Sinov yoʻsinida ishlamoqda

“Ishratxona”ga oid tadqiqotlar va muammolar

Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda Amir Temur va temuriylar tarixiga oid ko‘plab risola va maqolalar chop etildi. Shunday nashrlardan biri P.Zohidov qalamiga mansub “Temur davrining me’moriy kahkashoni” nomli risoladir. 

Risola yozma manbalarga yondashilgan holda yozilgan bo‘lib, muallif Samarqanddagi yodgorliklardan Ishratxona yodgorligiga alohida ahamiyat bergan va xulosa qilib “Ishratxona-Dilkusho ko‘shki Temurning bog‘li-xiyobonli saroyi sifatida belgilanishi voqeasi Markaziy Osiyo me’morchiligi tarixida muhim ahamiyatga egadir” deb yozgan(42-bet).. 

Ushbu risolaga taqriz yozgan G.Derinikyan, uning keng ommaga muljallanganligini uqdirib, asosiy fikrini Samarqanddagi Ishratxona maqbarasiga qaratgan va mazkur yodgorlik maqbara emas, aksincha, go‘zal bog‘da joylashgan Dilkusho saroyi deb, kitob muallifi tomonidan aniqlangan fikrni hamda aniklangan “yangiliklarni” ma’qullagan (Pravda Vostoka, 1997 yil 11 iyul). 

Ishratxonaning tarixi 1939-40 yillarda bir guruh yetakchi mutaxassis olimlar tomonidan o‘rganilgan va yodgorlik XV asr o‘rtalarida qurilgan maqbara ekanligi olingan ma’lumotlarga tayanib asoslab berilgan ( Mavzoley Ishratxona, Gos. izd. xudojestvennoy literaturi, Tashkent. 1958) 

Ishratxona yodgorligi Samarqand tashqarisida joylashgan Bog‘i Dilkushodagi ko‘shk sifatida “Amir Temur jahon tarixida” to‘plamida ham qayd etilgan (Amir Temur jahon tarixida. Toshkent: “Sharq” nashriyoti, 2001, 153-154 betlar. ). 

Umuman olganda, bu mavzu yirik olima akademik G.A.Pugachenkova bilan P.Zohidov o‘rtasida uzoq vaqt munozaralarni keltirib chiqardi va bir nechta maqolalar chop etilishiga sabab bo‘ldi (Zahidov P. Mavzoley ili dvores? Stroitelstvo i arxitektura Uzbekistana. № 1974; G.Pugachenkova. I vse-taki mavzoley. Stroitelstvo i arxitektura Uzbekistana, №-1, 1975). Bahsga chek qo‘yishga harakat qilgan G.A.Pugachenkova yana shu mavzuga qaytib, Ishratxona haqida arxeologik, tarixiy-me’moriy ma’lumotlarga asoslanib, bu yodgorlik Amir Temur tomonidan 1397 yilda qurilgan saroy emas, balki 1465 yili barpo etilgan temuriylar xonadoniga mansub ayollar va bolalar murdalarini kuyishga muljallangan maqbara ekanligini yozgan (Pugachenkova G.A. Yeshe ob Ishratxane, Istoriya materialnoy kulturi Uzbekistana. Vip. 31. Samarkand. 2000, S.). 

Haqiqatan ham Ishratxona deb ramziy nomlangan hashamdor me’moriy yodgorlikning Amir Temur buyrug‘iga asosan qurilgan saroy emas, balki maqbara ekanligi shubhasizdir va bu borada biz ham ayrim mulohazalarimizni aytmoqchimiz. 

Samarqand xalqi orasida mavjud og‘zaki xabarlarga qaraganda, Ishratxona Amir Temur tomonidan, uning rafiqasi Bibixonim istagigaasosan maqbara sifatida qurilgan emish. Imorat qurilib bo‘lgach, uni hashamdorligini va maftunkorligini ko‘rgan Amir Temur “bu ishratxona (shodlik uyi) bo‘lsin, maqbarani esa biz boshqa yerda quramiz”, – degan ekan. Xalq orasida “Ishratxona” deb yuritilgan yodgorlik haqida yozma manbalarda ma’lumot juda oz. 

Shahar tashqarisida qurilgan bu yodgorlik, asrlar o‘tishi davomida unutila borib, xaroba holga kelib qolgan. Uning xarobalari 1939-40 yillari professor M.Ye.Masson rahbarligida bir guruh olimlar tomonidan o‘rganilib, tadqiqot ishlari birinchi navbatda yodgorlik tagidagi sakkiz qirrali tagxonaga qaratilgan edi. 

Tagxonaga janubi-g‘arb tomondan zinalar orqali tushilgan va uning qolgan uch tomonida, imoratni shamollatish uchun ishlangan tor yo‘laksimon ko‘rinishdagi tuynuklari bo‘lgan. Uning devorlari rangli va zarhalli koshin va parchindan tashkil topgan nafis qoplamalar bilan bezatilgan va bezaklar ichida kundal ko‘rinishidagi devoriy naqshlarning bu yodgorlikda birinchi bor uchraganligi mutaxassislar tomonidan ta’kidlangan (G.A.Pugachenkova, L.I.Rampel. Vidayushiyesya pamyatniki arxitekturi Uzbekistana. Tashkent. 1958. C. I25). Bunga o‘xshash naqshlar Amir Temur yaratgan boshqa bog‘lardagi saroy xarobalarida ham topilgan. 

Ishratxona tagxonasining ichida olib borilgan qazishmalar davomida turli davrlarda talonchilar tomonidan buzilgan 30 ga yaqina yol va bolalar qabri aniqlandi. Murdalar ko‘milgan chuqurchalarning buyi 0,5 metrdan 2 metrgacha, eni esa 0,25 metrdan 0,9 metrgacha. Murdalarni boshi shimol tomonga qarab yotqizilgan bo‘lib, yuzlari g‘arbga (qibla tomonga) o‘girilgan edi. Murdalar ustida saqlanib qolgan (bolalarda ham) nafis matolarning qoldig‘iga qaraganda, ular kafanlangan bo‘lgan. 

Qazishmalar davomida Buxoroda 1428-29 yillari zarb etilib, XV asr o‘rtalarida ulardan qayta foydalanish maqsadida maxsus tamg‘a urilgan ikkita tanga topilgan. 

Bahsga sabab bo‘lib kelaayotgan “Ishratxona” nomi bilan ataluvchi me’moriy yodgorlik temuriylar davridagi Samarqand shahrining janubi-sharq qismidagi Firuza darvozasidan 600 metr chamasi janubroqda joylashgan edi. Ilmiy adabiyotlarda ta’kidlanishicha, “Ishratxona” temuriylardan Mironshohning nabirasi Sulton Xovand beka uchun qurilgan bo‘lib (123 bet), uni Sulton Abusaidning xotini Habiba begim bevaqt vafot etgan qizi uchun qurdirgandi. 

Amir Temur davridagi shahar qiyofasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, uning oltita darvozasi bo‘lib, har bir darvoza yaqinida devor tashqarisida mozorlar bo‘lgan. O‘rta asrlardagi shaharsozlik tarixida mozorlarning bunday tartibda joylashishini boshqa shaharlarda ham ko‘rish mumkin. Buning o‘ziga xos sabablari bo‘lgan, ya’ni mozorlarning shahar ichida bo‘lishligi shahar ko‘rkini buzib turgan. 

Amir Temur ham ushbu holatga, ulug‘ siymolar yotgan qabrlarni e’zozlash, ta’mirlash kabi ishlarga jiddiy qaragan. Tarixiy manbalarning shohidligicha Amir Temur avliyolar, din peshvolariga alohida e’tibor qaratib, ularning maqbaralariga vaqfdan mablag‘ ajratgan. Shu yerda savol tug‘ilishi mumkin, ya’ni ajdodlar xotirasini doimo yodda tutgan Amir Temurdek shaxs, shundoq shahardan chiqaverishda joylashgan go‘riston yonida, tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiyning ta’rificha Movarounnahrning eng yaxshi bog‘laridan hisoblangan va markazida hashamdor ko‘shk qad ko‘targan Dilkushodek bog‘ni barpo etganiga ishonish mumkinmi? Amir Temur saltanatida Samarqand atrofida barpo etilgan bog‘lar va ularda qurilgan ko‘shklardan, asosan, shahar ko‘rkini oshirish, ulardan turli ko‘ngil ochar maqsadlar – chet ellik mehmonlarni qabul qilish, xalq sayillarini tashkil etish kabilarda foydalanilgan. Shunday ekan, ularni ziyoratgohlar yaqinida bo‘lishligi hech bir qonun-qoidaga to‘g‘ri kelmaydi. Masalaning yechimini topishda XIV-XVasrlarga oid adabiyotlardagi ma’lumotlarni tahlil etishning o‘zi kifoya deb o‘ylaymiz. 

Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”sidagi ma’lumotda 1397 yil kuz oyida Sohibkiron: “Konigilning bir yonida bog‘e tarh solsunlar!” – deb buyruq berganligi va uning har tomoni 1500 kari (1000 m.) dan bo‘lib, to‘rt tomonidan darvoza, uning o‘rtasida uch tok (gumbaz)li imorati bo‘lganligini yozadi. Ushbu asarda yana bir e’tiborli ma’lumot uchraydi, ya’ni Amir Temur safardan qaytishda 1399 yil 25 aprel kuni bog‘i Jahonnamodagi ko‘shkka borgani, 26 aprelda Davlatobod bog‘iga, 27 aprelda esa choshgohda Dilkusho bog‘iga kelgani haqida o‘qish mumkin (Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma. Toshkent: “Shark” nashriyoti. 1997, 190-bet). Shu asosda bog‘lar orasidagi masofalarni tasavvur qilsa bo‘ladi. Olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida Jahonnamodan Davlatobodgacha bo‘lgan oraliq taxm. 40 km., Davlatoboddan Ishratxonagacha bo‘lgan oraliq 15 km., Dilkushogacha oraliq esa 20 km. bo‘lgan. Bu ma’lumotlardan Dilkusho bog‘ining joylashgan o‘rni XIV-XV asrlardagi Samarqandning Feruza darvozasiga juda yaqin emas, balki uzoqroqda bo‘lganligini ko‘rsatadi. 

Masalaga oydinlik kiritish uchun, bu ikki xil vazifani o‘tagan (Dilkusho saroyi va Ishratxona maqbarasi)yodgorliklarning joylashgan yerini aniqlashda, yana adabiyotlarga e’tiborni qaratadigan bo‘lsak, Sharafiddin Ali Yazdiy yuqorida keltirganimizdek, Amir Temur Dilkusho bog‘ini Konigilning bir yonida (sharqida demoqchi – O‘.A.) solsunlar degan. P.Zohidov ham o‘z risolasida Dilkusho yodgorligini shu Konigil sarhadida ekanligini aytgan. 

Bog‘ tarixini yoritishda Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asari muhim o‘rin tutadi. 

Boburning yozishicha: “Samarqandning sharqida (Amir Temur) ikki bog‘ solibdur, birikim yiroqtur, Bog‘i Bo‘ldudur, yovuqrog‘i Bog‘i Dilkushodur...” (221-bet). Bu yerda Bobur Bog‘i Bo‘lduni Samarqand shahridan uzoq deb yozgan. Tekshirishlar natijasida Dilkusho bilan Bog‘i Bo‘ldu oraligi 1,5 km ekanligi aniqlangan. Bu ma’lumotlardan yana bir xulosa chiqarish mumkin, ya’ni Dilkusho deb adabiyotlarda qayd etilgan Ishratxona Samarqandning shundoqqina yonida bo‘lgan. Bobur esa Konigil ko‘rig‘ini Samarqanddagi Kuhak (Cho‘pon ota) tepaligining etagida ekanligi, uni Samarqandning sharqida shimol tomonga bir oz og‘ib, oraligi bir shar’iy (farsang masofaga)( Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. Toshkent. 1948, 64-bet) cho‘zilganligini va Obirahmat kanali Konigilning o‘rtasidan o‘tganligini aytadi.(Bir shar’iy farsang – 6-7 km) 

Yuqorida keltirilgan ma’lumotlarni tahlil etish va ushbu maqola muallifi tomonidan 1968-1969 yillar davomida(U.Alimov. O‘rta asrlarda Movarounnahrda bog‘chilik xo‘jaligi tarixi. Toshkent. 1984. (Ushbu maqola muallifining izohi) Dilkusho bog‘idagi imorat xarobalarida o‘tkazilgan arxeologik tadqiqotlarning natijalaridan kelib chiqib, Feruza darvozasi yaqinidagi binoni Ishratxona-Dilkusho ko‘shki emas, balki maqbara deyish joizdir.(Keyingi yillarda chop etilgan salmoqli adabiyotlarda bu tadqiqotlarni tilga olinmaganligi va Ishratxonani (shuningdek, Amir Temur makbarasi yaqinidagi Oqsaroy maqbarasini ham) ko‘shk deb talqin etilishiga sabab bo‘lganligi shubhasizdir. Qarang: Amir Temur jahon tarixida, 153-154 betlar.; Po‘lat Zohidov. Temur davrining me’moriy kahkasho- ni. 39-42 betlar, O‘zbek milliy ensiklopediyasi, T. IV, Toshkent. 2002, 322-bet.) 

Birinchidan, Ishratxona shaharning yonginasidajoylashgan. Ikkinchidan Dilkusho bog‘idagisaroy Ishratxonadagi kabi bitta gumbaz, bir peshtoqli (P. Zohidov asariga qarang. 73 bet. (Ushbu maqola muallifining izohi) emas, balki uch gumbaz va uch peshtoqlidir( Arxeologik qazishmalar natijasi buni isbotlaydi). Uchinchidan Ishratxonadagi tagxona (daxma) aynan uning maqbara ekanligini ko‘rsatadi. Devorlari nafis qoplamalar bilan bezatilgan daxmalar Amir Temur va temuriylar davridagi Samarqandda qurilgan Amir Temur maqbarasi, Oqsaroy maqbarasi kabi yodgorliklarda mavjud. To‘rtinchidan bunday tagxonali binolar ichida favvoralarning bo‘lishi me’morchilik konun-koidalarida kuzatilmagan. Chunki ulardagi suv binoga jiddiy zarar keltirishi mumkin. 

Ushbu bog‘dagi saroyni ko‘rgan Ispaniya elchisi Klavixoning yozishicha Amir Temur saroy ichida ustida qizil olmalar qalqib turgan favvora oldida o‘tirganini yozgan ( Rui Gonsales de Klavixo. Buyuk Amir Temur tarixi. Toshkent: “Zar qalam” nashriyoti. 2006. 110-bet. Haqiqatda ham muallif tomonidan Bog‘i Dilkushodagi imorat (saroy) xarobalarida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida uchta to‘rtburchakli suv havzasi (favvora o‘rni) va ularni birlashtirib turgan ariqlar o‘rni aniqlangan. 

Beshinchidan, Ishratxona tarhi kabi o‘rtada markaziy zal va yonlarida turli maqsadlar uchun qurilgan xonalari bo‘lgan maqbara tipidagi yodgorliklar Markaziy Osiyo hududida oz emas (Masalan, Turkistondagi Ahmad Yassaviy maqbarasi bilan Ishratxonani solipggarish maqsadga muvo- fiqdir. (Qarang: Vseobshaya istoriya arxitekturi, T. I, M., 1958. Str. 512, ris. 443. Str. 518, ris. 448). 

Oltinchidan, Amir Temur davrida qurilgan saroylardan birortasi ham bizning davrgacha yetib kelmagan. Bir qator saroy xarobalarida (muallif tomonidan 1968-1969 yillarda) o‘tkazilgan qazishmalar natijasida ulardagi barcha g‘ishtlar, ularning asosiga ishlatilgan yirik toshlargacha qazib olinib keyingi davrlardagi qurilishlar uchun foydalanilganligi aniqlandi. Maqbaralarga esa xalq hech qachon tegmagan, ular faqat tabiat ta’siri va urushlar natijasidagina buzilgan, lekin batamom yo‘qotilmagan. 

Yettinchidan, ota-bobolar, ajdodlar ruhini bezovta qilish, ularning qabrlariga yaqin joylarda ko‘ngil ochar oromgohlarni yaratish Amir Temur uchun butkul yotdir. 

Sakkizinchidan, qolaversa P.Zohidov o‘z asarlarida Sharafuddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”sidan dalil keltirib “bog‘ning o‘rtasida uch peshtoqli yuksak qasr tikladilar”, deb yozganlar. Vaholanki Ishratxona bir peshtoqli. Dilkusho saroyida muallif tomonidan o‘tkazilgan qazishmalar uni uch peshtokli bo‘lganligini ko‘rsatdi.


This article is about an architectural monument “Ishratkhona” that caused serious discussions among scientists for a long time. 

The author intended to note according tomanuscripts and archeological researches that the monument “Ishratkhona” was not a palace; vice versa it was a mausoleum.


O‘. ALIMOV

Temuriylar tarixiga oid manbalar. “Temuriylar tarixiga oid manbalar” mavzuida o‘tkazilgan Respublika ilmiy anjuman materiallari. 

Mas’ul muharrir: t.f.n. Nozim Habibullayev; ilmiy muharrir: t.f.n. Omonullo Bo‘riyev 

O‘zR FA Temuriylar tarixi Davlat muzeyi 23 mart 2006 yil. 3-KITOB. – Toshkent, 2008. – B.53-58. (O‘zbekcha); Issledovaniya i problemi ob “Ishratxana”.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
5.0