Chorvachilik tarmog‘i. Otlarni urchitish, ko‘paytirish, zotini takomillashtirish, naslchilik ishlari b-n shug‘ullanadi. Y. ishchi hayvon tariqasida arzon, samarali energiya manbai. Y. xilma-xil q.x. ishlarida, sanoat korxonalarida, geologlarning razvedkachilik- qidiruv ishlarida, turli xil ilmiy ekspeditsiya tarkibida, chegara qo‘shinlari va qo‘riqchilik xizmatida noyob ot-ulov vazifasini o‘taydi. Y. Osiyo va Yevropada mil. av. 4-ming yillikda paydo bo‘lgan. Ko‘hna Y. markazlaridan biri, shubhasiz, O‘rta Osiyo kengliklari hisoblanadi. Otlar mil. av. 2-ming yillikda O‘rta Osiyodan Kichik Osiyoga, undan Afrikaga tarqalgan. Amerikaga otlar yevropaliklar tomonidan 16-a. da, Avstraliyaga 17-a. da keltirilgan. Otlar qo‘lga o‘rgatilganidan va xonakilashtirilganidan keyin insonning ko‘pgina ishlarni bajarishda doimiy yordamchisiga aylandi, armiyada alohida otliq qo‘shinlar tuzildi. Ayrim xalqlarda Y. oziq-ovqat mahsulotlari go‘sht va sut olinadigan xo‘jalik tarmog‘i bo‘lib qoldi. Qad. davrlardan boshlab inson o‘z ehtiyojlariga javob beradigan ot si-fatlarini takomillashtirib keldi. Y. taraqqiyotida salt miniladigan, aravaga qo‘shiladigan va yuk ortiladigan asosiy otlar yaratildi. O‘zbekiston diyorida Y. an’analari va madaniyati minglab yillar b-n o‘lchanadi. O‘zbeklar avlodi qadimdan otdan tushmagan. Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Mirzo Boburlar umri «ot usti»da o‘tgan. 20-a. boshida butun dunyoda 125 mln., shu jumladan, O‘zbekistonda 590 ming bosh yilqi mavjud bo‘lgan. So‘nggi yillarda q.x. mahsulotlarini i.ch.da zamonaviy mashina va mexanizmlardan keng ko‘lamda foydalanish va avtomobil-yo‘l transportining keng rivoji natijasi o‘laroq ot kuchiga bo‘lgan talab tobora so‘nib bordi va oqibatda 20-a., xususan, 20-a. ning 30-y. laridan so‘ng Y. rivojidasalbiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Y. qoloqlikka yuz tutdi, e’tibordan chetda qoldi. 1990 y. ga kelib O‘zbekistonda yilqi soni atigi 89 ming boshni tashkil etdi, xolos. 1991-2001 y. larda respublikada Y. rivojlandi va 152000 boshga yetdi. Hoz. zamon dunyo Y. 4 ta asosiy yo‘nalishda rivojlanmoqda: naslchilik yilqichiligi; ishchi otlarni yetishtirish va ishchi otlar yilqichiligi; mahsuldor yilqichilik; milliy ot o‘yinlari, ot sporti va ot sayohati yilqichiligi...
Коневодство (Под ред. проф. В.А. Щекина), Т., 1952; Калинин В.И., Яковлев А.А., Коневодство, М., 1966; Бобылев И., Конные игры, Т., 1989.
Abdusattor AMIROV. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, 12 tomlik. –T.: «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat milliy nashriyoti, T, 2000-2006, t.4, 2002, 704b.–B.350-352. (O‘zbekcha); Животноводство.
Fikr qoldirish#