug‘ tabiatli Jamshid bir bulog‘ boshida tosh ustiga shunday deb yozgan ekan: Bu bulog‘ tepasida bizlar singari ko‘p kishilar kelib o‘lturdilar, keldilar va yo‘q bo‘ldilar. Olamni mardlik va zo‘rlik bilan oldik, lekin o‘zimiz bilan go‘rga eltmadik (Boburnoma ,88).

Keltirilgan she’riy lavha buyuk shoir Sa’diy Sheroziy qalamiga mansub bo‘lib, uni bir vaqtlar Amir Temur Ulug‘tog‘dagi bir xarsang toshga ham yozdirganini Nizomiddin Shomiy eslatgan edi.


Bobur Maschodagi vaqtda aytgan bir g‘azal matla’si:


“Takalluf har necha suratta bo‘lsa ondin ortuqsen,

Seni jon derlar, ammo betakalluf jondin ortuqsen!”


Shu yil davomida Bobur Mirzo katta tog‘asi Sulton Mahmudxon yoniga borib, undan she’riyatdan bir savol so‘raydi. Uning yozishicha, “Bir ruboiy aytib erdim, ma’mul qofiyasida taraddudim bor edi, ul mahalda she’r mustalahotig‘a muncha tatabbu’ qilmaydur edim. Xon xushtab’ kishi edi, she’r aytur edi, agarchi saru somonliq g‘azali kamroq edi, bu ruboiyni Xong‘a o‘tkarib, taraddudimni arz qildim. Ko‘ngul ting‘udek shofiy javob topmadim. G‘olibo, she’r mustalahotig‘a kamroq tatabb’ qilg‘ondur. Ruboiy budur:


Yod etmas emish kishini mehnatta kishi,

Shod etmas emish ko‘ngulni g‘urbatta kishi.

Ko‘nglum bu g‘aribliqta shod o‘lmadi hech,

G‘urbatta sevinmas emish, albatta kishi.


So‘ngra ma’lum bo‘ldikim, turkiy lafzida mahal iqtizosi bila “to” va “dol” yana “g‘ayn” va “qof” va “kof” bir-birlari bila mubaddal bo‘lurlar emish” (Boburnoma , 88-89).

Bobur Mirzo shu yil oxiriga yaqin Turok chorbog‘i kelib tushilgach, o‘zining birinchi g‘azalini yozib tugatganini eslaydi: “Ul g‘azalkim, tugattim, ushbu kun ushbu yurtta tugattim. U tugangan g‘azal (matla’si) budur:


Jonimdin o‘zga yori vafodor topmadim,

Ko‘nglumdin o‘zga mahrame asror topmadim.


Bu g‘azal olti bayt turur. Mundin so‘ng g‘azalkim tugandi, o‘shul tartib bila-o‘q bitildi”.

Farg‘ona vodiysidan chiqqan shoirlar Asiriddin Axsikatiy, Xoja Kamol Xo‘jandiy nomlarini o‘z o‘rnida eslatib o‘tgan.Keltirilgan ma’lumotlar shundan dalolat beradiki, siyosiy kurashlarda yengilgan va omadsizlikka uchragan Bobur Mirzo bu davrda shoir sifatida shakllanib bordi. Birinchi g‘azalini ona yurtida bitdi. “Vaqoyi’” asari uchun muhim ma’lumotlarni o‘rganib bordi, ikkinchi bor Samarqandni egallaganda Alisher Navoiyga maktub yozish bilan birga, o‘zining to‘rt qator she’rini bitib yuborgan. Mashhur shoir Kamoliddin Binoiy bilan mushoiraga kirishgan. Tog‘larda darbadar yurganda buyuk shoir Sa’diy Sheroziyning shoh baytlarini toshga bitdi. O‘zidan bir necha tosh bitiklar meros qoldirdi.


Abdumajid Madraimov

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

tarix fanlari doktori, professor

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0