Tojikiston Respublikasining Sug‘d viloyatidagi shahar (1952 y.dan). Isfara daryosi bo‘yida, Turkiston tizmasi yon bag‘rida. Konibodom – Sho‘rob yo‘nalishidagi t. y. stansiyasi. Aholisi 35,5 ming kishidan ziyod (1990-y.lar o‘rtalari). Gidrometallurgiya, yorug‘lik texnikasi jihozlari, mineral bo‘yoqlar zavodlari, meva, go‘sht konservasi, qurilish materiallari k-tlari, tarix-o‘lkashunoslik muzeyi bor. I. 16-a.dan ma’lum. I. yaqinida Abdullaxon masjid-namozgohi (16-a.), Qal’ai-Bolo o‘rta asr qal’asining qoldiqlari, Chorku qishlog‘ida Hazrati Bobo maqbarasi (10-12-a.lar) saqlangan. 10-a. manbalarida faqat Isfara viloyati haqida ma’lumotlar uchraydi. 9-10-a.larda Istaxriy shu viloyatdagi konlardan ko‘mir qazib olinganligi va taxm. 180 kg ko‘mir bir dirhamligini yozgan. Bobur davrida esa (16-a.) I. Farg‘ona vodiysidagi 8 ta yirik shaharning biri sifatida qayd etilgan.
O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, 12 tomlik. –T.: «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat milliy nashriyoti, T, 2000-2006, t.4, 2002, 704 b. –B.277-278. (O‘zbekcha);
Fikr qoldirish#