Zahiriddin Muhammad Bobur dunyoga mashhur yetuk shaxs, buyuk shoh va shoir, olim, Hindistonda boburiylar imperiyasining asoschisi, Uning hayoti va ijodi nafaqat O’zbekiston va Hindiston, balki Osiyo, Yevropada ko‘plab tadqiqotchilarning e’tiborini tortdi. Ayniqsa, Yevropa olimlari Boburning faoliyatining tarixiy ahamiyati va madaniy merosini o‘rganish maqsadida keng ko‘lamli tadqiqotlar olib borgan. Ushbu maqolada biz Bobur hayoti va ijodini tadqiq etgan muhim yevropalik tadqiqotchilarni ko‘rib chiqamiz.
Amadeus Kayzer – Boburning “Boburnoma” asarini ilk bor nemis tiliga tarjma qilgan muttajrim. U 1828-yilda Laypsig da “Zahiriddin Muhammad Bobur xotiralari” (“Denkwurdigkeit des Seher-Edden Muhammed Baber”) deb nomlaydi. Kayser kitob so’zboshisida o’zi ta’kidlab o’tganidek, tarjimada ingliz olimlari D.Leyden va V. Erskinlarning tarjimasiga tayanadi va “Boburnoma” asarini bilvosita ingliz tilidan nemis tiliga o’giradi.
Annamarie Shimmel. Orientalist olimaning o’zbek mumtoz adabiyotiga qo’shgan hissasi juda katta. Xususan, uning boburiylar davri san’ati, madaniyatiga doir “Im Reich der Großmoguln: Geschichte, Kunst, Kultur” 3(“Buyuk mo’gullar davrida tarix, san’at, madaniyat”) asari juda mashhur hisoblanadi. (Ma’lumot o’rnida shuni aytib o’tish joizki, Annamarie Shimmel ijodida ham boshqa ko’pgina yevropalik tadqiqotchilar tomonidan yo’l qo’yiladigan boburiylar sulolasining “mo’g’ullar” istilohi bilan almashtirib qo’llash holatlari kuzatiladi) Xo’sh, asar nimasi bilan o’zbek boburshunosligi rivojiga hissa qo’shgan? Qariyb 500 sahifalik ushbu monografiyada Shimmelning g’ayrioddiy bilimdonligi yaqqol ko’zga tashlanadi. Adabiyotshunos sifatida u bizga davradagi adabiy muhit, san’atkorlik, ayollar olami, saroy ahli, liboslar, taqinchoqlardan tortib, u yerga tashrif buyuruvchi g’arblik mehmonlar, sulola a’zolarining sayohatlari, yozishmalari, kitoblar kabi mayda detallargacha ma’lumot beradi. Ba’zi o’rinlarda lirikadan ham o’rinli foydalangan. Shuningdek, uning ko’pgina ilmiy maqolalarida boburiylar davri poetikasi, xattotlik, din kabi masalalar batafsil o’rganilganligini ko’rish mumkin. Puxta o’rganilgan xarita yo’nalishlari, miniatura parchalari, sulolaning shajaraviy ko’rinishi kabi obyektlar ham kiritilgan va bu tarixiy konturni tasvirlash uchun xizmat qilgan. Muallif Bobur portretiga o’ta haqqoniy, bo’yoqlarsiz, obyektiv yondashadi: “Birinchi boburiy hukmdorining haqiqiy portreti ma’lum emas. Nabirasi Akbar davrida, “Boburnoma” fors tiliga tarjima qilingan va uchta nafis xattotlik nusxalari yaratilgan. Rassomlar tabbiyki, sulola asoschisining yuzini biroz Akbarnikiga o’xshab ketadigan qilib tasvirlashgan. “Boburnoma” qo’lyozmalarida u 1526-yilda, Dehlidagi Purana Qilada bevaqt vafot etishidan to’rt yil avval o’z Hindiston imperiyasining poydevorini qo’ygan baquvvat yosh qahramon, dadil ritsar sifatida namoyon bo’ladi.” Ushbu adabiy manba boburiylar imperiyasining tarixiy tahlilidan tortib, o’sha davrda amalda bo’lgan tillar va adabiyot, hukmdorlarning san’at va madaniyat borasidagi amalga oshirgan islohotlari haqidagi muhim manbadir. Annamari Shimmel xizmatlari shundan iboratki, biz boshqa manbalarda uchratmagan, boburiylarning qurilish, bog’ arxitekturasi, tili va adabiyot olami, umuman, inson qo’li va idroki bilan barpo etilgan madaniy merosning XVIII asrda Yevropa hayotning barcha jabhalariga singib ketish jarayonlari haqida ma’lumot beradi.
Volfgang Shtammler - Boburning memuar asari “Boburnoma”ning nemis tarjimonlaridandir. Uning “Die Erinnerungen des ersten Grossmoguls von Indien” (“Hindistondagi buyuk mo’g’ul podshohi Zahiriddin Muhammad Boburning xotirlari”) shaklida taqdim etgan. Shtammlerning “Boburnoma” kabi asarga qiziqish bildirgani bejizga emas. Olimning turkiy mumtoz adabiyotga doir “Von der Mystik zum Barock” (“Tasavvufdan barokkoga qadar”) asari aynan 1400-1600 yillar adabiyotining eng mashhur asarlari haqida ma’lumot beradi. Tabiiyki, “Boburnoma” bundan asarlar ro’yxatida oldingi o’rinlarda olimning e’tiborini tortgan bo’lsa, ajabmas.
Vasiliy Bartold. Taniqli rus sharqshunosi va tarixchisi, tadqiqotlarining katta qismini Oʻrta Osiyo, jumladan, Bobur hamda temuriylar sulolasi tarixiga bagʻishlagan. Bartold temuriylar va ularning madaniy merosi va ahamiyati haqida bir qancha muhim asarlar yozgan. Uning tadqiqotlari buyuk bobmizning O‘rta Osiyo tarixida tutgan o‘rnini to’liq tushunishga zamin yaratdi.
Hermann Goetz - taniqli nemis hindologi va tarixchisi bo’lib, Hindiston tarixi va madaniyatini chuqur o‘rgangan. U o‘z ijodining bir qismini Bobur va Mug‘ullar sulolasini o‘rganishga bag‘ishlagan. Gyots uning boburiylar imperiyasining asoschisi sifatidagi rolini tahlil qilishga, uning siyosiy va madaniy xizmatlarini e’tirof etishga hissa qo‘shgan.
Andre Uink. Gollandiyalik taniqli tarixchi A. Uink ilmiy izlanishlari asosan, O‘rta asrlar Hindiston va Markaziy Osiyo tarixi va madaniyatiga ixtisoslashgan. U temuriylar sulolasi va xususan, Bobur haqida keng ko‘lamli tadqiqotlar olib borgan.
Uink asarlarida Bobur duch kelgan siyosiy va harbiy qiyinchiliklar va uning boburiylar imperiyasini barpo etish strategiyalari haqida muhim tushunchalar berilgan.
Xorijlik olimlarning hissalari Bobur haqidagi tasavvur va uning tarixiy ahamiyatini kengaytirishga yordam berdi. Ularning tadqiqotlari Boburning O‘rta Osiyo va Hindistonning siyosiy manzarasiga ta’sirini tushunishga, shuningdek, adabiyot, san’at va me’morchilik sohalariga qo‘shgan madaniy xizmatlarini e’tirof etadi. Bobur hayoti va ijodi bilan bog‘liq ilmiy tadqiqotlar, izlanishlar davom etishi, shubhasiz, uning merosini yanada chuqurroq o‘rganish va qadrlashga xizmat qiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
[1]. Denkwurdigkeit des Seher-Edden Muhammed Baber, Kaiser’s von Hindustan, von ihm selbst im DschagataiTurkhen verfasst und nach der englischen Uebersetzung des Dr.Leyden und W.Erskine deutsch bearbeitet von Kaiser A., Leipzig, 664.
[2]. Annemarie Schimmel. Im Reich der Großmoguln. Geschichte, Kunst, Kultur, München 2000, S.
[3]. Annamarie Schimmel. The Impire of the Great Moghals:History, Art and Culture.tr by Corinne Attwood, ed, by Burzine K.Wagkmar-Lahore:Sang e-Meel Publications, 2005,.352pp.
[4]. Kaja Betz: Annemarie Schimmel - Leben in Orient und Okzident. In: Little Geniuses - 25 Wunderkinder der Wissenschaft. Wissenschaftliche Buchgesellschaft. Darmstadt 2007, стр.
[5]. Kalif und Kadi im spätmittelalterlichen Ägypten. Dissertation an der Universität Leipzig, Harrassowitz, Leipzig 1943.
[6]. Studien zum Begriff der mystischen Liebe im Islam. Dissertation an der Philipps-Universität Marburg 1951, publiziert 1954.
Orasta Omonova
International Conference
THE DEVELOPMENT HISTORY AND MODERN SIGNIFICANCE OF INTERCULTURAL DIALOGUE 2024 / 10-11 October
Fikr qoldirish#