Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Bobir – «Bobirnoma»ning bosh qahramoni

«Bobirnoma»dagi tarixiy personajlar ayrim yillardagi voqealar, turli epizodlar bilan bog‘langan kishilardir. Asarning markaziy va yetakchi figurasi esa Bobirning o‘zidir. Bobir asarning muqaddimasidan tortib xotimasiga qadar kitobxon bilan doimiy hamroh bo‘lib yuradi. U tarixnavis sifatidagina emas, balki aksar voqealarning bevosita yoki bavosita ishtirokchisi sifatida gavdalanadi, voqealar uning faoliyati va sarguzashtlari atrofiga uyushib, asarga bir butun kompozitsiya bag‘ishlaydi. Bobir boshqa tarixiy shaxslarning shakl-shamoyili, xulq-atvori, nasl-nasabi va hokazolar bilan alohida-alohida tanishtirib boradi. Biroq “Bobirnoma”da Bobirning o‘zi haqida shu zayldagi maxsus ma’lumotlar yo‘q. Kitobxon uni butun asar davomida ko‘rib, kuzatib boradi, u butun hayot yo‘li, ish-amallari, kishilarga va voqealarga munosabati, dunyoqarashi, zavqi va didi, shodligi va qayg‘usi, g‘alabasi va mag‘lubiyati, olqishi va ranjishi, saltanati va darbadarligi, qattiqqo‘llik siyosati va mushfiqligi, g‘azabi va marhamati, rohati va qo‘l ostidagi yigitlari bilan ochiq-to‘qin, otliq va yayov, oyoq yalang va kulbasiz kechirgan kunlari, bilimi va donishmandligi, kuzatuvchanligi va mushohadasi va boshqa- boshqalar bilan mujassamlashadi, u go‘yo bir tarixiy romanning bosh qahramoni sifatida gavdalanadi. Biroq farq shundaki, tarixiy romanda yozuvchi qahramon obrazini yaratar ekan, u tarixiy shaxs bilan bog‘liq bo‘lgan hamma faktlarni ham olib, ularni aynan aks ettiravermaydi, balki o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi va vazifasiga muvofiq ravishda faktlarni tanlaydi, ularni ijodiy qayta ishlab oladi, badiiy fantaziyadan foydalanadi. “Bobirnoma”da esa Bobirning hayoti va faoliyatiga oid faktlar aynan beriladi. “Bobirnoma”ning janr xususiyati, uning memuarligi shuni taqozo qiladi. “Bobirnoma”ning bosh qahramoni juda murakkab bir shaxs. U siyosiy arbob, lashkarboshi, olim, shoir va donishmand, uning faoliyati va dunyoqarashi turli-tuman ziddiyatlar bilan to‘la. Siyosiy jihatdan mustahkam markazlashgan davlat qurish uchun kurashgan Bobir bir necha viloyat va mavze’larni o‘g‘illariga, bek va amaldorlariga bo‘lib beradi, to‘g‘risi, shunga majbur bo‘ladi. U o‘lkalarni qo‘lga kiritish va ularni boshqarishda qattiqqo‘llik siyosatini olib boradi. Jangdan bo‘yin tovlagan yigitlarining burnini teshadi, jazolaydi, necha minglab afg‘onlarni va hindlarni qirib tashlaydi, kalladan minoralar quradi va hokazo. Biroq biz “Bobirnoma”da mana shu qattiqqo‘l va dahshatli podsho Bobirga zid bo‘lgan olijanob, marhamatli va mushfiq Bobirni ham ko‘ramiz. Bobir ko‘plab afg‘on asirlarini, hindi tutqunlarni ozod qiladi, hatto ashaddiy dushmani Ahmad Tanbalning asir tushgan inisi va uning askarini kechirib yuboradi, bosqinchilardan, mushtumzo‘rlardan g‘azablanadi, ularni jazoga tortadi. “... Sayidim Ali Darbonning bir o‘bdon navkari birovning bir ko‘za yog‘ini tortib olg‘on uchun, - deydi Bobir, - eshikka kelturub tayoqlattim, tayoq ostida-o‘q joni chiqti”. Mustabid Xisravshohdan g‘azablangan Bobir, uning o‘zi ham, bek va navkarlari ham zolim va fosiq edilar, deydi hamda xotinini Xisravshohning navkari zo‘rlik bilan olib ketgan kishining arziga Xisravshohning bergan javobidan nafratlanadi. U mushfiq va insonparvar kishi sifatida quyidagi misralarni keltiradi:


Hazar kun zi dardi darunhoi resh,

Ki reshi darun oqibat sar kanad

Baham bar mazan to tovoni dile,

Ki ohi jahone baham barzanad.

(Ichki yaralar dardidan hazar qil! Chunki ichki yara oxiri yuzaga chiqadi. Qo‘ldan kelgancha hech dilga ozor berma! Dildan chiqqan bir oh bir jahonni barbod qiladi).


Shu ravishda kishilarga munosabatda shoh Bobir insonparvar Bobir o‘rtasida qattiq kurash boradi, gohi birinchisi, gohi ikkinchisi ustun chiqadi, shohlik uning insonparvarligiga ko‘lanka solib turadi. Bobir feodal hukmdorlarga tanqidiy yondoshadi. Jumladan, u Husayn Boyqaroning katta va donishmand temuriy podsholardan ekanini aytish bilan birga, uning va saroy ahllarining aysh- ishratga berilib ketganini, Boyqaro bilan o‘g‘illari o‘rtasidagi noahillikni qoralaydi, temuriylarning Shayboniyxonga qarshi birlashib kurash olib borolmaganidan ranjiydi. U toj-taxt talashlari tufayli feodal hukmronlarning ittifoq emasligini e’tirof qilib, Shayx Sa’diyning quyidagi misralarini keltiradi:


Dah darvesh dar gilame bixusband,

Du podshoh dar iqlime nagunjand.

(O‘n darvesh bir gilamga sig‘ib uxlaydi, ammo ikki podsho bir iqlimga sig‘maydi).


Bobir mohir lashkarboshi, dov yurak bahodir edi. U ko‘p urush va yurishlarda katta harbiy tajriba to‘plagan, vaziyatni tez payqab oluvchi, strategik planlarni ustalik bilan amalga oshiruvchi, qo‘shin va quroldan yaxshi foydalanuvchi, raqiblarining zaif tomonlarini sezgirlik bilan aniqlab oluvchi, g‘alabadan esankiramaganidek, mushkul hollarda o‘zini yo‘qotmaydigan sarkarda edi. U ko‘p vaqt qo‘shinning oldingi safida boradi, xavf-xatarni pisand qilmaydi, navkarlariga o‘zi namuna ko‘rsatadi, ularga dalda beradi, birga mashaqqat chekadi. XIX asr rus sharqshunoslaridan N.I. Veselovskiy: “Aytish mumkinki, Bobir botirligining cheki bo‘lmagan: uning butun hayoti, jasorati misollar bilan to‘lib- toshib yotibdi. Axir u Shayboniyning 15 minglik askari turgan Samarqandga o‘zining bor-yo‘g‘i ikki yuz kishilik otryadi bilan hujum qilishga jur’at etgan edi; faqat jur’at etibgina qolmadi, balki ularni qal’adan haydab ham chiqardi. Bobir imperiyasining asoslanishini aytmaysizmi! Bobir Ibrohim Lo‘diy qo‘lidan qudratli Hindistonni hech bir arzimas qurol yordamida tortib olgan”, - deydi. Bobir botir va pahlavon sarkarda bo‘lishi bilan birga, nozik hisli, yumshoq tabiatli, ko‘ngli bo‘sh kishi edi. Odamlardan birortasi o‘lsa, qattiq qayg‘urar, o‘pkasi to‘lib yig‘lar, uzoq muddat ko‘z yoshini to‘xtatolmas, agar biror kishi kasal bo‘lib qolsa, uning atrofida parvona bo‘lar, dori-darmon axtarar edi. Bobir – mehribon va g‘amxo‘r padar: farzandlarining har birini jonidan ham aziz ko‘radi. Qizi Gulbadanbegimning “Humoyunnoma”da aytishicha, Humoyun betob bo‘lib qolganda, Bobir “... Xudoyo, agar jon o‘rniga jon berish mumkin bo‘lsa, menki Bobirman, umri-jonimni Humoyunga bag‘ishlayman”, - deb nola qilar, o‘zi o‘lim to‘shagida yotganida, lahza o‘tmay o‘g‘li Hindolni so‘rar, uning kelishiga intizor bo‘lar ekan. U o‘g‘illarini hamjihat bo‘lishga, bir-biriga mehribon va sadoqatli bo‘lishga undar, ularga nasihatlar qilar edi. Bobir aysh-ishratni yaxshi ko‘radi, mayxo‘rlik qiladi, ma’jun yeydi, ovga chiqadi. Biroq u aysh-ishratni o‘ziga maqsad qilib olmaydi, orzu-intilishlarni maishatbozlikka qurbon qilmaydi, bazmlarida odob va tartib-qoidaga qattiq rioya qiladi, badmastlikka yo‘l qo‘ymaydi, o‘zini tutolmagan kishilarni ikkinchi marta suhbatlarga yaqin yo‘latmaydi. Hayotining so‘nggi yo‘llarida mayxo‘rlikdan batamom voz kechadi. Bu haqda u bunday deydi:


Xush qilib o‘zni bu kechmaklikdin,

Tavba qildim chog‘ir ichmaklikdin,

Oltinu nuqra surohiyu ayog‘,

Majlis oloti tamomin ul chog‘,

Hozir aylab borini sindurdum,

Tark etib mayni ko‘ngul tindurdum.


Bobir xo‘jalik, obodonchilik, ilm-fan, san’at va adabiyotga juda katta e’tibor beradi. U ariqlar ochtiradi, hovuzlar qazdiradi, ekin maydolarini xiyla kengaytiradi, turli bog‘lar va binolar barpo qildiradi, doimo ilm-fan, san’at va adabiyot ahllari bilan yaqin aloqada bo‘ladi, bilimini takomillashtiradi. U shodiyona chog‘larida ham, alamli kezlarida ham xilma- xil she’rlar bitadi. Hozirjavobligi va hazil-mutoibalari, xalq yumori va maqollarini mukammal bilishi bilan suhbatdoshlarini mamnun qiladi, ilmiy va adabiy asarlarni mutolaa qiladi, tahlil etadi va xolislik bilan ularga baho beradi. Fransuz olimi Len-Pul Bobir haqida shunday degan edi: “Bobirning biografik asar va adabiyot borasida tutgan o‘rni uning dadil sarguzashtlari va faoliyati bilan, bularni hikoya qilgan ajoyib memuarlari bilan belgilanadi. Bobir jangchi bo‘lishiga qaramasdan, nozik adabiy zavqqa ega bo‘lgan va turmushni tanqidiy idrok etgan kishi edi. U madaniy til hisoblangan fors tilida va o‘z ona tilisi turk (o‘zbek) tilida asarlar yozgan o‘qimishli shoir edi. Turkcha yozganda xoh prozada bo‘lsin, xoh poeziyada bo‘lsin, sof va sodda uslubning ustasi edi... uning memuarlari bir askarning harbiy yurish va chekinishlari haqidagi oddiy kundalik daftar emas; ularda sharq adabiyotini juda yaxshi bilgan, nozik va bilimdon kuzatuvchi, odamlarni tez o‘rganuvchi, ular haqida dadil hukm yurituvchi bo‘lgan bir kishining va tabiat muhibining dunyo haqidagi shaxsiy taassurotlari va nozik fikrlari berilgan. Uning o‘z portretini chizishdagi samimiyligi, fazilat va nuqsonlarini ham tasvirlashi, ochiq ko‘ngilligi, haqqoniyligi va ajoyib hazilkash tuyg‘usi uning go‘zal memuarlarining e’tiborini yanada oshiradi”.


Mallayev N. O‘zbek adabiyoti tarixi, 1, 1960. – B.602-605; Ayni: Mallayev N. O‘zbek adabiyoti tarixi, 2, 1965. – B. 602-605; Ayni: Mallayev N. O‘zbekadabiyoti tarixi, 2-a, 1965. – B. 670-674; Ayni: Mallayev N. O‘zbek adabiyoti tarixi, 3, 1976. – B. 602-605.(O‘zbekcha); [“Бабур-нама”]. Бабур – главный герой произведении «Бабур-нама».

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0