Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Adabiyot nazariyasi

Adabiyot nazariyasi – adabiyotshunoslik fanining bir bo‘limi. Badiiy adabiyot, uning jamiyat hayotida tutgan o‘rni va ahamiyati, yaratilish qonuniyatlari, taraqqiyot yo‘llarini, badiiy asarning tasviriy hamda ifoda vositalari, tarkibiy qismlari, adabiy turlar va janrlarini o‘rganadi.


A.n. badiiy so‘z san’atining ijodiy tajribalariga asoslanib, o‘zining barcha nazariy xulosalarini yaxlit bir davr yoki davrlarning badiiy so‘z mahsuli hamda ayrim badiiy asarlarining tahlilidan, tarixiy-adabiy jarayonni o‘rganishdan keltirib chiqaradi. Badiiy adabiyotni bevosita yaratuvchilarning adabiy ijod haqida aytgan fikrlari ham A.n. tomonidan e’tiborga olinadi, ammo bu borada A.n. badiiy ijod tajribalarida tasdiqlangan ijodiy haqiqatlarga murojaat qilib boradi.


A.n. adabiyotning boshqa ijtimoiy ong shakllaridan farqli jihatlarini ham belgilab beradi. San’at turi sifatida adabiyotning o‘ziga xosligi uning so‘z vositasida obraz yaratishida ko‘zga tashlanadi. Shuning uchun ham A.n. da badiiy, obrazli tasvir va ifoda masalalari ham o‘rganiladi. Badiiy adabiyotda mazmun b-n shakl birligi va mutanosibligi A.n. ning bosh masalasidan biri hisoblanadi. Mazmunsiz shakl bo‘lmaganidek, shaklsiz mazmun ham bo‘lmaydi. Har qanday shakl mazmunlashganidek, har qanday mazmun shakllashgandagina to‘la voqe bo‘ladi. Mazmun – badiiy asarning hamma qismlarini belgilovchi, uyushtiruvchi asos. Badiiy adabiyotda mazmun – jonli hayot, uning xilma-xil qirralari, murakkabligi, boyligi va go‘zalligidir. Har qanday g‘oya badiiy asarning mazmunini tashkil eta olmaydi, u faqat badiiy xususiyatga egaligi, inson, jamiyat uchun ahamiyatliligi b-n barchani qiziqtira olgan g‘oyalargina badiiy asar mazmunini tashkil etadi. Badiiy shakl ham mazmunga nisbatan farqsiz hodisa emas. Chunki har qanday g‘oya hayotning o‘zida aniq hayotiy hodisa shaklida namoyon bo‘ladi, bu hodisaning shaklini mazmundan ajratib bo‘lmaydi. Binobarin, har qanday badiiy g‘oya o‘ziga mutanosib badiiy shakldagina o‘z mohiyatini to‘la namoyon etadi. Alisher Navoiy «Xamsa»da o‘z zamonida shoirlik da’vo qilib yurgan ko‘plab kishilarning shakl bobidagi no‘noqligini qoralaydi. Chunki, faqat shakli mazmuniga to‘la mos bo‘lgan asargina haqiqiy badiiy asar bo‘la oladi. Shuning uchun ham A.n. badiiy asarning tarkibiy qismlari (syujet, konflikt, kompozitsiya va b.), adabiy turlar va janrlar haqidagi masalalarni keng yoritadi. Insoniyat tarixida bo‘lgan ijodiy uslublar, adabiy oqimlar, maktablar A.n. da o‘zining aniq ta’rifu tavsifini topadi. O‘tmish adabiyot b-n hozirgi zamon adabiyoti o‘rtasidagi doimiy vorislik (an’ana va yangilanish) masalalari ham A.n.ga aloqadordir. Turli xalqlar adabiyotlari o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir va bir-birlarini boyitishdan iborat ijobiy tarixiy jarayonning qonuniyatlarini aniqlash ham A.n. ning doimiy o‘rganuvchi sohalaridan birini tashkil etadi. Dunyo xalqlari she’riyatiga xos tizimlar, ularning tuzilishi va shakllari A.n.ning bevosita tadqiqot manbaidir. Badiiy adabiyotning o‘tmishi, hoz. ahvoli va istiqboldagi rivojlanish tamoyillarini belgilab berish A.n.ning eng muhim vazifasi sanaladi. Sharqda A.n. ning yuqrrida qayd etilgan barcha muammolarini yaxlit o‘rganuvchi maxsus fan sohasi bo‘lmagan. Bu masalalar 3 yo‘nalishdagi mustaqil sohalar doirasida olib borilgan. Bular: aruz ilmi, qofiya ilmi va balog‘a ilmi, ya’ni badiiy so‘z san’atlari haqidagi sohalardan iborat. Shu bois Sharq mumtoz adabiyotshunosligi tarixiga nazar tashlansa, yuqorida ko‘rsatilgan 3 yo‘nalishdagi ilmiy manbalar alohida-alohida bayon etilganligi ma’lum bo‘ladi. Mac, Muhammad bin Umar ar-Roduyoniyning «Tarjimon ul-balog‘a», Rashididdin Vatvotning «Hadoiqu-s-sihr fi daqoiqi-sh-shi’r», Alisher Navoiyning «Mezon ul-avzon», Boburning «Muxtasar», Husayn Voiz Koshifiyning «Badoye’ ul-afkor fi sanoye’-il-ash’or», Atoullo Xusayniyning «Badoye us-sanoye’», Vohid Tabriziyning «Jam’i muxtasar» kabi asarlarida aruz, qofiya va badiiy san’atlar haqida alohida-alohida fikr yuritilgan. Sharq adabiy-nazariy ta’limoti asosan she’riyat materialiga asoslangan bo‘lib, ularda badiiy nasr, dramaga oid nazariy kuzatishlar uchramaydi. Chunki Sharq mumtoz adabiyotida badiiy nasr va drama janrlari mavjud emas edi. Sharq adabiy-nazariy qarashlari rivojiga Abu Nasr Forobiy «Kalom fi-sh-she’r va al-qavofi» («She’r va qofiyalar haqida so‘z»), «Kitob fi-l-lug‘ot» («Tillar haqida kitob»), «She’r san’ati», Ibn Sino «Uyun-al-Hikma» (Hikmat buloqlari) kabi asarlari b-n katta hissa qo‘shdilar.


O‘zbek adabiyotshunosligida A.n.ga oid haqiqiy yaxlit ilmiy asar 20-a. ning 20-y.larida Fitrat tomonidan yaratildi. Uning «Adabiyot qoidalari» kitobida badiiy adabiyotning o‘ziga xosligi, ijtimoiy tabiati, adabiy tur va janrlar, syujet, kompozitsiya, badiiy nutq va mahorat masalalari haqida ilk bor yaxlit ma’lumotlar berilgan. Abdurahmon Sa’diyning «Adabiyot nazariyasi» asari A.n.ga oid ilk asarlardan hisoblanadi. Shulardan keyin A.n.ga oid ikkinchi asar 1939 y.da I. Sulton tomonidan yaratildi. Keyinchalik O‘zbekiston FA Til va adabiyot in- ti tomonidan ikki jildli «Adabiyot nazariyasi» (1-jild 1978, 2-jild 1979), 1980 y.da I. Sultonning «Adabiyot nazariyasi» darsliklari chop ettirildi. A.n. rivojiga H. Yoqubov, M. Yunusov, M. Qo‘shjonov kabi olimlar ham katta hissa qo‘shdilar.


G‘arb adabiyotshunosligida Aristotelning «Poetika» asari A.n.ga oid asosiy manba sifatida qo‘llanilib kelindi. 17-18-a.dan boshlab Bualo, Didro, Lessing, Gerder, Gyote, Shiller kabi olimu adiblar tomonidan A.n.ga oid nazariy asarlar yaratila boshlandi. 18-a. oxiri – 19-a. boshlarida nemis faylasuflari Kant, Fixte, Shelling, Gegel va b. badiiy adabiyot qonuniyatlarini yaxlit o‘rganuvchi A.n. yaratishni boshlab berdilar. Rossiyada M.V. Lomonosov, A.N. Radishchev, V.G. Belinskiy, N.G. Chernishevskiy, A.N. Dobrolyubov, A.I. Gersen va b. adabiy-nazariy qarashlar rivojiga muayyan hissa qo‘shdilar.


Bahodir SARIMSOQOV.

ЎзМЭ, Т, 2000-2006, т.1. 2000, 736 б. – Б. 122. (Ўзбекча); 

Теория литературы.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Muhammad Yoqub Chingiy

17-asr 2-yarmi – 18-asr boshlari, Hindiston) – lug‘atshunos olim. Boburiylar...

Muhammad Temur Sulton (?-1521, Samarqand)

Shayboniylardan. Shayboniyxonning o‘g‘li. Shayboniylar Movarounnahrni egallaganlarida Muhammad Temur Sultonga poytaxt...


Maqolani baholang
0.0