Bobirning faoliyati to‘g‘risida ingliz va amerika tarixchilari bir talay maqolalar yozishgan. Shulardan xarakterli ikkitasiga to‘xtab o‘tishni lozim topdik.
Ingliz tarixchisi Eduard Xolden o‘tgan asr oxirida Bobirga bag‘ishlab kattagina maqola yozib, uning hayoti va tarixdagi o‘rniga o‘zicha baho bergan edi (Maqolaning ruscha tarjimasi – “Zagir-Eddin – Muhammad Babur, zavoyevatel” – “Turkestanskiye vedomosti” gazetasida 264-272-sonlarida bosilgan edi).
Jumladan, unda shunday mulohazalar aytilgan:
Bobirning onasi va buvisi oqil ayollar edi, ular yosh Zahiriddinning maslahatgo‘ylari bo‘lganlar.
Bobir Amerikaning kashf etilishidan 2 yil keyinroq otameros taxtini oldi.
Bobirning shaxsiy xattot va mirzolari bo‘lgan.
Muhtaram kishilarga o‘z asarlarining nusxalarini taqdim qilib turgan.
“Bobirnoma” tekstida ko‘pgina voqealarning tushib qolganligi avtorning atayin qilgan ishidir va bu o‘ziga xos bir adabiy priyomdir...
E. Xolden maqolasida yana boshqa mulohazalar ham bor.
Maʼlumki, 1960 yil yozida Moskvada sharqshunoslarning XXV xalqaro kongressi bo‘ldi. Shunda Amerika Qo‘shma Shtatlarining Los-Anjeles shahridagi Kaliforniya universitetidan kelgan sharqshunos Garold Lemb ham Bobir haqida doklad qildi. Dokladning to‘la sarlavhasi: “Hindistonda Buyuk Mo‘g‘ullar sulolasini asoslagan Zahiriddin Muhammad Bobirning faoliyati to‘g‘risida” (Harold Lamb. An aspeck of the character of Zahir ad Din Muhammad. Surnamed Babur, founder of the dynasty known the great Moghuls of India).
Quyida shu dokladdagi baʼzi mulohazalarni o‘zbekchaga tarjima qilib keltiramiz.
«Maʼlumki, Bobir XVI asr boshida O‘rta Osiyo bilan Hindiston o‘rtasida bir ko‘prik barpo etdi. Shunisi ham maʼlumki, Bobirning hukmronligi alohida bir xususiyatli bo‘ldi. Baʼzilarning ochiq aytishicha, Bobirda mo‘g‘ullarning rahmsizligi va turklarning g‘ayratchanligi bor edi. Fors madaniyatining taʼsiri bilan bu ikkala xususiyatining maʼnaviy fazilati ortdi.
Biroq, tarixiy dalillar va uning o‘zi bitgan “Tuzuki Bobiriy” hamda uning hayotini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, unga fors madaniyatining taʼsiri nihoyatda kam bo‘lsa ham, lekin chig‘atoy turkiysida mulohaza qilgan. U yoshlik chog‘larida fors madaniyatining emas, balki turkiy madaniyatining katta taʼsirida bo‘lgan».
«Bobir o‘z asarida Amir Temurdan ham ko‘ra Ulug‘bekni ko‘proq ulug‘laydi, uning o‘qimishli va olim bo‘lganini uqdiradi.
... Agrada shaharchalar qurganda ham Ulug‘bekdan namuna oldi.
... Bobirning ko‘p xususiyatlari Ulug‘bekka o‘xshaydi».
Shu bilan bir qatorda, amerikalik adibning dokladida bir qancha noto‘g‘ri izohlar ham bor. Jumladan, Lembning aytishicha, Navoiy – Hirotning diniy arbobi bo‘lgan emish.
Dokladchi Bobirni ham nihoyatda dindor kishi qilib ko‘rsatib, uning baʼzan rahmdilligi dindorlikdan edi, deydi. Hindistondagi g‘alabasiga ham boshqacha baho beradi. Umuman, Bobir to‘g‘risidagi bu dokladda birmuncha maʼqul mulohazalar bor, ammo Bobir faoliyatini tahlil qilganda ancha yuzaki baho berilgan; O‘rta Osiyo va Hindistondagi ichki qarama-qarshiliklar, siyosiy va iqtisodiy vaziyat tilga olinmagan.
Hamidulla HASANOV
Zahiriddin Muhammad Bobir: (Hayoti va geografik merosi). – Tuzatilgan va to‘ldirilgan 2-nashri. – Tsh. : O‘zbekiston, 1966. – 72 b. B. 15-17.: rasm. (O‘zbekcha); Сказания американского востоковеда о Бабуре. Хасанов, Хамидулла. – Захириддин Мухаммад Бабур: (Его жизнь и географическое наследие).
Fikr qoldirish#