Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Abdulla Avloniy bog‘i Bobur haqida

Zahiriddin Muhammad Bobur haqidagi u yoki bu darajadagi hayotiy yoki tarixiy xarakterdagi ilk qimmatli ma’lumotlar uning o‘zi yozgan «Boburnoma» kitobida va qizi Gulbadanbegimning «Humoyunnoma» asarida bitilgani, keyingi muhim ma’lumotlar esa, uning davlat boshqargan avlodlari davridagi adabiy muhit vakillari tomonidan yozib qoldirilgani borasida boburshunoslikda ko‘p gaplar aytilgan. Ammo biz ushbu maqolamizda boburshunoslikka oid bir nodir ma’lumot, ya’ni Abdulla Avloniyning «Bog‘i Bobur» to‘g‘risida yozgan tarixiy lavhasi yuzasidan fikr yuritmoqchimiz.


Olimlarimiz o‘z tadqiqotlarida Boburning hayoti va ijodini o‘rganish va davrlashtirish bilan bog‘liq masalalarga to‘xtalganda, asosan, bizning asrimizda yozilgan ilk xabaru ma’lumotlarni «1940-yillardan boshlangan», degan tezisni olg‘a suradilar. Ammo Abdulla Avloniy ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, bizning asrimizda bitilgan ilk tarixiy ma’lumot sanasini yana yigirma yil oldinga, ya’ni 1920-yil, deb belgilashimiz mumkin ekan. Olg‘a surayotgan ushbu asosli dalilimizni biz ma’rifatparvar ajdodimiz Abdulla Avloniyning asarida o‘qib bildik. U Afg‘onistonda kechgan elchilik faoliyati to‘g‘risida o‘zining «Afg‘on sayohati» nomli memuar asarida batafsil to‘xtalar ekan, sohibqiron Amir Temurning to‘rtinchi o‘g‘li Shohrux mirzo va Husayn Boyqarolar qurdirgan bir tarixiy inshoot to‘g‘risida juda qisqa, bir gap tarzida hamda Bobur mirzo haqida, xususan, u abadiy qo‘nim topgan Bog‘i Bobur haqida esa, kengroq lavha shaklida noyob tarixiy ma’lumotlarni yozib qoldirganiga guvoh bo‘lamiz. Shunday ekan, mazkur asar haqida qisqacha to‘xtalsak.


Abdulla Avloniyning memuar xarakterdagi «Afg‘on sayohati» asari 1919-1920-yillarda yozilgan. Bu asar 1978-yilda adib tavalludining 100-yilligi munosabati bilan uning shaxsiy arxividan topilgan (nashrga tayyorlovchi f.f.doktori professor B.Qosimov, izoh va lug‘atni O.To‘laboyev tuzgan. Toshkent; «Ma’naviyat» nashriyoti, 1998-yil). Asarda Abdulla Avloniyning Toshkent shahridan yo‘lga chiqib, Kobul shahriga 68 kun ichida yetib borgani, safar va davr qiyinchiliklari hamda 1919-yilning oktyabridan 1920-yilning 28-iyuliga qadar sho‘rolarning Hirotdagi muxtor elchisi bo‘lib faoliyat yuritgani haqidagi tarixiy-davriy voqealarni birma-bir bayon qilgan, qisman munosabatini ham bildirib o‘tgan. Uning ma’lumotiga ko‘ra, u 1919-yilning 22-avgustidan to 1-oktyabrigacha Kobulda yashaydi. Diplomat bu muddatda Kobulning barcha tarixiy, madaniy va ma’rifiy joylarini ko‘zdan kechiradi. Jumladan, Bog‘i Boburni, masjidni ham. U Afg‘oniston safari kundaligining 1919-yil 3-sentyabri voqealari bayonida aynan Bog‘i Boburni ziyorat qilgani va undan olgan boy taassurotu kechinmalari haqida quyidagi qimmatli ma’lumotlarni yozib qoldirgan. Chunonchi: «3-sentyabrda ma’ruf bog‘larindan o‘lan Bog‘i Boburga bordik. Bu bog‘ning shimol tarafinda Boburning ... maqbarasi vordir. Maqbaraning janub tarafinda tom sangi marmardan bino qilinmish bir masjid vor. Bu masjid zamoninda qirq ming rufiya xarajot o‘ldig‘in, binosini Zahiriddin shoh bino qildig‘in so‘yladilar... bu bog‘da Boburning o‘z qo‘li ila ekilmish chinorlar va boshqa daraxtlar mavjuddir».


Ko‘rinib turibdiki, Abdulla Avloniy o‘zining ushbu nodir ma’lumotida ma’rifatparvarligiga borib, mamnunlik bilan Bog‘i Boburni ma’rifat bog‘i, deb ataydi, ikkinchidan esa, u shoh va shoir avlodlari loyihasi va homiyligida qurilgan masjidning hamda Boburning o‘z tabarruk qo‘llari bilan eggan chinor hamda boshqa manzarali daraxtlarning saqlanib qolganligini yozadi.


Tarixdan va «Boburnoma» hamda «Humoyunnoma»dan ma’lumki, Bog‘i Bobur Bog‘i Navro‘ziy nomi bilan ham atalgan. Bog‘ni temuriyzoda Ulug‘bek Mirzo Kobuliy barpo qilgan, keyinchalik uning merosxo‘rlari qo‘lida bo‘lgan. Mirzo Bobur merosxo‘rlariga Olloh roziligi uchun ming tillo tanga to‘lab, onasi Qutlug‘nigorxonim qabri uchun shu yerdan joy oladi va onasini mazkur bog‘ga dafn etadi.


Shunday ekan, hech ikkilanmay, professor Abdulla Avloniy ma’lumotlari asosida Bobur hayoti va ijodini o‘rganish bizning asrimizda 1919-1920-yillardan boshlangan, deb belgilashimiz mumkin.


Burobiya RAJABOVA, filologiya fanlari nomzodi.

Bobur va dunyo, № 2, 2018 y. – B. 8-9. (O‘zbekcha).

Fikr qoldirish#

Izohlar:
1
Siroj Turgunboyev • 4 ой аввал

Yaxshi


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
5.0