Bobir nomi aytilganda ba’zilar uni shoirgina deb biladilar. Bir chekkasi, bu tushuncha ham to‘g‘ri: Bobir g‘azallari juda o‘tkir, yoqimli, har kimga manzur.
Ammo Bobir faqat shoirgina bo‘lmay, tarixchi, ovchi, podshoh, mashshoq, lashkarboshi, bog‘bon, sayyoh ham binokor bo‘lgan.
Bobirning ulug‘ tarixiy bir shaxs ekanini hamma e’tirof etadi. Kommunistik partiya va hukumatimiz rahbarlari hamda afg‘on podshohi ishtirokida Kremlda, Afg‘oniston bilan Sovet Ittifoqi do‘stligiga bag‘ishlangan mitingda atoqli sharqshunosimiz S.P. Tolstov: “... farg‘onalik Zahiriddin Bobir – Sharqdagi Uyg‘onish davrining eng atoqli siyosiy va madaniy arboblaridan biridir” degan edi (“Izvestiya”, 1957 yil, 31 iyul).
Shu bilan birga, Bobirning – ziddiyatli bir shaxs, o‘z davrining farzandi, ekspluatator sinflar namoyandasi, feodal va taxtparast shahzoda bo‘lganini ham hech kim inkor eta olmaydi.
Bobir ko‘pgina asarlar yozgan. Uning asarlari shu qadar qiziqarlik, sermazmun, tili va stili yoqimliki, qayta-qayta o‘qingiz keladi, o‘qib aslo zerikmaysiz; har o‘qiganingizda yangilik chiqaveradi. Bobir asarlari tagi yo‘q bir xazina.
Bobirni o‘rganuvchilar – bobirshunoslar – Sovet Ittifoqida ham, chet ellarda ham uning merosini tinmay o‘rganmoqdalar. Uning hayoti va ijodi to‘g‘risida turli tillarda bosilgan ilmiy asarlar, izohotlar, maqolalari, dissertatsiyalar ko‘p.
1958 yil aprel oyida, Bobir tug‘ilganiga 475 yil to‘lishi munosabati bilan, vatani Andijon shahrida o‘tkazilgan ilmiy konferensiyada ancha qimmatli dokladlar va muzokaralar bo‘ldi. Talantli olimamiz Sabohat Azimjonova Bobirning ijodi to‘g‘risida sharqshunoslarning Moskva va Dehli shaharlarida bo‘lgan xalqaro kongresslarida dokladlar qildi.
Garchi Bobir haqida turli ilmiy tekshirishlar olib borilgan bo‘lsa-da, Bobirning ijtimoiy va tabiiy fanlar sohasidagi ulkan merosiga bag‘ishlangan biron maxsus asar yo‘q. Bobir faoliyatining bu tomoniga hozirgacha yetarli e’tibor berilmay keldi. Bobir asarlaridan geografiya fani uchun, o‘lkashunoslik va tabiatshunoslik maqsadlarida juda kam foydalanmoqdamiz.
O‘zimizda nashr etilgan va Hindiston hamda Afg‘oniston geografiyasi yozilgan yirik asarlarda ham Bobir nomi hatto tilga olinmagan. Holbuki uning asarlarini ko‘zda kechirar ekanmiz, ularning geografiya va tabiiyotga doir ma’lumotlarga naqadar boy ekanini ko‘ramiz. Bobirning o‘zi esa ajoyib o‘lkashunos, tabiatshunos olim, jasur sayyoh ekani ma’lum bo‘ladi.
Biz Bobirning umuman tabiiy fanlar sohasidagi, xususan O‘rta Osiyo, Afg‘oniston va Hindiston geografiyasiga doir merosini qo‘ldan kelgancha o‘rganishni maqsad qilib, Bobir izidan Farg‘onadan boshlab Afg‘oniston orqali to Hindistonning janubiga qadar ozmi-ko‘pmi sayohat qildik. Bobirga aloqador joylarning foto rasmini oldik, kartasini tuzdik. Ba’zi qo‘shimcha rasmlarni ham topdik.
Shular ushbu kitobchada qisqacha bayon etiladi. Bu kichik asarimiz “Bobirnoma”ga geografik bir sharh (Manbada: “sharx” tarzida xato yozilgan; to‘g‘risi: “sharh”. (Sh.R.)) vazifasini o‘tar degan umiddamiz.
Hamidulla HASANOV
Zahiriddin Muhammad Bobir: (Hayoti va geografik merosi). Tuzatilgan va to‘ldirilgan 2-nashri. – Tsh. : O‘zbekiston, 1966. – 72 b. B. 3-4.: rasm. (O‘zbekcha); По следам Бабура: Хасанов, Хамидулла. – Захириддин Мухаммад Бабур: (Его жизнь и географическое наследие).
Fikr qoldirish#