Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Bobir lirikasi. Ruboiylari

Bobir mohir ruboiynavis shoirlardan biridir. Sheʼrlarining hajm va salmog‘i jihatidan ruboiy janridagi sheʼrlar Bobir lirikasida g‘azaldan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Bobir ruboiylari tematik rang-barang, badiiy jihatdan nafis, jozibali, tili boy va ravondir. Bobir ruboiylarida sevgi haqida so‘zlaydi, yorning husn-latofati va go‘zal xulq- atvorini madh qiladi, hijron alamini kuylaydi; maʼrifatparvarlik g‘oyalarini ilgari suradi; vatan ishtiyoqi va g‘ariblik – musofirlik mashaqqatlarini izhor etadi; o‘z g‘alabasi va mag‘lubiyati haqidagi kechinmalarini shoirona ifodalaydi va hokazo. Bobirning maʼrifatparvarlik qarashlari, ayniqsa, uning «Kim yor anga ilm tolibi ilm kerak» deb boshlanuvchi ruboiysida yorqin ifodalangan. U bu ruboiyda ilmni ulug‘laydi, kishilarni ilm o‘rganishga chaqiradi va ilm o‘rganmoq uchun «ilmga tolib» (ilmga talabgor, ilmni xohlovchi, uni axtaruvchi) bo‘lish kerak degan g‘oyani ilgari suradi: 

Kim yor anga ilm tolibi ilm kerak, 

O‘rgangali ilm tolibi ilm kerak.

Men tolibi ilmu tolibi ilme yo‘q,

Men bormen ilm tolibi, ilm kerak.

Ruboiy ilm va maʼrifatni ulug‘lashga bag‘ishlangani uchun shoir takror priyomini qo‘llab (8 marta «ilm» va 5 marta «tolib» so‘zini ishlatib), bu bilan eʼtiborni bosh g‘oyaga qayta-qayta jalb etadi, kuzatilgan muddaoni taʼkidlaydi va misralarni «kerak» so‘zi bilan tamomlaydi.

Bobir axloq-odob temasida ham ko‘p ruboiylar yaratdi va ularda rostgo‘ylik, to‘g‘rilik, vafodorlik kabi fazilatlarni targ‘ib etdi. Shoir xalqning «yaxshilik qilsang yaxshilik topasan, yomonlik qilsang yomonlik» degan taʼbiri yoki «yaxshi bilan yursang yetarsan murodga, yomon bilan yursang qolarsan uyatga» kabi maqollari mazmunini misralarga singdirib, quyidagi go‘zal ruboiyni yaratadi:

Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidur,

Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidur,

Yaxshi kishi ko‘rmagay yomonlig‘ hargiz,

Har kimki yomon bo‘lsa, jazo topqusidur. 

Shoir misralarning birinchi qismida kishining feʼl-atvori va xatti-harakati qanday bo‘lishi haqida so‘zlasa, ikkinchi qismida shu feʼl-atvor va xatti-harakat qanday natijaga olib kelishini aytadi. Shuning uchun ham u «qilsa» (shart) va «topqusidur» (natija) so‘zlarini ishlatadi. Bobir chet elda yozgan ayrim ruboiylarida vatanga muhabbati, uni qo‘msashi, musofirlik mashaqqatlarini ifodalaydi. Masalan: 

Yod etmas emish kishini g‘urbatda kishi,

Shod etmas emish ko‘ngulni mehnatda kishi.

Ko‘nglum bu g‘ariblikda shod o‘lmadi, oh, 

G‘urbatda sevunmas emish albatta kishi. 


Mallayev N. M., Karimov, G‘. K., Ismatov, S.I. O‘zbek adabiyoti tarixi. – B. 132-134. (O‘zbekcha); Лирика Бабура: Рубаи.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0