Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Volidiyya

«Volidiyya»ning yozilishi tarixiga bir nazar... (Manbada “Volidiyya” va “Volidiyya” kabi turlicha shaklda yozilishi kuzatiladi. (Sh.R.)) 


Istiqlol yillarida madaniyat, adabiyot, ilm-fan va xalq tarixini yangicha o‘rganish borasida dadil qadamlar qo‘yilmoqda. Qizil imperiya hukmronligi davrida din peshvosi sifatida qoralangan Hazrati Xoja Ubaydulloh Ahror Vali (Manbalarda “Volidiyya” risolasi muallifining ismi-sharifi turlicha shaklda yozilishi kuzatilgan. Chunonchi: «Mullo bobo», «Xoja», «Xoja Ahror», «Xoja Ahror Vali», «Xoja Ahror Valiy», «Xoja Ahrori Vali», «Xoja Ubaydulloh», «Xoja Ubaydulloh Ahror», «Xoja hazratlari», «Hazrati Xoja», «Hazrat Xoja Ubaydulloh Ahror», «Hazrati Xoja Ubaydulloh Ahror Vali», «Hazrat Xoja Ubaydulloh Ahrori Vali», «hazrat Eshon» va h.k. (Sh.R.))ning tarixda tutgan o‘rni, madaniyatimiz, adabiyotimiz, tasavvuf fanini rivojlantirishdagi xizmatlari xolisona baholanmoqda. Zotan, bu buyuk zot tarixda ko‘plab ulkan siymolar ma’naviy hayotining shakllanishiga xizmat qilgan. Hatto, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Boburdek ulkan ijodkorlar uni o‘zlariga g‘oyaviy pir, madadkor kuch deb bilgan, o‘z asarlarida uni madh etgan edilar. 


Fors-tojik (Tarixan ma’lumki, “Fors-tojik adabiyoti” iborasi o‘tgan XX asr o‘rtalarida sobiq Ittifoq davrida paydo bo‘lgan edi. Undan avval o‘tgan fors tilida ijod etgan ko‘pchilik adiblar Movarounnahr, Afg‘oniston, Hindiston, Turkiya va Ozarboyjon kabi diyor vakillaridan tashkil etishi ham haqiqat. O‘sha davr adiblari zamonida o‘z ona tillari bo‘lgan turkiy, afg‘on, hindiy tillaridan tashqari fors tilida ham barakali ijod etganlari va ular “zullisonayn adiblar” deb atalib kelinar edilar. Shu sabablardan avvalgi zamonda yashab, fors tilida ijod etgan barcha adiblarni ham yoppasiga “Fors-tojik adabiyotining namoyandasi” deb adabiyotining yirik namoyandasi nomlanishi tarixiy haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini tan olishimiz zarur va ularni “Forsiyzabon adabiyotining namoyandalari”, deb atalsa to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylaymiz. (Sh.R.)) Nuriddin Abdurahmon Jomiy «Silsilat uz-zahab» (Oltin zanjir), «Tuhfat ul-Ahror» (Ahrorga tuhfa), «Sibhat ul-abror» (Yaxshilar tasbehi), «Yusuf va Zulayho», «Xiradnomai Iskandariy» dostonlarida Xoja Ahrorning sifatlarini keltirib, uni ulug‘lagan, «Nafahot ul-uns min hazarot ul-quds» kitobida esa Xojani o‘z zamonasida tasavvuf ilmining eng mashhur vakili deb ta’rif etadi. Alisher Navoiy «Hamsat ul-mutahayyirin», «Nasoyim ul-muhabbat» asarlari va «Hayrat ul-abror» dostonida Xoja Ubaydulloh haqida keng to‘xtaladi. Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat» asarida Xoja Ahror Valiy faqat Movarounnahrdagina emas, balki Xuroson, Iroq, Ozarbayjon, Rum, Misr, Xitoy va Hindistonda ham mashhur ekanligini shunday yozadi: 


«Va so‘ngralar Hazrati Xojaga oncha munkat dast berdiki, ma’lum emaski, mashoyixdin hech kimga ul dast berubdur yo yo‘q. Mulkka ajab istilo va salotin va mulukka g‘arib isrofu hukm. Movarounnnuqtayilotini o‘zlarin alarning muridzodalari va mahkumi hukmi tutorlar erdi. Yo‘qki, yolg‘o‘z Movarounnahr salotini, balki Xuroson va Iroq va Ozarbayjon, hattoki, bir soridin Rum va Misrg‘acha va bir soridin Xito va Hindg‘acha barcha muluk va salotin o‘zlarin Xojaning mahkumi hukmi va ma’muri farmoni tutorlar erdi va ruq’alari bu saloting‘a oncha muassir erdikim, alarning ahkomi o‘z xuddomig‘a bo‘lmag‘ay va hazrati Xojag‘a zohir jam’iyati barcha abnoi zamondin ko‘prak voqe erdi» (Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to‘plami, 16-tom. T.: «Fan», 2000. 280- bet. 


Alisher Navoiy Xoja Ubaydullohni shaxsan tanigan va ular o‘rtasida ustoz shogirdlik, padaru farzandlik munosabati bo‘lgan. Xoja Ubaydullohning Alisher Navoiyga yozgan maktublarining matnlari bizgacha yetib kelgan. Alisher Navoiy «Hayrat ul-abror» dostonida uni yuksak darajada ulug‘laydi. 


Xoja Ubaydulloh Ahror o‘z davrining yirik olimi va shayxi, Markaziy Osiyo madaniyati tarixida chuqur iz qoldirgan zotlardan biridir. U o‘zining shaxsiy mablag‘iga xalq uchun ko‘plab madrasa, hammom, ariq va yo‘llar qurdirgan, talabalarni iqtisodiy jihatdan ta’minlab turgan, mamlakat tinchligi uchun jon kuydirgan, podshohlarni o‘zaro yarashtirib, insofga keltirib turgan olijanob zot edi. 


O‘zRFA Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan «Majmuai murosalot» (Yozishmalar to‘plami)dan ma’lum bo‘lishicha, Xoja Ahrori Vali Abdurahmon Jomiyga xat yo‘llab, Alisher Navoiyni vazirlik mansabidan ketmaslikka undashni buyuradi. Navoiyning o‘ziga ham xat yozib, sizning mansabda turishingiz, musulmonlarning tinch bo‘lishiga sabab bo‘ladi, deydi. Jomiy va Navoiy Xoja Ahror Valini o‘z pirlari hisoblab, unga atab ajoyib satrlar bitg-nlar. 


O‘z davrining siyosiy, ijtimoiy va madaniy hayotida ibratli ishlarni amalga oshirgan Xoja Ahrori Vali shaxsi sobiq Ittifoq davrida behuda qoralandi va yerga urildi. Istiqlolimiz tufayli haqiqat qaror topdi. Hozirgi kunda Xoja Ahror Vali haqida risolalar, maqolalar e’lon qilinmokda (Valixo‘jasv B. Xoja Ahrori Vali. - Samarkand: «So‘g‘diyon», 1992, 64 s., Valixo‘jayev B. Xoja Ahror tarixi. -T.: «Yozuvchi», 1993. - 70 bet., Valixo‘jayev B. Xoja Ahrori Vali. Samarqand, «Zarafshon», 1993, - 152 bet., O‘rinboyev A. Xoja Ahror. Buyuk siymolar, allomalar. Ilmiy makolalar., Kutbiddinov 3. Xo‘ja Ahrori Valiy. -T.: «Fan», - 1996). 


Ma’lumki, Xoja Ahror Vali naqshbandiya tariqatini rivojlantirishga katta hissa qo‘shib, uni o‘z davrida yuqori bosqichga olib chiqdi. 


O‘zRFA Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar xazinasida saqlanayotgan ushbu asarlar haqida ma’lumot berib o‘tish maqsadga muvofikdir. 


1. Risolai havroiyya (Hurlar haqida risola). Bu asarda mashhur mutasavvif shayx Abu Sa’id Abul Xayrning (vaf. 444/1048) tasavvuf namoyandalari orasida keng tarqalgan bir ruboiysi tarjimasi bilan birga keltiriladi. Ruboiy quyidagicha: 


Havro va nazoran nigoram saf zad, 

Rizvon az taajjub xud bar kaf zad. 

On xoli siyah bar on ruxon mutra zad, 

Abdol zi biym chang dar Mus’haf zad.


Bu asar muqaddimasidan ma’lum bo‘lishicha, Xoja Ahror Valiygacha ko‘p olimlar bu ruboiyga sharh yozganlar. Biroq, bu sharhlar Xoja Ahror Valiyni qoniqtirmagan va shayx uni sharhlashga bel bog‘lagan. Mazkur asarning 5 ta qo‘lyozma nusxasi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar xazinasida saqlanmoqda. 


2. Risolai volidiyya (Otaga atalgan risola). Xoja Ahrori Vali bu risolani o‘z otasining iltimosi bilan yozgan (Manbadagi “...bu risolani o‘z otasining iltimosi bilan yozgan” jumlasi noto‘g‘ri. Chunki, Boburshoh risola nazmining sababida: “Otasi qilg‘on uchun taklife...” deb yozgan edi. arabcha: {ْكلِیف تَ}“taklif” so‘zining lug‘aviy ma’nosi tilimizda ishlatilganidek “iltimos; marhamat-taklif qilish”, emas, balki: “yuk yuklash; vazifa, topshiriq; majburiyat; mashaqqat” kabi ma’nolarga egadir. Forscha “yo-ye nakare yoki yoye vahdat” “yo”si bilan {كلِیفي تَ}“taklife” – “bir vazifa, bir topshiriq” ma’nosiga ega bo‘ladi. Demak, “...bu risolani otasining bir topshirig‘i bilan yozgan” deyilsa, to‘g‘ri bo‘ladi. (Sh.R.)) bo‘lib, unda naqshbandiya tariqatining asoslari o‘z bayonini topgan. Bu asarni Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zbek tiliga she’riy tarjima qilgan (Manbadagi “o‘zbek tiliga she’riy tarjima qilgan” iborasi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, zero Zahiriddin Muhammad Bobur “o‘zbak” so‘zini tilga olganida faqat Shayboniy va shayboniylar to‘g‘risida gap yuritgan va “o‘zbek tili” haqida biron-bir joyda esga olgani ma’lum emas. Bu o‘rinda “turkiy (tili)” iborasi haqiqatga mosdir. (Sh.R.)). Asarning to‘rtta ko‘lyozma nusxasi O‘zR FA Sharqshunoslik institutining ko‘lyozmalar xazinasida saqlanmoqda. 


3. Fakirot ul-orifin (Ma’rifat ahli hayotidan lavhalar). Bu asar «Fakiroti Ahroriyya» ham deyiladi. Asar hajm jihatidan Xoja Ahrori Valining boshqa asarlariga nisbatan anchagina kattadir. Uning 6 ta qo‘lyozma nusxasi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar xazinasida saqlanmokda. 


4. Anfosi nafisa (Durdona so‘zlar). Bu asarning qo‘lyozma nusxasi O‘zR FA Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar xazinasida mavjud emas. Hindistonda nashr etilgan toshbosma kitobda ko‘pgina mashoyixlarning asarlari qatorida keltirilgan. 

Xoja Ahror Valiyning «Volidiyya» asari tasavvuf ahli orasida asrlardan buyon mashhur bo‘lib kelsa-da, biroq o‘zbek tiliga tarjima qilingan emas edi. Biz Zahiriddin Muhammad Bobur tomonidan tayyorlangan she’riy tarjimani asliyat bilan qiyosiy o‘rganish maqsadida «Volidiyya»ning asl nusxasini ham o‘zbek tiliga tarjima qildik. «Volidiyya»ning nasrdagi o‘zbekcha tarjima matni adabiyotshunos-ligimizda birinchi marta bajarilmokda. Asar matnining o‘zbek tiliga qilingan to‘liq tajimasi ilovada keltiriladi. 


QIYOSDA ADOLAT QAROR TOPADI... 


Inson hayotida o‘z orzu-maqsadlariga erishishi, komil inson bo‘lib shakllanishida ijtimoiy-siyosiy muhit bilan birga ma’lum bir shaxslarning hayot yo‘li yoki ma’naviy-axloqiy karashlari ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Bu hayot qonuniyatidir. Masalaga shu nuqtai nazardan qaraladigan bo‘lsa, Hazrat Xoja Ubaydulloh Ahrorning shaxsiyati, uning ma’naviy-axloqiy qarashlari, e’tiqodi, hayotga muhabbati Zahiriddin Muhammad Boburning ma’naviy e’tiqodi shakllanishida muhim vazifani bajardi. Boburning tasavvurida Xoja Ahror muqaddas va najotkor zot edi.


Zahiriddin Muhammad Bobur Hazrat Xoja Ubaydulloh Ahror bilan uchrashmagan, ul zoti barokotning suhbatida bo‘lmagan. Chunki, Boburning ijtimoiy-siyosiy faoliyati Xoja hazratlarining vafotidan keyin boshlangan edi. Lekin Bobur Mirzo Xoja Ubaydullohning tariqatiga e’tiqod qo‘yganligi sababli uning ruhidan madad istar edi. Xoja Ubaydulloh Ahror Boburning otasi bilan yaqin aloqada edi, u bilan muloqotda bo‘lib, o‘z maslahatlarini berib turgan. Boburning unga e’tiqod qo‘yishi esa hazrat Eshonning ruhan madadkor ekanligini his etishi orqalidir. Bobur «Boburnoma»da Xoja Ubaydulloh haqida juda ko‘p ma’lumotlar keltiradi (Valixo‘jayev B. Xoja Ahrori Vali. Samarqand. «Zarafshon» 1993. - 129-136-bstlar). «Boburnoma»da ta’kidlanishicha, Umarshayx Mirzodagi «mulkgirlik dag‘dag‘asi jihatidan hiyli yarashlar urushqa va do‘stluqlar dushmanliqqa mubaddal bo‘lur edi» (Zahiriddin Muhammad Bobur. Volidiyya. T.: «Yozuvchi» nashriyoti, 1991. 10-bet) [?!]. Ushbu izoh bu joyga noo‘rin tushib qolgan. Mazkur ko‘chirma “Boburnom-” (83 b)dan olingani aniq va ravshandir. (Sh.R.)). Demak, Xoja Ubaydulloh Umarshayx Mirzo huzuriga borib, uni urush va dushmanlik yo‘lidan qaytarishga maslahat bergan va bunga erishgan ham. 


«Boburn-ma»da Zahiriddin Muhammad Bobur hazrati Xoja Ubaydulloh Ahrorga e’tiqod qo‘yganligi, qiyin ahvolda qolganda uning ruhidan madad kutganligini, eng muhimi, Hazrati Xoja ruhining unga yordam berganligini xotirlaydi. Iste’dodli shoirning Xoja Ubaydulloh bilan muloqoti ko‘proq tush ko‘rish shaklida yuz bergan ekan. Bobur 1500-1501 yilda Samarqandni olish vaqtida Asfidak qishlog‘ida to‘xtalganda shunday tush ko‘rgan: «O‘shul fursatda ajab tush ko‘rdim. Tush ko‘rarmankim, Hazrati Xoja Ubaydulloh kelmishlar, men istiqbollariga chiqmishmen. Xoja kelib o‘lturdilar. Xojaning oldiga g‘olibo betakallufroq dasturxon solmishlar. Bu jihatdan hazrat xotiriga nima kelmish. Mullo bobo mening sori boqib, ishorat qildilar. Men ham imo bilan dedimkim, mendin emastur, dasturxon solguchi taqsir qilibtur. Xoja fahm qilib, bu uzr masmu’ (Manbada kelgan «uzr masmu’» – (tinglangan, eshitilgan uzr) iborasi, bizningcha, noto‘g‘ri yozilgan, yoki o‘qilgan, yoki ko‘chirilgan. Ushbu arabcha ibora aslida {مسموح عذر} «uzr masmuh» bo‘lishi kerak va u – (kechirsa bo‘ladigan, uzrli; arzimas) kabi ma’nolarni beradi va kontekst mazmuniga ham mos tushadi. (Sh.R.)) (ma’qul) tushdi, qo‘pdilar. Uzata chiqdim. Ushbu uyning dolonida o‘ng qo‘limdin yo so‘l qo‘limdan tutub, andoq ko‘tardilarkim, bir oyog‘im yerdan qo‘pdi. Turkiy dedilarkim: «Shayx maslahat berdi». 


O‘shul necha kunda-o‘q Samarqandni oldim» (Zahiriddin Muhammad Bobur. Volidiyya. T.: «Yozuvchi» iashriyoti, 1991. 75- bet; [Bu yerda “Volidiyya” risolasi 75 bet, deb noto‘g‘ri ko‘rsatilgan. Zero, ushbu risola hammasi bo‘lib (lug‘ati bilan) 16 betdangina iborat, xolos. Ikkinchidan, mazkur ko‘chirma “Boburnoma” (83 b)dan ko‘plab xatolar bilan ko‘chirib yozilgan]. (Sh.R.)). 


Parchada ko‘rinib turibdiki, Boburning tushida Xoja Ubaydulloh bilan uchrashishi, Hazrati Eshonning Bobur qo‘lidan ko‘tarishi madadkorlik belgisidir. Bunday madad o‘zining hayotiy ifodasini ham topgan. Bobur Samarqandni egalladi, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 1502-1503 yillarda Bobur yanada og‘ir ahvolga tushadi. U Karnon qishlog‘ida yakka qolganida yana shunday tush ko‘radi: «O‘zumni o‘lumga qaror berdim. O‘shal bog‘da bir suv oqib keladur edi. Vuzu qildim, ikki rak’at namoz o‘qudum. Boshimni munojotqa qo‘yub, tilak tilaydur edimkim, ko‘zum uyqug‘a borubtur. Ko‘radurmenkim, Xoja Ya’qub, Xoja Yahyoning o‘g‘li, Hazrati Xoja Ubaydulloning nabiralari, ro‘baruyimg‘a ablaq ot minib, ko‘p jamoati ablaqsuvor bilan keldilar. Dedilarkimm-ug‘am yemangiz, Xoja Ahror meni sizgm-uyibordilar. Dedilarkim: «biz (Xoja Ahror) alarg‘a (Boburga) istionad (Manbada: “istionad” tarzida xato yozilgan. To‘g‘risi: arabcha {َعانَت إستِ} (isti’onat) –“yordam, madad, qo‘llab-quvvatlash” kabi ma’nolarga ega. (Sh.R.)) (yordam, qo‘llab-quvvatlash) tegurib, podshohlik masnadig‘a o‘lturg‘uzubbiz. Har yerda mushkul ish tushsa, bizni nazarig‘a kelturib, yod etsun. Biz anda hozir bo‘lurbiz. Holo ushbu soat fath va nusrat sizning soridur. Bosh ko‘taring, o‘yg‘oning». Boburga yordamga kelgan do‘sti qutlug‘ Muhammad barlos ham shunday deydi. «Men tush ko‘rdimkim, Xoja Ubaydulloh keldilarkim: «Bobur podshoh Karnon degan kentdadur, borib ani olib kelingkim, podshohlik masnadi anga taalluq bo‘lubtur». (Zahiriddin Muhammad Bobur. Volidiyya. T.: «Yozuvchi» iashriyoti, 1991. 107-108 betlar); [Bu yerda ham “Volidiyya” risolasi 107-108 betlar, deb noto‘g‘ri ko‘rsatilgan. Aslida, mazkur ko‘chirma “Boburnoma” (118 b-119 a)dan ayrim tafovutlar bilan ko‘chirib yozilgan]. (Sh.R.))


Hazrat Xoja Ubaydullohga ixlos va undan hamisha madad kutish Boburning hayotida hamisha yaxshi kunlarni nasib eta boshladi. U Hindistonda boburiylar sulolasiga asos solib, ulkan saltanatni tiklagan paytlarda Xoja Ubaydullohga yanada muhabbat va e’tiqod bilan qaradi. Uning asarlarini o‘qidi, ulardan ma’naviy oziq va ruhiy madad oldi. Natijada, uning ongi va qalbida Xoja Ubaydullohning «Volidiyya» asarini turkiy tilga she’riy yo‘lda tarjima etish niyati tug‘ildi. «Boburnoma»da ana shu niyat qay tarzda bajarilganligi 1528 yil voqealari bayonida keltirilgan. Bobur shunday yozadi: «Seshanba kechasi safar oyining yigirma yettinchisida hazrati Ubaydullohning “Volidiyya“ risolasini nazm qilmoq xotirimg‘a kechti. Hazratning ruhiga iltijo qilib, ko‘nglimga kechurdimki, agar bu manzum ul hazratning maqbuli bo‘lur, xud nechukkim sohibi «qasidai burda»ning qasidasi maqbul tushib, o‘zi aflij marazidin xalos bo‘ldi, men dog‘i bu orizadin qutulib, nazmimning qabuliga dalele bo‘lg‘uvsidur. Ushbu niyat bila ramali musaddasi maxbuni aruz va zaro gohe maxbuni aro‘z va zaro gohe maxbuni mahzuf vaznidakim, mavlono Abdurahmon Jomiyning «Sabha» (Manbada: “Sabha” tarzida xato yozilgan. Arabcha َحةٌ ْب س (subhatun) – “tasbih; nafl ibodati, ya’ni ixtiyoriy qo‘shimcha ibodat” kabi ma’nolarga ega. Zero, Abdurahmon Jomiyning «Subhatul-abror» nomli risolasi ham mavjuddir. (Sh.R.))si bul vazndadur, risola nazmiga shuru’ qildim ham o‘shal kecha o‘nhamd-uayt aytildi. Intizom yo‘sunluq kunda o‘n baytdin kamrak aytilmas edi, g‘olibo bir kun tark bo‘ldi. O‘tgan yil va balki har mahal mundoq orizakim (kasallik) bo‘ldi, aqalli bir oy qirq kunga tortdi. Tengri inoyati bila, hazrat (Xoja Ubaydulloh)ning himmatidin payshanba kuni oyning yigirma to‘qqizida andak afsurda bo‘ldi, o‘zga bu orizadin xalos bo‘ldim. Shanba kuni rabi’ ul-avval oyining sekkizida risola so‘zlarining nazm qilmog‘ ixtitomig‘a yetti. Bir kun ellik bayt aytildi» (Zahiriddin Muhammad Bobur. Volidiyya. T.: «Yozuvchi» nashriyoti, 1991. 318- bet). 


«Boburnoma»da keltirilgan bu xotira Boburning «Volidiyya»ni turkiy tilga tarjima qilish tarixi va asarning o‘ziga xos ayrim xususiyatlari haqida muayyan xulosalarga kelish asosini beradi. Boburning ta’kidlashicha, u o‘sha yili qattiq kasallikka chalinadi. 


Isitma kasalligidan qutulish uchun yana Xoja Ubaydulloh ruhidan madad so‘raydi  va unga bo‘lgan ixlosining belgisi sifatida «Volidyya»ni turkiy tilga she’riy yo‘lda tarjima qilishga kirishadi. «Boburnoma»da haqli e’tirof etilganidek, manzuma aruzning ramali musaddasi maxbun va ba’zi satrlari maxbuni mahzufda yozilgan. Bobur bu o‘rinda Abdurahmon Jomiyning «Subha»si ham shu vaznda yozilgan, deb ta’kiddaydi. Ma’lumki, bu dostonning to‘la nomi «Subhat ul-abror» bo‘lib, u Abdurahmon Jomiyning «Haft avrang»i tarkibiga kiruvchi asarlardan biridir.


She’riy tarjima tugashi bilan Boburdagi isitma kasali ham ko‘tarilgan. Ya’ni, Xoja Ubaydullohning ruhlari madad bergan. 


«Boburnoma»da keltirilgan parchada muallif Hazrati Xoja Ubaydullohga iltijo qilsam, xuddi «qasidai burda»ning maqbul tushib, uning muallifi ham kasallikdan xalos bo‘lgandek, men ham isitmadan qutulsam, degan fikr ifodalangan. «Qasidai burda»ning muallifi qaysi shoir edi? Akademik B.Valixo‘jayev Xoja Ahrorga bag‘ishlagan risolasida bu masalaga aniqlik kiritib, shunday yozadi: «Ma’lumki, milodiy VII va hijriy I asrda arab adabiyoti tarixida Kaab ibn Zuhayr (vafoti 42 hijriy – 662 milodiy) degan shoir o‘tgan. U avvallari islom dinining payg‘ambari Muhammad Rasulullohni e’tirof etmagan. Hatto u bilan urishib, yarador bo‘lib kasallangan. Shunda akasi maslahati bilan Muhammad payg‘ambar huzuriga uni e’tirof etgan holda boradi-da, «Su’od meni tashlab ketdi» deb boshlanadigan qasidasini Muhammadga taqdim etadi. Unda Muhammad Rasulullohning maqtovi ham bor edi. Bu qasida Muhammad payg‘ambarga ma’qul tushib, shoirni o‘z himoyasiga oladi va o‘zining burdasini – yaktagini unga tuhfa qiladi. Shundan so‘ng Kaab ibn Zuhayr kasallikdan qutiladi va uning qasidasi «Qasidai burda» nomi bilan butun musulmon olamida ma’lum va mashhur bo‘ldi (Bu yerda muallif nozik xatoga yo‘l qo‘ygan, zero «Qasidai burda» nomi bilan butun musulmon olamida ma’lum va mashhur bo‘lgan qasida – sahobiy Ka’b bin Zuhayr (vafoti taxm. 23 hijriy/645 milodiy)ning qasidasi emas, balki, Misr diyoridan yetishib chiqqan Imom Al-Busiyriy (1211-1294)ga tegishli qasidadir. Bu haqda Insho Alloh, qo‘lingizdagi kitob silsilasining V jildida alohida yozilajak «Qasidai burda» maqolasidan o‘qiy olasiz. Hozircha, «Hasanov S. “Boburnoma” nashrlaridagi arabiy istilohlar tahlili” Hasanov S., Rustamxo‘jayev Sh.Sh.; bosh muharrir O‘z FA akademigi N.Ibrohimov; mas’ul muharrir filol.f.n., dotsent V.Qodirov; muharrirlar: S.Jalilov va A.Musayev; O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi. Tsh., 2010. 191 b.» kitobining «“Qasidai burda” mualliflari» maqolasi (181-190 bb.)dan foydalanishingiz mumkin. Afsuski, o‘zbek va rus tillarida nashr bo‘lgan mazkur kitob juda oz miqdorda mavjud bo‘lib, uni faqat Toshkentdagi O‘zb. milliy kutubxonasi va Andijon viloyat axborot-resurs markazidan topib o‘qishingiz mumkin, xolos. (Sh.R.)). Bundan ko‘rinadiki, ixlos qo‘yish natijasida kasallikdan qutilish mavzusi Bobur va Kaab ibn Zuhayr sarguzashtlaridagi o‘xshashlikni yuzaga keltirgan». 


«Boburnoma»da ma’lumot berilishicha, Bobur «Volidiyya»ni she’riy yo‘lda tarjima qilish ishiga 10-12 kun vaqt sarflagan. Tarjimani boshlagan kecha 13 bayt yozgan. Keyinchalik har kuni 10 baytdan ijod qilgan. Bir kuni ijodiy ish bilan shug‘ullanmagan, ya’ni tarjima qilmagan. Ilhomi kelgan kuni 50 bayt, ya’ni 100 misragacha yozishga erishgan. Boburning «Volidiyya» manzumasi quyidagi qurilishga va tarkibiy qismlarga ega: «Hamd», «Rasulullohning na’ti», «Risola nazmining sababi», «Risola shuru’i», «Risola xotima»si. Manzumaning hajmi jami 243 bayt, ya’ni 486 misrani tashkil etadi.


Hozirgacha «Volidiyya» risolasining bizgacha to‘rtta qo‘lyozma va beshta tosh bosma nusxasi yetib kelgani ma’lum. Ulardan biri 1528 yilda ko‘chirilgan bo‘lib, u Hindistonning Rompur milliy kutubxonasida saklanadi. Boburshunos olim S. Hasanov ta’riflashicha, «Volidiyya» birinchi marta rus sharqshunosi A. Samoylovich tomonidan 1917 yilda Peterburgda «Stixotvoreniye imperatora Babura» nomi bilan nashr etilgan. Shundan so‘ng Afg‘onistondagi o‘zbek olimalaridan biri Shafiqa Yorqin «Volidiyya» Hinuqtayindagi milliy kutubxona nusxasi asosida, Bobur devoni tarkibida chop ettirdi (Kobul, 1983). Akademik B.Valixo‘jayevning ko‘rsatishicha, o‘zbek olimasi S.Azimjonova ham «Volidiyya»ni «Hind devoni» tarkibida faksimil tarzda nashr ettirgan (Toshkent, «Fan», 1966). 


Boburshunos S. Hasanov bir necha manbalarni kuzatish, xususan, Shafiqa Yorqin hamda A. Samoylovichning nashrlaridan foydalangan holda asarning to‘la matnini o‘zbek kitobxonlariga yetkazdi (Zahiriddin Muhammad Bobur. Volidiyya. T.: «Yozuvchi» nashriyoti, 1991. 390-bet. Manba izohi); [?!] Manbada “390 bet” tarzida noto‘g‘ri ko‘rsatilgan. Aslida “Volidiyya” tarjimasi hammasi bo‘lib 15, lug‘ati bilan 16 betdan iborat bo‘lgan edi xolos... (Sh.R.)). Xoja Ubaydulloh Ahror yaratgan «Volidiyya» bilan Bobur tarjima qilgan shu nomdagi asarning g‘oyaviy- badiiy qimmati nimada? Ikki asar o‘rtasida mazmun va manzumaning qurilishi tuzilishi bir xillikka egami? Albatta, adabiyotshunoslikda tarjima asar tahlil etilganda bu kabi masalalar doimiy tarzda o‘rtaga qo‘yiladi. Tarjima asarlari asliyat bilan qiyosiy o‘rganilganda asosiy e’tibor ularning bir-biriga g‘oyaviy-badiiy jihatdan mutanosibligi hamda tarjimonning mahoratini ko‘rsatishga qaratilmog‘i lozim. 


Bobur yaratgan «Volidiyya» tarjimachilik tarixidagi uslublar va tamoyillardan keskin farq qiladi. Birinchidan, mazkur tarjimaning eng muhim farqli jihati shundaki, Hazrat Xoja Ubaydulloh Ahrori Vali o‘z asarini forsiy tilda hamda nasriy uslubda yaratgan edi. Bobur esa bu asarni tarjima qilishda o‘z iqtidori, shoirlik mahoratini ishga solib, uni she’riy yo‘lda tarjima qildi. «Volidiyya»ning tarjimasi erkin tarzda bajarildi. Shoir asl nusxadagi fikrlarni to‘g‘ri anglash, qalban his etish jarayonida uni she’riy masnaviyga aylantirish darajasiga erishdi. 


Albatta, nasriy asarni she’riy asarga aylantirish ijodkorlikni talab qiladigan g‘oyat murakkab jarayondir. Chunki she’riyatga xos tamoyillardan vazn, hijolar o‘lchovi, qofiya tizimi, badiiy tasvir vositalarining muvoziy (Manbada: “muvoziy” tarzida xato yozilgan. Arabcha { َواز م } (muvāzin/al-muvāzi) –“parallel” degani. Bu yerda matn mazmuniga qaraganda “barobar, teng; mutanosib” ma’nolarini ifodalovchi { ٌن َواز م} (muvāzinun) – “muvozin”, yoki { ٌن َواز متَ } (mutavāzinun) – “mutavozin” so‘zlari muvofiq kyeladi. (Sh.R.)) tarzda berilishi, har bir bandda fikrning tugalligiga erishish asliyatning shaklini o‘zgartirishga, ba’zan muayyan mazmun doirasini kengaytirishga asos bo‘ladi. Lekin tarjima asari asliyat qanday janr yoki adabiy tur ko‘rinishiga ega bo‘lmasin, uni boshqa janr yoki adabiy tur shakliga aylantirganda asliyatdagi tayanch ma’no-mohiyatni saqlab qolish ijodkordan talab qilinadigan eng muhim vazifadir. Bobur tarjimasidagi «Volidiyya» asl «Volidiyya»dan shakl va ifoda usuli jihatidan farq qilsa-da, asliyatdagi mazmun – Hazrati Xoja Ubaydulloh Ahrorning asarni yozishdan kuzatgan maqsadi va asliyatda ifodalangan qarashlarni saqlay olgan. Buni asliyat va tarjima nusxani quyidagi yo‘nalishlarda qiyosiy o‘rganish jarayonida ko‘rish mumkin: 


1) Tarjimadagi shakliy o‘zgarishlar; 

2) Asl nusxadagi mazmunning saqlanishi va kengaytirilishi; 

3) Asl va tarjima nusxadagi diniy-falsafiy qarashlarning mutanosibligi; 

4) Fikrni ifodalashda asliyat va tarjimaning badiiyligi. 


«Volidiyya» asarining asl va tarjima nusxalariga yuqoridagi tamoyillar asosida yondoshish, birinchidan, Boburning Xoja Ubaydullohga e’tiqodini, ikkinchidan, tarjimachilik va shoirlik mahoratini ko‘rsatishga hamda asarning ma’rifiy-badiiy xususiyatlarini ochishga xizmat qiladi. 

«Volidiyya»ning asl nusxasi bilan tarjimaning shakliy xususiyatlari o‘rtasida farqli tomonlar bor. 


Bular asosan quyidagilarda ko‘rinadi: 


1) ifoda usulida: asliyat nasriy, tarjima she’riy yo‘lda yozilgan; 

2) til xususiyatlarida: so‘z va iboralarning grammatik hamda sintaktik bog‘lanishlarida; 

3) risolada bayon etilgan fikrlarning joylanishida: asliyatda bayon etilgan fikrlar biror qism yoki faslga ajratilmaydi. Tarjima esa hamd, na’t, «risola nazmining sababi», «risola shuru’i» va «xotima», ya’ni besh qismdan tashkil topgan; 

4) asliyatdagi «men» – muallif Xoja Ubaydulloh tilining tarjimon «men»iga – Boburning tili, ya’ni kechinmalarini ifodalash maqsadiga aylanishi. Shakliy o‘zgarish risolaning muqaddima (hamd, na’t, risola nazmining sababi) hamda xotima qismlarida km-uinadi. 


«Volidiyya» tarjimasining hamdi shunday boshlanadi: 


Haq ta’olog‘a deyin hamd sipos, 

Kunhig‘a yetmas aning vahm-u qiyos. (Zahiriddin Muhammad Bobur. Volidiyya. T.: «Yozuvchi» nashriyoti, 1991. 3- bet).

Bu baytdagi «deyin» Boburning «men»i – uning kechinmalarini ifodalash vositasfazl-u Asliyatda Ollohga hamd aytgan muallif obrazi berilmagan. Balki hamd umumiylik, millionlar ovozini, hamdu sanosini ifodalash shaklidadir. Na’t ham asliyatda shunday shaklda ifodalangan. Muhammad alayhissalom ulug‘langan satrlarda umumiylikka xos ovoz eshitiladi. Tarjimada esa Boburning mavzuga nigohi «men» orqali ifodalanadi va shu «men»da islom yo‘liga kirgan millionlab musulmonlarning ovozi umumlashadi. Na’t jami olti baytdan iborat. Shoir yozadi: 


Yo habib-i arabiy-yi qurashiy, 

G‘am-u darding manga shodiy-yu xushiy. 

Charxning gardishi mayling birla, 

Bori xalq bo‘ldi tufayling birla. 

Anbiyo xayliga sarvar sen-sen, 

Jumla-yi xalqqa rahbar sen-sen. 

Men base qohil-u yo‘l asru yiroq, 

Umr ko‘p qisqa-yu yo‘l o‘zunroq. 

Meni gumrohqa ko‘rsat bir yo‘l, 

Meni maqsudqa yetkurgay ul. 

Qo‘yma Boburni bu xirmon birla, 

Chora qil dardig‘a darmon bila.

(Zahiriddin Muhammad Bobur. Volidiyya. T.: «Yozuvchi» nashriyoti, 1991. 4-bet).


Na’tning so‘ngti baytida Boburning bu asarni tarjima qilishdan ko‘zlagan maqsadi ham ravshan yoritib beriladi. Natijada, tarjima asari mutarjim uchun o‘z niyatlarini Muhammad alayhissalomga yetkazish, kasallikdan dardiga madad so‘rashning vositasiga aylanadi. 


«Volidiyya» tarjimasidagi «Risola nazmining sababi» faslida uch muhim maqsad o‘z ifodasini topgan: 


1. Zahiriddin Muhammad Bobur Hazrat Xoja Ubaydullohni kim deb tushunadi? Hazratning jamiyatdagi o‘rni qanday? 

2. Xoja Ahror «Volidiyya» risolasini nima sababdan yozdi? 

3. Bobur «Volidiyya»ni turkiy tilga nima sababdan tarjima qildi? 


Asarning «Risola nazmining sababi» ifodalangan baxshida baytlar mazmun e’tibori bilan Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiyning Xoja Ubaydulloh haqida bitgan baytlariga hamohang turadi. 

Zahiriddin Muhammad Bobur Xoja Ubaydulloh ta’rifida shunday yozadi: 


Hazrat-i Xoja Ubaydullohdin, 

Eshit ul sirr-i Xudo ogohdin. 

Xojalar xojasi ul Xoja Ubayd, 

Xodim-u chokari Shibliy-yu Junayd. 

Holat-u martabasi zohir-dur, 

Vasf-u ta’rifida til qosir-dur. 

(Zahiriddin Muhammad Bobur. Volidiyya. T.: «Yozuvchi» nashriyoti, 1991. 4-bet).


Uch buyuk siymoning XOshiq-ubaydulloh ta’rifiga bag‘ishlangan satrlari mantiqan bir-biriga juda yaqin turadi. Baytlar Xoja Ubaydullohning jahonda mashhurligi, u dunyoda odamlarning murshidi ekanligi, hatto shohlar ham uning oldida qulluq etishi, uning buyukligi oldida til ojizlik qilishi ta’riflanadi. 


Asliyatda kitobning yaratilish tarixini Xoja Ubaydullohning o‘zi bayon etadi: Otam menga nisbatan bo‘lgan ishonchi tufayli avliyolar so‘zlaridan bir narsa yozib bergin, deb aytdilar. Asar muqaddimasida bu faqir (ya’ni Xoja Ubaydulloh Ahror) bu amrga bo‘ysunishni o‘ziga vojib deb bildi. Tarjimada esa asarning yaratilish sababi tarjimon, ya’ni Bobur tilidan bayon etiladi: 


Otasi qilg‘an uchun taklife, 

Qildi oning otig‘a ta’life. 

Tolib el tiliga mazkur-durur, 

Volidiyya bila mashhur-durur. 

(Zahiriddin Muhammad Bobur. Volidiyya. T.: «Yozuvchi» nashriyoti, 1991. 4-bet).


Bu baytlarda kitob yaratilgandan keyin el orasida mashhur bo‘lganligiga ham munosabat bildiriladi. Bobur «Volidiyya»ni tarjima qilishining sababi nimada? Quyidagi baytlarda uning bu boradagi muddaosi aniq ifodasini topgan: 

Har so‘z andaki man anga yetsam,

Yetti ko‘nglumga ani nazm etsam. 

Toki bo‘lgay menga hushyorligi, 

Uyquliq ko‘nglima bedorligi. 

(Yuqoridagi asar. 4-bet).


Demak, Boburnng «Volidiyya»ni tarjima qilishdan birinchi maqsadi va eng asosiysi «Uyqulik ko‘ngliga bedorlik yetkazish, g‘aflatdagi ko‘nglini o‘yg‘otish»dir. Bu misrada asliyatning g‘oyaviy qimmati, ma’naviy-ma’rifiy ruhi yuksak baholanmokda. Bu risolaning odamlarni poklash, ma’naviy dunyosini go‘zal fazilatlar bilan boyitish ya’ni insonning o‘zligini tanishi uchun muhim hamroh ekanligi ta’kidlanmokda. Kitobdagi so‘zlar – fikrlarni anglash tarjimonning ham yuksak maqsadiga aylanmoqda. Tarjimondan kutilgan boshqa maqsad quyidagicha bayon etiladi: 


Yana bu nazm o‘qusa har tolib, 

Ko‘ngulning rag‘bati bo‘lgay g‘olib. 

Rag‘bat aylab anga fayze yetsa, 

Tiyralik ko‘nglidin aning ketsa. 


Baytlarda bayon etilganidek, tarjimonning muddaosi boshqalarning, ya’ni shu kitobni o‘qigan ilmsevarlarni ham Xoja Ubaydulloh ta’limotidan voqif etishdir. Risolani mutolaa qilgan muxlislar ham g‘aflat uyqularidan tursalar, ko‘ngillaridan tiyralik-nopoklik ketib, uning o‘rnini poklik egallasa, ma’naviy jihatdan komillikka erishsalar maqsadga muvofikdir. Asliyat nasrda yozilgan edi, Bobur nega uni nazm bilan bitdi, degan savol tug‘iladi. Tarjimon zikri o‘tgan savolga quyidagicha javob beradi:


Yana o‘quguvchilarga ul on, 

Zabt qilmoqqa edi nazm oson. 

Bu deganlar manga bo‘ldi taqrib, 

Muni nazm ettim-u berdim tartib. 

(Zahiriddin Muhammad Bobur. Volidiyya. T.: «Yozuvchi» nashriyoti, 1991. 4-bet).


Boburning fikriga ko‘ra, she’riyat nasrga ko‘ra asliyatdagi ma’noni ilg‘ash uchun osonroqdir. Shoir bu o‘rinda she’riyatning ta’sirchan estetik quvvati, insonga kuchli ma’naviy oziq berishini nazarda tutadi. Bizningcha, tarjimon Xoja Ubaydulloh qarashlarini nazmda sodda va tushunarli tilda bayon etish maqsadida bu soddalik o‘quvchilarga oson yetib borishini nazardan qochirmagan. Aytilganlar nuqtai nazaridan tarjimaning «Risola nazmining sababi» faslida keltirilgan quyidagi bayt e’tiborga loyiqdir: 


Boqmag‘il so‘zlaguvchining o‘ziga, 

O‘zini qo‘y, nazar etkil so‘ziga. 

(Yuqoridagi asar. 4-bet).


Tarjimon «Volidiyya»ni yozgan va uni tarjima qilgan kishining kimligiga e’tibor berma, faqat ular aytgan so‘zga – fikrlarga nazaringni sol, e’tibor ber, deb uqtirmoqda. Asliyatda bunday ta’kidning javobi keltirilgan. Xoja Ahror ham bu risolaga nazarini soluvchilar uning muallifini o‘rtada ko‘rmasinlar, deb ta’kidlaydi. Nega? Bu kamchilikmi? Asliyat tarjimasida shunday satrlarni uchratamiz: «Uni (ya’ni, muallifni) orada ko‘rmasalar, o‘zlarini bir toifa qatorida ko‘radilarki, bu toifaning ilmlari Haq ta’olodan bevosita hosil bo‘lgan bo‘ladi. Chunki majoziy vujud ular uchun yo‘q hukmidadir». Demak, «Volidiyya»da bayon etilgan fikrlar, diniy-tasavvufiy qarashlarni muayyan shaxsga bog‘lab bo‘lmaydi, ular Ollohning talab-istaklari bilan yaratilgan, kitobda nima aytilgan bo‘lsa, u Ollohning marhamatidir, tarzidagi ta’kid ravshan nazarga yetadi. 


Risola nazmining bayoni berilgach, Bobur asliyatdagi fikrlarning she’riy tarjimasini yaratishga kirishadi. Tarjimani kuzatish shundan dalolat beradiki, mutarjim asliyatdagi mazmunni to‘la saqlagan, Xoja Ahror tomonidan bayon etilgan mulohazalarning o‘quvchiga tushunarli tarzda yetib borishi uchun uni sharhlab, badiiy tasvirlar yaratib ifodalash usulini qo‘llagan. Masalan, asliyatda «Bu muxtasar (risola)da ma’rifatning hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladigan narsalar zikr qilindi», - degan muqaddima yoki risolaning mazmuni bayon etilgan. Mutarjim esa ana shu jumlani yana kengaytiradi, ma’rifat tushunchasining diniy-falsafiy xususiyatlarini ochishga erishadi: 


Zohir-u botining a’molig‘a bil, 

Bu ibodat mutanovil-dur qil. 

Bil bu sufiyyaning aqvoli-dur, 

Ma’rifat botinining a’moli-dur. 

Muttafiq-dur bori tahqiq eli, 

Munga notiq-durur ul xayl tili, 

Ma’rifat betaba’iyyat bo‘lmas, 

Qoyid-i rah taba’iyyat-tur-u bas.

(Zahiriddin Muhammad Bobur. Volidiyya. T.: «Yozuvchi» nashriyoti, 1991, 5-bet).


Asliyatda ma’rifat tushunchasining diniy-falsafiy mohiyati keyingi jumlalarda ochiladi, ibodatdan murod ma’rifatdir deb ko‘rsatiladi. Demak, asliyat va tarjimadagi fikrlar munosib tarzda davom etadi. Barcha zohiriy amallar ma’rifatga tobedir, ma’rifat esa botiniy amaldir. Ma’rifat payg‘ambarga tobe’liksiz hosil bo‘lmaydi. Payg‘ambarning so‘zi tilga, fe’li zohirga, holi esa botinga bog‘liq. Asliyatda payg‘ambarning shariatiga xilof so‘zlarni, g‘iybat gaplarni aytmaslikka chaqiriladi. Tarjimada ham bu qarashlar o‘z ifodasini topadi. Bobur yaratgan she’riy parchalarning ma’rifiy ahamiyati shundaki, unda faqat payg‘ambarning shariatiga xilof ish tutmaslikka chaqirishgina emas, umuman, insonning axloqiy qiyofasini tarbiyalash g‘oyasi yetakchi o‘rin egallaydi. Shoir yozadi: 


G‘iybatu yolg‘on muziy so‘zdin, 

Ehtiroz et yiroq etkil o‘zdin. 

Har yomon xayolni o‘zdin dur et, 

Tilinga bir nimani mazkur et. 

Bo‘lgay aqvolu kaloming bu sifat, 

Ko‘nglunga bois-i nuroniyyat. 

(Zahiriddin Muhammad Bobur. Volidiyya. T.: «Yozuvchi» nashriyoti, 1991, 5-bet).


 Bu parchalarda inson ahloq-odobi, ma’naviy qiyofasini belgilaydigan, insonni komillikka da’vat etadigan qarashlar o‘z ifodasini topgan. G‘iybat va yolg‘on so‘zlarni gapirmaslik, tilni tiyish ma’naviy boylik, poklikning muhim omillaridan hisoblanadi. Inson so‘zlaganda uning nutqi shunday mazmunli bo‘lsinki, u qalblarga nur va shu’la olib kirsin. Asliyat va tarjimada islom axloqiga oid ko‘plab qoidalar keltirilgan. Nafs tushunchasi shulardan biridir. Asliyatda nafsga berilish shariatga xilof, Muhammad alayhissalom ishlariga qarshilik deb tushuntiriladi. Nafsga berilishning obrazli tasviri chiziladi. Pilik yonsa kuyadi, tutun hosil bo‘ladi, tutun orqali olovga munosabat hosil bo‘ladi. Demak, olovni o‘ziga torta boshlaydi. Nafsga berilish ham olov bilan o‘chakishish, oxir oqibat kuyib, tutun bo‘lishdir. Tarjimada bunday mazmun shunday ifodalanadi: 


Taba’iyyat ne-durur nafsiga? bil: 

Nafs hazzida xilofin tutqil. 

Har nekim, shar’ xilofi-durur ul, 

Tiygil andin-ki emas-typ ul yo‘l. 

Har so‘z aytsang-u har ish qilsang, 

Chun hamesha muni varzish qilsang, 

Nisbate nafs-i nabiy birla ul on, 

Nafsinga bo‘lgusi beshakku gumon. 

Sifat-i nafsidin ushbu fursat, 

Jazb etar nafs baqadr-i nisbat. 

Anga o‘xshar-ki fatila tutuni, 

Jazb etar o‘tni ko‘rib-sen-mu muni? 

(Zahiriddin Muhammad Bobur. Volidiyya. T.: «Yozuvchi» nashriyoti, 1991. 7-bet).


Islomiy ta’limotidagi aqidalarga ko‘ra, Muhammad alayhissalom Ollohning do‘stidir. Olloh nega uni o‘ziga do‘st tutadi? Chunki unda nabiylik sifatlari mujassamlashgan. Uning sifatlarida Ollohning fazlu karamlari o‘z ifodasini topgandir. Demak, Ollohning Muhammad alayhissalomni o‘ziga do‘st tutishi uning sifatlarida  o‘zining  tasvirini  ko‘rishdir.  Olloh  va  payg‘ambar  o‘rtasidagi  bog‘liqlik «Volidiyya»ning asliyatida yanada obrazli, kishining ko‘z o‘ngida gavdalanadigan ravshan tasvir bilan beriladi. «Sohibjamol kishining oynani do‘st tutishi oyna bo‘lgani uchun emas, balki unda o‘zini, o‘ziga xos sifatlarni ko‘rgani uchun»dir. Tarjimada Olloh va Muhammad alayhissalom o‘rtasidagi do‘stlikning manzaralari quyidagicha badiiy aks ettiriladi: 


Bal-ki hap rutbada yaxshi boqqil, 

O‘zdin o‘zgani sevmay-dur bil. 

Ko‘rklug ko‘zgusini gar sevsa,

Nazar-i lutf birla gar evsa. 

Bilgasen-kim bu temir hubbi emas, 

Filhaqiqat o‘zini sevdi-yu bas. 

Sifat-u zot bila Hazrat-i Haq, 

Qildi ko‘zguda tajalliy andaq. 

Qaysi ko‘zgu-ki, edi beg‘ashu g‘il, 

Bu tajalliy edi anda akmal.

(Zahiriddin Muhammad Bobur. Volidiyya. T.: «Yozuvchi» nashriyoti, 1991, 8- bet).


«Volidiyya»ning asliyatida ruh va uning kamoloti haqidagi tasavvufiy qarashlar ham o‘z ifodasini topadi. Ruh tandan chiqqandan so‘ng, boqiylikka, mangulikka aylanadi. Ruh badandan ayrilgach, o‘rtadagi parda yo‘qoladi, uning Ollohga yetishishi uchun to‘siqsizlik paydo bo‘ladi. Xo‘sh, ruhning Ollohga yetishishi qanday bo‘ladi? Asliyatda bunday holat badiiy manzara, obrazli o‘xshatish orqali ifodalangan: «Falon shaharda yoki falon mahallada undog‘u bundog‘ sohibjamol bor, uni sevishing kerak, chunki u bilan do‘stlikka ko‘p lazzatlar mavjud» deydilar. Demak, bunday so‘zni eshitish bilan oshiqda o‘sha go‘zalga nisbatan sevish hissi paydo bo‘ladi. Asliyatdagi ana o‘sha rangin mazmun tarjimada quyidagicha ifodalangan:


Dunyoda har kishiga tengriga dil, 

Ushbu yanglig‘ mutaalliq esa, bil. 

Ruhi asli sari bo‘lgach roji’, 

Ittisole topar ul bemoni’. 

Garchi jon tan aro erkanda ko‘ngul,

Tengri lutfi bila topqay bu vusul. 

Lek bo‘lgay bashariyattin, bil, 

Ko‘ngliga yubqa hijobe hosil. 

Munqati’ bo‘lsa badandin chun jon, 

Bashariyat hujubi qolmas ul on. 

Ittisole-ki, erur bemoni’, 

Bu mahal ruhqa bo‘lgay voqi’. 

Masalan, bir kishini birga agar 

Oshiqu shifta aylay desalar, 

Bu yo‘sunluq dey, tariqini, eshit: 

Bor falon shahrda bir xo‘b yigit, 

Xatti sunbul, qadi sarv-u yuzi gul. 

Ko‘zi maxmur o‘zi mast-u so‘zi mul. 

Xusn ila xalq aro afsona-durur, 

Kim-ki, ko‘rsa ani, devona-durur. 

Ishqida bor-dur aning lazzatlar, 

Oshiq o‘lgan kishi lazzatni topar. 

Kim-ki, eshitsa bu yanglig‘ so‘zni, 

Topqusi-dur anga moyil o‘zni. 

(Zaxiriddin Muxammad Bobur. Volidiyya. T.: «Yozuvchi» nashriyoti, 1991. 9-10-betlar).


Bizning nazarimizda, bu parchada asliyatning mazmuni yanada keng va yanada badiiyroq tarzda ifodasini topgan. Asliyatda ruhning Ollohga intilishi sohibjamolning ta’rifini eshitgan oshiqning intilishiga o‘xshatilgan, lekin sohibjamolning go‘zalligi ta’riflanmagan edi. Tarjimada esa sohibjamolning ta’rifiga jozibali o‘xshatishlar, sifatlashlar topiladi. «Xatti sunbul», «qaddi sarv», «yuzi gul», «ko‘zi maxmur», «o‘zi mast», «so‘zi mul», «husn ila halqaro afsona», «kimki ko‘rsa ani devona» kabi badiiy tashbeh va iboralar tarjimaning nazokati, adabiy qimmatini oshirishga xizmat qilgan. 


«Volidiyya»ning asliyatida keltirilishicha, inson hayotining so‘nggi nafaslarigacha Ollohga muhibligi – sevuvchi ekanligini saqlashi kerak. Ollohni unutib qo‘yib, sungra «lo iloha illalloh» – «Hakdan o‘zga hech bir ma’bud yo‘q», degan kishining e’tiqodi kimmatbaho durini yo‘qotib qo‘yib, so‘ngra nogoh yodiga tushgandagi holatini eslatadi. G‘ofillikni unutgan, Ollohni yodiga solgan kishining dilida zikr ta’siri o‘z kuchini sezdiradi. Bobur asliyatdagi bu mazmunni quyidagicha gasvirlaydi:


Har qachon-kim, sen agar desang zikr, 

Muni ko‘nglung aro qilgay-sen fikr. 

Yo‘q-turur hech iloh illo Haq, 

Muni tark aylamagay-sen mutlaq. 

Munga mashg‘ulluq etkil bori vaqt, 

Hayf g‘aflatta o‘tar yuksak vaqt. 

G‘ofil o‘lganda kerak bo‘lsa bu siq, 

Qiymatiy durni iturgan yangliq. 

Dur iturgan-ki, bo‘lur anda ne hol, 

Bu kishiga kerak andoq ahvol. (Zahiriddin Muhammad Bobur. Volidiyya. T.: «Yozuvchi» nashriyoti, 1991. 11-bet).


Demak, Bobur bu parchada ham asliyatdagi mazmunni tarjimada saqlashga erishgan. Akademik B.Valixo‘jayev afg‘onistonlik olima Sh. Yorqinning Bobur devonini nashrga tayyorlab, uning kirish qismida «Volidiyya»ni har kun ellik bayt tarjima qilib, asliyatdagi mazmunga putur yetkazgan, degan fikrini keltiradi. (Valixo‘jayev B.Xoja Ahrori Vali. Samarqand, «Zarafshon» 1993, - 138- bet).


Bizning nazarimizda, Bobur «Volidiyya»ni tarjima qilishda asliyatning mazmuniga putur yetkazmagan. Aksincha, mazmunni kuchaytirish, kengaytirish, badiiylik maylini chuqurlashtirishga erishgan. Shunday qilib, yuqoridagi tahlillar «Volidiyya»ning asliyati hamda tarjimasining ma’rifiy-tarbiyaviy ahamiyati to‘g‘risida quyidagi xulosalarni bayon etish imkonini beradi: 


1.Markaziy Osiyo xalqlarining madaniyati, ilm-fani, tasavvufiy qarashlari tarixida chuqur iz qoldirgan Hazrati Xoja Ubaydulloh Ahrorning «Volidiyya» asari «uyqulik ko‘ngillarga bedorlik» baxsh etishga – diniy- axloqiy, ma’naviy-ma’rifiy qarashlardan yiroq kishilarni uyg‘otishga, ularning qalbini poklashga qaratilgan risoladir. 


2.Hazrat Xoja Ubaydulloh Ahrorning diniy-tasavvufiy qarashlari Markaziy Osiyodagi ko‘plab ilm ahllari, shoirlar, tarixchilar, din e’tiborini o‘ziga jalb etgan va ularning ma’naviy olamini boyitishga xizmat qilgan. Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ulug‘ siymolarning uni o‘zlariga pir deb bilishi va unga atab asarlar yozishi ham Xoja Ubaydulloh ta’limotini tan olinishining belgisidir. Bobur Xoja Ubaydullohni «Boburnoma»da ta’rif-tavsiflash bilan birga uning «Volidiyya» asarini nasrdan she’riy shaklga soldi, ya’ni tarjima qildi. 


3.Bobur she’riyatda yuksak mahorat egasi bo‘lgan shoirdir. Uning bizgacha yetib kelgan she’riy merosi, masnaviylaridagi g‘oyaviy mazmunning chuqurligi, badiiyatning mukammalligi shundan dalolat beradi. «Volidiyya» she’riy tarjimasi iste’dodli shoirning badiiy tafakkuri bo‘liq mevasidirki, shu sababli asar o‘zining g‘oyaviy-badiiy qimmati bilan o‘zbek adabiyotining nodir durdonalaridan biri sanaladi. 


4. «Volidiyya» qurilishi, ifoda uslubi bilan asliyatdan birmuncha farq qiladi. Lekin satrlarda ifodalangan mazmuniga ko‘ra asliyatga mutanosibdir. Shoirning mahorati shundaki, u asliyatdagi mazmunni rivojlantirish, chuqurlashtirish, g‘oyaviy ma’nosiga badiiy quvvat berishga erishadi. Bu esa mutarjimning san’atkorligidan yorqin dalolatdir. 


Rajabova D. Bobur masnaviylarida irfoniy ma’no/mas’ul muharrir: filol. f. doktori Dilorom Salohiy; taqrizchilar: filol. f. doktori, professor R.J.Vohidov, filol. f. doktori, professor I.S. Suvonqulov; O‘zR Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi. Alisher Navoiy nomidagi Samarqand Davlat Universiteti. – Tsh.: O‘zR FA "Fan", 2005. – B. 50-71. (O‘zbekcha); Взгляд на историю сочинения “Валидийя”. В кн.: Ражабова Д. Смысл познания в масневи Бабура.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0