Mavzu bahsimizga kirishishdan oldin Hindistonda Bobir asos solgan imperiyaning «Buyuk mo‘g‘ullar imperiyasi» nomi bilan mashhurlashib ketishiga o‘z munosabatimizni bildirib o‘tmoqchimiz.
Bizda «g‘alati mashhur» deb ataladigan ifodali ibora bor. O‘z vaqtida e’tibor berilmagan va tarixan noto‘g‘ri, asli haqiqatga zid tushuncha yoki narsaning asl negiziga daxldor ma’nosini noto‘g‘pi ifoda qilib og‘izdan og‘izga, kitobdan kitobga ko‘chib o‘tib keng tarqalib ketgan g‘alat nomni yoki g‘alat tushunchani o‘tmishdoshlarimiz «g‘alati mashhur» deb ataganlar. Hindistonda Zahiriddin Muhammad Bobir asos solgan bobiriylar saltanatini «Buyuk mo‘g‘ullar imperiyasi» deb atalib ketishi ham o‘sha «g‘alati mashhur»lardandir. Agar tarixga chuqurroq nazar tashlasak haqiqat o‘z-o‘zidan oydinlashib qoladi.
Ma’lumki, mo‘g‘ullar Chingizxon rahnamoligidagi hali musulmon bo‘lmagan ko‘chmanchi xalqlap edi. Ular ayovsiz hujum boshlab O‘rta Osiyodagi musulmon turkiy xalqlap yerlarini bosib oldilar.
Chingizxon vafotidan so‘ng uning katta imperiyasi o‘g‘illari o‘rtasida o‘zaro taqsimlandi. Kavkaz tog‘lari etaklaridan to Hindikush tog‘i yonbag‘irlarigacha cho‘zilgan katta qismi o‘g‘li Chig‘atoyga tegdi va u «Chig‘atoy ulusi» nomini oldi. Ulusning janubi-g‘arbiy tomonini, ya’ni keyincha Movarounnahr deb atalib ketgan qismini Chig‘atoy davlati deb, xalqlarini esa «chig‘atoylar» deb atash urf bo‘ldi. Vaholanki, «Chig‘atoy davlati» nomi ostida Turkiston va Xuroson tushunilgan. Shimoli-sharq tomonda qolgan xalqlar o‘zlarini «mo‘g‘ullar» deb, o‘lkasini esa «Mo‘g‘uliston» deb atadilar. Keyincha «Chig‘atoylar» mahalliy xalqlarga qo‘shilib musulmonlashib ketdilar. (Hozirgi davrga kelib «Chig‘atoy» nomi ham, tilshunoslarning hamon «Chig‘atoy tili» atamasini qo‘llashlari ham munozara talab tushunchadir, buni ham tuzatish fursati keldi).
Bobir va bobiriylarning ota tomonidan asl nasl-nasabi esa Movarounnahr tomondagi, keyincha o‘zbek nomini olgan sof turkiy qavmlardan ekani tarixdan ma’lum. Bobir Hindistonga kelganida uning janubida mustaqil musulmon turkiy knyazliklari mavjud edi (Chingizxon armiyasi ta’qibidan qutulib kelib qolgan turkiy qavmlar davlati). Umuman Hindistonda Bobir lashkarlari-yu, davlatini «mo‘g‘ullar» deb atashmagan. Bobirdan keyin ijod qilgan qizi Gulbadanbegim ham yoki nabirasi Akbarshoh zamonidagi tarixchilar ham uning davlatini «Buyuk mo‘g‘ullar» deb atamaganlar. O‘sha davrdayoq «Turkiy davlat» degan tushuncha bor edi.
Bobir esa, garchi ona tomondan mo‘g‘ul xoniga avlod bo‘lsa ham umuman mo‘g‘ullarni yoqtirmasdi. To‘g‘ri, harbiy jihatdan tang qolgan kezlari mo‘g‘ul askarlari yordamiga suyanar va ularni madadga chaqirardi. Ammo «Bobirnoma»da mo‘g‘ullardan shikoyat, ularga qarshi yozilgan satrlar ko‘p uchraydi. Mana o‘shanday shikoyatlardan biri:
«Mo‘g‘ul cherikikim, ko‘makka kelib edi, urushga hech toqatlari yo‘q edi. Urushmoqni qo‘yub, bizning elni-o‘q talab, ottin tushira kirishtilar. Bir bu emas, hamisha badbaxt mo‘g‘ulning odati ushmundoqtur. Bossa ham o‘lja olur, bostursa ham o‘z elini talab tushurib o‘lja olur». Va yana: «Yakka-yarimni talab tushurguchi, yalang‘ochlag‘uchi tamom bu shum mo‘g‘ul edi». (Qarang: Vekayi (Babur’un hatirati). Turkcha nashri, Y.Hikmat Boyurning kirish so‘zi va temuriylar haqidagi maqolasi bilan. Anqara, 1987, 13-bet. (Manba izohi)).
Birgina bu emas: «Bobirnoma»ning V. Erskin tarjimasida (London,1921 y.) Bobirning mo‘g‘ullar haqidagi fikrini tasdiqlash ma’nosida quyidagi to‘rtlik keltirilgan (turkchasidan erkin tarjima): (“Bobirnoma”, Toshkent, 1960, 145-bet.. Bundan keyingi iqtiboslar ham “Bobirnoma”ning ushbu nashridan keltiriladi. (Manba izohi)).
«(Garchi) mo‘g‘ul malakdan tarqalsa ham naq razolat,
Mo‘g‘ul ismi garchi oltin-la yozilsa ham yomonlik keltiradi.
Mo‘g‘uldan hatto bir donni ham ola ko‘rma,
Uning urug‘idan yetilgan hosil ham xosiyatsizdir».
Bobir tarjimalarining tadqiqotchisi Nematillo Otajonning tekshirishicha, mo‘g‘ullar haqidagi «Bobirnoma»da keltirilgan ayrim ta’riflar inglizcha tarjimada keltirilmagan. Ammo, tarjima tadqiqotchilari fikricha, Erskin bu to‘rtlikni «Bobirnoma»ning ushbu tadqiqotchilariga noma’lum biron turkiy-forsiy nusxalaridan olgan bo‘lishi mumkin (Qarang: G‘aybulla as-Salom va Ne’matulloh Otajon, Jahongashta «Boburnoma», Toshkent, 1996, 116-bet).
Yana Hindistonga qaytaylik: Shoh Bobirning beshinchi avlodi Avrangzeb Olamgir zamonida ham (1659-1707) hind rojalari uning davlatini «turkiylar davlati» deb atashgan.
«Mo‘g‘ul» kalimasini iste’molga kiritib Bobiriylarga qarshi ishlatganlar ko‘pincha uzoq vaqt Bobirga va uning o‘g‘li Humoyun hamda nabirasi Akbarga bo‘ysunmagan Janubiy knyazliklar edi. Ularning ko‘rsatgan qarshiliklari haqida kitob yozgan tarixchi Farishta Bobir davlatiga ehtirom bildirish bilan birga uni «mo‘g‘ul» deb atab, davlatiga nisbatan «turkiy» so‘zini qo‘llamagan. Bu – xuddiki, Usmonli turk tarixchilarining Turkiyani zabt etgan Sohibqiron Temurga alamzadalikdan «tatar» («tatari badkirdor»), safaviylarga esa «qizil bosh» sifatini berishiga o‘xshaydi.
Bobir va uning avlodiga nisbatan «mo‘g‘ul» sifati keng qo‘llanib va yoyilib ketishiga XVI-XVII asrlarda hind qirg‘oqlarida o‘rnashib Goa shahrini egallagan portugaliyaliklar ham sabab bo‘ldi. Ular Hindiston janubidagi o‘sha yillari bobiriylarga bo‘ysunmagan knyazliklar bilan savdo aloqalari o‘rnatib, ayrim mahalliy yozma adabiyotlarda ishlatgan «mo‘g‘ullar» nomi haqidagi gaplarni Ovro‘poga yoydilar. Yillar o‘tishi bilan bu kalima ovro‘poliklar xotirasiga o‘rnashib Hindiston haqida ular yozgan yangi asarlarga ko‘chdi va kitobiy so‘z tarzida yana Hindistonga qaytib keldi.
Keyingi asrlarda Hindistonni o‘z mustamlakasiga aylantirgan Angliya olimlari mamlakatda nurab borayotgan Buyuk bobiriylar saltanati tarixi bilan chuqurroq shug‘ullandilar-u, ammo Bobir asos solgan davlatni «Buyuk mo‘g‘ullar imperiyasi» deb atadilar. Aytilganlardan xulosa shuki, «mo‘g‘ul» oti Bobirga va «Buyuk mo‘g‘ullar imperiyasi» atamasi Bobiriylar saltanatiga mutlaqo yopishmaydi.
Atoqli tarixshunosimiz akademik Bo‘riboy Ahmedovning ta’kidlashlaricha, aslida «Buyuk mo‘g‘ullar» degan ibora Chingizxon va undan keyingi ikkita mo‘g‘ul qoon (xon)larigagina taalluqlidir, bobiriylarga esa buning mutlaqo aloqasi yo‘q. Taniqli sharqshunos V.V. Bartold ham allaqachon Ovro‘poga tarqalib ketgan «Buyuk mo‘g‘ullar» iborasining xato ekanligini ta’kidlab o‘tgan edi.
«Ovro‘polik, - deb yozadi u, - Temurni va uning o‘g‘illari hamda nabiralarini mo‘g‘uldan tarqalgan deb hisoblab Bobir saltanati uchun «Buyuk mo‘g‘ullar» degan nom to‘qidilar». Bartold yozishicha, bu ibora asta-sekin ingliz tilidagi kitoblarga ko‘chdi va yuqorida aytilganidek, Hindistonga ham tarqaldi.
Bizning hisobimizcha, mana, ikki yuz yildirki, ushbu imperiya asoschisini «mo‘g‘ul» deb, imperiyasini esa "Mo‘g‘ullar imperiyasi" deb atab kelinmoqda.
Hindiston Britaniya tasarrufiga o‘tganidan yuz yilcha keyin Rusiya ham O‘rta Osiyoni bosib oldi. Biroq qo‘shni Hindistonda asos topgan «Mo‘g‘ullar imperiyasi» masalasida rus olimlari mustaqil shug‘ullanmadilar. V.V. Bartoldning yuqorida keltirilgan ilmiy xulosalariga ham amal qilmasdan, ingliz olimlari ketidan borib, ular asarlaridagi tayyor xulosalarni qabul qilib qo‘ya qoldilar. Shu tarzda «Imperiya velikix mogolov» degan ruscha atama paydo bo‘ldi va rus adabiyoti bilan birga butun O‘rta Osiyoga ham tarqalib ketdi.
XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlangan va Sho‘ro davrida davom etgan g‘oyaviy mutelik davrida ham o‘lkamizda bu «g‘alati mashhur» xatoni tuzatish hech kimning xayoliga kelmadi.
1943-yili O‘zbekistonda Fanlar Akademiyasi tashkil qilinib, - tan olish kerak, - urushdan keyin ilmiy ishlarda jonlanish paydo bo‘ldi. Ammo fanda ilmiy zamini o‘ta chegaralangan markscha-lenincha uslubiyat hukm surib, o‘sha g‘oyaviy mutelik kayfiyatidan qutulolmadik va rus olimlari ko‘rsatmalaridan nariga o‘tolmadik, - o‘tmishimizni chuqurroq o‘rganishga imkon berilmadi. Faqat ayrim shijoatli olimlarimizgina tashabbus ko‘rsatib bu borada biroz dadil qadam tashladilar.
Jumladan, akademik marhum Ibrohim Mo‘minov tashabbusi bilan 1958-yili Andijonda Zahiriddin Muhammad Bobir tavalludining 475-yilligi nishonlanib Akademiyaning uch kunlik ilmiy anjumani uyushtirildi. Ushbu satrlar muallifi tarixga havasmand yosh o‘qituvchi sifatida o‘sha anjumanda muzokaraga qatnashib «Buyuk mo‘g‘ullar imperiyasi» «Bobiriylar saltanati» nomi bilan atalishi lozim, - degan masalani o‘rtaga tashlagan edi. Ammo uyg‘ongan fikr «bu masalani maxsus ko‘rib chiqadigan vaqt kelar» degan mazmundagi javobdan nariga o‘tmadi.
Biroq 60-yillarning oxiri va 70-yillar boshida markazning siquvi ostida O‘zbekistonda ijtimoiy-siyosiy hayot keskinlashdi. Ibrohim Mo‘minovning «Amir Temurning O‘rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni va roli» risolasi chop etilgach, Ittifoq miqyosidagi «Voprosы istorii» jurnali sahifasida I. Mo‘minov «tarixni soxtalashtirish»da ayblandi. Ittifoq qolib o‘zimizda ham bu mo‘tabar insonga tosh otuvchilar topildi. Shu bahona tarixiy mavzuga yondashishda yana qo‘rquv-hayiqish paydo bo‘ldi.
Shukrlar bo‘lsinkim, mana, orzu qilgan Istiqlolga ham erishdik. Umuman hayotimizning barcha jabhalarida bo‘lgani kabi fikr-tafakkurimizda ham mustaqillik, yangi g‘oyalarni o‘rtaga tashlashga intilish-shijoat paydo bo‘ldi.
Nihoyat, mavzu bahsimiz bo‘lmish «Buyuk mo‘g‘ullar» iborasi masalasida ham matbuotda ezgu ma’no kasb etuvchi yangi gap-takliflar o‘rtaga tashlandi: «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» haftanomasining 1993-yil 12 fevral sonida iqtidorli adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurovning «Bobiriylar mo‘g‘ullar emaslar» degan chog‘gina maqolasi e’lon qilindi. Ammo mazmunli ushbu maqola tegishli ilmiy doirada jonlanish boshlab berdi. Muallif Bobirning «Mo‘g‘ul» atalib ketishi Ovro‘poda va Hindistonda «urf bo‘lib ketgan tarixiy anglashilmovchilikdan bittasi» - deb juda to‘g‘ri baho berdi.
Ushbu maqola munosabati bilan Bobiriylar saltanati nomini asliga to‘g‘rilab atash fursati allaqachon kelgani haqida maqolaga aks-sado tarzida o‘sha haftanomada yaxshi fikrlar bildirildi. (2028 S. Jalilov – Yo‘q, bobiriylar mo‘g‘ullar emas. “O‘zAS”., 26-III, 1993; F. Sulaymonova – “G‘alati mashhur” tushuncha. “O‘zAS”., 16-IV, 1993; I. Hoshimov – Bobiriylar tarixiy ummon, “O‘zAS”., 14-V, 1993. (Manba izohi)).
Ayrim ovro‘polik bobirshunoslar ham bu jiddiy masalaga e’tiborni qarata boshladi. Fransuz yozuvchisi Flora Anna Stil «Bobirxon» romanining kirish so‘zida ovro‘poliklar Bobirshoh sulolasini «Buyuk mo‘g‘ullar» deb xato aytib kelayotganini ta’kidlaydi.
Biz Bobir nomli xalqaro ilmiy safar chog‘ida Pokiston va Hindiston ilmiy doiralarida o‘tkazgan suhbatlarimizda ham olimlar diqqatini Bobir imperiyasi nomini to‘g‘ri atash masalasiga jalb qildik.
Hindistonning Haydarobod shahrida tashkil qilingan «Buyuk mo‘g‘ullar jamiyati» raisasi, Bobirning so‘nggi avlodlaridan bo‘lmish Laylo Ummaxoni O‘zbekiston Prezidenti I.A. Karimov nomiga xat yo‘llagan (Biz safar chog‘ida bu xonim oilasida mehmon bo‘lgan edik).
Xatda yozilishicha, bundan buyon ushbu jamiyat nomi «Bobiriylar tarixini o‘rganuvchi madaniy akademiya» – dyeb ataladigan bo‘libdi. («O‘zbekiston ovozi», 11-XI, 1993).
Demak, masalaga yondashishda yangi bosqich boshlandi. Bunda Bobir nomli xalqaro ilmiy ekspeditsiyaning xizmati ham e’tiborga loyiqdir.
Biroq Ovro‘po olami, yozuvchi Anna Stil e’tiroziga qaramay, asliga to‘g‘ri bo‘lgan bu nomni haligacha «hazm qilolgani» yo‘q. Ba’zi hind olimlari ham bundan mustasno emas ekan. 2000-yil may oyining oxirlarida Samarqand shahrida «Bobir va bobiriylarning jahon sivilizatsiyasini rivojlantirishdagi mavqei» mavzuida xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazildi. Unda qatnashgan hind olimlaridan prof. Vatin De seksiya majlisida qilgan o‘z ma’ruzasida «Buyuk mo‘g‘ullar imperiyasi» nomini ishlatgan edi, anjuman ishtirokchilarida norozilik alomatlari paydo bo‘ldi. Hind olimi qayta so‘z olib, bu eski iborani ixtiyorsiz ishlatib yuborganiga taassuf bildirdi va raislik qiluvchi akademik B. Valixo‘jayevdan uzr so‘radi.
Demak, haq joyiga qaror topmoqda, xatolar tuzatilmoqda. Endigi vazifa – bu «g‘alati mashhur»ning Ovro‘po ilmiy olamidagi tomirini ham qirqishdan iboratdir.
Jalilov, S. Bobir va Yuliy Sezar:
(Qiyosiy hayotnoma): [Z.M. Bobir tavalludining 520-yilligiga bag‘ishlanadi]
So‘z boshi muallifi Z.Mashrabov; mas’ul muharrirlar: M. Mahmud, Z. Qutiboyev; taqrizchilar: B. Ahmedov, I. Alimov. – Tsh.: “Yangi asr avlodi”, 2001. –B. 18-24. (O‘zbekcha); Не “Великие Моголы” а “Империя Великих Бабуридов”. В кн.: Жалилов С. Бабур и Юлий Цезарь
Fikr qoldirish#