Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Bebaho meros

Mumtoz she’riyatimiz muxlislariga «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» haftaligi sahifalari (1984 yil, 7 sentyabr soni) orqali ma’lumki, afg‘onistonlik taniqli olima Shafiqa Yorqin xonim 1983 yili Zahiriddin Muhammad Boburning devonini Kobul shahrida nashrdan chiqardi. Aytish kerakki, to shu nashrga qadar Bobur qoldirgan she’riy meros turli yillar va turli mamlakatlarda bir necha bor chop etilgan bo‘lsa-da (ingliz sharqshunosi Denison Ross tomonidan 1910 yili amalga oshirilgan Bangola nashri, turk olimi Fuod Ko‘pruluzodaning 1912-13 yillardagi Istanbul, A. Samoylovichning 1917 yildagi Peterburg nashrlari, S. Azimjonova va A. Qayumov tayyorlagan matn asosidagi 1958 va 1965 yillardagi Toshkent nashrlari, I. Steblevaning 1980 yildagi Leningrad va, nihoyat, S. Hasanovning 1982 yildagi Toshkent nashrlari), ularning birortasini ham mukammal va an’anaviy tushunchadagi rasmona devon deyish qiyin edi.


Afg‘onistonlik olima jahon kitob xazinalarida saqlanayotgan besh mo‘tabar qo‘lyozma nusxalar hamda zikr etilgan nashrlarni o‘zaro ilmiy-qiyosiy o‘rganib, Boburning mukammal va tartibli devonini tuzishga intilgan.


Devon g‘azallar, masnu’ (yuksak badiiy san’at bilan bitilgan) she’r, ruboiylar, tuyuqlar, qit’alar, masnaviylar va fardlardan tashkil topgan. Nashrdan Boburning dariy tilidagi ijodidan namunalar, risolai «Volidiya» tarjimasi hamda «Mubayyin» (parcha) masnaviylari ham o‘rin olgan. Aytish kerakki, Boburning she’riy merosi haqida kitobxonlarga imkoni boricha to‘laroq ma’lumot berish niyatida noshir «Boburnoma» hamda «Risolai aruz» asarlaridan ham ayrim parchalarni kiritgan.


Shafiqa Yorqin xonim tayyorlagan Kobul nashrining ijobiy fazilatlaridan biri shundaki, unda avvalgi to‘plamlarga kirmay qolgan ayrim g‘azal va ruboiylar, ko‘pgina fardlar o‘rin olgan, turli sabablarga ko‘ra yo‘l ko‘yilgan nuqson-kamchiliklar tuzatilgan, tushib qolgan bayt-misralar ishonchli manbalar asosida tiklangan, har bir g‘azal, ruboiy va boshka janrdagi she’rlar devon tuzish tartib-qoidalariga muvofiq tartibga keltirilgan.


Muhtaram gazetxonlar diqqatiga havola etilayotgan quyidagi namunalar Zahiriddin Bobur devonining ana shu Kobul nashridan olindi. Ularning ayrimlari bizning matbuotimizda birinchi marta, ayrimlari esa to‘ldirilgan, tuzatilgan tarzda e’lon qilinmoqda.


Abdurashid ABDUG‘AFUROV

O‘zbekiston adabiyoti va san’ati. 1993 yil, 12 fevral № 7 (3215) juma. (O‘zbekcha); Бесценное наследие.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0