Zahiriddin Muhammad Bobir kuchli lirik shoirdir. Uning she’rlari ikkita devoniga, ayrimlari esa «Bobirnoma» asariga ham kiritilgandir. Devonlariga kiritilgan she’rlarining ko‘pchiligi lirik she’rlar bo‘lib, ular lirikaning g‘azal, ruboiy, tuyuq, masnaviy, qit’a, fard singari formalarida yozilgan. Bobirning o‘zbek tilida yozilgan she’rlarini o‘z ichiga oluvchi devonning ikki qo‘lyozma nusxasi bizgacha yetib kelgan. Bu qo‘lyozma nusxalarining biri Parijda, ikkinchisi esa Hindistonda saqlanmoqda. Bobir she’larining ayrim namunalari Oktyabr revolyutsiyasigacha nashr etilgan bo‘lsa ham, ular to‘liq emas edi. Revolyutsiyadan keyin Sovet hokimyati yillarida Bobirning she’rlari shu ikki qo‘lyozma nusxa asosida to‘la ravishda bir necha bor nashr etildi. Bobirning she’rlari rus tiliga tarjima qilinib, 1943 hamda 1957 yillarda nashr qilingan. Bobir she’rlaridan ba’zilari ingliz, fransuz va boshqa tillarga ham tarjima qilingan. Bobir Lutfiy va Navoiy, Umar Xayyom va Xo‘ja Hofiz singari yirik san’atkorlarning ijodiy traditsiyalarini davom ettirib, she’riyatda asosan gumanistik-progressiv g‘oyalarni aks ettirdi, shuning bilan birga, dunyoviy adabiyotning yanada rivojlanishiga katta hissa qo‘shdi. Bobir lirikasining tematik doirasi juda keng va rang-barangdir. Shoirning ko‘pchilik lirik she’larida hayotni sevish va undan zavqlanish, dunyoviy muhabbat, Vattanni sevish, hijron alami g‘urbat dardi, yaxshi xulq-odob va ma’rifatga chaqirish, tarkidunyochilik kayfiyatlaridan kulish, «taqdir»dan nolish, afsuslanish singari g‘oyalar kuylanadi. Bobir she’larida u yoki bu g‘oyani ilgari surar ekan, uning to‘la mazmunli bo‘lishiga intiladi. Buning uchun avvalo har bir she’rning jo‘shqin va musiqiyligini, tili va uslubining sodda hamda ravon bo‘lishini ta’minlashga ko‘p e’tibor beradi, original hayotiy obrazlar yaratadi. Bobir she’rlarining lirik qahramoni shoirning o‘zidir. Ayniqsa, uning sevgi-muhabbat temasidagi she’larida lirik qahramon yetakchi rol o‘ynaydi. Bobir o‘zining bir qator she’rlarida sevgi va shodlik kuychisi sifatida maydonga chiqadi, real hayotni e’tirof qiladi. Hayotni bema’nilik bilan emas, balki quvnoqlik bilan o‘tishini orzu qiladi, hayot lazzatlaridan bahramand bo‘lishni istaydi. Hayotning lazzatini shoir yaxshilik, shirin suhbat, yor visoliga yetish va u bilan do‘stona samimiy suhbat qurishda deb biladi. Sevgi shoir ta’biricha, eng qimmatbaho narsa, yor visoliga yetish va bu haqda xayol surish eng lazzatli manzaradir. Dunyoda bu bilan teng keladigan narsa yo‘q, deydi shoir. Shoirning quyidagi g‘azali, ayniqsa, xarakterlidir:
Yoz fasli, yor vasli, do‘stlarning suhbati,
She’r bahsi, ishq dardi, bodaning kayfiyati.
Yoz faslida chog‘ir ichmakning o‘zga holi bor,
Kimga bu nash’a muyassar bo‘lsa bordur davlati.
Ishq dardin chekib har kimki topsa vasli yor,
Ul zamon bo‘lg‘ay unut, yuz yilg‘i hijron shiddati.
kishining ta’bi birla holati.
Gar bu uch ishni topsang ul uch vaqt ila,
Mundin ortiq bo‘lmag‘ay, Bobir, jahonning ishrati.
Shoir bu g‘azalida hayotning asl lazzati nimada ekanligini obrazli misralarda juda yaxshi ta’riflaydi. Ya’ni shoir «yoz fasli»ning fazilatini, «ishq dardi»ni chekib, so‘ngra «yor vasli»ga yetishning kayfiyatini, yaxshi do‘stlar bilan suhbat qurishning foydasi ko‘pligini, bunday suhbatlarda she’rxonlik qilish qiziqarli va ma’nili bo‘lishini ifodalaydi. She’r o‘quvchida emotsional taassurot tug‘diradi. Shoir boshqa bir she’rida yorga bo‘lgan samimiy sevgini kuylaydi:
Sen gulsenu, men haqir bulbuldurman,
Sen shu’lasenu, ul shu’laga men quldurman.
Nisbat yo‘qtur deb ijtinob aylamakim,
Shohmen elga, vale senga quldurmen.
Bunda yorni gulga monand qo‘yadi, o‘zini uning huzurida qul – tobe ekanligini bayon qilib, ajoyib dilbar obrazini madh qiladi. Uning uchun yor shu qadar yuksakki, u elga podsho bo‘lsa ham, yor oldida zabun va quldir. Shoir yor madhini kuylab uning husn-jamoli va hulq-atvorini ta’riflar ekan, ajoyib iboralardan o‘rinli foydalanadi, bejirim va shirin o‘xshatishlar orqali go‘zal obrazlar yaratadi. U yor qaddi-qomati, sochi va jamoliga tasanno aytib, uni bunday ifodalaydi:
Ko‘ngulga bo‘ldi ajoyib balo qaro soching,
Shikasta ko‘nglima ermish qaro balo soching.
Muyassar o‘ldi junun mulki, ey junun ahli,
Nisori ashkini emdi bu kun mengo qaro soching.
Soching shikastida bordur shikasta ko‘ngillar,
Ko‘ngullar sochilur ochilsa ul qaro soching.
Ochildi ko‘ngli chu ochting sochingni Bobirning,
Ne ayb agar desa dilbandu dilkusho soching.
Shoir bu qator lirik she’rlarida oshiqning yor visoliga erisha olmay, uning marhamati va lutfu karamiga muyassar bo‘lolmay firoq chekib, hijronda o‘rtanishini obrazli misralarda ifodalaydi. Buni biz ulug‘ Navoiyning «Koshki» radifli g‘azaliga o‘xshatma qilib yozgan Bobirning bir g‘azalida juda mohirona tarannum qilganligini ko‘ramiz:
Ko‘rmagay erdim jamoli olamaro koshki,
Bo‘lmag‘ay erdim bori olamg‘a rasvo koshki.
Ishq bog‘ining niholi g‘am, bari hirmon emish,
Qilmag‘ay erdim bu gulshanni tamosho koshki.
Qilmag‘ay erdi ko‘ngul ishqin havas, bal tilga ham,
Kechmagay erdi aningdek lafz aslo, koshki.
Qoshi yolar kuyida umum sharif etguncha sarf,
Qilg‘ay erdim masjidu mehrob aro jo koshki.
Ixtiyor et o‘zga ish,
Bobirki, hosil bo‘lmag‘ay,
Ishqu vaslu aysh ila ishtarrin illo koshki.
Bobir bir qator she’rlarida hayotga muhabbat, sevgi va shodlikni kuyladi. Biroq Bobir kuylagan bu g‘oyalar cheklangan va ayrim ziddiyatlarga egadir. Chunki Bobirning ijtimoiy-siyosiy mavqei hayotga muhabbat, sevgi va shodlik singari masalalarni keng ma’noda, ya’ni mehnatkash ommaning manfaatlariga mos keladigan darajada ifoda qilishiga yo‘l qo‘ymas edi. Zahiriddin Bobir o‘zbek adabiyoti tarixida ruboiy janrini rivojlantirib, sharqning mashhur faylasuf shoiri Umar Hayyomning traditsiyasini davom ettirdi va o‘zbek adabiyotida bu janrning usta san’atkorlaridan biri bo‘lib qoldi. Bobir ruboiylarining tematikasi rang-barang, ular hayotiy, sodda va tushunarli tilda yozilgan. Shoir o‘z ruboiylarida ilm va ma’rifatni ulug‘laydi, johillik va nodonlikni, vafosizlik va jafokorlikni qoralaydi. Yaxshi xulq va kishilarga yaxshilik qilishni tavsiya etadi. Mana bir necha misollar: Bobir ilm haqida bunday deydi:
Kim yor anga ilm, tolibi ilm kerak,
O‘rgangali ilm, tolibi ilm kerak.
Men tolibi ilmu tolibi ilm yo‘q,
Men bormen ilm tolibi, ilm kerak.
Bu ruboiyda shoir ilmli bo‘lish uchun unga qiziquvchi bo‘lish kerak, ilmga nisbatan muhabbatli bo‘lish, chidam bilan g‘ayrat qilish kerak deydi. Bobir yaxshi kishi yaxshilikka va jafokor kishi yomonlikka sazovor bo‘ladi, degan fikrni quyidagi ruboiysida ilgari suradi.
Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidur,
Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidur.
Yaxshi kishi ko‘rmagay yomonlig‘ hargiz,
Har kimki yomon bo‘lsa, jazo topqusidur.
Bobir o‘zining qator ruboiylarida hamda ayrim g‘azallarida zohidlarning tarkidunyochilik xatti-harakatlarini, ularning makr-hiylalarini qoralaydi. Shuningdek, u ayrim diniy urf-odatlarni yoqtirmaydi, hatto, ularga istehzo bilan qaraydi. Masalan, Bobir bir ruboiysida:
Keldi ramazonu men taqi bodaparast,
Iyd o‘ldiyu zikri may qilurmen payvast.
Ne ro‘zau, ne namoz yillar, aylar,
Tun-kun mayu-ma’jun bila devonu mast,
– deb ro‘za tutish, namoz o‘qish singari diniy rasm-rusmga befarq qaraydi. Bobir bir g‘azalida juda ustalik bilan zohidlarning da’vosini puchga chiqaradi:
Zohido, do‘zah o‘tidin meni ne qo‘rqutasen,
Hajr o‘ti qoshida qo‘rqmasmen ani uchquncha.
Biroq shuni aytish kerakki, Bobir ijodidagi bu singari antiklerikal motivlar izchillik bilan davom etmaydi. Bobirning bir necha lirik she’rlarida Vatan ishtiyoqi, g‘ariblikning alami va tashvishlari, «taqdir»dan nolish kabi motivlar jaranglaydi. Bu motivlar bevosita shoirning murakkab hayot yo‘li va kurashlari, mag‘lubiyati va turli-tuman sarguzashtlari bilan bog‘langan holda ifodalanadi. Ma’lumki, Bobir Shayboniyxondan qattiq shikast yeb chekinishga majbur bo‘ladi. Shoir shahar va viloyatlaridan, cheksiz boyliklaridan ajraladi. Shunday vaqtlarda ham yaxshi niyat qiladi, baxt va saodatdan umidvor bo‘ladi:
Dushmanki dahr zabardast qilur,
Naxvat mayidin bir necha kun mast qilur,
G‘am yemaki yetursa boshini ko‘kka,
Oxir yana yer kabi oni past qilur.
Biroq Bobir dushman (Shayboniyxon)ning zarbasiga uchrab, g‘alaba qozonishga ko‘zi yetmay qolgan paytda bunday deydi:
Ko‘ngli tilagan murodga yetsa kishi,
Yo barcha murodlarni tark etsa kishi,
Bu ikki muyassar o‘lmasa olamda,
Boshni olib bir sorig‘a ketsa kishi.
Bobir o‘z Vatanidan ayrilib o‘zga ellarda hukmronlik qilib yurgan vaqtlarida ham o‘zi tug‘ilib o‘sgan diyorini qo‘msadi, unga qaytib kelishni orzu qildi. shoir Kobulda istiqomat qilib yurgan chog‘larida do‘stlariga yozgan bir ruboiysida shunday deydi:
Beqaydmenu xarobi sim ermasmen,
Ham mol yig‘ishtirur laim ermasmen,
Kobulda iqomat qildi Bobir dersiz,
Andoq demangizlarki, muqim ermasmen.
Shoir bu she’rida Kobulda yashashim doimiy emas, bir kunmas bir kun, albatta, Andijon yoki Samarqandga qaytib boraman, demoqchi bo‘ladi. Bobir chet ellarda, xususan Afg‘oniston va Hindistonda katta davlatning hukmdori bo‘lgan kezlarida ham o‘z vatanini, yor-birodarlarini sog‘inib, o‘zini musofir, g‘arib bir kishiga o‘xshatadi. Vatandan judolik uni ayrim hollarda umidsizlantiradi, qattiq ruhiy kayfiyatsizliklarga yetaklaydi. Mana bir misol:
Yod etmas kishini g‘urbatta kishi,
Shod etmas emish ko‘ngulni mehnatda kishi,
Ko‘nglum bu g‘ariblikda shod o‘lmadi oh,
G‘urbatta sevinmas emish albatta kishi.
Bobir ayrim she’rlarida o‘zini yakka, yorsiz (ya’ni Vatansiz), g‘amgin his qiladi:
Jonimdin o‘zga yori vafodor topmadim,
Ko‘nglimdin o‘zga mahrami asror topmadim,
Jonimdin o‘zga joni dilafgor topmadim,
Ko‘nglim kabi ko‘ngulni giriftor topmadim.
Bobir Vatanini tashlab Hindistonga ketishidan qattiq afsuslanadi, «xatolik», «yuz qoralik» deb, o‘z tolei yo‘qligidan noliydi va pushaymon yeydi:
Tole yo‘qki jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi,
Har ishnikim, ayladim xatolig‘ bo‘ldi.
O‘z yorni qo‘yib Hind sori yuzlandim,
Yorab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi.
Nihoyat Bobir o‘z Vatanidan judo bo‘lib, o‘zga yurtlarda qolib ketishini «taqdir»ga bog‘laydi va «taqdirning ishi»ga tan beradi:
Taqdirdir ul yonu bu sog‘g‘uchi, yo‘qsa,
Kimga havasi Sanbalu Tatyir qilibtur.
Dema Bobirga netarsen bosh olib ketmakni,
Tengrining xosti mundoq esa men netaymen.
Hatto Bobir bir she’rida nihoyatda umidsizlikka tushadi va bu dunyoning hech bir yaxshiligi – ko‘ngil xushlaydigan joyi qolmaganligidan shikoyat qilib, dunyodan ko‘z yumish kerak deydi:
Charxning men ko‘rmagan jabru jafosi qoldimu,
Xasta ko‘nglum chekmagan dardu balosi qoldimu
Ey ko‘ngul, gar Bobir ul olamni istar qilma ayb,
Tangri uchun de, bu olamning safosi qoldimu?
Bobir Vatanini ulug‘ bir inson sifatida sevdi. Biroq uni o‘rab olgan feodal muhiti, yirik hukmdor bo‘lishi Vatanga bo‘lgan muhabbatini chegaralab qo‘yadi. Natijada u afsus va nadomat chekadi, Vataniga yetolmasligining sabablarini «taqdir»dan ko‘rishga majbur bo‘ladi. Ana xuddi shu o‘rinda shoir ijodidagi ziddiyat va qarama-qarshilik yaqqol namoyon bo‘ladi. Lekin Bobir ijodida bu kabi kayfiyatlar xarakterli emas, balki hayotga muhabbat, yaxshilikka intilish, chin insoniy sevgi, quvnoqlik, yaxshi xulq va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini kuylash nihoyatda xarakterlidir. Bobir o‘zbek klassik poeziyasi yirik san’atkorlarining poetik mahoratlaridan izchillik bilan o‘rgandi, ularning traditsiyalarini mohirlik bilan davom ettirdi. Natijada Bobir ham ustoz shoirlar darajasiga ko‘tarildi. U o‘z ijodida sevilib o‘qilishga sazovor talay lirik she’rlar yaratdi. Bu she’rlarida shoir inson histuyg‘usining eng nozik tomonlarigacha o‘ziga xos badiiy bo‘yoqlar bilan tasvirladi. Kishi xotirasida uzoq vaqt saqlanib qoladigan original obraz va portretlar yaratdi, har bir she’rning mazmuniga muvofiq vazn tanladi, qofiya va ichki qofiyalarni puxta ishladi, turli badiiy vositalardan o‘rinli foydalandi. Chunonchi mubolag‘a, o‘xshatish, kinoya, parallelizm, tazod (qarshilantirish) singari vositalarni shoir she’rlarida nihoyatda o‘rinli va mohirona qo‘llanilganligini ko‘ramiz. Shuningdek, shoir xalq maqollaridan, omonim va sinonimlardan, jonli til boyliklaridan hamda chiroyli so‘z o‘yinlaridan foydalandi. Bularning hammasi she’rlarining sermazmun bo‘lishiga va badiiy jihatdan puxta chiqishiga xizmat qilgan.
Da’voyi ishq etib Bobirni ayb qilma,
Kim men edim seningdek, sen bo‘lg‘aysen meningdek.
Qaddimni firoq mehnati yo qildi;
Ko‘nglum g‘amu anduh o‘tig‘a yoqildi.
Holimni sabog‘a aytib erdim, ey gul,
Bilmom sanga sharh qilmadi yo qildi.
Soching shikastida bordur shikasta ko‘ngullar,
Ko‘ngullar ochilur, ochilsa ul qaro soching.
Xulosa qilib aytganda, Bobir lirikasi o‘zining g‘oyaviy-badiiy jihatdan puxtaligi bilan o‘zbek adabiyoti tarixi xazinasiga qimmatbaho hissa bo‘lib qo‘shildi.
A. SHAROPOV.
O‘zbek adabiyotining ba’zi masalalari, 1965. – B. 109-115. (O‘zbekcha); Краткое сведение о лирике Бабура.
Fikr qoldirish#