Bobir Navoiydan keyingi atoqli lirik shoirdir. Bobirning lirik devoni har xil janrlardagi she’rlardan iborat. G‘azal, ruboiy va tuyuq Bobir lirikasining eng xarakterli janrlaridir. Bobir lirikasi tematik jihatdan xiyla boy bo‘lib, hayotning turli masalalari, inson kechinmalarining xilma-xil tomonlarini qamrab oladi. Bobir hayot, sevgi va shodlikni kuylaydi. Real hayotni e’tirof qilgan shoir hayotning g‘am-alam va qayg‘u-hasrat bilan emas, balki baxt-saodat, shodlik va quvnoqlik bilan o‘tishini istaydi. Go‘zal tabiat manzarasi shoirni maftun qiladi, shoirlar va olimlarning suhbati unga zavq-shavq bag‘ishlaydi. Bobir sevgini qadrlaydi, vafo va sadoqatni sharaflaydi, insonni ilm-ma’rifatga, yaxshi xulq-atvorli bo‘lishga undaydi. U bir she’rida kishilarni to‘g‘rilikka chaqirib, bunday deydi:
Xulqingni rost etgil har sorig‘aki borsang,
«Ahsanta» der bori el, gar yaxshi ot chiqorsang,
Bori elga yaxshilik kilgilki, mundin yaxshi yo‘q,
Kim degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig‘.
Bobirning ko‘pgina she’rlari bevosita uning hayoti va kurashi, g‘alabasi va mag‘lubiyatining poetik ifodasidir. Shoirning lirikasidagi vatanni sog‘inish, musofir yurtda hasrat-nadomat, g‘urbat motivlari ham bevosita uning murakkab hayoti va kurash yo‘li bilan bog‘liq. Bobir Afg‘oniston va Hindistonni egallab, katta imperiya qurdi. Biroq u umrining oxiriga qadar tug‘ilib o‘sgan yurtidan – diyoridan ko‘ngil uzolmadi. U yurtidan uzoqda qolib ketdi, davlati va saltanati uni umr bo‘yi chet elga bog‘lab qo‘ydi. Shuning uchun ham u:
Ko‘pdin berikim yoru diyorim yo‘qtur,
Bir lahzau bir nafas qarorim yo‘qtur,
Keldim bu sari o‘z ixtiyorim birla,
Lek borurimda ixtiyorim yo‘qtur, – degan edi.
Shunday qilib, Bobir chet elda o‘zini, bir tomondan, katta davlatning hukmdori, ikkinchi tomondan, yor-diyoridan ayrilgan bir g‘arib, musofir kishi deb his kiladi. Ammo u davlatidan voz kechmaydi, yurtidan ko‘ngil uzmaydi. Bobir islom dinini va shariatini himoya qildi, dinga va shariat peshvolariga tayandi. Biroq u, peshqadam shoir sifatida, ruhoniylarning, shayx va zohidlarning munofiqona harakatlariga, makr-hiylalariga befarq qarab qolmadi. U Afg‘onistonda hiyla bilan bir qabrni “tebratuvchi” va shu yo‘l bilan kishilarni aldab nazr-niyoz oluvchi shayxlarni fosh qiladi, jazolaydi. Hayot va shodlik kuychisi, ma’rifatparvar shoir ayrim diniy-xurofiy urf-odatlarni yoqtirmaydi, tarkidunyochilikdan esa qattiq nafratlanadi. Bularning barchasi uning ijodida, jumladan, lirikasida ayrim antiklerikal (diniy-xurofiy tushuncha va urf-odatlarga qarshi) she’rlarni vujudga keltiradi. Shoir ba’zan ro‘za tutish va namoz o‘qish odatlari ustidan kulib, shodlik va xushchaqchaqlikni kuylaydi. Shoir zohidlarning tarkidunyochiligi va badbinligidan qattiq g‘azablanib, hayotni, shodlik va sevgini zuhd (tarkidunyo qilish)ga qarshi qo‘yadi. U bir she’rida jur’at bilan:
Zohido, do‘zax o‘tidin meni ne qo‘rqutasen,
Hajr o‘ti koshinda ko‘rmasmen ani uchqunicha, - deydi.
Mallayev N. M., Karimov, G‘. K., Ismatov, S.I. O‘zbek adabiyoti tarixi. –B.130-132. (O‘zbekcha); Лирика Бабура.
Fikr qoldirish#