Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Bobir lirikasi. Vatan ishtiyoqi


Bobirning ko‘pgina sheʼrlari bevosita uning kurashi va siyosati, g‘alabasi va mag‘lubiyatining poetik ifodasidir. Shoirning lirikasidagi vatan ishtiyoqi, g‘ariblikning hasrat va nadomat motivlari ham bevosita uning murakkab hayoti va kurash yo‘li, shodiyona va alamli sarguzashtlari bilan bog‘liq. Bobir temuriylar sulolasining hukmronligini halokatdan qutqarib qolmoqchi bo‘ldi, biroq bunga erisholmadi. U Movarounnahrda yirik va mustahkam davlat vujudga keltirmoqchi bo‘ldi, biroq orzu umidlari barbod bo‘ldi. Uni qanoatlantirmagan kichik Farg‘ona hokimiyati ham qo‘ldan chiqib ketib, u sarson-sargardon bo‘ldi. Mana shu og‘ir kunlarida yozgan bir masnaviysida Bobir shunday misralarni bitadi:


Bir kecha xotirim mushavvash erdi,

Ko‘zda suv, ko‘nglum ichra otash erdi.

Dahr ishidan fig‘on qilur erdim, 

Xotirimni yomon qilur erdim... 

Davlat o‘trusig‘a meni solding,

G‘aflat uyqusiga meni solding...

Ota taxtida forig‘ o‘lturdim,

Bal otam ko‘rmaganni men ko‘rdim.

Olti oy ichra olti taxt oldim,

Yetti iqlima balki ko‘z soldim.

Dedim: emdi murodima yetdim,

Bilmadimki g‘alat xayol etdim...

 Yana mahrumi xonumon qilding,

Yana ovorai jahon qilding... 


Bobir qayta-qayta kurashga kirdi, o‘ziga dalda berdi, g‘alabaga umid qildi. U Shayboniyxonga qarshi kurashda katta shikast ko‘rib, chekinishga majbur bo‘lgan, shahar va viloyatlarni qo‘ldan boy bergan chog‘ida ham umid orzularidan voz kechmay: 

Dushmanniki dahr zabardast qilur,

Nakbat mayidin bir necha kun mast qilur,

G‘am yemaki yetkursa boshini ko‘kka,

Oxir yana yer kibi oni past qilur, - degan edi. Biroq Bobir Shayboniyga qarshi kurashda g‘alaba qozonishga ojizlik qildi, halokat yoqasiga yaqinlashib qolgan temuriylar saltanatini qutqarib qololmadi. U chor- nochor Movarounnahrdan voz kechishga majbur bo‘ldi:

Ko‘ngli tilagan murodg‘a yetsa kishi,

Yo barcha murodlarni tark etsa kishi,

Bu ikki muyassar o‘lmasa olamda,

Boshni olib bir sorig‘a ketsa kishi, - degan Bobir “ko‘ngli tilagan murodg‘a” yetolmaganidan “boshini olib bir sorig‘a ketishga” majbur bo‘ldi.

Bobir Afg‘oniston va Hindistonni egallab, katta imperiya qurdi. Biroq u umrining oxiriga qadar tug‘ilib o‘sgan yurtidan – diyoridan ko‘ngil uzolmadi, vataniga qaytish fikridan kecholmadi. U Afg‘onistondaligida yor do‘stlariga yozgan bir ruboiy-nomasida:

Beqaydmenu xarobi sim ermasmen, 

Ham mol yig‘ishtirur laim ermasmen.

Kobulda iqomat qildi Bobir dersiz,

Andoq demangizlarki, muqim ermasmen, - degan edi. 

Biroq Bobirning vataniga qaytish orzusi ushalmadi. U yurtidan uzoqda qolib ketti, davlati va saltanati uni umr bo‘yi chet elga bog‘lab qo‘ydi. Binobarin u: 

Keldim bu sari o‘z ixtiyorim birla,

Lekin borurimda ixtiyorim yo‘qtur, - degan edi. Bobir chet elda o‘zini, bir tomondan, katta davlatning hukmdori, ikkinchi tomondan, yor diyoridan judo bo‘lgan bir g‘arib, musofir kishi deb his qiladi. U davlatidan voz kecholmaydi, yurtidan ko‘ngil uzolmaydi. Yurtida ekanligida uning katta va mustahkam davlati yo‘q edi, katta va mustahkam davlatga ega bo‘lganida esa yurti yo‘q edi. Davlat va saltanat, boylik va hashamat Bobir qalbidagi vatan ishtiyoqini yengolmaydi, qayg‘u va hasrat uni chulg‘ab oladi, u shu davlati va saltanatini o‘z diyorida barpo etolmaganiga afsus-nadomat chekadi. Mana shu kayfiyatlarning ifodasi sifatida uning bir qator mungli va alamli sheʼrlari vujudga keladi. Quyidagi ruboiy shular jumlasidandir: 

Yod etmas emish kishini g‘urbatda kishi, 

Shod etmas emish ko‘ngilni mehnatda kishi.

Ko‘nglum bu g‘ariblikda shod o‘lmali oh,

G‘urbatda sevinmas emish albatta kishi.

Shoir vatanin ko‘pincha sevimli bir “yor” obrazi kabi tasvir qiladi, yorni diyorga, yor hajrini diyor firog‘iga teng qo‘yadi, bu ikki obrazni – “yor” bilan “diyor”ni ketma ket tizadi yoki biri orqali ikkinchisini ifodalaydi, diyorsiz yorni, yorsiz diyorni ko‘z oldiga keltira olmaydi. Yoridan jabr, diyoridan jafo ko‘radi, yorini sog‘inadi, diyorini qo‘msaydi: 

Diyoru yordan Bobir jafou javr ko‘p ko‘rdi,

Xush ulkim yordin qatʼ aylabon tarki diyor etsa.

Ko‘pdan berikim yoru diyorim yo‘qtur,

Bir lahzau bir nafas qarorim yo‘qtur.

Shunday qilib, Bobir ijodida “yor” obrazi yangi mohiyatga ega bo‘lib, u “diyor” obrazining bir sinonimiga, nisbati va ramziga aylanadi. Bobir yurtini qoldirib chet elga ketishini bir “xatolik”, “yuz qaroliq” deb biladi, bu ishdan qattiq pushaymon bo‘ladi: 

Tolyeʼ yo‘qki jonimga balolig‘ bo‘ldi,

Har ishnikim, ayladim xatolig‘ bo‘ldi.

O‘z yerin qo‘yib Hind sori yuzlandim,

Yorab, netayki, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi.

Biroq u Movarounnahrdagi mag‘lubiyatlarining konkret ijtimoiy siyosiy sabablarini tushuna olmadi. U mag‘lubiyatini ham, Afg‘oniston va Hindistonga yo‘l olishi va bu o‘lkalarni egallab, u yerlarda qolib ketishini ham “taqdirning ishi” deb tushundi:

Dema Bobirga netarsen bosh olib ketmakni,

Tengrining xosti mundoq esa men netgaymen.

Taqdirdur ul yonu bu yon solg‘uchi, yo‘qsa,

Kimga havasi Sanbalu Tatyir qilibtur...

Demak, Bobir diyorini – vatanini ishtiyoq bilan sevadi. Biroq toj taxt uning diyoriga bo‘lgan sevgisini hiyla cheklab, mahdud qilib qo‘yadi. Shoirning vataniga bo‘lgan muhabbati keng xalq ommasiga bo‘lgan muhabbat bilan, ularning osoyishtaligi va saodati uchun kurash bilan bog‘lanmay qoladi. Shoir g‘urbatdan hasrat va nadomat chekadi, biroq bu g‘urbatni “taqdir”dan deb bilib, fatalizm eʼtiqodiga berilib ketadi.



Mallayev N. O‘zbek adabiyoti tarixi, 1, 1960. – B. 583-585; Ayni: Mallayev N. O‘zbek adabiyoti tarixi, 2, 1965. – B. 583-585; Ayni: Mallayev N. O‘zbek adabiyoti tarixi, 2-a, 1965. – B. 651-653; Ayni: Mallayev N. O‘zbek adabiyoti tarixi, 3, 1976. – B. 583-585. (O‘zbekcha); Лирика Бабура. Любовь к Родине.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0