Shershoh surning vafotidan keyin surlar sulolasining qudrati ancha susayib qolgan edi. Bu holdan foydalangan afg‘on sultonlaridan bo‘lmish Sulaymon Karoniy bu yerga o‘rnashib, asta-sekin Bengal, Bihar va Orissa viloyatlarini o‘z izmiga bo‘ysundirib olgan edi. U go‘yo Akbarshohning hukmdorligini tan olganday bo‘lib, goh-goh uning huzuriga sovg‘a- salomlar yuborib, ehtiyot choralarini ko‘rib ham qo‘yardi. Sulaymon taxtini keyinroq uning o‘g‘li egalladi. Biroq oradan ko‘p vaqt o‘tmay uni o‘ldirib yubordilar. Hademay Sulaymonning kichik o‘g‘li Dovud haddidan oshib o‘zini “shoh” deb e’lon qildi. O‘sha paytda Gujaratni bo‘ysundirish bilan band bo‘lgan Akbarshoh Dovudning popugini pasaytirib qo‘yish uchun Munimxon boshchiligida qo‘shin yubordi.
Munimxon ancha keksayib qolganligi tufayli harbiy harakatlar olib borishga va makkor afg‘on jangarilarining nayranglarini to‘la tushunib yetishga ojizlik qilardi. Uning ixtiyoriga saltanat qarorgohiga qarashli kuchlar berilgan bo‘lishiga qaramay, Munimxon bu ishni yaxshi uddalay olmadi. 1574 yilning yomg‘ir mavsumi boshlarida olingan xabarnomalarda Dovud yashirinib olgan Patna qal’asi qamali samarasiz ravishda cho‘zilib ketayotganini va agar bu yerga Akbarshoh o‘zi yetib kelsa, maqsadga muvofiq ish bo‘lishi ta’kidlanardi. Shu bois Akbarshoh Fotihpurdan Agraga jangovar tayyorgarlikni nazorat qilish uchun keldi. Kelishuvga ko‘ra shoh, shahzoda Salim, saroy a’yonlari va haramdagilar daryo orqali kemada, qo‘shin esa quruqlikdan piyoda va otliq bo‘lib boradigan bo‘ldilar.
Mingga yaqin kemadan daryo floti tashkil qilindi. Akbarshohning nazorati ostida tayyorlangan bir necha kemani tasvirlashga til ojizlik qilardi. Kema bortida shinam qilib bezatilgan xonalar va palubalar, hattoki quruqlikda ham ancha-muncha bog‘bonlar yarata olmaydigan bog‘lar tashkil qilingandi. Kemaning tumshug‘i hayvonlar shaklida chiroyli qilib yasatilgan edi. Ularning ayrimlariga sher, ayrimlariga esa timsoh shakli tushirilgan bo‘lib, Akbarshoh timsoh boshli kemaga chiqdi. Faqat dengizda qatnovchi savdo kemalarigina shunchalik serviqor bo‘lishi mumkin edi.
1574 yilning 15 iyunida suv va quruqlik orqali qilingan yurish ishtirokchilari ko‘zlangan manzilga yetib keldilar. Biroq yomg‘ir mavsumi o‘z ishini qildi. Kema floti Allohoboddan chiqayotgan paytda boshlangan to‘fondan o‘n bitta kema suvga cho‘kib ketdi. Atova shahriga yetib kelganlarida Jamna daryosi bo‘ylab kelayotgan qayiqlarning bir nechasi yo‘qolib qoldi.
Saltanatga qarashli barjalar Gang daryosiga yetib kelganda Akbarshoh o‘zining odatdagi jur’ati bilan filini minib, quturib oqayotgan daryoga tushdi va yana besh yuzta fil unga ergashdi. Biroq ulardan biri daryoga cho‘kib ketdi. Atrofdagilar bo‘layotgan hodisalarga lol qolib turardilar. Keyinroq chitalar yuklangan qayiq va harbiy masalalar bo‘yicha bosh qozi chiqqan qayiq ham cho‘kib ketdi.
Haramdagi ayollar shahzoda Salim nazorati ostida Jonlurga jo‘natilgach, Akbarshoh Patna sari yo‘lida davom etdi. 3 avgust kuni Munimxon o‘z xo‘jayinining istiqboliga chiqish uchun ikki qo‘sh yo‘l yurib Patnadan keldi. Ertasi kuni Akbarshoh vaziyatni o‘rganib chiqqach, shunday xulosaga keldiki, Patna qal’asini bo‘ysundirish uchun uning yonidan ikki qo‘sh kenglikda oqib o‘tayotgan Gang daryosining narigi qirg‘og‘ida turgan Hojipurdagi qal’alar qo‘lga kiritilishi lozim ekan. Chunki ular bosh qal’a bo‘lmish Patna qal’asini moddiy jihatdan zarur bo‘lgan narsalar bilan ta’minlab turarkan.
Shundan so‘ng, Akbarshoh to‘la qurollangan navkarlardan uch mingtasini daryo orqali Hojipurni olishga yubordi. Ularni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘l ostidagi odamlari bilan mahalliy beklarni quruqlik orqali yubordi. Birgalikda ham quruqliqdan, ham daryo orqali borib Hojipur qal’asini qamal qildilar. Olib borilgan qattiq jang natijasida qal’a taslim bo‘ldi.
Hojipurga hujum boshlanishidan avval, bir elchi Dovuddan xabar olib kelgan edi. Xabarda aytilishicha, agar unga tegishli bo‘lgan hududlarning bir qismi o‘zining tasarrufida qoldiriladigan bo‘lsa, Dovud taslim bo‘lishi va Akbarshohning ostonasini o‘pib, unga ta’zim qilishini bayon qilgandi. Akbarshoh esa, o‘z navbatida, bu bilan Dovudning qilmishlari butunlay yuvilib ketmasligini bildirgan edi. Javob xatida agar Dovud o‘z boshining omon qolishini istasa yoki shaxsan o‘zi kelib, Akbarshohning oyog‘iga yiqilishni istamasa, Bengaliya davlatining mustaqilligi masalasi Dovudning quyidagi shartlardan birining uddasidan chiqishi bilan hal qilinishi mumkin ekanini bayon etdi. Bu shartlarga binoan, a) Dovud Akbarshoh bilan yakkama-yakka jangga tushishi yoki b) har ikkala tomondan tayinlangan polvonlarning yakkama-yakka jangga tushishlari va yoxud v) har ikkala tomondan tayinlangan jangovor fillarning yakkama-yakka jangga tushishi shart edi. Aks hodda minglab kishilarning yostig‘i qurishi va moli talonda qolishi ta’kidlangan edi.
Akbarshohning bu dahshatli shartlarini eshitib, o‘takasi yorilgan afg‘on Dovudning ko‘z oldi qorong‘ilashdi. U darhol kerakli narsalarini yig‘ishtirib, tunda Patnani tashlab qochdi va qayiqqa o‘tirib, Bengaliya tomonga yo‘l oldi. Uning o‘ng qo‘li bo‘lib xizmat qilayottan Gujarxon ham quruqlik bo‘ylab boshi oqqan tomonga qochdi. Bundan xabar topgan Akbar filga minib uning iziga tushib quvmoqchi bo‘ldi-yu, biroq Munimxon tun qorong‘usida bu ish ma’qul bo‘lmasligini aytib, uni shashtidan qaytardi.
Jang davomida ur-yiqit, to‘s-to‘polon shu darajada avj oldiki, dushmanning juda ko‘p jangchilari yo daryoga cho‘kib o‘ldi yoki fil oyog‘i ostida qolib majaqlandi. Ertasiga ertalab Patna qal’asi qo‘lga kiritilgach, Akbar otini minib Gujarxonni tutish uchun uning iziga tushdi. U o‘ttiz qo‘sh masofani bosib o‘tgach, qolgan ishni oxiriga yetkazishni o‘z odamlariga topshirib, orqaga qaytdi. Har holda Dovud va Gujarxon jon saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldilar. Bengaliyani taslim qilish vazifasini Munimxon va Todar Malga topshirib, Akbar shahzoda Salimni va haramdagi ayollarni olib Jonpurdan Fotihpurga jo‘nadi va 1577 yilning 18 yanvarida poytaxtga yetib keldi.
Todar Mal Ali Qulixon isyonini bostirishda, Chittor qalasini qamal qilishda va Gujaratni bo‘ysundirishda tahsinga loyiq xizmat qilib, shoh e’tiborini qozongan edi. Bu viloyatlarga qilgan yurishlari davomida Munimxon ham Bengaliya haqida shoh uchun zarur ma’lumotlar to‘plab kelgan edi. Shu bilan bir qatorda Akbarshohning moliyaviy ishlarini va daromad solig‘ini hisob-kitob qilishni tashkil etishda ham tanilib qolgan edi. Umuman olganda, kelib chiqishi unchalik tayinli bo‘lmagan bu hind Akbarshohning yaqin mulozimlaridan biriga aylanib qoldi. O‘z vaqtida ana shu qobiliyatini sezgan Shershoh sur dastlab uni ishga jalb qilgandi.
Munimxon poytaxt Tandani va yana bir necha shaharlarni bosib oldi-yu, biroq Dovudni tuta olmadi. Poytaxtdan juda uzoqda joylashgan, iqlimi nam va havosi issiq bo‘lgan bu o‘lkalarda yurishdan charchagan sarbozlarning noroziligi tufayli uning ishlari yanada mushkullashdi. Dovud va Gujarxon boshchiligidagi afg‘onlar qo‘shini bilan 1575 yil 3 mart kuni Tukaroy degan joyda qattiq jang bo‘lib o‘tdi. Raqiblar fillarning boshi, bo‘yni va tishlariga qora terilarni yopib jangga kirdilar. Bu holdan cho‘chigan Munimxon askarlarining otlari orqaga qayta boshladi. Yuzma-yuz jangda Gujarxon Munimxonni qattiq yarador qildi va uning oti maydondan chiqib ketdi. G‘alaba hidini sezgan sarbozlar shosha-pisha mag‘lublar mol-mulkini talashga tushdilar. Shu payt qayoqdandir kamon o‘qi kelib Gujarxonni halok qildi. Bu holni ko‘rgan uning askarlari sarosimaga tushib, tumtaraqay qocha boshladnlar. Munimxon jang maydoniga qaytib keldi. Todar Mal va boshqalar raqiblarini ta’qib qilishga o‘tdi. Dovudning fillari orqaga qaytib qocha boshladi. Dovud yana qochib qutulishga ulgurdi.
Dovudning qarshiligi sindirildi-yu, biroq Munimxon avvalgi mavqeini yo‘qotdi. Todar Mal Dovudni Orissa viloyatining Katak shahrigacha quvib bordi. Tukaroydagi jangda qattiq yaralangan Munimxon bir necha askari bilan uning ortidan borib yetib oldi. 1572 yil 12 aprel kuni Todar Malning e’tiroziga qaramay, Munimxon Dovudning tavba-tazarrusini qabul qildi va sulh tuzishga qaror berdi. Sulh talabiga ko‘ra, Orissaning bir qismi Dovud ixtiyorida qoldirilishi va keyinroq Akbarshoh huzuriga shaxsan kelib, o‘z hukmdori sifatida shohni tan olishi shart qilib qo‘yilgan edi. Todar Mal bu bitimni imzolashdan bosh tortdi va kayfiyati buzilgan holda o‘z qarorgohiga qaytib ketdi.
Uzoq kasalliqdan so‘ng 1575 yilning 23 oktyabrida Munimxon Panda shahrida vafot etdi. Bundan keyin Dovud yana isyon ko‘tardi. Shu bois Akbarshoh Panjob hokimi Xonijahon Husaynqulini Munimxonning o‘rnini olish uchun yubordi va Todar Malni unga hamroh etib tayinladi. Husaynquli shia mazhabidan bo‘lib, uning Munimxon o‘rniga tayinlaniish Bengaliyadagi sunniy mazhabidagi chig‘atoyi amir va beklarni g‘azabga keltirdi. Buning ustiga hind Todar Malning uning o‘ng qo‘li etib tayinlanishi, ularning oloviga moy quygandek edi. Sharqiy frontdan kelayotgan noxush xabarlar Akbarshohni g‘azab otiga mindirdi va 1576 yil 22 iyul kuni Fotihpurdan chiqib sharqqa yo‘l oldi. U yarim yo‘lga kelganda amirlardan biri Dovudning boshini olib, Akbarshohning oyog‘i ostiga keltirib tashladi.
1576 yilning 12 iyul kuni Rojmahal degan joy yaqinida bo‘lib o‘tgan jangda Dovud qo‘lga olinib, Xonijahon Husaynquli huzuriga keltirilgan edi. O‘shanda Dovud yana sulh tuzishni taklif qildi. Xonijaxon Husaynquli bu taklifni rad etib, Dovudni qatl etishga buyurdi. So‘ngra uning boshi Akbarshoh huzuriga jo‘natildi. Shunday qilib, Bengaliyada afg‘on sultonlarining ta’siriga barham berildi.
AKBARSHOHNING UZOQ MUDDATGA MO‘LJALLANGAN FOTIHLIK REJALARI
Kobuldan poytaxtga kaytab kelgach, Akbarshoh uzoqni ko‘zlab saltanatni fath etish orqali kengaytirish va mustahkamlash rejalarini tuzdi. Rejaga ko‘ra Allohobodda Gang va Jamna daryolari kesishgan joyda bir qal’a va shahar bunyod etishni niyat qilib qo‘ydi. Shundan so‘ng kemaga o‘tirib sharqiy viloyatlarga safar qildi va u yerlarda haligacha davom etib kelayotgan boshboshdoqliklarga barham berib, saltanati hududini dengiz sohillarigacha kengaytirishni ko‘ngliga tugdi. So‘ngra Dekkon o‘lkasiga yurish qilib, shu bilan butun Hindistonni ishg‘ol etishni va bu ishlar nihoyasiga yetgach, Movarounnahrni mo‘ljalga olib u yerdagi otameros mulklarni ham o‘z tasarrufiga olishni rejalashtirdi.
Albatta, uzoq masofaga yurishdan avval Kobul va Badaxshondagi mojarolarni ham bartaraf qilish lozim edi. Chunki bu yerlar Hindiston bilan Movarounnahr o‘rtasidagi chegara nuqtalari bo‘lib, urishda muhim strategik ahamiyat kasb etardi. Kobul taxtida o‘tirgan Hakim Mirzo esa haligacha o‘zini bosib olmagan, qilayoggan ishlari uning haliyam mas’uliyat hissini anglab yetmaganidan dalolat berib turardi. Shuningdek, u Badaxshonda Shohruh Mirzo va Sulaymon Mirzo o‘rtasidagi mojarolarni hal qilish lozimligini o‘ylardi. Rejalarning birinchi bosqichini amalga oshirish uchun Akbarshoh 1583 yil oktyabr oyida dabdabayu as’asa bilan yasatilgan filga minib, Fotihpurdan chiqdi. Baravli degan joyga yetib kelgach, bir necha saroy a’yonlari bilan kemaga o‘tirib daryo bo‘ylab jo‘nadi. Qarorgohda qolganlar quruqlik uzra yo‘lga tushdilar. Noyabr oyining o‘rtalarida ular Allohobodga yetib keldilar va bu yerda qurilajak shahar poydevoriga tosh qo‘ydilar hamda yana to‘rtta qala bunyod etish rejasi tuzildi. Birinchi qal’a bir necha kun ichidayoq qurib bitkazildi va uning atrofida shahar qad ko‘tara boshladi. Muzaffarshohning bartaraf etilishi va Allohobodning osongina qo‘lga olinishi Akbarshohni Gujarat masalasida xotirjam qildi va yurishni davom ettirmasdan, orqaga qaytishga qaror berdi.
1584 yilning 20 yanvarida ular Allohoboddan chiqib, 14 fevral kuni Fotihpurga yetib keldilar. Bu paytda Abdurahim Muzaffarni quvib yuborgan edi. Umumiy vaziyat Akbarning bu yerda bo‘lishini talab etmasdi. Endi esa shimoli-g‘arbiy viloyatlardagi ahvol Akbarning bu tomonlarga kelishini taqozo etib turardi.
Berk S.M. Akbarshoh – Boburiylarning eng buyugi / ingliz tilidan G‘. Sotimov tarjimasi; mas’ul muharrirlar: H. Boltaboyev, M. Mahmudov. – T.: MUMTOZ SO‘Z, 2009. – B. 91-95; 103. (O‘zbekcha); Покорение Бенгалии. Дальнейшие долгосрочные планы покорения Индии Акбар-шахом. В кн.: Берк С.М. Акбар-шах – самый Великий из Бабуридов.
Fikr qoldirish#