Sinov yoʻsinida ishlamoqda

“Abdullanoma”, “Sharafnomai shohiy”

«Abdullanoma», «Sharafnomai shohiy» – Movarounnahrning 16-a.dagi tarixiga bag‘ishlangan tarixiy asar. Hofiz Tanish Buxoriy tomonidan 1584-90 y.lar oralig‘ida fors tilida yozilgan. Asar Buxoro hukmdori Abdullaxon II ga bag‘ishlanib, «Sharafnomai shohiy» va qisqartirilgan ayrim nusxalari «Zafarnomai Abdullaxon» nomlari b-n ham ataladi. «A.» nazm aralash qofiyalangan nasr b-n yozilgan.


«A.» muqaddima, ikki maqola (qism) va xotimalardan iborat. Ammo asarning oxirgi qismi yozib tugatilgani ma’lum emas. Asar muqaddimasida Abdullaxonning hokimiyatga kelguniga qadar Movarounnahrda yuz bergan siyosiy voqealar – Chingizxonning istilosi va mo‘g‘ullar hukmronligi, Dashti Qipchoqda Abulxayrxon davlati (1428-68)ning barpo bo‘lishi, Shayboniyxon (1451-1510)ning Xurosonga yurishlari, shayboniylar b-n Zahiriddin Bobur o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuvlar hamda Abdullaxonning nasli va nasabi to‘g‘risida hikoya qilinadi.


«A.» ning asosiy qismida Shayboniyxondan so‘ng Movarounnahrdagi siyosiy vaziyat, uning bir qancha mayda hokimliklarga bo‘linib ketishi, Abdullaxonning markaziy hokimiyatni mustahkamlash va mamlakatni siyosiy jihatdan birlashtirishga qaratilgan harakatlari, uning Dashti Qipchoq va Xurosonga yurishlari, 16-a.ning 80-90-y.larida Buxoro, Xorazm va Badaxshondagi siyosiy vaziyat hamda Xorazm b-n Badaxshonning Buxoro xonligiga qo‘shib olinishi kabi tarixiy voqealar bayon etiladi. Asarda 16-a.da Movarounnahr b-n Turkiya, Hindiston va Eron o‘rtasidagi munosabatlarga hamda Rossiya b-n savdo aloqalariga oid ma’lumotlar bor. Unda 16-a.da Buxoro xonligi qo‘shinlarining tuzilishi, harbiy taktikasi, qurol-yarog‘lari hamda Movarounnahrda, shu jumladan Buxoroda qurilgan me’morchilik obidalari va suv inshootlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar keltiriladi.


«A.»da Movarounnahr xalqlarining etnik tarkibi, jumladan qang‘li, qipchoqa qorliq, xalaj, og‘ajiri, uryonqit, qo‘ng‘irot, orlot, uyg‘ur, sulduz, bayovut, do‘rmon va b. qavmlarning kelib chiqishi va ularning urf-odatlari to‘g‘risida ma’lumotlar bor.


«A.»ni yozishda Hofiz Tanish Narshaxiyning «Buxoro tarixi», Rashiduddinning «Jome at-tavorix», Juvayniyning «Tarixi jahon kushoy», Mirxondning «Ravzat us-safo», Sharafuddin Ali Yazdiyning «Muqaddimai Zafarnoma», Koshifiyning «Rashahot ayn al-hayot», Mirzo Haydarning «Tarixi Rashidiy» va b. tarixiy asarlardan foydalangan bo‘lsa-da, ammo asarning asosiy qismi 16-a.da sodir bo‘lgan ko‘pgina tarixiy voqealarni o‘z ko‘zi b-n ko‘rgan shohidlardan to‘plangan materiallar asosida yozilgan. Bu asar Movarounnahr xalqlarining 16-a.dagi siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotini o‘rganishda birichi darajali manbalardan hisoblanadi.


«A.»ni 1942-51 y.larda o‘zbek sharqshunos olimi S. Mirzayev (1885-1961) o‘zbek tiliga tarjima qildi. B. Ahmedov uni to‘ldirib va tuzatib qayta nashr etdi (1999-2000).


Ад: Ҳофиз Таниш ибн Мирмуҳаммад Бухорий, Абдулланома, 1-жилд, Т., 1966; 2-жилд, Т., 1969; [акад. Б. Аҳмедов қайта тайёрлаган], 1-жилд, Т., 1999; 2-жилд, Т., 2000; Умняков И.И., «Абдулланаме» Хафиза Таныша и её исследователи, Записки коллегии востоковедов при Азиатском музее Российской Академии наук, т. 5, Л., 1930; Аҳмедов Б., Муниров Қ, Ҳофиз Таниш Бухорий, Т., 1963. 


ЎзМЭ, Т, 2000-2006, т.1. 2000, 736 б. – Б. 31-32. (Ўзбекча); «Абдулла-нама», «Шараф-нама-и шахи» – историческое произведение, посвященное истории Мавераннахра 16 в.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Muhammad Yoqub Chingiy

17-asr 2-yarmi – 18-asr boshlari, Hindiston) – lug‘atshunos olim. Boburiylar...

Muhammad Temur Sulton (?-1521, Samarqand)

Shayboniylardan. Shayboniyxonning o‘g‘li. Shayboniylar Movarounnahrni egallaganlarida Muhammad Temur Sultonga poytaxt...


Maqolani baholang
0.0