Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Bobir izidan. Andijondan – Hindistonga

Zahiriddin Muhammad (bo‘lg‘usi Bobir) 1483 yil 14 fevralda Andijon shahrida tug‘ilgan. Uning otasi Umarshayx Mirzo – Amir Temurning pannevarasi, Farg‘ona viloyatining hokimi edi. Zahiriddinning onasi Qutlug‘ Nigor xonim esa Toshkent xonlarining avlodidandir. Toshkentlik Yunusxon – Bobirning ona tarafidan buvasi, “Ulug‘ otasi” bo‘ladi.


Bobir degan nom Zahiriddin Muhammadning laqabidir. Zahiriddinning jasurligi, dovyurakligi va dadilligi tufayli uni yoshligidanoq Mirzo Bobir (Sher) deb atash rasm bo‘lgan. Zahiriddin 25 yoshga kirganda (1508 yilda; xuddi o‘sha yili to‘ng‘ich o‘g‘li Humoyun tug‘ilgan edi) Kobul shahrida “Endi meni Bobir podshoh deb atanglar” deb buyurgan. Lekin biz, boshqa mualliflar singari Zahiriddin Muhammadni yoshligidanoq Bobir deb yozishni ma’qul ko‘rdik (Ilgari ham Bobir ismli shaxslar bo‘lganligi tarixdan ma’lum. Hatto Bobirning yoshlik chog‘idagi tanishlaridan birining oti Boburiy edi. Bu ismlarning bizning Bobirga qanchalik ta’sir etganligini ayta olmaymiz. / “Bobir” so‘zi boshqa tillarda Babur, Baber, Babar shakllarida yoziladi. Hozirgi zamon turk sharqshunoslari “Bobur” yozish ma’qulligini aytmoqdalar. Atoqli o‘zbek adibi Oybek o‘zining yangi dostonini “Bobur” deb atadi). 1494 yili Umarshayx Mirzo vafot etdi. 12 yashar Zahiriddin shu kundan boshlab Farg‘ona viloyatining hokimi bo‘lib qoldi va uning hayotida sarguzasht, jang, ur-yiqit, qochish, taxt talashish, shahar olish, - xullas, notinchlik boshlandi. “O‘n bir yoshimdan beri ikki ramazon iydini payopay bir yerda qilg‘on emas edim” (bir joyning o‘zida ramazon hayitini ikki mahal bayram qilolmadim) deb koyigan edi Bobirning o‘zi. Chunki Bobir juda og‘ir bir davrda taxtga o‘ltirgan edi: mamlakat iqtisodiy qiyin holatda, yagona va baquvvat hokim yo‘q, shimoldan ko‘chmanchi o‘zbeklar bostirib kelmoqda edi. Bobirning o‘zi esa o‘sha vaqtlarda keng xalq ommasiga tayana bilmadi.


Bobirning qizi Gulbadan, otasining notinch hayotini bunday tasvirlaydi: “To‘liq 11 yil davomida Movarounnahr o‘lkasida chig‘atoy, temuriy va o‘zbek sultonlari bilan shundoq janglar va mudofaalar qildilarki, ularning sanog‘ini batafsil bayon qilishga qalam tili ojiz va nuqsonlidir. (Axir hamrohlari va qarindoshlari bo‘lib jami) 250 ga yaqin kishi piyoda, yelkalarida chopon, oyoqlarida choriq, qo‘llarida tayoq bo‘lgani holda, beyaroq, xudoga tavakkal qilib, Badaxshon va Kobulga qarab yo‘l oldilar” (Gulbadanbegim. “Humoyunnoma”, Toshkent, 1959, 24-25 betlar). Bobir Afg‘onistonda o‘rnashib, askar to‘plab, 1519 yilda Hindistonga tomon yo‘llandi va bir necha yil tinmay jang qildi. Nihoyat, 1526 yil aprelda, Dehlining shimolidagi Panipat yonida tarixiy jang bo‘ldi. Bobir 12 ming askar bilan (ulardan faqat 6-7 mingi jangga yaroqli kishi edi) Shimoliy Hindiston sultoni Ibrohim Lo‘diga qarshi urushdi. Ibrohim Lo‘dining 100 ming askari va 1000 jangovar fili bor edi. Lekin Bobir g‘olib chiqdi. Shunday qilib, Farg‘onalik shahzoda Zahiriddin Muhammad Bobir Hindistonda yirik davlat tuzdi va o‘zi podshoh bo‘lib, Jamna (Yamuna) daryosi bo‘yidagi Agra shahrida poytaxt qurdi.


Bobir 1530 yil kuzida qattiq xastalanib, podsholikni katta o‘g‘li Humoyunga topshirdi va 26 dekabrda o‘z qarorgohida vafot etdi. Uni Agra shahrida, muvaqqat tayyorlangan maqbaraga ko‘mdilar. Agra shahrida Bobir qabridan asar qolganmi, degan savol meni anchadan beri qiziqtirar edi. 1959 yil fevral oyi Hindistonga dastlab borganimda Bobirning birinchi qabrini surishtirib ko‘rdim. U Agrada Bog‘i Hasht Behisht, Zarafshon bog‘i, Orombog‘ singari xushmanzara va obod bog‘lar yaratgan ekan. Uni dastlab Nurafshon (Orombog‘) ichiga ko‘mgan ekanlar. Bu bog‘ hozir Rombog‘ deb ataladi va Agra markazidan 2,5 kilometr narida, Jamna daryosining chap qirg‘og‘idadir. Keyinchalik Bobirning go‘ri tuproq-suyaklari bilan Kobulga ko‘chirilgan. “Keyinchalik” deyishimizning boisi shundaki, uni qaysi yili ko‘chirilganligi aniq emas. Ba’zi manbalarda 10-12 yildan so‘ng deyilsa, Gulbadanbegimning “Humoyunnoma” kitobida “2 yil so‘ng” deydi. “Islom ensiklopediyasi”da esa “6 oy so‘ng Kobulga ko‘chirildi” deb ko‘rsatilgan (Islom Ansiklopedisi, juz 13, 1942 yil, 183-bet, turk tilida). Har holda, Bobirning oxirgi kunlariga bag‘ishlab andak taxminlar bilan, quyidagi ocherkni taqdim etamiz.


Hamidulla HASANOV.

Zahiriddin Muhammad Bobir: (Hayoti va geografik merosi). –Tuzatilgan va to‘ldirilgan 2-nashri. – Tsh. : O‘zbekiston, 1966. – 72 b. B. 5-8.: rasm. (O‘zbekcha); По следам Бабура: Из Андижана в Индию. Хасанов, Хамидулла. – Захириддин Мухаммад Бабур: (Его жизнь и географическое наследие).

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0