Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Bobir lirikasi. «Qoldimu» radifli g‘azali

«Qoldimu» radifli g‘azal Bobir lirikasining juda xarakterli namunalaridan biridir. Bu ishqiy g‘azalda shoir muruvvatsiz va shafqatsiz yorning jabr-jafosidan shikoyat qiladi. Shoirning shikoyati, ayniqsa, g‘azalning uchinchi baytida sezilarlidir: 


Meni o‘lturdi jafou javr birla ul quyosh, 

Endi tirguzmak uchun mehru vafosi qoldimu? 


Shoir yordan shikoyat qilish bilangina cheklanib qolmaydi, u yashagan muhitidan ham shikoyat qiladi: 

Charxning men ko‘rmagan javru jafosi qoldimu, 

Xasta ko‘nglum chekmagan dardu balosi qoldimu? 


Ammo shoirning yashagan muhitidan shikoyati keng sotsial mazmun kasb etmay, shaxsiy kayfiyatlar ifodasi bilan chegaralanib qoladi. Ehtimol, Bobir bu g‘azalini Shayboniyxondan yengilgan chog‘larida yaratgan, g‘azalning ikkinchi bayti shundan dalolat beradi: 


Meni xor etti-yu, qildi muddaiyg‘a parvarish, 

Dahri dunparvarni o‘zga muddaosi qoldimu?


Bobir mag‘lub bo‘lgan chog‘larida baʼzan umidsizlik va hatto badbinlik kayfiyatlariga tushadi. Bunday kayfiyatlar ham shu g‘azalning oxirgi – beshinchi baytida o‘z ifodasini topgan:


Ey ko‘ngul, gar Bobir ul olamni istar, qilma ayb,

Tengri uchun de, bu olamning safosi qoldimu?


Demak, bu g‘azalda shoirning murakkab hayoti va kayfiyati, his-tuyg‘usi: muruvvatsiz, shafqatsiz yordan shikoyat, siyosiy hokimiyat uchun kurash yo‘lidagi mag‘lubiyat zaminida vujudga kelgan shikoyat, umidsizlik va badbinlik kayfiyatlari o‘z ifodasini topgan. Bu uch xil kayfiyat, his-hayajon bir-biri bilan uzviy bog‘lanib, g‘azalga sotsial mazmun bag‘ishlaydi. Shoir o‘z shikoyatini to‘laroq ifodalash uchun «javru jafo», «xasta ko‘nglum», «dardu balo», «xor», «dahri dunparvar» kabi so‘z va so‘z birikmalarini ishlatadi. His-tuyg‘uni kuchaytirib ifodalash va taʼsirchanlikni oshirish maqsadida «qoldimu» so‘zini radif sifatida qo‘llaydi, barcha baytlarga xitob va savol ohangini singdiradi. Besh baytdan iborat bu g‘azal ramal bahrining «ramali musammani mahzuf» deb atalgan vaznida yozilgan («foiloto‘n foiloto‘n foiloto‘n foilo‘n»). Bu g‘azalning paradigmasi – ritmik sxemasi quyidagicha:


Charxning men 

Fo-i-lo-to‘n

– u – – ko‘rmagan jav 

fo-i-lo-to‘n

– u – – ru jafosi 

fo-i-lo-to‘n

– u – – qoldimu 

fo-i-lo‘n

– u –


Bobirning «Charxning men ko‘rmagan javru jafosi qoldimu» g‘azali Navoiyning shu vaznda yozilgan «Soqiyo, men yutmag‘on xunobi hijron qoldimu» g‘azaliga nazira tarzida yozilgan. «Charxning men ko‘rmagan...» g‘azali klassik maqom kuyiga solingan. 


Mallayev N. M., Karimov, G‘. K., Ismatov, S.I. O‘zbek adabiyoti tarixi. – B. 132-133. (O‘zbekcha); Лирика Бабура: Газели Бабура “Колдиму” – “Осталосьли?”.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
0.0