Bobir hayot, sevgi va shodlik kuychisidir. Real hayotni eʼtirof qilgan shoir hayotning g‘am alam va qayg‘u hasrat bilan emas, balki baxt saodat, shodlik va quvnoqlik bilan o‘tishini istaydi, u sevgiga inson hayotining tabiiy bir xossasi deb qaraydi, hijrondan iztirob chekadi, yor visoliga oshiqadi. Mana uning lirikasi uchun juda xarakterli bo‘lgan bir g‘azal:
Yoz fasli, yor vasli, do‘stlarning suhbati,
Sheʼr bahsi, ishq dardi, bodaning kayfiyati.
Yoz faslida chog‘ir ichmakning o‘zga holi bor,
Kimga bu nashʼa muyassar bo‘lsa bordur davlati.
Ishq dardin chekib har kimki topsa vasli yor,
Ul zamon bo‘lg‘ay unut, yuz yilg‘i hijron shiddati.
Do‘stlarning suhbatida nexush o‘lg‘ay bahsi sheʼr,
To bilingay har kishining tabʼi birla holati.
Gar bu uch kishi topsang ul uch vaqt ila,
Mundan ortiq bo‘lmag‘ay, Bobir, jahonning ishrati.
Ko‘ramizki, shoir “yoz fasli” bilan “bodaning kayfiyati”ni, “yor vasli” bilan “ishq dardi”ni, “do‘stlarning suhbati” bilan “sheʼr bahsini” kuylaydi. U beʼmani ishratbozlikni, mast alast mayxurlikni emas, balki dilkash, xushchaqchaq va bamaʼni majlislarni, do‘stlar suhbatini istaydi va taʼrif qiladi. Hayot lazzati va shodlikni epikurona kuylagan shoir sevgini hayot va shodlikning manbai, muhim halqalaridan biri deb hisoblaydi. Yorning ko‘rki va fazilatlari bilan xurshid (quyosh) ham, shakkar ham, gul ham, sarv ham, jannat-ul-maʼvo ham, to‘bi daraxti ham, Xizir suvi va Masihning so‘zlari ham tenglasha olmaydi. Oshiq shoir yorni butun qalbi bilan sevadi, unga samimiy ehtirom ko‘rsatadi va kamtarlik bilan o‘zini sevgi bobida zabun va maʼshuqa oldida ojiz deb biladi:
Sen gulsenu men haqir bulbuldurmen,
Sen shuʼlasenu ul shuʼlag‘a men quldurmen.
Nisbat yo‘qtur deb ijtinob aylamakim,
Shohmen elga, vale senga quldurmen.
Oshiq yoridan lutfu karam, vafo va sadoqat kutadi, biroq undan nozi ishva, jabru jafo ko‘radi:
Mehru vafoni ag‘yor ko‘p ko‘rdi sendin, ey yor,
Jabru jafoni bisyor qilding manga havola.
Hajringda, e pariro‘, ko‘zimdan uchti uyqu,
Har kecha tongg‘a tekru ishimdir nola.
Lekin, bunga qaramay, oshiq sevgisidan, yoridan voz kechmaydi, sabr matonat va vafo hamda sadoqati bilan murod maqsadiga erishishga ahd qiladi. Yorining iltifotsizligini esa yashagan muhitining ijtimoiy tartib qoidalari bilan oqlamoqchi bo‘ladi. Yor – shoh, oshiq – qul, modomiki shoh qulga etiborsizlik qilar ekan, Bobirning fikricha, buning taajjublanadigan o‘rni yo‘q. Shoir fors-tojik tilida yozgan bir sheʼrida shunday deydi:
Derestki, dildor payome nafiristod,
Nanvisht kalomevu salome nafiristod...
Hofiz bo adab bosh, ki darxost naboshad,
Gar shoh payom ba g‘ulome nafiristod.
(Ko‘p vaqt bo‘ldiki, yorim biror xabar yubormadi, biror so‘z yozmadi, salom ham yo‘llamadi... Hofiz, odobli bo‘l, podsho quliga xat yubormas ekan, buning aybi yo‘q.)
Shoir yana bir o‘rinda xuddi shunga o‘xshatib:
Jafou javr agar qilsa, Bobiro, netasen,
Ne ixtiyor menga, har ne qilsa sultondir, - deydi.
(Bu misralarda Bobir zodagonlarning yo‘qsil kishilarga bo‘lgan takabburona aristokratik munosabatiga tabiiy bir hol deb qaraydi.)
Bobir hayotni, sevgi va shodlikni kuylab, kupgina xayyomona jo‘shqin sheʼrlar bitdi. Biroq u butun jamiyat aʼzolarining baxt saodati va shod xurramligi uchun kurash g‘oyasiga ko‘tarilmadi.
Bobirning ijtimoiy siyosiy mavqei hamda feodal “lazzatlanish falsafasi” uning lirikasining hayotiylik doirasini xiyla cheklab qo‘ydi va jiddiy ziddiyatlarni vujudga keltirdi.
Mallayev N. O‘zbek adabiyoti tarixi, 1, 1960. – B. 581-582; Ayni: Mallayev N. O‘zbek adabiyoti tarixi, 2, 1965. – B. 581-582; Ayni: Mallayev N. O‘zbek adabiyoti tarixi, 2-a, 1965. – B. 648-650; Ayni: Mallayev N. O‘zbek adabiyoti tarixi, 3, 1976. – B. 581-582 (O‘zbekcha); Лирика Бабура. Певец жизни, любви и радости.
Fikr qoldirish#