Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Bobir lirikasi. Poetik mahorati

Bobir Lutfiy va Navoiy kabi buyuk so‘z sanʼatkorlarining poetik mahoratidan taʼlim olib, ularning traditsiyalarini davom ettirgan va rivojlantirgan ustoz shoirlardan biridir. Bobir sheʼriyatning badiiy soddaligi uchun kurashdi. Uning sheʼrlarida o‘y va fikr, his va tuyg‘u, tasvir va tavsif, so‘z va musiqiylik bir-biri bilan uzviy bog‘lanib ketadi. Shoir tasvir obyektiga muvofiq so‘z tanlaydi, turli xil his-tuyg‘uga muvofiq vazn ishlatadi, ichki qofiya, intonatsiya va boshqalardan mohirlik bilan foydalanadi. Bobirning: «Labing bagrimni qon qildi, ko‘zimdan qon ravon qildi», «Sabo, ul gul harimig‘a (Harim – joy, manzil) guzar qil» (Guzar qilmoq – bormoq) misralari bilan boshlangan g‘azallari va boshqa bir qator sheʼrlari nihoyatda sodda, ravon va musiqiydir. Bobir o‘z sheʼrlarida turli tasviriy sanʼat – usul va badiiy til vositalarini ishlatadi. U, ayniqsa, poetik tilga katta eʼtibor beradi, xalq maqollari va taʼbirlaridan, xalq tilining leksik boyliklaridan, omonim, sinonim so‘zlardan va boshqalardan mohirlik bilan foydalanib, sheʼrlarining badiiyligi va mazmunining taʼsirchanligini oshiradi. Masalan, shoir yorga intizor bo‘lgan oshiqning iztirobini tasvirlash uchun xalqning «yo‘lida ko‘zim to‘rt bo‘ldi» taʼbirini misraga singdirib, quyidagi baytni yaratgan:


Bobir, bo‘lib turur ikki ko‘zim yo‘lida to‘rt,

Kelsa ne bo‘ldi, qoshimga bir-bir manga-manga. Xalq og‘zaki ijodini, xalqning askiyachilik sanʼatini yaxshi bilgan Bobir Amiriy, Lutfiy va Navoiylar singari ajoyib tuyuqlar yaratdi. Bir misol:

Qaddimni firoq mehnati yo qildi (yo qildi – yoydek qildi)

Ko‘nglum g‘amu anduh o‘tig‘a yoqildi (yoqildi – kuydi)

Holimni sabog‘a aytib erdim, ey gul,

Bilmon senga sharh qilmadi yo qildi (yo qildi – yoki qildi).

Bobir tuyuqlaridagina emas, balki boshqa janrlardagi sheʼrlarida ham chiroyli so‘z o‘yinlari yasaydi. Misollar: 

To oq yuzing yiroq tushti,

Ikki ko‘zim ichra oq tushti.

Ul yor agar yoshursa yuz, oh,

Ag‘yorg‘a gar ko‘runsa, yuz voy.

Soching shikastida bordur shikasta ko‘ngullar,

Ko‘ngullar ochilur, ochilsa ul qaro soching.

Bu dunyoda farah yo‘qtur meni mahzung‘a jononsiz,

Jahondin kim desun billah kerakmas menga jon onsiz 

/ va boshqalar.


Bobir misralarining ravonligi va ohangdorligini kuchaytirish uchun ichki qofiyalardan ham mohirlik bilan foydalanadi. U bir yoki bir necha so‘zdan tashkil topgan radiflarni qo‘llab, qofiyadan keyin keltirilgan bir xil so‘zlarning takrori bilan, bir tomondan, sheʼrdan kuzatilgan mazmun va muddaoni kuchaytirsa, ikkinchi tomondan, misralarni yanada ravonligi va musiqiyligini orttiradi. Ichki qofiyaga misollar: Qora zulfing firoqida parishon ro‘zg‘orim bor, Yuzungning ishtiyoqida ne sabru ne qarorim bor. Labing bag‘rimni qon qildi, ko‘zumdin qon ravon qil, Nega holim yomon qildi, men andin bir so‘rorim bor... Radifga misol: Ul ahd ila paymon qani, ey yor, ne bo‘ldi? Ul lutf ila ehson qani, ey yor, ne bo‘ldi? Bobir sheʼrining mazmunini, emotsional taʼsir kuchini va ohangdorligini oshirish uchun baʼzan bir so‘zni qayta-qayta takrorlaydi. Masalan: 

Bu g‘amda menki ishim fikrini ne navʼ etayin?!

Ne yerda sokin o‘lay, ne kilay, kayon ketayin?!

Ne dayrdin eshigim ochilur, ne masjiddin,

Ne eshikdan eshikka gado kabi yetayin?!...

Bu misralarda mag‘lubiyatga uchrab, sarson-sargardon bo‘lgan, nima qilari va qayga borarini bilmay umidsiz bir vaziyatda qolgan shoh va shoirning fikr-o‘yi, his-tuyg‘usi ifodalangan. Shoir shu vaziyatni ifodalashga muvofiq keladigan so‘zlar tanlagan, «ne» (nima, qanday) va «eshik» so‘zlarining takror ishlatilishi uning ichki kechinmalarini mukammalroq ochib beradi. Bobir o‘z sheʼrlarida intonatsiyani kuchaytiruvchi xitob, so‘roq va boshqalarga ham katta eʼtibor beradi. Bularning hammasi Bobir poetik tilining boyligi va uslubining ravonligidan dalolat beradi. Chunki shoir poetik tilining boyligi uning fikriy aniqlik va ravshanlikka erishishi, tilning badiiy-emotsional imkoniyatlaridan foydalanishi va boshqalar bilan belgilanadi. Bobir ustoz so‘z sanʼatkorlarining sheʼrlaridan ilhomlanib, ularning sheʼrlariga o‘xshatma va naziralar yozadi hamda ular bilan ijodiy musobaqalashadi. U Lutfiyning – 

Nega jonima jafo qilursen?

Vakt o‘ldi agar vafo qilursen matlaʼli (Matlaʼ – g‘azal boshlanmasi, sheʼrning birinchi bayti) g‘azalidan ilhomlanib:

G‘ayrga necha vafo qilgaysen? 

Jonimga necha jafo qilgaysen? matlaʼli g‘azalini bitgan bo‘lsa, Navoiy sheʼrlariga o‘xshatma va nazira tarzida: 

«Ko‘rmagay erdim jamoli olam oro, koshki,

Bo‘lmagay erdim bori olamga rasvo koshki», 


«Charxning men ko‘rmagan javru jafosi qoldimu?»,

Xasta ko‘nglim chekmagan dardu balosi qoldimu?», 


«Yo qoshing yanglig egilgan jismi zorimnimu dey, 

Yo sochingdek tiyra bo‘lgon ro‘zg‘orimnimu dey» - singari g‘azallarini yozadi.

Bobir bir faxriyasida (Faxriya – shoirning o‘z ijodi bilan faxrlanib aytgan so‘zlari. Faxriya sheʼriy asarning bir parchasi sifatida kelishi yoki mustaqil asar sifatida yozilishi mumkin), agar Hofiz va Salmon Sovajiy kabi buyuk shoirlar tirik bo‘lganda edi, mening sheʼrlarimni taqdirlar, ularning yuksakligini eʼtirof qilar edilar, deydi: 

Iroqu Forsg‘a gar yetsa sheʼring seni, ey Bobir,

Ani hifz etgusi (Hifz etish – yodlamoq, esda tutmoq) Hofiz, musallam (Musallam – maʼqullash, tan berish) tutqusi Salmon.

Shuni ham aytish kerakki, Bobir sheʼrlarining badiiy tili va uslubida ham ayrim nuqsonlar bor. Shoir baʼzan tasvir obyektini va obrazini mavhumlashtirib yuboradi, bir xildagi obraz va badiiy til vositalarini qayta-qayta takrorlaydi, shoirning o‘zi ham bu nuqsonlardan ayrimlarini bilar va eʼtirof qilar edi. Shuning uchun ham u:

Har yerdakim gul bo‘lsa, tikan bo‘lsa, ne tong, 

Har qandaki may, durdidin bo‘lsa ne tong.

Sheʼrimda agar hazl, agar jidd (Jidd – jiddiy, jiddiy gap), kechurung,

Yaxshi borida agar yomon bo‘lsa ne tong? - degan edi.


Mallayev N. M., Karimov, G‘. K., Ismatov, S.I. O‘zbek adabiyoti tarixi. – B. 134-137. (O‘zbekcha); Лирика Бабура: Поэтическое мастерство.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0