Sinov yoʻsinida ishlamoqda

Bobir faoliyati va merosini o‘rganish

Bobirning faoliyati hamda merosini o‘rganishda turli soha olimlari – tarixchilar, filologlar, geograflar va boshqalar katta natijalarga erishdilar. Uning asarlari nashr etildi, tarjima qilindi, tadqiqotlar va ilmiy-ommabop asarlar yaratildi. Bobir asarlariga ishlangan miniatyuralar bosildi. 


Bobir anʼanalarini davom ettirgan Gulbadanbegimning “Humoyunnoma”si tarjima qilinib ommalashtirildi va hokazo. Fanning bobirshunoslik deb atash mumkin bo‘lgan maxsus sohasi vujudga keldi. Bobir faoliyati va merosi bilan Yevropa sharqshunoslari (Vitsen, Djon Leyden, V. Erskin, R.M. Kalenot, Pave de Kurteyl, Denison Ross, A. Beverij xonim, Len Pul, E. Xolden, V.X. Moreland va boshqalar), rus olimlari (N.I. Ilminskiy, N.I. Pantusov, S.I. Polyakov, N.I Veselovskiy, V.V. Vyatkin, A. Samoylovich, V. Bartold va boshqalar), afg‘on olimlari (Ahmad Ali Kohzod, Abdulhay Habibiy, Gulchin Maoniy va boshqalar), hind olimlari (Zokir Husayn, Nurul Hasan, S.A. Sharmi, R.P. Tripatxi, P. Saran, Kanunga va boshqalar) shug‘ullandilar. Bobir faoliyati va merosini o‘rganish, tadqiq qilish va ommalashtirishda sovet hokimiyati davrida bizning mamlakatimizda unumli ishlar qilindi, katta muvaffaqiyatlarga erishildi. Bobir asarlari qayta-qayta nashr etildi, xrestomatiya, antologiya va boshqa to‘plamlardan o‘rin oldi, tarjima qilindi, tadqiqotlar yaratildi, ilmiy-ommabop asarlar, maqolalar yozildi. Bobir maktab va oliy o‘quv yurtlari programmalaridan keng o‘rin oldi. 1958 yilda Bobirning tug‘ilganiga 475 yil to‘lishi munosabati bilan yubiley o‘tkazildi. 


Bobirning faoliyati va merosini o‘rganish XV-XVI asrlar tarixini yoritishda Bobir asarlaridan foydalanishda S. Azimjonova, A.M. Belenitskiy, A.N. Boldirev, N.V. Mikluxo-Maklay, N. Molchanov, R. Nabiyev, P.I Petrov, A.A. Semyonov, A.Yu. Yakubovskiy, Ya. G‘ulomov kabi tarixshunos olimlarning, geograf H. Hasanov va boshqalarning xizmati taqdirga sazovor. Bobir faoliyatini, uning merosini tadqiq etish va ommalashtirishda filolog olimlarning ham katta ulushi bor. Bobir haqida dastlabki yirikroq filologik tadqiqot H. Yoqubovning “Bobir” nomli risolasi (1941) bo‘lib, muallif birinchi manbalar asosida Bobirning hayoti va faoliyatini yoritib, uning lirik merosi va “Bobirnoma” asarini batafsil tahlil qilgan edi. 


Keyinroq Bobir haqida V. Zohidov, S. Aliyev, A. Qayumov, S. Jamolov va boshqa adabiyotshunoslarning tadqiqot ishlari va ilmiy-ommabop maqolalari vujudga keldi. Bobir lirikasi haqida S. Aliyev (1948), “Bobirnoma”ning badiiy xususiyatlari haqida S. Jamolovning (1961) dissertatsiyalari yozildi. Bobirning tili masalasi haqida ham bir necha tadqiqotlar, ilmiy- ommabop asarlar paydo bo‘ldi. G.F. Blagovaning “Bobir-noma” tilining morfologiyasiga doir” (1954), X. Nazarovaning bir qator ilmiy maqolalari, “Zahiriddin Muhammad Bobir asarlari uchun lug‘at” (1972) kitobi, “Bobir va o‘zbek adabiy tili” risolasi (1972) va boshqalar shular jumlasidandir.


Mallayev N. O‘zbek adabiyoti tarixi, 3, 1976. – B. 579-580. (O‘zbekcha); Изучение творчества и наследия Бабура.

Fikr qoldirish#


O‘qish tavsiya qilinadi
Yosh shoirning shakllanishi yoki Bobur Mirzo Farg‘ona viloyati podshohi (1494-1504)

Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevral kuni Andijonda Farg‘ona...

Hukmdorlarga o‘rnak bo‘ladigan, dunyo olimlari havas qiladigan umr e’tirofi

This article explores the historical significance of Babur and the...


Maqolani baholang
5.0