Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Bobir lirikasi. Antiklerikal kayfiyatlar

Bobir ayrim ruhoniylarning, zuhd- taqvo ahllarining munofiqona hatti-harakatlariga, makr-hiylalariga befarq qarab qolmaydi. U Afg‘onistonda hiyla bilan bir qabrni tebratuvchi va shu yo‘l bilan kishilarni aldab-avrab nazr- niyoz oluvchi shayxlarni fosh qiladi, jazolaydi. Hayot va shodlik kuychisi, ma’rifatparvar shoir ayrim diniy-xurofiy urf odatlarni yoqtirmaydi, ularga istehzo bilan qaraydi, zohidlikdan esa qattiq nafratlanadi. Bularning barchasi uning ijodida, jumladan, lirikasida ayrim antiklerikal kayfiyatlarni vujudga keltiradikim, bu “podshohi islom”likka zid bir holat edi. Jumladan, u ro‘za tutish, namoz o‘qish, jannat rohati va do‘zax dahshatiga befarq, hatto ba’zan, istehzo bilan qaraydi:


Keldi ramazonu men taqi bodaparast,

Iyd o‘ldiyu zikri may qilurman payvast.

Ne ro‘zau ne namoz yillar, oylar,

Tun kun mayu ma’jun bila devonau mast.

Zohido, do‘zax o‘tidin meni ne qo‘rqitasen,

Hajr o‘ti qoshinda ko‘rmasmen ani uchquncha.


Hayot va shodlik muhibi bo‘lgan Bobir ayniqsa zohidlarning badbinligi va tarkidunyochiligidan qattiq g‘azablanadi. U hayotni, shodlik va sevgini zuhdga qarama- qarshi qo‘yadi. Zuhd “tiyralik” (qorong‘ulik) keltirsa, ishq yorug‘lik keltiradi:


Tiyradurur zuhd damidin ko‘ngul,

Ishq o‘ti birla yorutmoq kerak.


Binobarin:


Zuhd ketti, esa karam qildi,

Ishq keldiyu muhtaram qildi.


Shoir zohidlarning tovba-tazarru qilish, hayot shodligi va ne’matlaridan voz kechish chaqiriqlariga qarshi:


Men kimu zuhdu tavba kim, zohid,

Necha andeshai mahol qilur.

Tavba ishin buyurma Bobirg‘a


Kim bu ishin o‘shal o‘sol qilur! – deb dangal va keskin javob qaytaradi. Biroq antiklerikal motivlar Bobir lirikasida ayrim elementlar sifatida qolib ketdi, shoir tasavvuf ahllariga qarshi izchillik bilan tanqidiy munosabatda bo‘lolmadi. U hayotining so‘ngi yillarida xiylagina taqvodorlikka berilib ketti. Bularning barchasi uning ijodiyotida taqvodorlikni targ‘ib qiluvchi badbinlik mayllarini ham vujudga keltirgan edi. Shoir fors-tojik tilida yozgan bir ruboiysida bunday degan edi:


Darveshonro agar na xeshonem

Lek az dilu jon mu’taqidi eshonem.

Durust – magu – shohi az darveshi,

Shohem, vale bandai darveshonem.


(Darveshlarning qarindoshlaridan bo‘lmasak ham, lekin dilu jonimiz bilan ularning e’tiqodchilarimiz. Shohlikni darveshlikdan yiroq deb aytmagil, shohmiz, lekin darveshlar bandasimiz.) Bobir lirikasining asosiy tematik g‘oyaviy masalalari doirasi shulardan iborat. Bu masalalar bayoni va talqinidagi jiddiy ziddiyatlariga qaramay, Bobir lirikasi o‘zbek klassik adabiyotining ravnaq topishiga, ijtimoiy falsafiy fikrlar taraqqiysiga katta hissa bo‘lib ko‘shildi.


Mallayev N. O‘zbek adabiyoti tarixi, 1, 1960. – B. 585-587; Ayni: Mallayev N. O‘zbek adabiyoti tarixi, 2, 1965. – B. 585-587; Ayni: Mallayev N. O‘zbek adabiyoti tarixi, 2-a, 1965. – B. 653-654; Ayni: Mallayev N. O‘zbek adabiyoti tarixi, 3, 1976. – B. 585-587 (O‘zbekcha); Лирика Бабура. Антиклерикальные настроения.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0