Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Avrangzeb Olamgir. «U – adolatli xalifalar davomchisi edi». Shayx Ali Tantoviy

Mazkur hikoyamiz qahramoni Markaziy Osiyoda 300-yildan ortiq hukmronlik qilgan (1526-1858-yy.) boburiylar zurriyoti hisoblanadi. Bu sulolaga Zahiriddin Muhammad Bobur asos solgan. Bu imperator ona tomonidan mongollar xoni Chingizxonga, otasi tomonidan qudratli podshoh Amir Temurga borib taqaladi. (Ushbu shaxs temuriylar sulolasining asoschisi hisoblanadi).


Zahiriddin Boburdan so‘ng hukumatga o‘g‘li Humoyun kelgan. So‘ngra Humoyun mirzo hukumatni Jaloliddin Akbarga topshiradi. Akbar davrida mamlakat yuksalishni boshdan kechirgan. Ammo yaxlit tarixiy davr nuqtayi nazaridan, boburiylar saltanati, Mahatma Gandi ta’riflaganidek, «Bir millat – ikki e’tiqod»dan iborat yangi hind davlatchiligi shakllanishidagi yetakchi omillardan biri bo‘ldi. Shu bois Hindistonda shaklan va mazmunan «na hindlarniki va na musulmonlarniki bo‘lgan hind- musulmon madaniyati tugal qaror topdi».


So‘ngra taxtga Jahongir mirzo keladi. U ham otasining yo‘lini davom ettiradi. Undan so‘ng imperiyaga uning o‘g‘li Shohjahon keladi. Uning hukmdorlik davri otasi va bobosiga qaraganda, biroz farq qilgan. U o‘zining hukmdorlik davrida portugal salibchilari bilan muvaffaqiyatli muhorabalar olib boradi. Bu sulton sevikli yori Mumtoz Mahal sharafiga Tojmahal maqbarasini bunyod etgan. Buning uchun 20000 ishchi jalb qilgan edi. Shu paytda salibchilar va safaviylar har tarafdan tahdid sola boshlaydilar. Hukumat kuchsizlashib, mamlakatga qarshi isyonlar ko‘tarila boshlaydi. Shohjahondan so‘ng, uning o‘g‘li Doro Shukuh hukumatga keladi.


Hindistonda Islom qulashi arafasiga kelgan bir paytda…Alloh taolo bu ummatning ahvolini o‘zgartiruvchi insonlarni o‘zi yuborib qo‘yar ekan. Bu voqealardan bir necha yil avval kelib chiqishi Umar ibn Xattobga borib taqalgan hindistonlik shayx Ahmad Sarhandiy (manbalarda “Ahmad Sarhindiy” tarzida ham uchraydi.) amirlar va lashkarboshilarni Alloh taoloning haq diniga chaqirgan. Undan so‘ng o‘g‘li Muhammad Ma’sum Sarhandiy otasining yo‘lini davom ettiradi. Shayx Muhammad Ma’sum bir necha yillardan so‘ng unib chiquvchi Islom daraxtining urug‘ini sochadi hamda sulton Shohjahonning farzandini tarbiyalay boshlaydi. Unga hanafiy mazhabi bo‘yicha ilm o‘rgatadi. Bo‘lajak sulton fiqh ilmi, arab, turkiy, fors tillari hamda husnixatni o‘rganadi. Otda chopishni o‘rganib, kuchli bahodirlardan bo‘lib yetishadi. So‘z qilmoqchi bo‘lgan qahramonimiz – Abu Muzaffar Muhyiddin Muhammad Avrangzeb Olamgir. Avrangzeb fors tilida «Taxt ziynati», Olamgir esa «Olamni zabt etuvchi» degan ma’noni anglatadi.


Islom bahodiri Avrangzeb Olamgir Doro Shukuhning hukumatiga qarshi chiqib, o‘sha paytning o‘zida mamlakatga qarshi ko‘tarilgan isyonlarni bartaraf qilgan. Avrangzeb Olamgir hukumat tizginini o‘z qo‘liga olgandan so‘ng, Hindistondagi bu Islom imperiyasi 1658-1707-yillar orasida muvaffaqiyat qozondi. Avrangzeb shaxsiyati va davlatchilik faoliyati nisbatan ijobiy baholangan. Avrangzeb Hindiston yarim orolini Islom bayrog‘i ostida birlashtiradi. Uning davrida musulmonlar 30 marta jang qilib, 11 matrasida sulton Avrangzeb jangga o‘zi qo‘mondonlik qilgan. Keyinchalik Avrangzeb boshqargan imperiyadan 8 o‘lka ajralib chiqqan. Ular: Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Afg‘oniston, Eron (Manbada, shuningdek, arabiy manbada ham katta xatolikka yo‘l qo‘yilgan, zero Eron mamlakati podshoh Avrangzeb boshqargan imperiya tarkibiga kirgan emas.), Nepal, Butan va Birma (Myanma).


Avrangzeb xalqdan olinuvchi 80 turli soliqlarni bekor qilgan. Uning davrida masjidlar, maktablar, shifoxonalar va hammomlar bunyod etilib, yo‘llar tuzatilib, sayil bog‘lar foydalanishga topshirilgan. U paytda Dehli jahon markaziga aylangan. Qozixonalar tashkil etilib, har bir shaharga hukumat vakillari qo‘yilgan. Avrangzeb Islomda sobit turib, shariat hukmlariga itoat etgan. Sultonni oldida yerni o‘pib, ta’zim qilishni man qilgan. Sulton bilan salomlashishda ortiqcha so‘zlardan voz kechib, Islom salomi bilan cheklanishni amr qilgan. Mast qiluvchi ichimliklarni mamlakatga olib kirishni taqiqlagan. Saroydagi o‘nlab musiqachilarni yo‘q qilgan.


Sulton Olamgir muqaddas Qur’oni karimni qirq yoshida to‘liq yod olgan. Ya’ni sulton bo‘lganidan so‘ng tugatgan. Qozilarga hanafiy mazhabi asosida hukm chiqarishni amr qilgan. Uning taklifiga ko‘ra, (Hanafiy mazhabi asosida) «Fatava al-Hindiya» yoki «Fatava al-Olamgiriya» kitobi yozilgan. Bu kitobni hozirda ham tolibi ilmlar yaxshi biladilar. Avrangzeb sharofati bilan hozirgi Pokistonning Lahor shahriga Badshahi masjidi barpo etilgan. U masjidda hozirgi kungacha ibodat qilib kelinadi. Sulton Olamgir Hind okeanidagi portugal salibchilari harakatiga barham bergan. Muqaddas Ramazon oyida Hindistonning oftobida pishgan arpa unidan bo‘lgan non bilan ro‘za tutar edi. U o‘z qo‘li bilan Qur’oni karimni nusxalarga ko‘chirgan. Hech qachon musulmonlar xazinasidan kun ko‘rmagan. Avrangzeb har haftada uch marta ro‘za tutishga odatlangan edi. Namozni doim jamoat bilan o‘qigan. Tarovih namozlarida musulmonlarga o‘zi imom bo‘lar edi. Ramazonning oxirgi o‘n kunligida masjidda e’tikofda o‘tirgan. Sulton Avrangzeb Allohga ko‘p ibodat qilib, olimlarning hurmatini joyiga qo‘yib, ular bilan kengashib turgan hamda o‘z vazirlarini ularga quloq solishga buyurgan. U Bangladeshdagi noibini taxtga o‘xshash o‘rindiqqa o‘tirganidan xabar topib, unga qattiq tanbeh berdi va odamlar qanday o‘tirsa, shunday o‘tirishini buyurgan. Sulton Avrangzeb avvalgi podsholar kabi odamlardan hadya olmagan. U har kuni hech qanday qo‘riqchisiz xalq bilan uchrashib ularning dardini eshitgan. Hindistonning barcha hududlarida Payg‘ambar alayhissalomning sunnatini keng targ‘ib qilib, bid’atlarni tark etishga undagan. Allohning dinini yetkazishda, bir qancha muhorabalar olib borgan. Shuningdek, u hind podsholari bilan musulmonlarga qarshi ittifoq tuzgan safaviylar (shialar) bilan jang qilgan. Sulton Olamgir o‘z davrining eng ulug‘ podshohi sanalgan. U nafaqat Alloh yo‘lida kurashuvchi bahodir, balki shoir va yozuvchi hamdir. Islom g‘alabalarini o‘z ichiga olgan bir qancha she’rlar bitgan. Dunyoga muhabbat qo‘ymagan, adolatli sulton Olamgirni ko‘rgan millionlab hindlar Islomni qabul qilganlar. Uning ulug‘ imperiyasida azon tovushi Himolaydan tortib Hind okeanining sohillari va Bangladeshdan Tojikistongacha eshitilib turgan. Avrangzeb davlatning xavfsizligini o‘ylab, hajga bora olmagan. Shunday bo‘lsa ham Makkadagi Masjidul Harom va Madinadagi Payg‘ambarimiz alayhissalomning masjidlariga o‘z qo‘li bilan nusxa ko‘chirgan ikkita Qur’on Kitobini yuborgan. Hindiston imperiyasini oqil idrok ila boshqargan Avrangzeb 90 yoshga chiqqaniga qaramay, ro‘za tutib, tunlari namozda qoim bo‘lar hamda xalqini arzining eshitishdan erinmas edi.


1707-yili 20-fevralda (h. 1118 y. 28 zulqa’da)yarim asrdan ortiq kurashgan Avrangzeb Olamgir umri nihoyasiga yetganini anglaydi. U farzandlariga o‘z qo‘li bilan ip yigirib, bozorga yashirin sotib to‘plagan puliga olgan besh rupiyalik kafaniga o‘rab ko‘mishlarini vasiyat qilgan. Shuningdek, unga atab maqbara qurishlarini man qilgan. U o‘limidan so‘ng boyliklarini yetim- yesirlarga tarqatishlarini vasiyat qilgan. Farzandlari otasi olamdan o‘tgandan so‘ng, bor-yo‘g‘i 300 rupiyasi bo‘lganligiga guvoh bo‘ladilar. Bu – ulug‘ Hindiston imperatorining boyligi. Shunday qilib, Islom va musulmonlarga ulkan xizmat qilgan buyuk shaxs yorug‘ olam bilan vidolashadi. Shayx Ali Tantoviy bu ulug‘ musulmon haqida shunday degan: «U – adolatli xalifalar davomchisi!»


Alloh taolo Abu Muzaffar Muhyiddin Muhammad Avrangzeb Olamgirni o‘z rahmatiga olib, jannatiga doxil qilsin.


Hindistondagi Islom imperiyasining ahvoli nima bo‘lgan?

Pokiston Islom Respublikasi qanday tashkil topgan?

Hind ekstremistlariga qarshi turgan musulmon bahodiri kim bo‘lgan?


Bu haqda keyin hikoya qilamiz…


Jihod at-Turboniy. Islom ummatining 100 buyuk shaxsi / Tarix yo‘nalishini o‘zgartira olgan islom ummatining 100 nafar buyuk shaxslari / Rahimjon Ali / tarjimonlar: Shokir Dolimov, Xursand Ahmedov. - O‘sh: «Shams» nashriyot uyi. / Istanbul: 2020. – 680 bet. – B. 634-637.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Muhammad Solih (1455, Xorazm – 1534-1535, Buxoro)

XV asr oxiri XVI asr boshlarida Xorazmga qo‘shni mamlakatlarda taxt...

Muhammad Solih (1455-1506)

Muhammad Solih Nur Said o‘g‘li 1455 yilda Xorazmda tug‘ilgan va...


Maqolani baholang
0.0