Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Viloyat hokimi Q. G‘. Obidovning Z. M. Boburga yodgorlik haykali ochilishi marosimida so‘zlagan nutqi

Aziz mehmonlar!


Hurmatli hamyurtlar!


Biz, bugun o‘zbek xalqi, jumladan Farg‘ona vodiysi xalqlari, xususan andijonliklar hayotida unutilmas tarixiy kunning guvohi va ishtirokchisi bo‘lib turibmiz. Jahon madaniyati xazinasiga bebaho ilmiy va badiiy asarlari bilan ulkan hissa qo‘shgan Bobur mirzoning Andijon farzandi bo‘lganligidan, biz andijonliklarning quvonchi va faxri beqiyosdir.


Bobur mirzo buyuk bobokalonimiz Amir Temurning «Kuch adolatda» degan qoidasiga izchil sodiq bo‘lgan ulug‘ davlat arbobidir. U ajoyib sarkarda, hassos shoir, ilm-ma’rifatning turli sohalarida o‘z maktabini yaratgan buyuk tarixiy siymodir.


Bobokalonimiz Bobur mirzo ajoyib insonparvar, vatanparvar va kindik qoni to‘kilgan Andijonning beqiyos fidoyisi bo‘lib, jannatmakon yurtimizning har tomonlama obod va ko‘rkam bo‘lishini chin yurakdan orzu qilar edi.


Bugun biz Bobur mirzo xotirasini abadiylashtirish uchun unga yodgorlik haykalini tantanali ochish marosimiga to‘plandik. Qarshimizda qad ko‘targan bobokalonimiz Bobur siymosida tadbirkor sarkarda, olimu, shoirlik va buyuk insoniylik o‘z qiyofasini topgan. Haykal tasviriga ko‘ra, Bobur Andijon xalqiga ta’zim qilib turibdi.


Shahrimizda bu ulug‘vor yodgorlikning qad ko‘tarishi hayoti va ijodini xalq va millat xizmati uchun sarflagan otashin vatanparvar Bobur mirzoning o‘z Andijoniga abadiy qaytganligining ramzidir.


Viloyatimizda Bobur mirzo haykalining qad ko‘tarishi, poytaxtimiz Toshkentda bobokalonimiz Amir Temurga o‘rnatilgan haykaldan so‘nggi mustaqilligimizning zo‘r tantanasidir.


Milliy qadriyatlarimizning tiklanishi, kelajagi buyuk davlat bo‘lishi muqarrar bo‘lgan O‘zbekistonimizning milliy mustaqillik yo‘lidan ishonchli, dadil qadamlar bilan olg‘a borishi Prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimov boshliq rahbariyatning odilona siyosatining natijasidir.


Xalqimizning farovonligi, yurtimizning tinchligi, osoyishtaligi, obodligi bobokalonimiz Bobur mirzo orzulari ekanligini unutmaslik andijonliklarning muqaddas burchidir. Ulug‘vor niyat va orzularimizning ruyobga chiqishida buyuk ajdodlarimizning, Bobur mirzoning ruhi doimo madadkor bo‘lsin!


Barchangizni bugungi shodiyona bilan chin qalbimdan tabriklayman.


Andijonnoma. –1993. –21 dek. – B. 1. (O‘zbekcha); Речь хокима области К.Г. Обидова на торжественном открытии памятника Захириддина Мухаммада Бабура

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0