Bobirning o‘zi rasm va geografik kartalar chizgani bizga maʼlum emas. Ammo «Bobirnoma»ning ko‘pchilik nashrlari miniatyuralar – rang-barang bo‘yoqlar ishlatib chizilgan kichik va nafis suratlar bilan bezatilgan. Albatta, buni Hindiston va Eronda chizganlar; Akbarshoh saroyida to‘plangan mohir rassom va xattotlar chizgan. Ular orasida O‘rta Osiyodan chaqirilgan, samarqandlik, buxorolik, hirotlik ustalar ham ko‘p edi.
Bu xil kichik rasmlar «Bobirnoma» tekstiga moslanib, undagi voqealarni rasm vositasida tasvirlab beradi, tekstni yanada oydinlashtiradi.
Bitta rasmni solish uchun tekstni bir necha marta o‘qib chiqish va mag‘zini chaqish, so‘ngra manzara va obrazlar yaratish kerak bo‘lgan. Har holda shu miniatyuralarning o‘zi ham durdona badiiy bir ijoddirkim, nafisligi va jozibasi bilan kitobxonni maftun etadi, sahifalarni jonlantirib turadi. «Bobirnoma»da jami 69 ta miniatyura-rasm bor. Bular ov, urush, ziyofat, milliy libos, odam tiplarini, tabiat manzaralari, o‘simlik va hayvonot, suv, tog‘ va mevalarni tasvirlaydi. 19 miniatyura Bobirning O‘rta Osiyodagi faoliyatini tasvirlaydi. 10 tasi uning Afg‘onistondagi davrini, 40 tasi Hindistondagi hayotini aks ettiradi. Shulardan baʼzilariga qisqacha to‘xtab o‘tmoqchimiz.
«Yosh Zahiriddin Muhammad dadasining vafotini eshitib, Andijon saroyiga keldi» – Zahiriddin ot ustida, o‘ng qo‘lida lochin, ot orqasida – shaxsiy soqchilari. Zahiriddin g‘amgin va parishon.
«Bobirning Sulton Ali Mirza bilan yarashishi» Samarqand yozi, Ko‘hak (Zarafshon) bo‘yi, Bobir chavkar otda turib, qo‘l cho‘zib Samarqand hokimi bilan ko‘rishmoqda.
«Jahongir Mirza Axsiga kelib, Zahiriddin bilan uchrashdi» – Jahongir Mirza, Bobirning ukasi (undan ikki yosh kichik, onasi boshqa) Ahmad Tanbaldan koyinib, Bobir tarafiga o‘tgan va Axsiga murosa istab kelgan.
«Bobir Istolifdagi bog‘ni sug‘ormoqda» – yeng shimarilgan, qo‘li yuziga loy sachragan, suvning oqishiga astoydil tikilib turipti. Istolif – Afg‘onistonda, Kobuldan shimolroqdagi go‘zal bir shaharcha.
Yana: Bobirning Gang daryosida suzishi, Hirotdagi Oqsaroyda ziyofat, Agradagi saroyda ko‘rinish (qabul) marosimi va hokazo manzaralar bor (Miniatyurы rukopisi Babur-name, albom. M., 1960; S. G‘aniyeva. Ikkinchi hayoti bilan yashayotgan siymo. “O‘zbekiston madaniyati”, 1963 yil, 9 fevral).
1926 yilda Bobirning o‘zbek matbuotida namoyish qilingan kichik surati ham diqqatga sazovordir. Unda: «Bobirshoh o‘z bog‘ida kitob mutolaasi bilan mashg‘ul. Bu rasm XVI asr milodida Bobirxon hayot vaqtida soling‘ondir» deb yozilgan (“Yer yuzi” jurnali, № 5, 1926 yil).
Keyingi yigirma yil mobaynida o‘rtaosiyolik tarixiy shaxslardan Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek va Ibn Sinoning portretlari aniq bo‘ldi – ularning qabri ochilib, bosh suyaklari tekshirildi, o‘lchandi va suratga olindi. Shular orasida sovet antropolog olimi M.M. Gerasimov ularning portretlarini chizdi. Lekin hozircha, Bobirning aniq portreti yo‘q. Ammo Bobirning aft- basharasi tasvirlangan suratlar juda ko‘p. Masalan, Moskva Sharq madaniyati muzeyidagi 30 ga yaqin miniatyuralarda Bobir ham turli qiyofada tasvirlangan. Hindistonda, Dehlidagi Lilqala (Qizil Fort) saroyi arxeologiya muzeyida Bobir va uning avlodlarining katta-katta portretlarini ko‘rdim. Bombay tarixiy muzeyida, turli miniatyuralar ichida, Bobirning qiyofasi ham bor. 15-286 raqamli bir rasmda: Bobirning qo‘lida qarchig‘ay, atrofida 4 kishi va bir toziy it turipti. Aftidan, ov manzarasi tasvirlangan. Jami Bobirning 50 tacha tasvirini ko‘rdim. Hammasida deyarli Bobirning ikki engagida, quloq ostidan iyagigacha soqoli bor. Engak bilan soqol orasida, sal ochiqlik ko‘rinib turadi. Aksari holda choponi kalta yengli. Ammo Bobir hech qachon semiz bo‘lmagan, dumaloq ham emas, bo‘yi o‘rtacha. Salla o‘rab turgan holati ko‘proq.
Umuman, Bobir portreti – miniatyuralardagi qiyofa asliga juda o‘xshash, chunki rassomlar Bobirning zamondoshi bo‘lganlar. Bizda, Sovet Ittifoqida, Bobirning rasmi 3-4 xil qilib chizilgan, shundan, bizningcha eng haqiqiyrog‘i kitobimizning boshida berilgan portretdir.
Hamidulla HASANOV.
Zahiriddin Muhammad Bobir: (Hayoti va geografik merosi). – Tuzatilgan va to‘ldirilgan 2-nashri. – Tsh. : O‘zbekiston, 1966. – 72 b. B. 24-26.: rasm. (O‘zbekcha); Портрет Бабура. Хасанов, Хамидулла. – Захириддин Мухаммад Бабур: (Его жизнь и географическое наследие).
Fikr qoldirish#